PQ-5282-son Qaror · 05.11.2021

Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5282
  • Qabul qilingan sana:05.11.2021
  • Kuchga kirgan sana:05.11.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5282/1035

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholining keng qatlamalarini jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6099-son Farmoniga muvofiq respublikada aholi oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda — yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) sportning ustuvor turlari (keyingi oʻrinlarda — sportning ustuvor turlari) etib belgilanganligi;

Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-657-son Qonuni bilan tasdiqlangan 2021-yil uchun respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlariga asosan Turizm va sport vazirligiga sportning ustuvor turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun 104 milliard soʻm ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2021-2022-yillarda yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda — dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

sportning ustuvor turlarini boshqarish tizimini takomillashtirish;

aholi oʻrtasida sportning ustuvor turlari ommaviyligini oshirish, iqtidorli yoshlarni saralash (seleksiya);

sportning ustuvor turlari bilan shugʻullanish uchun shart-sharoitlar yaratish, ularni ommalashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport anjomlari bilan taʼminlash;

hududlarda sportning ustuvor turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan sport tadbirlarini tashkil etish;

sogʻlom turmush tarzining eng muhim tarkibiy qismi sifatida jismoniy tarbiya va sportni targʻib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajali axborotlashtirishni va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni taʼminlash.

3. Quyidagi sport musobaqalari har yili oʻtkazilsin:

yurish va yugurish boʻyicha — “Tashkent Marathon”, “Samarkand Marathon” va “Zaamin Ultra” xalqaro marafonlari, “Sky Camp Bostanliq” triatlon va yoga marafonlari, “Barcha rekordlar bizniki!” (5 va 10 ming qadamga), turli masofalarga yugurish boʻyicha “Yangi rekordlar sari!”;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2022-y., 07/22/112/0099-son)

mini-futbol boʻyicha — “Yangi Oʻzbekiston yoshlarimiz”, “Sogʻlom oila — Yangi Oʻzbekiston tayanchi” (oilaviy jamoalar oʻrtasida) “Rahbar kubogi” (davlat organlari va tashkilotlari xodimlari oʻrtasida);

badminton boʻyicha — “Bahor malikalari”, “Badminton ligasi” (umumiy oʻrta va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida), “Rahbar kubogi” (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari oʻrtasida) va “Imkoniyatingizdan koʻprogʻini bajaring!” (aholining keng qatlamlari oʻrtasida);

stritbol va “Workout” boʻyicha — “Rekorddan — yangi rekordga!” va “Giyohvand moddalarga qarshi!” (taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalari oʻrtasida), “Muhimi gʻalaba qozonish emas, balki qatnashish!” (mahalla jamoalari oʻrtasida), “Qishlogʻing uchun gʻalaba qozon!” (qishloq jamoalari oʻrtasida), “Sogʻlom tanda — sogʻlom fikr!” (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari oʻrtasida).

Yoshlar siyosati va sport vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tegishli sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan birgalikda yuqoridagi sport musobaqalarini tizimli ravishda tashkillashtirib borsin, ularga aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlarni keng jalb qilsin.

(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

4. 2022-yil 1-yanvardan boshlab sportning ustuvor turlari boʻyicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning (seleksiya) 3 bosqichli tizimi joriy etilsin:

birinchi bosqichda — sportchilar oʻrtasida tuman (shahar) musobaqalari (tuman/shahar hokimi kubogi);

ikkinchi bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari gʻoliblari oʻrtasida viloyat musobaqalari (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari kubogi);

uchinchi bosqichda — viloyat musobaqalari gʻoliblari oʻrtasida respublika musobaqalari.

Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston badminton federatsiyasi, Oʻzbekiston basketbol federatsiyasi rahbarlariga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning 3 bosqichli tizimini tegishli hududlarda toʻliq joriy qilish va musobaqalar natijalari asosida sport-taʼlim muassasalarini iqtidorli sportchilar bilan toʻldirib borish yuzasidan shaxsan masʼul etib belgilansin.

