PQ-112-son Qaror · 02.02.2022

Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-112
  • Qabul qilingan sana:02.02.2022
  • Kuchga kirgan sana:03.02.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/112/0099

Aholi, ayniqsa, olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga madaniy dam olish xizmatlari koʻrsatish darajasini oshirish, respublikaning barcha hududlarida teatr, sirk va boshqa turdagi ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish, madaniyat va sanʼat sohasida isteʼdodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qoʻllab-quvvatlash, taʼlim muassasalarini milliy cholgʻular, musiqa darsliklari, notalar toʻplamlari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlashning yaxlit tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:

1. 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab taʼlim muassasalarida oʻquvchi va talabalarning musiqiy bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularning qalbida milliy madaniyatga boʻlgan muhabbatni shakllantirish, yosh isteʼdodlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilansin:

a) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida:

oʻquvchilarga mazkur qarorga 1-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan milliy musiqa cholgʻularidan kamida bittasida kuy ijro etish koʻnikmalari oʻrgatiladi hamda bu haqda ularning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatiga (shahodatnoma) tegishli qayd kiritiladi;

musiqa fani uchun haftasiga belgilangan bir oʻquv soati hamda unga qoʻshimcha ravishda har hafta milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etish amaliy toʻgaraklari va fakultativ darslari oʻtkaziladi;

mazkur qarorga 1-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan milliy cholgʻulardan kamida bittasida, 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab esa kamida uchtasida kuy ijro etish mahoratiga ega boʻlish musiqa fani oʻqituvchilari uchun majburiy hisoblanadi;

musiqa fani uchun ajratilgan oʻquv soatlari doirasida “Hayotimga hamrohdir cholgʻu” shiori ostida cholgʻu ijrochiligi dars mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyiladi;

notalar toʻplamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar bilan taʼminlash umumtaʼlim maktablarini darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar bilan taʼminlash tizimiga kiritiladi;

oʻquvchilarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ularning qiziqishlariga koʻra milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etish, tasviriy va amaliy sanʼat, hunarmandchilik yoʻnalishlarida amaliy toʻgaraklar (keyingi oʻrinlarda — amaliy toʻgaraklar) tashkil etiladi;

amaliy toʻgaraklar rahbarlariga “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak rahbari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkalari qoʻllaniladi;

amaliy toʻgaraklarni olib borish hisobi “Elektron kundalik” dasturi orqali amalga oshiriladi hamda har chorakda toʻgarak ishtirokchilarining hisobot konsertlari tashkil qilinadi;

musiqa sanʼati boʻyicha professional taʼlim hamda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatga ega boʻlgan, kamida 3 ta milliy musiqa cholgʻularida mahorat bilan kuy ijro eta oladigan mutaxassislarni asosiy ish joyidan boʻsh vaqtida u yerdagi mehnatga haq toʻlash shartlarini saqlab qolgan holda oʻrindoshlik asosida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari musiqa fani oʻqituvchisi va musiqa yoʻnalishidagi toʻgarak rahbari lavozimiga toʻliq stavkada ishga qabul qilishga ruxsat beriladi;

musiqa fani oʻqituvchilarini kamida uchta milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro etishga oʻrgatish xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi doirasida amalga oshiriladi, bunda qayta tayyorlash (malaka oshirish) kurslarida mashgʻulot olib borish uchun madaniyat va sanʼat sohasi vakillari shartnoma asosida jalb etiladi;

b) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida:

Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan boshqa madaniyat muassasalari bilan hamkorlikda lektoriy konsertlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi;

lektoriy konsertlari taʼlim va madaniyat muassasalarida tashkil etiladi hamda oʻquvchi va talabalarning musiqiy madaniyati va savodxonligini yuksaltirishga, estetik didi, dunyoqarashini kengaytirishga va musiqani his qilishiga qaratilgan amaliy mashgʻulotlardan iborat boʻladi;

lektoriy konsertlarining oʻtkazilganligi haqida tegishli taʼlim, madaniyat muassasasi, tuman (shahar) hokimligi yoki boshqa masʼul tashkilot rahbari va Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktori tomonidan dalolatnoma tuziladi;

lektoriy konsertlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjet mablagʻlari (umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida) va budjetdan tashqari mablagʻlar (oliy taʼlim muassasalarida) yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan dalolatnoma asosida moliyalashtiriladi;

