PQ-83-son Qaror · 13.01.2022

Baliqchilik tarmogʻini yanada rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-83
  • Qabul qilingan sana:13.01.2022
  • Kuchga kirgan sana:14.01.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/83/0022

Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish, baliq mahsulotlari turlarini koʻpaytirish, eksport salohiyatini oshirish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish hamda baliqchilik xoʻjaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanida tashkil etilgan baliqchilik klasterining aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tajribasini (keyingi oʻrinlarda — kooperatsiya) har bir viloyatda joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Bunda, kooperatsiya asosida xonadonlarda baliq yetishtirish quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilansin:

baliqchilik xoʻjaliklari xonadon egalarini baliq yetishtirish boʻyicha oʻqitishni tashkil etadi, ularga baliq yetishtirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, baliq chavoqlari, omuxta yem, mineral oʻgʻitlarni yetkazib beradi hamda ular tomonidan yetishtirilgan baliqni kelishilgan narxlarda sotib oladi;

xonadon egalari oʻz xonadonlarida baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlardan foydalangan holda intensiv usulda yetishtirilgan baliqlarni kelishilgan narxlarda ularga sotadi.

2. Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman hokimlarining yordamchilari xonadon egalari bilan hamkorlikda kooperatsiya asosida xonadonlarda baliq yetishtirish boʻyicha tashabbuskor baliqchilik xoʻjaliklarining roʻyxatini shakllantirsin hamda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirishda amaliy yordam koʻrsatib borsin.

3. Belgilansinki:

2022-yil 1-fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida oʻz xonadonida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyishga ruxsat beriladi;

2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka, UZV) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan, biroq daromadining 80 foizidan ortigʻini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan subyektlar uchun foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi;

baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkasi 50 foiz miqdorida belgilanadi.

4. Quyidagilar:

2022-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirish prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2022-yilda sunʼiy (ekstensiv) suv havzalarini intensivlashtirish va baliq ovlash hajmlari boʻyicha prognoz parametrlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Moliya vazirligi va tijorat banklarining Fransiya taraqqiyot agentligining “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida jalb qilinayotgan kredit liniyasi hisobidan 20 million yevro miqdoridagi mablagʻlarni intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

6. “Oʻzbekchorvanasl” agentligi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va Markaziy bankning 2022-yil 15-yanvardan boshlab “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun ajratiladigan kreditni bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Markaziy bank tijorat banklari orqali intensiv usulda aholi xonadonlarida baliq yetishtirish loyihalarini moliyalashtirish uchun “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturi doirasida 2022-yilda 200 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

2022-yil 1-apreldan boshlab 2025-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratiladi;

“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga aʼzo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan baliqchilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning bir yillik ish haqi miqdorining 50 foizigacha, biroq oyiga 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasidan qoplab beriladi. Bunda, mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan 5 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yoʻnalishi boʻyicha baliqchilik xoʻjaliklarining masʼul xodimlari ishtirokida “Ishga marhamat” monomarkazlarida oʻquv kurslarini tashkil etsin.

9. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining togʻ oldi hududidan Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi balansida boʻlgan 5 gektar yer maydonida “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan sovuq suv baliqlarini yetishtirish tarmogʻini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tajriba stansiyasi loyihasi amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda, ushbu loyihani “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirishga ruxsat berilsin.

10. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda baliq mahsulotlarini yetishtirish, tabiiy suv havza resurslarini aniqlash va monitoringini yuritish boʻyicha mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan loyihalarga tanlovlar asosida mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

11. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari roʻyxatiga “baliqchilik” ixtisosligini kiritishni taʼminlasin.

12. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2022-yildan boshlab baliqchilik sohasi uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash va tarmoq institutlari ilmiy salohiyatini oshirish uchun Toshkent davlat agrar universiteti va Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktorantura bosqichlariga “Baliqchilik” ixtisosligi boʻyicha har yili 2 tadan oʻrin ajratsin.

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ikki oy muddatda xizmat koʻrsatuvchi banklar bilan kelishgan holda baliqchilik loyihalarining manzilli roʻyxatini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin hamda manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli roʻyxat parametrlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin.

14. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlarini qoplash boʻyicha bir martalik subsidiya ajratish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Vazirlar Mahkamasi:

a) bir oy muddatda 2025-yil 1-yanvarga qadar kooperatsiya asosida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻygan, biroq daromadining 90 foizidan ortiq qismi baliq yetishtirish hisobidan shakllanadigan xoʻjaliklarni soliqlarning barcha turlaridan (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi va ijtimoiy soliq mustasno) ozod etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin;

b) bir oy muddatda “Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimi boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqsin:

“Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimining Arnasoy suv ombori hududida baliq ovlashga bir yil muddatga moratoriy eʼlon qilish;

xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimida shoʻr suvda baliq zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha laboratoriya markazini tashkil etish;

“Aydar-Arnasoy” koʻllar tizimi direksiyasi” DUKni qayta tashkil etgan holda uning ustav kapitalidagi davlat ulushini, kamida 30 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish, 1 000 ta ish oʻrnini yaratish va 2025-yilga borib yiliga 20 ming tonna baliq ovlash uchun baliq zaxiralarini yaratish sharti bilan ishonchli boshqaruvga berish.

17. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B. Norqobilov, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi O. Musayev — baliq hosildorligini oshirish va aholi xonadonlarida baliq yetishtirishni kengaytirish boʻyicha ishlarni “korxonabay” va “xonadonbay” tashkil etib, 2022-yilda:

respublikada baliq yetishtirish hajmini 700 ming tonnaga yetkazish;

qoʻshimcha kamida 10 mingta aholi xonadonida intensiv usulda baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish hamda yangi 15 ta baliqchilik klasterini tashkil etish;

hosildorligi 25 sentnerdan past boʻlgan 31 ming gektar sunʼiy suv havzalarida 78 mingta aerator moslamasini oʻrnatish;

mazkur qaror bilan tasdiqlangan prognoz parametrlarining oʻz muddatida bajarilishiga shaxsan masʼul hisoblanadi.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 13-yanvar,

PQ-83-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-83-son qaroriga 1-ILOVA

2022-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-83-son qaroriga 2-ILOVA

2022-yilda sunʼiy (ekstensiv) suv havzalarini intensivlashtirish va baliq ovlash hajmlari boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.