PF-6269-son Farmon · 24.07.2021

Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-6269
  • Qabul qilingan sana:24.07.2021
  • Kuchga kirgan sana:24.07.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/21/6269/0704

Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda.

Xususan, sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat xizmatlari markazlari tomonidan qamrab olingan xizmatlarni koʻrsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni oʻrtacha ikki barobarga qisqartirildi.

Shu bilan birga, davlat xizmatlari markazlari tomonidan xizmatlarning qamrab olish darajasi pastligi, davlat xizmatlarini koʻrsatish muddatlarining uzunligi, ular boʻyicha toʻlovlarning yuqoriligi, aksariyat davlat organlarining zarur maʼlumotlari toʻliq raqamlashtirilmaganligi ushbu yoʻnalishda oldimizda turgan vazifalarning dolzarbligidan dalolat beradi.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarni jadallashtirish, davlat xizmatlari sifatli koʻrsatilishini taʼminlash, turli toifadagi davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini raqamlashtirish jarayonlarini uygʻunlashtirish maqsadida:

1. 2021-yil 1-noyabrdan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) Ijtimoiy reyestrning “kambagʻal oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlar boʻyicha 50 foiz miqdorida, Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning aʼzolariga 75 foiz miqdorida chegirma qoʻllaniladi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno). Bunda chegirma:

Ijtimoiy reyestrning “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga “davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasidan chiqarilganligi munosabati bilan kiritilgan oilalarga ularning ilgari belgilangan toifasiga muvofiq;

ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan oila sifatida “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga “kambagʻal oila” toifasidagi oila uchun belgilangan miqdorda, ular Ijtimoiy reyestrda turgan davrda, biroq ushbu reyestrga kiritilgan sanadan boshlab 12 oydan koʻp boʻlmagan muddatda qoʻllaniladi;

(1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

b) Davlat xizmatlari markazlari, “Litsenziya” axborot tizimi hamda YIDXP orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatidan uch ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun toʻlangan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning 50 foizi ularga bir ish kunida qaytariladi. Bunda:

ariza beruvchiga toʻlovlar Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qaytariladi va Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatini koʻrsatish muddatini kechiktirgan davlat organi va tashkilotining budjetdan tashqari va boshqa mablagʻlari hisobidan soʻzsiz (akseptsiz) tartibda undirib olinadi;

(1-band “b” kichik bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

ariza beruvchiga tegishli davlat xizmati toʻliq hajmda koʻrsatiladi.

2. 2022-yil 1-yanvardan ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatishda undiriladigan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar miqdorlari 1-ilovaga muvofiq kamaytirilsin.

3. Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining:

a) 2021-yil 1-dekabrdan boshlab:

chet elda doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratish;

Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshirish;

litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlarida milliy valyutada belgilangan toʻlovlarni bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizigacha miqdorda belgilash (qonunchilik hujjatlarida toʻlovlar belgilanmagan yoki bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizidan kam miqdorda belgilangan hollar bundan mustasno). Bunda, QR-kod qoʻyilgan litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatlarini berish uchun toʻlov undirilmaydi;

b) 2022-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasini hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishni, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.

4. Quyidagilar:

Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

ayrim turdagi maʼlumotlar va elektron koʻrinishdagi hujjatlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda berish uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)

2022-yil 1-yanvardan koʻrsatish muddatlari qisqartiriladigan davlat xizmatlarining ayrim turlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini yanada soddalashtirish, muddatlarini, talab qilinadigan hujjatlarini qisqartirish hamda raqamlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan:

a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi maʼlumotlarni:

tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma maʼlumotlarini;

litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma mavjudligini;

davlat boji, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar toʻlanganligini;

qimmatli qogʻozlarga egaligini, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar amalga oshirilganligini, dividendlar olinganligini;

kam taʼminlangan oila yoki oila aʼzosi sifatida roʻyxatga olinganligini;

