Chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash sohasida ilgʻor xorijiy texnologiyalarni faol joriy etish, fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, shuningdek, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) 2021-yil 28-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligining (keyingi oʻrinlarda — FTA) “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) moliyalashtirish uchun 15 yil muddatga, shu jumladan 4 yillik imtiyozli davr bilan, 6 oylik EURIBOR+1% yillik stavkada 100,0 mln yevro miqdorida qarz ajratish toʻgʻrisida bitimi (keyingi oʻrinlarda — qarz bitimi) imzolanganligi;
b) Loyihaning umumiy qiymati 147,07 mln yevro ekvivalentida boʻlib, shundan:
100 mln yevro — FTAning qarzi;
29,96 mln yevro ekvivalentidagi mablagʻlar — Loyiha ishtirokchilari (benefitsiarlar)ning ulushi;
17,10 mln yevro ekvivalentidagi mablagʻlar, shu jumladan soliq va bojxona toʻlovlari shaklida — 13,48 mln yevro ekvivalentidagi mablagʻlar, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklida — 3,61 mln yevro ekvivalentidagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushini tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki:
Loyihani amalga oshirish doirasida FTA qarzi hisobidan xarid qilinadigan tovarlarni (ish, xizmatlarni) va maxsus transport vositalarini olib kirishda (sotib olishda) qoʻshilgan qiymat soligʻi tovarlarni (ish, xizmatlarni) olib kiruvchilar (import qiluvchilar, xizmatlarni sotib oluvchilar) tomonidan toʻlanadi;
ushbu bojxona boji imtiyozlari natijasida boʻshagan mablagʻlar hamda tovarlarni olib keluvchilar tomonidan toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi;
Loyiha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda amalga oshiriladi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Loyiha boʻyicha jalb etiladigan kreditga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ehtimoldagi tavakkalchiliklarni qoplash maqsadida mazkur kreditni qayta kreditlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi marjasi 0,5 foiz miqdorida boʻladi;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, uning muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi, shuningdek, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobot yuritilishi uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
kredit liniyasini boshqarish, FTAning qarzi oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklariga yuklanadi;
qarz bitimi doirasida yuzaga kelgan barcha toʻlovlar Loyihada ishtirok etuvchi banklar bilan qayta kreditlash bitimlari imzolangunga qadar Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi va qayta kreditlash bitimlari imzolanganidan soʻng Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan ularga ajratilgan mablagʻlar miqdoriga mutanosib ravishda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga qaytariladi;
Loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2022 — 2026-yillar) tashkil etadi.
3. Quyidagilar:
“Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida mablagʻlardan foydalanish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
“Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligining qarzini soʻndirish, foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq;
“Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bir oy muddatda belgilangan tartibda qoʻmita huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan FTA ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish guruhini (keyingi oʻrinlarda — loyihani amalga oshirish guruhi) tashkil etsin.
5. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga Loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, FTA va milliy qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq tegishli hisobotlar va hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishi hamda taqdim etilishini taʼminlash uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
6. Moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan FTAning qarz mablagʻlarini qayta kreditlash boʻyicha uch tomonlama bitimlarni imzolash, shuningdek, zarur hollarda ushbu bitimlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda Loyihada ishtirok etuvchi kamida beshta tijorat banklarining roʻyxatini shakllantirsin.
7. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
Loyihani amalga oshirish davrida Loyihani amalga oshirish guruhining yillik xarajatlar smetasini va shtatlar jadvalini tasdiqlash uchun har yili Moliya vazirligiga kiritsin;
Loyiha boʻyicha oʻzlashtirilgan mablagʻlar hamda erishilgan natijalar yuzasidan maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytida muntazam joylashtirib borsin.
8. Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi va FTA oʻrtasidagi qarz bitimi;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda Loyiha doirasida FTAning qarzlarini qayta kreditlash bitimlari va ularga kiritiladigan oʻzgartirishlar yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosalar bersin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Norqobilov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 15-may va 2022-yil 15-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-yanvar,
PQ-84-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-84-son qaroriga 1-ILOVA
“Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy
Izoh: *Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha belgilangan tartibda oʻtkaziladigan xarid tartib-taomillari natijalari asosida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-84-son qaroriga 2-ILOVA
“Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida mablagʻlardan foydalanish
Izoh: * Qoʻshimcha moliyalashtirish uchun Yevropa Ittifoqining 11,5 mln yevro miqdoridagi granti jalb qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-84-son qaroriga 3-ILOVA
“Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida Fransiya taraqqiyot agentligining qarzini soʻndirish, foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirishning
Izohlar:
* 6 oylik EURIBOR+1% jami foiz stavkasi 28.06.2021-yil holatiga koʻra 1,13 foizga teng deb qabul qilingan. Ushbu foiz stavkalari har bir qarz mablagʻlari yechib olingan muddatlarda FTA tomonidan qayta belgilanadi.
** Boshlangʻich bir martalik toʻlov keyinchalik loyihada ishtirok etuvchi banklar tomonidan qaytarilishi sharti bilan, dastlab Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-84-son qaroriga 4-ILOVA
“Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha