Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga joʻnab ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami koʻrsatish va moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4804-son qaroriga muvofiq:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taʼlim tashkilotlarining mehnat organlari yoʻllanmasi bilan yuborilgan ishsiz fuqarolarni kasb-hunar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlarini Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplashga ruxsat berilganligi;
“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlarida bitiruvchilarning kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek, baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga Skills pasportini berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun respublika hududidan transport orqali chet elga joʻnab ketish vaqtida oʻzbekiston respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3584-son qaroriga muvofiq 2021-yil 8-iyunga qadar mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzuridagi maxsus kassalar orqali aviabiletlarni imtiyozli tariflar boʻyicha sotib olish huquqi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-sentabrdan boshlab 2022-yil 31-dekabrga qadar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan “Labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-149-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2022-y., 07/22/149/0186-son)
xorijiy tillar va (yoki) kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-149-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2022-y., 07/22/149/0186-son)
yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda;
rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.
Bunda:
a) mazkur bandda nazarda tutilgan kompensatsiyani olish uchun mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqaro “labor-migration” dasturiy majmuasi orqali masofaviy tarzda yoki bevosita Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Bandlikka koʻmaklashish markazlariga ariza bilan murojaat qiladi;
b) ariza Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 1 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi;
v) fuqaroga mazkur bandda nazarda tutilgan kompensatsiyalarni toʻlash asosli deb topilganda:
xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya summasi fuqaro tomonidan arizada koʻrsatilgan imtihon oʻtkaziladigan tashkilotlarning hisob raqamiga;
yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya summasi fuqaro tomonidan arizada koʻrsatilgan yoʻl chiptasini sotadigan kassa yoki transport tashkilotining hisob raqamiga;
“ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya summasi fuqaro tomonidan arizada koʻrsatilgan “ishchi viza”ni beruvchi tashkilotning hisob raqamiga toʻlab beriladi.
3. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) 2021-yil 1-sentabrga qadar:
“labor-migration” dasturiy majmuasida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga mazkur qarorda nazarda tutilgan kompensatsiyalarni olish imkonini beruvchi alohida sahifa tashkil qilinishini taʼminlasin;
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Bandlikka koʻmaklashish markazlari xodimlari uchun mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xizmat koʻrsatish, ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyoz, subsidiya va kompensatsiyalarni olishga koʻmaklashish masalalari boʻyicha oʻquv kurslarini yoʻlga qoʻysin;
mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiyalarni toʻlashda korrupsiya holatlariga, ortiqcha sarsongarchilik va qogʻozbozlikka yoʻl qoʻymaslik boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
4. Belgilansinki, 2021-yil 1-avgustdan boshlab transport kompaniyalarining (zaruratga qarab, tez tibbiy yordamning koʻchma brigadalarining) mehnat migratsiyasida boʻlgan davrida jarohat olgan, baxtsiz hodisaga duch kelgan, oʻtkir yoki ogʻir kasalga chalingan fuqarolarni, shu jumladan ularning voyaga yetmagan farzandlarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelish bilan bogʻliq xarajatlari, shuningdek, ushbu fuqarolarni tibbiyot xodimi kuzatuvi ostida qaytarishda tibbiyot xodimining xizmat safari xarajatlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
5. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi 725-son qarori bilan tasdiqlangan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
6. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 2021-yilda mazkur qarordagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Jamgʻarmaga 52 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) bilan birgalikda mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralari, ularga toʻlanadigan kompensatsiyalar va subsidiyalar toʻgʻrisida maxsus dastur va lavhalarni efirga uzatib borsin.
8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi M.A. Xayriddinov, moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.M. Muxitdinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-iyul,
PQ-5205-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-iyuldagi PQ-5205-son qaroriga ILOVA
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 2-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamgʻarma joylashgan joy: Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Lutfiy koʻchasi, 47-uy.”.
2. 6-band quyidagi mazmundagi yettinchi va sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan, xorijiy tillar yoki kasblarga oʻqigan va uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha muvaffaqiyatli topshirilgan malaka imtihoni xarajatlarini toʻlab berish, xorijga ketish uchun yoʻl transport chiptasini xarid qilishga kompensatsiya toʻlash;
rivojlangan davlatlarga uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplab berish”;
yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishincha toʻqqizinchi — oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. Nizomga ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlarining tasdiqlangan yoʻnalishlarga muvofiq sarflanishini tashkil etish
* Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qarorlari bilan ushbu sxemaga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
**Limitlar oshirilishi mumkin:
1,5 baravar — Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan kelishilgan holda;
2 baravar — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda.
*** Xorijga ketish uchun yoʻl transport chiptasini mahalliy tashuvchilardan xarid qilish tavsiya qilinadi”.