PQ-106-son Qaror · 28.01.2022

Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-106
  • Qabul qilingan sana:28.01.2022
  • Kuchga kirgan sana:28.01.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/106/0071

Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligini tubdan modernizatsiya qilish, sifatli va raqobatbardosh urugʻlik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, urugʻchilikda qoʻshilgan qiymat zanjirini shakllantirish, sohani raqamlashtirish, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni oʻzaro integratsiya qilish va kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish hamda innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida:

1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga (keyingi oʻrinlarda — Markaz) quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

urugʻliklar yetishtiruvchi subyektlar joylashgan hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, gʻoʻza, boshoqli don, sabzavot, poliz, moyli, dukkakli va ozuqa ekinlarini ularning turlari hamda navlari boʻyicha joylashtirish;

(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

urugʻliklar yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi subyektlarining yagona elektron tizimini yaratish. Bunda, subyekt nomi, ekin turi, navi va avlodi, urugʻlik maydoniga berilgan mineral oʻgʻitlar turi va miqdori, ishlatilgan kimyoviy vositalar nomi va meʼyori, aprobatsiya komissiyasining navdorlik boʻyicha xulosasi, yetishtirilgan hosil toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettirish;

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

urugʻlik yetishtiruvchi subyektlarda vegetatsiya davrida paxta va boshoqli don maydonlarida kamida uch marta, boshqa urugʻchilik maydonlarida kamida ikki marta, urugʻliklarni saqlash va qayta ishlash jarayonlarida doimiy monitoring yuritish, ularga yaqindan amaliy yordam koʻrsatish va faoliyatini muvofiqlashtirish;

qishloq xoʻjaligi ekinlari turi va navidan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ekish, parvarishlash va hosilni yigʻib olish boʻyicha tavsiya, qoʻllanma, meʼyoriy hujjatlar tayyorlash va urugʻchilik subyektlariga yetkazib berish;

urugʻchilik subyektlarida yetishtirilgan paxta, boshoqli don, sabzavot, poliz, moyli, dukkakli va ozuqa ekinlari urugʻliklarini xalqaro standartlarga mos ravishda tayyorlash va qadoqlash hamda ichki va tashqi bozorga “Uzbek seeds” milliy brendi asosida sotishni tashkil etish.

2. “Oʻzdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalarga 1-ilovaga muvofiq 20 ta urugʻlik don tayyorlash sexlari ushbu korxonalarning soliq va jamgʻarma oldidagi qarzdorligini obyektning baholangan qiymati miqdoriga kamaytirish hisobiga Markazga oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Oʻzpaxtasanoat” AJ tizimidagi 11 ta urugʻlik chigit tayyorlash sexlarini 2-ilovaga muvofiq ularning Davlat budjeti oldidagi qarzdorligini (ular boʻyicha hisoblangan penyalar, shuningdek, obyektni oʻtkazish natijasida yuzaga keladigan soliqlarni ham inobatga olgan holda) obyektning baholangan qiymati miqdoriga kamaytirish hisobiga Markazga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda, ushbu korxonalar Davlat budjeti oldida qarzdorlik mavjud boʻlmagan hollarda “Oʻzpaxtasanoat” AJdagi davlat ulushi va “Oʻzpaxtasanoat” AJning urugʻchilik sexlaridagi ulushini tegishincha kamaytirish hisobiga beriladi.

4. Urugʻlik tayyorlash sexlarini Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga oʻtkazish boʻyicha Idoralararo ishchi guruhi tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Idoralararo ishchi guruhiga uch oy muddatda urugʻlik tayyorlash sexlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish, qayta baholash va Markazga topshirish-qabul qilish dalolatnomalarini tuzish, kadastr hujjatlari, kommunikatsiya tizimlari (elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, aloqa tarmoqlari, urugʻlik chigit tayyorlash sexlariga kirish va chiqish yoʻllari) bilan bogʻliq hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish vazifalari yuklansin.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev) urugʻlik tayyorlash sexlarining Markaz balansiga oʻtkazilishi munosabati bilan Markaz va uning hududiy boshqarmalari tuzilmasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.

5. Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasidagi 26,5 mln AQSH dollari miqdoridagi kreditlari hisobidan urugʻlik chigit va urugʻlik don tayyorlash sexlarini 2022-2023-yillarda toʻliq modernizatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.

6. Respublikada 2022 — 2025-yillarda yangi navlar maydonlarini kengaytirish hisobiga paxta hosildorligini 50 sentnerga, boshoqli don ekinlari hosildorligini 90 sentnerga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh vazir oʻrinbosari Sh. Gʻaniyev, qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayev mazkur chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etsin.