jismoniy shaxslar tomonidan alimentlar toʻlanganligini va olinganligini;

oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom maʼlumotlarini;

jismoniy shaxs tomonidan oʻrta maxsus, professional (kasb-hunar) taʼlim muassasasi tugatilganligini;

jismoniy shaxs tomonidan umumiy oʻrta taʼlim muassasasi (11-sinf negizida) tugatilganligini;

fuqaro “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”da mavjudligini;

oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozga ega boʻlgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat toʻgʻrisida maʼlumotlarni;

b) quyidagi hujjatlarni:

moliyaviy hisobotlar nusxalarini;

jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi maʼlumotnomalarni;

ijtimoiy nafaqa va pensiyalar toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni talab qilish bekor qilinadi.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlarni ushbu Farmonga 4-ilovada belgilangan masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab oladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda oʻzlarining idoraviy axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalarida mavjud boʻlgan axborot va maʼlumotlarning “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga elektron maʼlumot bazalarini oʻz vaqtida va sifatli shakllantirish, maʼlumotlarni raqamlashtirish, maʼlumotlar hamda elektron koʻrinishdagi hujjatlarni muddatida berish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

Mazkur bandda koʻrsatilgan hujjat va maʼlumotlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan aholidan talab qilinishi davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblanadi.

6. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun undiriladigan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning davlat xizmatini koʻrsatish uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlari hisobiga yoʻnaltiriladigan qismining kamida 20 foizi ushbu tashkilotda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, shuningdek, qogʻoz koʻrinishdagi hujjatlarni raqamlashtirish uchun yoʻnaltiriladi.

Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlarida mazkur bandda nazarda tutilgan mablagʻlarning axborot texnologiyalarini rivojlantirish, shuningdek, qogʻoz koʻrinishdagi hujjatlarni raqamlashtirish uchun yoʻnaltirilishini doimiy ravishda monitoring qilib borsin.

7. 2022-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga ayrim faoliyat turlari bilan shugʻullanish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini berish hamda ularni ushbu maqsadda attestatsiyadan oʻtkazishning quyidagi tartibi joriy etilsin:

malaka sertifikatlarini berish va attestatsiyadan oʻtkazish uchun murojaatlar elektron shaklda qabul qilinadi;

malaka sertifikatlarini berish uchun oʻtkaziladigan imtihon jarayonlari uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir kamida bir yil saqlanadi;

malaka sertifikatlarini berish va attestatsiyadan oʻtkazish uchun jismoniy shaxslardan undiriladigan toʻlovlar davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun toʻlangan davlat bojlari va yigʻimlar summasi hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi orqali amalga oshiriladi;

talabgorlardan imtihon olishda savollar test koʻrinishida kompyuter vositasi orqali olinadi va natijasi shu vaqtning oʻzida maʼlum qilinadi (alohida iqtidor hamda amaliy sinovlar talab etiladigan yoʻnalishlar bundan mustasno);

malaka sertifikatlari va attestatsiya guvohnomalari QR-kod qoʻyilgan holda rasmiylashtiriladi.

8. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar elektron (onlayn) koʻrsatiladigan xizmatlar ulushini oshirish hamda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimining (OneID) yangi talqini hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqilishini taʼminlasin.

Bunda, masofaviy identifikatsiya qilishni yoʻlga qoʻyish, davlat xizmatidan foydalanishda shaxsni mobil aloqa telefoni orqali tasdiqlash, davlat xizmatlarini koʻrsatish holati toʻgʻrisida abonentlarga SMS-xabar yuborish imkoniyatini yaratsin.

9. 2022-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida, 2022-yil 1-iyuldan esa butun respublika hududida oʻlimni qayd qilish boʻyicha quyidagilardan iborat kompozit xizmat koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyilsin:

tibbiyot birlashmasi xodimi vafot etganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani rasmiylashtirib, “Tugʻilish va oʻlimni, shu jumladan perinatal oʻlimni elektron roʻyxatga olish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali elektron shaklda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (keyingi oʻrinlarda — FHDY) organiga yuboradi. Bunda, vafot etganlik toʻgʻrisidagi tibbiyot maʼlumotnomasi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari arizasiga asosan ularga qogʻoz shaklida berilishi va ular toʻgʻridan-toʻgʻri FHDY organiga murojaat qilishi ham mumkin;

FHDY organi maʼlumotnoma kelib tushgandan soʻng bir ish kuni mobaynida shaxsning oʻlimini “FHDY yagona elektron arxivi” axborot tizimida qayd qilib, QR-kod orqali tasdiqlaydi;

FHDY organi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari arizasiga asosan ularga vafot etganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini gerbli guvohnomada eksterritorial tamoyil asosida rasmiylashtirib beradi yoki pochta aloqasi orqali arizada koʻrsatilgan manzilga yuboradi.

10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

a) 2021-yil 1-oktabrga qadar:

budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” hamda “TMEK” axborot tizimlari YIDXP bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin;

davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali davlat xizmatlari koʻrsatilishida toʻlovlar boʻyicha imtiyozga ega boʻlgan shaxslarni real vaqt rejimida aniqlash va toʻlov miqdorini avtomatik tarzda belgilash tizimini joriy etsin;

Tashqi ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda chet elda doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratsin;

Markaziy bank hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijdan turib elektron davlat xizmatlaridan foydalanishda davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarni chet el valyutasida xalqaro toʻlov tizimlari va boshqa vositalar orqali amalga oshirish mexanizmini joriy etsin;

b) “Oʻzbektelekom” AK bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrdan aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini va tezkorligini oshirish maqsadida respublika hududidagi barcha davlat xizmatlari markazlari (ularning filiallari) hamda FHDY organlarining Internet tarmogʻi hamda himoyalangan VPN tarmogʻiga Toshkent shahri uchun moʻljallangan eng arzon tariflar boʻyicha ulanishini va xizmat koʻrsatilishini taʼminlasin.

11. Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika ishchi komissiyasi (A.N. Aripov) 6-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini tashkil etish va taʼminlash;

davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini, shu jumladan davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonida qoʻllaniladigan maʼlumotlarning raqamlashtirilganlik holatini monitoring qilish, tahlil qilish va xizmat koʻrsatuvchi organlarning hisobotlarini tinglash;

mazkur Farmonda nazarda tutilgan hamda davlat xizmatlarini joriy etish va rivojlantirish bilan bogʻliq boʻlgan vazifa va topshiriqlarning ijrosini nazorat qilish;

davlat xizmatlarini taqdim etishni optimallashtirish, tartib, muddat va zarur hujjatlarni qisqartirish boʻyicha choralar koʻrish;

jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini samarali koʻrsatishga toʻsqinlik qiluvchi omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish, vazirlik va idoralarga bajarilishi majburiy boʻlgan topshiriq va koʻrsatmalar berish;

davlat xizmatlari koʻrsatish jarayonini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritish.

(12-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

(13-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

14. Ichki ishlar vazirligi Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar “avtomobil tarixi” maʼlumotlarini (davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanasi, yurgan masofasi, fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuzilganligi, yoʻl transport hodisasi sodir etilganligi va boshqalar haqida) avtomototransport vositalariga berilgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisi orqali shartnomaviy asosda davlat xizmatlari markazi va YIDXP orqali aniqlash davlat xizmatini yoʻlga qoʻysin.

15. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Davlat personallashtirish markazi, Energetika vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Kadastr agentligi, “OʻZSUVTAʼMINOT” AJ hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-dekabrga qadar kommunal tarmoqlardagi barcha raqamlar (gaz, elektr, issiq suv, ichimlik suvi, kanalizatsiya, chiqindi) jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga va yuridik shaxslarning soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamiga bogʻlanishini taʼminlasin hamda bu orqali har bir shaxsga “yagona mijoz” tamoyili asosida unikal raqamdan foydalangan holda xizmatlar koʻrsatilishini yoʻlga qoʻysin.