Madaniyat vazirligi hayʼati qarori bilan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida madaniyat va sanʼat sohasidagi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ijodkorlar rahbarligida ularning “mahorat maktablari” tashkil etiladi;

“mahorat maktablari” rahbari boʻlgan ijodkorlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirib boriladi;

v) umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, madaniyat markazlari:

2022 — 2024-yillarda mazkur qarorga 1a-ilovada belgilangan reja-jadvalga muvofiq 3 tadan milliy musiqa cholgʻulari toʻplamlari bilan taʼminlanadi;

milliy musiqa cholgʻulari toʻplamlari bilan taʼminlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va tegishli mahalliy budjetlardan teng ulushlarda ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;

milliy musiqa cholgʻulari toʻplamlari Madaniyat vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan markazlashgan tartibda xarid qilinadi va tegishli davlat muassasalariga yetkazib beriladi, bunda xarid komissiyasining tarkibiga milliy musiqa cholgʻularida kuy ijro eta oluvchi yuqori malakali mutaxassislar kiritiladi, cholgʻular ular tomonidan sinab koʻriladi;

g) har yili:

oʻquvchilar va talabalar oʻrtasida mazkur qarorga 2-ilovadagi roʻyxat boʻyicha “taʼlim muassasasi — tuman (shahar) — viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri) — respublika” kesimida madaniyat va sanʼat sohasidagi respublika koʻrik-tanlovlari tashkil etiladi;

respublika koʻrik tanlovlarining “taʼlim muassasasi” bosqichida tegishli taʼlim muassasasi joylashgan mahalladagi yoshlarning faol ishtirokini taʼminlash yoshlar yetakchilari va madaniyat markazlari zimmasiga yuklanadi.

2. Mazkur qarorning 1-bandida belgilangan tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:

a) Xalq taʼlimi vazirligi (B.O. Saidov) 2022-yil 1-iyunga qadar:

har bir umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida direktor buyrugʻi bilan amaliy toʻgaraklar tashkil etilishini, bu haqida oʻqituvchi va oʻquvchilarning xabardor qilinishini taʼminlasin;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida musiqa fani oʻqituvchilariga boʻlgan talab va kelgusidagi ehtiyojni muntazam ravishda tahlil qilib borsin, zaruratga koʻra, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda musiqa fani oʻqituvchilarini tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalariga buyurtmalar berib borsin;

b) Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) ikki oy muddatda:

musiqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan lektoriy konsertlarining badiiy dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (D.N. Sattarov) bilan birgalikda musiqa cholgʻularini ishlab chiqaruvchi mutaxassislarni jalb qilgan holda mazkur qarorga 1-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan milliy musiqa cholgʻularini ishlab chiqarish boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda qabul qilinishini taʼminlasin.

2-1. Madaniyat vazirligi tizimidagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarining:

direktori, direktor oʻrinbosarlari, oʻqituvchi va konsertmeysterlarining ish haqi miqdorlari 2025-yil 1-yanvardan boshlab 10 foizga oshirilsin;

2025-yil 1-fevraldan boshlab kommunal xizmatlardan foydalanish boʻyicha belgilangan har oylik xarajatlar limiti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.

Madaniyat vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-fevralga qadar:

a) bolalar musiqa va sanʼat maktablarida ota-onalar tomonidan bolalarning bolalar musiqa va sanʼat maktablarida oʻqishi uchun haq toʻlash va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.

Bunda mazkur mablagʻlar bolalar musiqa va sanʼat maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, maʼmuriy-boshqaruv xodimlari, barcha toifadagi xodimlarni moddiy ragʻbatlantirib borish, oʻquvchi, oʻqituvchi va konsertmeysterlarni respublika hamda xalqaro tanlovlar, festivallar, ijodiy mashgʻulotlarga yuborish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlashga yoʻnaltirilishi nazarda tutilsin;

b) bolalar musiqa va sanʼat maktablarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan kommunal toʻlovlar boʻyicha har oylik limitni tasdiqlasin.

Belgilansinki:

mazkur bandning ijrosi uchun talab etiladigan xarajatlar Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblarga muvofiq 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;

bolalar musiqa va sanʼat maktablari uchun kommunal xizmatlardan foydalanish boʻyicha belgilangan limitdan ortiq sarflangan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar ota-onalar badali toʻlovlari hisobidan moliyalashtiriladi.

(2-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-son qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2024-y., 07/24/399/1000-son)

3. Quyidagilardan iborat 2022-yilda respublika miqyosida oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasi (keyingi oʻrinlarda — 2022-yil uchun kalendar reja) tasdiqlansin:

2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro va respublika miqyosidagi festivallarni oʻtkazish reja-jadvali 3a-ilovaga muvofiq;

2022-yilda Madaniyat vazirligi tomonidan “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish reja-jadvali 3b-ilovaga muvofiq;

2022-yilda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi tarkibidagi badiiy jamoalar tomonidan uning hududiy boʻlimlari bilan birga konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish reja-jadvali 3v-ilovaga muvofiq;

2022-yilda Oʻzbekiston milliy va davlat simfonik orkestrlari, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli va “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasi ijodiy (badiiy) jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish reja-jadvali 3g-ilovaga muvofiq;

2022-yilda Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat teatrlari jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish reja-jadvali 3d-ilovaga muvofiq;

2022-yilda Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri va Oʻzbekiston davlat simfonik orkestrining Toshkent shahrida yirik konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish reja-jadvali 3e-ilovaga muvofiq;

2022-yilda respublika miqyosida kasb bayramlarini nishonlash munosabati bilan tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari roʻyxati 3j-ilovaga muvofiq;

2022-yilda hududlardagi madaniyat muassasalari tomonidan oʻzarolik tamoyili asosida boshqa hududlarga gastrol safarlarini, hududning “madaniyat kunlari” tadbirlarini tashkil etish reja-jadvali 3z-ilovaga muvofiq.

4. 2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarning ijrosini samarali tashkil etish maqsadida:

a) Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov):

2022-yil 1-iyunga qadar “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilsin;

vazirlik tizimidagi konsert-tomosha muassasalari, sirk va teatr xodimlari orasidan “Madaniyat karvoni” tarkibiga kiritiladigan ijodkorlar (doimiy aʼzolar va muayyan tadbirlarda ishtirok etuvchilar) roʻyxatini shakllantirsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarni oʻtkazish joyi, vaqti, ishtirok etadigan ijodkorlar haqida ommaviy axborot vositalari va axborot tarqatishning boshqa manbalari orqali, shu jumladan tadbir oʻtkaziladigan hududlar aholisini kamida ikki oy oldin xabardor qilish tizimini yoʻlga qoʻysin;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari:

bir oy muddatda oʻz hududlarida 2022-yilda oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejalarini tasdiqlasin;

2022-yil uchun kalendar rejada belgilangan tadbirlarning yuqori saviyada oʻtkazilishi uchun zarur tashkiliy masalalarni hal qilsin;

oʻzarolik tamoyili asosida oʻz hududida faoliyat yuritayotgan madaniyat muassasalari jamoalarining boshqa hududlarga gastrol safarlarini, hududning “madaniyat kunlari” tadbirlarining samarali tashkil etilishini taʼminlasin;

v) Turizm va sport vazirligi (A.A. Abduxakimov) 2022-yil uchun kalendar rejaga kiritilgan tadbirlarni mahalliy va xorijiy turistlar orasida keng targʻib qilish choralarini koʻrsin, turistlar oqimining oʻzgarishini inobatga olib kalendar rejaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni doimiy ravishda Madaniyat vazirligiga taqdim etib borsin;

g) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish uchun Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan qoʻshimcha 20 mlrd soʻm ajratilishini taʼminlasin.

5. Barcha davlat organlari, muassasalari va korxonalari har chorakda kamida bir marotaba budjetdan tashqari mablagʻlari hamda kasaba uyushmalari mablagʻlari hisobidan oʻz xodimlarining madaniy-estetik hordiq chiqarishlari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish, konsert, sirk va teatrlarga kirish uchun bilet va abonementlarni xarid qilish amaliyotini joriy etsin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov), xoʻjalik jamiyatlari muassisi boʻlgan boshqa davlat organlari bir oy muddatda ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat korxonalarining boshqaruv organlari yigʻilishlarida ushbu tashkilotlar buyurtmasi asosida xodimlar va ularning oila aʼzolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish vazifasini biznes-rejaga kiritish boʻyicha tashabbus bilan chiqsin.

Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda har oyning 25-sanasiga qadar barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari, muassasalari, korxonalari va xoʻjalik jamiyatlariga ular joylashgan hududda kelgusi oyda tashkil etiladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari haqida maʼlumot berib borsin.

6. Belgilansinki, 2022-yildan boshlab madaniyat va sanʼat sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi qoʻshimcha choralari joriy etiladi:

a) Madaniyat vazirligi tomonidan “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi asosida har yili quyidagilar uchun davlat buyurtmalari beriladi:

teatrlarda sahnalashtiriladigan kamida 40 ta yangi spektaklga;

kompozitorlar va bastakorlarga 40 ta yangi musiqa asarlari, shu jumladan, opera, simfoniya, oratoriya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar, xususan, estrada boʻyicha asarlar yaratishga;

kamida 100 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratishga (keng ommalashgan 20 ta audiovizual asar ijodkorlari Madaniyat vazirligi hayʼatining qarori bilan tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi);

kamida 150 ta eng yaxshi milliy qoʻshiqlarni karaoke yordamida ijro qilish uchun qayta ishlashga;

atoqli ijodkor-ziyolilar, aholi orasida yuksak hurmatga ega sanʼat va ijod vakillari tomonidan olis va chekka hududlar aholisi, ushbu hududlardagi taʼlim muassasalari oʻquvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar oʻtkazishga (bir yillik reja-jadval hamda Madaniyat vazirligi bilan tuziladigan fuqaroviy-huquqiy shartnoma asosida);

taʼlim muassasalari (tanaffus paytida), aeroport, temir yoʻl va avtovokzallar, savdo-koʻngilochar majmualar, madaniyat va istirohat bogʻlari, xiyobonlar, mehmonxonalar va boshqa tashkilotlarning lokal tarmoqlari orqali eshittiriladigan va tashrif buyuruvchilarning kayfiyatiga ijobiy taʼsir qiladigan milliy kuylardan iborat musiqiy albomlarni tayyorlash va ommalashtirish ishlariga (mualliflik huquqlariga rioya qilgan holda);

b) aholi orasida keng ommalashgan Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalar tashkil etilib, ular orqali Jamgʻarma mablagʻlari hamda sahifalarni yuritishdan kelib tushgan mablagʻlar hisobidan oʻzbek xalqi milliy madaniyatini targʻib etuvchi quyidagi tanlovlar joriy etiladi:

musiqa cholgʻularida (milliy, opera, simfoniya, oratoriya, estrada, boshqa mumtoz va zamonaviy janrlarda) bajarilgan eng yaxshi 100 ta ijro;

eng yaxshi 100 ta milliy qoʻshiq;

eng yaxshi 100 ta milliy musiqiy klip;

karaoke yordamida qoʻshiq ijro qilishga moʻljallangan, eng yaxshi 100 ta musiqiy kompozitsiya (qoʻshiq matni bilan);

davlat va xususiy teatrlarda sahnalashtirilgan eng yaxshi 50 ta spektakl.

Bunda, har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar yil davomida joylashtirilgan va har yili 15-dekabr holatiga foydalanuvchilar tomonidan eng koʻp koʻrilgan ijrolar orasidan aniqlanadi hamda Madaniyat vazirligi hayʼatining qarori bilan tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

v) yuridik shaxslarning foyda soligʻi hamda aylanmadan soliqni hisoblashda soliq solinadigan baza ushbu tashkilot xodimlari va ularning oila aʼzolari uchun ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish, shu jumladan ushbu tadbirlarga kirish uchun biletlar xarid qilishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi, bunda mazkur chegiriladigan mablagʻlar soliq solinadigan bazaning 2 foizidan oshmasligi lozim;

g) milliy musiqa cholgʻu asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etadigan tashkilotlar uchun aylanmadan soliq va ijtimoiy soliq stavkasi 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi;

d) Madaniyat vazirligiga oʻz tizimidagi barcha tashkilotlar uchun budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini sarflash nisbatini (moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga hamda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish tadbirlariga) mustaqil belgilash huquqi beriladi.