7. 2022-yil 1-yanvardan boshlab yuqori avlodli urugʻliklarni yetishtirish tizimi joriy etilsin. Bunda:

(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining tuproq unumdorligi yuqori, suv taʼminoti yaxshi boʻlgan 200 ming gektar sugʻoriladigan yerlarda 5-ilovaga muvofiq qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarini yetishtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

(7-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har yili “E-urugʻ” axborot tizimida urugʻliklar yetishtiruvchi subyektlar tanlanishini hamda qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirilishini taʼminlasin;

(7-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

b) ilmiy tashkilotlar — nav originatorlari qishloq xoʻjaligi ekinlarining dastlabki va yuqori avlodli urugʻlik materiallarini Markaz tomonidan berilgan talabnomaga asosan tayyorlaydi va boshqa urugʻchilik subyektlariga shartnoma asosida yetkazib beradi;

(7-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

g) ilmiy-tadqiqot institutlari va Markaz tizimidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklari tomonidan qishloq xoʻjaligi ekinlarining birlamchi urugʻchiligi yoʻlga qoʻyiladi;

d) tanlovdan oʻtgan urugʻchilik subyektlari tomonidan urugʻliklar yetishtiriladi va Markaz, paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik klasterlari hamda boshqa subyektlar tomonidan qayta ishlanib, isteʼmolchilarga yetkazib berilishi taʼminlanadi.

(7-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

7-1. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi har chorakda urugʻliklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari uchun berilgan raqamli QR kodli yorliqlar hamda ekinboplik xulosalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Qishloq xoʻjaligi vazirligiga kiritib borishni taʼminlasin.

(7-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

8. Quyidagilar urugʻchilik subyektlarining asosiy vazifalari ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

nav originatorlari tomonidan ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda va meʼyorlarda sifatli oʻtkazilishini taʼminlash;

urugʻliklarni yetishtirish, yigʻib-terib olish va qayta ishlash korxonalariga topshirishda davlat standarti talablariga rioya etish;

qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi sohasida ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash;

sabzavot, poliz, dukkakli, ozuqa va moyli ekinlarning mahalliy seleksiya navlari urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish.

9. Belgilansinki:

a) agroklasterlar va fermer xoʻjaliklariga gʻoʻza hamda boshoqli don ekinlarining eng hosildor navlarini belgilangan tartibda import qilishga, shuningdek, mustaqil joylashtirishga ruxsat beriladi;

b) Markaz tizimidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklari va tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida xoʻjaliklarga yil yakunlari boʻyicha sof foydadan Davlat budjetiga ajratmalar (dividendlar)ni toʻlash yuzasidan 3 yil muddatga imtiyoz beriladi hamda elita urugʻchilik xoʻjaliklarining ustav fondiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali bosqichma-bosqich davlat ulushi kamaytirib boriladi;

v) Markaz, klasterlar va boshqa urugʻlik tayyorlovchi subyektlar tomonidan urugʻlik yetishtirilishi va xarid qilinishini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4634-son, 2021-yil 10-noyabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirish va uning yigʻim-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2-son, 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-52-son qarorlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda MDHga aʼzo mamlakatlarning qishloq xoʻjaligi ekinlari navlari va duragaylari urugʻliklarini, meva-rezavor va uzum koʻchatlarini yetishtirish hamda yetkazib berish boʻyicha davlatlararo ixtisoslashuv toʻgʻrisidagi bitimga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi hududlarda urugʻliklardan yuqori sifatli hosil yetishtirish, ularni saqlash, saralash va qayta ishlash boʻyicha oʻquv-dala seminarlarini doimiy tashkil etib borsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

12. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Ushbu qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 28-yanvar,

PQ-106-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-106-son qaroriga1-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga oʻtkazilayotgan urugʻlik don tayyorlash sexlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-106-son qaroriga2-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga oʻtkazilayotgan urugʻlik chigit tayyorlash sexlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-106-son qaroriga3-ILOVA

Urugʻlik tayyorlash sexlarini Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga oʻtkazish boʻyicha idoralararo ishchi guruhi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-106-son qaroriga4-ILOVA

Respublikada 2022 — 2025-yillarda yangi navlar maydonlarini kengaytirish hisobiga paxta hosildorligini 50 sentnerga, boshoqli don ekinlari hosilini 90 sentnerga yetkazish boʻyicha

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2024-y., 07/24/431/1026-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-106-son qaroriga5-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklari yetishtiriladigan hududlardagi maydonlarning

(5-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda jami urugʻliklar yetishtiriladigan maydon (gektar)larga hududlar kesimida oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.