Kadastr agentligi kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan birgalikda uch oy muddatda barcha koʻchmas mulk obyektlarining kadastr raqamlariga bogʻlanishini hamda koʻchmas mulk obyektlarining yagona manzillar reyestri bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.

16. Adliya vazirligi:

2021-yil 1-dekabrga qadar 2022 — 2026-yillarda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqsin;

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlari binolarida Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan zarur texnik jihozlar bilan taʼminlangan “Salomatlik burchaklari”ni tashkil qilsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda 2021-yil 20-avgustga qadar davlat xizmatlari markazlari va FHDY organlari binolarida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan ekspozitsiyalar tashkil qilsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

18. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

19. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov, adliya vaziri R.K. Davletov belgilansin.

(19-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-yanvar va 2022-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 24-iyul,

PF-6269-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga 1-ILOVA

2022-yil 1-yanvardan koʻrsatilishi uchun undiriladigan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlar miqdori kamaytiriladigan davlat xizmatlari

T/r Davlat xizmati nomi Amaldagi toʻlov miqdori Oʻrnatilayotgan toʻlov miqdori 1. Advokatlik byurolarini, advokatlik firmalarini va advokatlar hayʼatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish BHMning 2 baravari BHMning 1 baravari 2. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishga doir bitimlarga oldindan rozilik berish BHMning 10 baravari BHMning 7 baravari 3. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olishga doir bitimlarga oldindan rozilik berish BHMning 10 baravari BHMning 7 baravari 4. Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport berish BHMning 1,2 baravari BHMning 1 baravari 5. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarni berish BHMning 10 foizi BHMning 5 foizi 6. Xususiy bandlik agentliklari reyestriga kiritish BHMning 1 baravari Bepul 7. Tadbirkorlik subyektlariga davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida yangi namunadagi guvohnoma berish BHMning 1 baravari BHMning 20 foizi 8. Oʻzbekiston Respublikasining tegishli diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan amalga oshirilgan notarial harakatlar uchun undiriladigan gerb blankasi uchun yigʻim 5 AQSH dollari Bepul

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga 2-ILOVA

Davlat xizmatlari markazlari va YIDXP orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga 3-ILOVA

Ayrim turdagi maʼlumotlar va elektron koʻrinishdagi hujjatlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda berish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari

* Ushbu hujjatlar jismoniy va yuridik shaxslardan birlamchi olingandan soʻng “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tegishli organlarga taqdim etiladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga 4-ILOVA

2022-yil 1-yanvardan koʻrsatish muddatlari qisqartiriladigan davlat xizmatlarining ayrim turlari

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga 5-ILOVA

Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini yanada soddalashtirish, muddatlarini, talab qilinadigan hujjatlarini qisqartirish hamda raqamlashtirish boʻyicha

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga 6-ILOVA

Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika ishchi komissiyasi

Izoh: Respublika ishchi komissiyasi tarkibi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga 7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5278-son Farmoniga 3-ilovadagi “2021-yil 1-avgustga qadar” soʻzlari “2021-yil 1-sentabrga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5997-son Farmoniga 2-ilovaning 5-pozitsiyasidagi “2021-yil noyabr” soʻzlari “2022-yil may” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6012-son Farmoniga 2-ilovaning 30-pozitsiyasidagi “2021-yil noyabr” soʻzlari “2022-yil may” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6065-son Farmonida:

a) 2-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“identifikatsiya ID-kartalarini olish va almashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, oʻz ixtiyoriga koʻra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga hamda davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi uchun imkoniyatni yaratish;

identifikatsiya ID-kartalarini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan manzildagi ichki ishlar organining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasiga hamda davlat xizmatlari markazlariga, almashtirish uchun esa oʻz ixtiyoriga koʻra xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga hamda davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi uchun imkoniyatni yaratish”;

b) 2-ilovada:

