Tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha 2021-yil 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan masalalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, elektron tijorat sohasidagi platformalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda akkreditiv boʻyicha hisob-kitob tizimini joriy etish maqsadida:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining elektron tijoratning “Ochiq raqamli ekotizimi” axborot tizimlari majmuasini (keyingi oʻrinlarda — Raqamli ekotizim) 2022-yil 1-iyuldan boshlab toʻliq ishga tushirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali markazi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi Raqamli transformatsiya markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta tashkil etilsin.
2. Markaz zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
Raqamli ekotizimni shakllantirish va uning operatori funksiyalarini bajarish;
mulkchilik shaklidan, idoraviy va tarmoqqa mansubligidan, hududiy joylashuvidan qatʼi nazar, elektron tijorat platformalariga oʻzining mijozlar bazasidan teng foydalanishi hamda ularga xizmatlar koʻrsatishi uchun sharoitlar yaratish;
Raqamli ekotizimning “eskrou” tizimi funksiyalarini bajarishi munosabati bilan bitta shaxsiy hisobvaraqdan hisob-kitoblar va toʻlovlar hamda tomonlarning shartnoma majburiyatlari kafolatli (akkreditiv tamoyili boʻyicha) bajarilishini taʼminlash.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Raqamli ekotizimga integratsiyalashgan elektron tijorat platformalarida tovarlar va xizmatlarni sotish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirilishi shart. Bunda, narxi koʻrsatilmagan tovar va xizmatlarni sotib olish boʻyicha bitimlar tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi;
2024-yil 1-yanvarga qadar Raqamli ekotizimga integratsiyalashgan elektron tijorat platformalari operatorlari uchun foyda soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
tovarlar (xizmatlar) elektron savdosini amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilar uchun, ular Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan yoki kiritilmaganligidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 337 va 467-moddalariga muvofiq foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha pasaytirilgan soliq stavkalari qoʻllaniladi.
Moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur banddan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Elektron tijoratning “Ochiq raqamli ekotizimi”ni tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Markaz Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar Raqamli ekotizim orqali soliq organlariga real vaqt rejimida maʼlumotlarni uzatish imkonini beruvchi elektron maʼlumotlar bazalarining oʻzaro integratsiyasini taʼminlasin.
6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qaror mazmun va mohiyatining, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻi orqali keng tushuntirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B. Voitov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-noyabr,
PQ-14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-noyabrdagi PQ-14-son qaroriga ILOVA
Elektron tijoratning “Ochiq raqamli ekotizimi”ni tashkil etish boʻyicha