PQ-5278-son Qaror · 04.11.2021

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5278
  • Qabul qilingan sana:04.11.2021
  • Kuchga kirgan sana:05.11.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5278/1025

Samarqand viloyatining Urgut tumanini yanada rivojlantirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida yaratilgan qulay biznes yuritish tajribasini boshqa hududlarga tatbiq qilish, yuqori texnologiyalar asosida hududning eksport salohiyatini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Samarqand viloyatining Urgut tumani hududi innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun erkin iqtisodiy zona etib belgilansin.

Bunda, Urgut tumanining hududiy chegaralari ichida innovatsion yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshiradigan tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi (keyingi oʻrinlarda — “Urgut” EIZ) ishtirokchisi maqomi beriladi.

2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklarining:

1-ilovaga muvofiq jami 580,8 gektar yer maydonlarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish, shundan 273,6 gektar yer uchastkasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan boshqa yer toifasiga oʻtkazish;

yer uchastkalarini belgilangan tartibda davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazgan holda, “Urgut” EIZ direksiyasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish orqali “Urgut” EIZ hududini kengaytirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

3. Quyidagilar Samarqand viloyati maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashining “Urgut” EIZ direksiyasiga doimiy foydalanishga berilayotgan yer uchastkalariga nisbatan faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

tashqi bozorlarda talab katta boʻlgan va importning oʻrnini bosuvchi, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini jalb etish;

Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan samarali foydalanishni taʼminlash;

mahalliy xom ashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish hamda erkin iqtisodiy zonalar korxonalari oʻrtasida va, umuman, respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish.

4. “Urgut” EIZning ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Samarqand viloyati hokimligi 2022-yilning 1-iyuliga qadar:

Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda “Urgut” EIZning yangi hududlari bosh rejalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Energetika vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda “Urgut” EIZning yangi hududlarini tasdiqlangan bosh rejalariga asosan muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasi bilan taʼminlash boʻyicha quriladigan obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda kelishish ishlarini yakunlasin.

6. Quyidagilar:

Samarqand viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi DUK “Urgut” EIZning bosh rejasini ishlab chiqish, yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boʻyicha buyurtmachi etib;

Samarqand va Surxondaryo viloyatlarining mahalliy budjeti mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar “Urgut” EIZning bosh rejasini, obyektlar loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

“Urgut” EIZning bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha bosh pudrat tashkiloti belgilangan tartibda aniqlansin.

7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazining yuridik shaxs tashkil etmagan holda mavjud shtat birliklari soni doirasida, xodimlari soni 3 ta shtatdan iborat “Urgut ofisi” tashkil etilsin va unga “Urgut” EIZ hududida amalga oshirish uchun istiqbolli loyihaviy takliflar ishlab chiqish hamda tashabbuskorlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda koʻmaklashish vazifasi yuklansin.

8. Belgilansinki:

“Urgut” EIZ hududida, shu jumladan yangi tashkil etiladigan hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5600-son Farmoniga muvofiq elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi;

“Urgut” EIZ hududiga ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan yer maydonlari ajratilishi bilan bogʻliq qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.

9. Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki yil muddatda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida “Urgut” EIZ loyihalarini joylashtirish uchun ajratilayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlariga teng miqdorda yangi yerlarni oʻzlashtirish choralarini koʻrsin.

10. Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda tijorat banklari bilan birgalikda belgilangan tartibda:

ikki oy muddatda Samarqand va Surxondaryo viloyatlari iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral xom ashyo va infratuzilmani inobatga olgan holda, “Urgut” EIZ hududida import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish boʻyicha aniq takliflar — “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishini;

“Urgut” EIZ hududida oʻzlashtirish uchun taklif qilinayotgan import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini;

“Urgut” EIZ hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlar olib borish, shuningdek, “Urgut” EIZ hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish boʻyicha investitsiya buyurtmanomalari sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlasin.

11. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakovga — vazirliklar, idoralar, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklarining “Urgut” EIZ rivojlanishi va samarali faoliyat yuritishi, shuningdek, uning hududida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyatini nazorat qilish;

energetika vaziri A.S. Sultanov, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov, transport vaziri I.R. Maxkamovga — “Urgut” EIZ hududidagi investitsiya loyihalarining obyektlari foydalanishga topshirilgunga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi hamda mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, ularga talab etiladigan ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi yetkazib berilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:

uch oy muddatda “Urgut” EIZning yangi hududlarini muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasi bilan taʼminlash uchun Arab muvofiqlashtirish guruhi institutlarining zarur mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrsin;

ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B. Voitov va Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida 2022-yilning 1-fevral va 1-iyul sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 4-noyabr,

PQ-5278-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-noyabrdagi PQ-5278-son qaroriga1-ILOVA

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududi tarkibiga kiruvchi yangi hududlar

(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-iyundagi PQ-219-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2026-y., 07/26/219/0588-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-noyabrdagi PQ-5278-son qaroriga2-ILOVA

“Urgut” EIZning ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha

Izoh : Koʻrsatilgan quvvat va tarmoq uzunliklariga loyiha-smeta hujjatlariga asosan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.