2-bandning oltinchi xatboshisi “ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari” soʻzlaridan keyin “hamda davlat xizmatlari markazlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

ilovaning “2-bosqich” pozitsiyasining “Subyektlar” ustuni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“Maʼlumotlarni yigʻish punkti (ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, davlat xizmatlari markazlari)”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-son qarori bilan tasdiqlangan Baholovchi tashkilotlar va baholovchilar toʻgʻrisidagi nizomning 16-bandidagi “50” raqami “10” raqami bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 24-dekabrdagi PQ-2095-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi konsullik yigʻimlari tarifi rus tilidagi matni 12-moddasidan “plyus 5 dollarov SSHA za gerboviy blank” soʻzlari chiqarib tashlansin.

(7-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ-3550-son qarori bilan tasdiqlangan Kontraktlarni ekspertizadan oʻtkazish va roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida nizomning 52-bandi ikkinchi xatboshisidagi “ikki baravari” soʻzlari “10 foizi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4126-son qarori 5-bandidagi “oʻn baravari” soʻzlari “yetti baravari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-maydagi PQ-4732-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandida:

ikkinchi va oʻninchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

uchinchi — toʻqqizinchi va oʻn birinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4913-son qarori 6-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“agent sifatida xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining xodimlari nodavlat taʼlim sohasidagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash faoliyatini boshlaganlik haqida xabarnoma yuborgan oʻquv markazlari tomonidan beriladigan va koʻrsatilishi mumkin boʻlgan xizmatlar turlari aniq belgilangan sertifikatga ega boʻlishi shart;”.

12. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 18-noyabrdagi 403-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston qoʻshiq bayrami toʻgʻrisidagi nizomning “Buyurtmalar berish tartibi” boʻlimida:

toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

beshinchi — oʻn birinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.

13. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-apreldagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Milliy madaniyatimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan sanʼatkorlarni hamda oʻzbek sanʼatini dunyo sahnalarida muvaffaqiyatli namoyish etib kelayotgan yoshlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandida:

uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

beshinchi — yettinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.

14. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 45-bandida:

uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.

15. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi 326-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilishni rasmiylashtirish, koʻp martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:

a) 3-bandda:

yettinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

sakkizinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin;

b) 9-bandda:

oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

yettinchi va sakkizinchi xatboshilar tegishincha oltinchi va yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.

16. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyundagi 490-son qarori bilan tasdiqlangan Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:

a) 14-bandda:

ikkinchi, yettinchi va sakkizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

uchinchi — oltinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;

b) 36-bandda:

ikkinchi va beshinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.

17. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-iyundagi 526-son qarori bilan tasdiqlangan Prezident maktablari toʻgʻrisidagi nizomning 52-bandida:

uchinchi, toʻrtinchi va sakkizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

beshinchi — yettinchi xatboshilar tegishincha uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.

18. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solish sohasidagi davlat xizmatlarini koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 338-son qaroriga 1-ilova 14-bandi va 2-ilova 10-bandining birinchi xatboshilaridagi “oʻn” soʻzi “yetti” soʻzi bilan almashtirilsin.

19. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi 544-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida qayta tayyorlash va malaka oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:

8-bandda:

ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

uchinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;

45-bandning ikkinchi xatboshisidan “, shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma) nusxasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.

20. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan “Akademik harakatchanlik” dasturini shakllantirish, amalga oshirish, moliyalashtirish va monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“11. Loyihaga nomzodning maʼlumotnoma-obyektivkasi (anketa) ilova qilinadi”.

Izoh:

1) mazkur ilovaning 5 va 8-bandlari 2021-yil 1-dekabrdan boshlab kuchga kiradi;

2) mazkur ilovaning 4, 6 va 9-bandlari 2022-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.