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

5. Belgilansinki, mazkur qaror bilan belgilangan sport musobaqalarini oʻtkazish, gʻolib va sovrindorlarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq har yilgi xarajatlar Davlat budjeti parametrlarida Sport vazirligi uchun koʻzda tutib boriladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi. Bunda:

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

har yili sportning ustuvor turlari boʻyicha musobaqalarning muntazam ravishda oʻtkazib borilishida aholining barcha qatlamlari xohishlariga qarab ularning faol ishtirokini taʼminlash choralarini koʻrsin;

sportning ustuvor turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish, gʻoliblar va sovrindorlarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlarni nazarda tutsin;

b) Sport vazirligi:

(5-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

har yili mart oyi yakuniga qadar hududlar kesimida sportning ustuvor turlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish vaqti, joyi va manzillari, trenerlar, hakamlar va boshqa batafsil maʼlumotlarni www.jtdss.uz platformasida joylashtirib borsin va ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻib etilishini taʼminlasin;

har yil yakuni bilan sportning ustuvor turlari boʻyicha oʻtkaziladigan musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan fuqarolarning eng yuqori natijalari va rekord oʻrnatganlar toʻgʻrisidagi tahliliy maʼlumotlarni platformada joylashtirib borish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)

7. 2021 — 2025-yillarda hududlarda badminton, stritbol va “Workout” sport turlari uchun 1 164 ta sport maydonchalarini tashkil etish parametrlari (keyingi oʻrinlarda — parametrlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:

a) Yoshlar siyosati va sport vazirligi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston badminton federatsiyasi, Oʻzbekiston basketbol federatsiyasi bilan birgalikda:

(7-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

ikki oy muddatda sport maydonchalariga qoʻyiladigan talablar asosida hamda hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklari, aholi soni va infratuzilmani inobatga olgan holda, sport maydonchalarining namunaviy loyihalarini (keyingi oʻrinlarda — namunaviy loyiha) ishlab chiqsin;

sport maydonchalarining aholi yashash joylariga qulay va xalqaro talablarga mos ravishda tashkil etilishi, sport maydonchalari qoplamasi tartan-sintetik qoplamadan boʻlishi, aholi barcha qatlamlarining yoshi va qiziqishlariga mos boʻlishiga eʼtibor qaratsin;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

sport maydonchalarini foydalanish xususiyatini yoʻqotmagan holda va tegishli joylashuviga koʻra mahalla fuqarolar yigʻini yoki uy-joy mulkdorlari shirkatlariga tekin foydalanish huquqi asosida bersin;

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda sport maydonchalaridan aholining samarali foydalanishini tashkil etish, oʻrnatilgan uskunalarni saqlash va taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlarni nazarda tutsin;

bir oy muddatda tumanlar va shaharlar boʻyicha namunaviy loyiha asosida har bir mahallada badminton, stritbol va “Workout” sport maydonchalarini tashkil etishni nazarda tutuvchi 2021 — 2025-yillarda amalga oshirilishi moʻljallangan hududiy manzilli dasturlarni tasdiqlash hamda ushbu ishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishga tashabbuskor mahalliy tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish choralarini koʻrsin.

8. Belgilansinki, Davlat budjetidan 2021-yildan boshlab dastur va parametrlar toʻliq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard soʻmdan mablagʻlar ajratiladi.

Moliya vazirligi mazkur qarorga asosan joriy yilda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablagʻlarni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutishni taʼminlasin.

9. Sportni rivojlantirish vazirligi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan sport maydonchalarini qurish va jihozlash boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.

Bunda bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-apreldagi PF-98-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.04.2022-y., 06/22/98/0279-son)

10. Sportning ustuvor turlari boʻyicha sport maydonchalarini tashkil etish va jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha chetdan olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus sport anjomlari va jihozlari, inventar, qurilish materiallari va moddiy-texnika resurslari 2024-yil 1-sentabrga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.

11. Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Yoshlar siyosati va sport vazirligi — dasturni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilishini taʼminlasin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin hamda uning ijrosi boʻyicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — sport maydonchalarini tashkil etish parametrlarini oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarishni taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrsinlar;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Koʻchimov hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev — mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsinlar.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

12. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vazirining tegishli oʻrinbosarlari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari rahbarlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.

(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 5-noyabr,

PQ-5282-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi PQ-5282-son qaroriga 1-ILOVA

2021-2022-yillarda yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.02.2026-y., 06/26/15/0102-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi PQ-5282-son qaroriga 2-ILOVA

2021 — 2025-yillarda hududlarda badminton, stritbol va “Workout” sport turlari uchun sport maydonchalarini tashkil etish

Izoh: parametrlarga sport vazirining buyrugʻi asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

(2-ilovaning izoh qismi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.