PQ-9-son Qaror · 12.11.2021

Germaniya taraqqiyot banki ishtirokida “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-9
  • Qabul qilingan sana:12.11.2021
  • Kuchga kirgan sana:13.11.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/9/1045

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasiga muvofiq, shuningdek, iqtisodiyotning barcha sohalari, shu jumladan qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda Germaniya taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — KfW) bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida tuzilgan moliyaviy hamkorlik kelishuviga asosan KfW tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) moliyalashtirish uchun yillik 2 foizli stavkada, 10 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 30 yil muddatga kredit ajratish boʻyicha qarz va grant bitimlari imzolanganligi;

b) Loyihaning umumiy qiymati 29,8 mln yevro boʻlib, shundan:

26,8 mln yevro KfWning kreditini tashkil etishi;

3,0 mln yevro Loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq konsultatsiya xizmatlari uchun KfW grantini tashkil etishi belgilanganligi;

v) Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (2021 — 2026-yillar) etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

(1-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

2. Belgilansinki:

Loyiha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda amalga oshiriladi;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, uni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, Loyihani amalga oshirish jarayonida monitoring va hisobotni yuritish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;

Loyiha doirasida ishtirok etuvchi moliyaviy tashkilotlarga subsidiar qarz mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida va yevroda taqdim etiladi. Chet el valyutasining milliy valyutaga nisbatan kursi oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotishlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan qoplanadi.

3. Quyidagilar:

“Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasining asosiy koʻrsatkichlari va mablagʻlardan foydalanish jadvali 1-ilovaga muvofiq;

“Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida KfW kreditini va uning foiz toʻlovlarini toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;

Germaniya taraqqiyot banki ishtirokidagi “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish yuzasidan “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda KfW bilan kelishgan holda bir oy muddatda Loyiha doirasida ishtirok etuvchi moliyaviy tashkilotlarni tanlab olish mezonlarini va beriladigan kreditni moliyalashning muddatlari va shartlari (valyuta xatarini hisobga olgan holda), subloyihalarni tanlash va ularni baholash mezonlarini belgilagan holda KfW kreditidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.

5. Moliya vazirligi KfW qarz mablagʻlarini Loyihada ishtirok etuvchi moliyaviy tashkilotlarga:

Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida qayta kreditlashda Markaziy bankning asosiy stavkasidan kam boʻlmagan stavkada;

yevroda qayta kreditlashda jalb qilinayotgan kredit stavkasining 25 foizidan oshmaydigan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi marjasi bilan taqdim etsin.

6. Qishloq xoʻjaligi vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga Loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, KfW va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq hisobot hamda zarur hujjatlarni tayyorlash va taqdim etishni oʻz vaqtida tashkillashtirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

7. Qishloq xoʻjaligi vazirligining KfW grant mablagʻlari hisobidan Loyiha doirasida moliyalashtiriladigan tadbirkorlik subyektlari loyihalarining samarali amalga oshirilishini doimiy oʻrganib borish, loyihalarni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga zarur maslahatlar (konsultatsiyalar) berish, ularning muammolarini bartaraf etishda amaliy yordam berish va boshqa doimiy monitoring olib borish ishlarini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq vazifalarni bajarish uchun KfW tartib-taomillariga muvofiq tashkil etiladigan tanlovga koʻra shartnoma asosida yollanadigan konsultantlar tomonidan amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

8. Moliya vaziriga Qishloq xoʻjaligi vazirligi va loyihada ishtirok etuvchi moliyaviy tashkilotlar oʻrtasidagi qayta kreditlash bitimlarini va qishloq xoʻjaligi vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan KfW bilan qarz va grant bitimlariga asosan Loyihani amalga oshirish yuzasidan alohida bitimni imzolash vakolati berilsin. Bunda, zarur hollarda ushbu bitimlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga ruxsat etiladi.

9. Adliya vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi va KfW oʻrtasidagi qarz va grant bitimlariga yuridik xulosalar bersin.

10. Loyihada ishtirok etuvchi moliyaviy tashkilotlar zimmasiga kredit liniyasini boshqarish, KfW kreditining oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha hisobot va monitoringni yuritish vazifalari yuklansin.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi moliyalashtirilgan subloyihalar toʻgʻrisida, shuningdek, ularning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasi va Moliya vazirligiga hisobot kiritib borsin hamda oʻzining rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib borsin.

11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari S.U. Umurzakov, J.A. Qoʻchqorov va Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 12-noyabr,

PQ-9-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-noyabrdagi PQ-9-son qaroriga 1-ILOVA

“Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasining asosiy koʻrsatkichlari va mablagʻlardan foydalanish jadvali

* Yakuniy narx koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ish va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalari asosida belgilanadi. Zarurat boʻlgan taqdirda qishloq xoʻjaligi vaziriga iqtisod qilingan mablagʻlarni qayta taqsimlash vakolati beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-noyabrdagi PQ-9-son qaroriga 2-ILOVA

“Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida KfW kreditini va uning foiz toʻlovlarini toʻlashning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-noyabrdagi PQ-9-son qaroriga 3-ILOVA

Germaniya taraqqiyot banki ishtirokidagi “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish yuzasidan

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.