7. Mazkur qarorning 6-bandida belgilangan madaniyat va sanʼat sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha choralarini oʻz vaqtida va toʻliq joriy etish maqsadida:

a) Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov):

yuksak badiiy saviyadagi audiovizual asarlarga davlat buyurtmalarini joylashtirishda ularning milliy adabiyot va sheʼriyatimizning nodir durdonalari asosida yaratilishi, isteʼdodli ijodkorlar tomonidan mahorat bilan badiiy oʻqish, monolog va boshqa shakllarda, shuningdek xorijiy tillarda ijro qilinishiga, alohida eʼtibor qaratsin;

bir oy muddatda Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalarni tashkil etsin, ularni doimiy ravishda keng jamoatchilik orasida ommalashtirish choralarini koʻrsin, sahifalarni tashkil etishda mualliflik huquqlariga rioya qilinishini qatʼiy nazorat qilsin;

b) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda tegishli soliq imtiyozlarini joriy etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-yanvardagi PF-52-son Farmoniga asosan Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki:

a) Jamgʻarma mablagʻlari respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻlar, Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalar foydasining muassisga yoʻnaltiriladigan qismi hamda qonunchilikda belgilangan yoki taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi;

b) quyidagi tadbirlar Jamgʻarmaga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi:

“mahorat maktablari” rahbari boʻlgan ijodkorlarni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish;

ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining yillik kalendar rejasi asosida “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli, “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasi, davlat teatrlari, Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri va Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri tomonidan konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish;

“Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi asosida Madaniyat vazirligi tomonidan beriladigan davlat buyurtmalarini moliyalashtirish;

“Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi” nomli sahifalar orqali tashkil etiladigan tanlovlar gʻoliblarini taqdirlash;

Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalar tomonidan oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining reklamasini tashkil qilish, telekanallardan efir vaqtini sotib olish;

qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.

9. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov):

ushbu qarorda amalga oshirilishi belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga 2022-yilda jami 50 mlrd soʻm, shundan, 25 mlrd soʻmni 2022-yil 1-martga qadar, qolgan 25 mlrd soʻmni ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishiga qarab, Madaniyat vazirligining soʻroviga asosan ajratsin;

ushbu qaror bilan Madaniyat vazirligiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun 2023-yil Davlat budjeti parametrlarida Jamgʻarmaga 50 mlrd soʻm ajratilishini nazarda tutsin.

10. Madaniyat va sanʼat sohasidagi ijodkorlarni har yili bir marotaba taqdirlash maqsadida Madaniyat va sanʼat milliy mukofoti taʼsis etilsin.

Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda Madaniyat va sanʼat milliy mukofoti bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ushbu hududda uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va sanʼat sohasi vakillariga hamda isteʼdodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga muvofiq belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori boʻlmagan miqdorda subsidiya beriladi.

12. Hududiy madaniyat organlari tuzilmasidagi namunaviy maqom ansambllari negizida amaldagi moliyalashtirish tartibi va shtat birliklari doirasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining hududiy boʻlimlari tashkil etilsin.

13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va maʼrifat” telekanali Madaniyat vazirligining Bosh axborot hamkori etib belgilansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Madaniyat vazirligi tomonidan namoyish etishga tayyor holda taqdim etiladigan materiallar “Madaniyat va maʼrifat” telekanalida tomoshabinlar uchun qulay boʻlgan vaqtlarda bepul efirga uzatiladi;

respublika telekanallaridan tomoshabinlar uchun qulay boʻlgan efir vaqtlari Madaniyat vazirligi tomonidan sotib olinadi va ushbu vaqtda vazirlik taqdim etgan materiallar efirga uzatiladi;

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarda har haftada aniq bir vaqtda Madaniyat vazirligi uchun efir vaqti ajratiladi;

telekanallar faoliyatiga taalluqli tegishli litsenziya talablari va shartlariga milliy madaniyatimiz durdonalarini, shu jumladan milliy cholgʻularda asarlar ijro etilishini efirga berish talablari kiritiladi.

Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X. Shermatov) bir oy muddatda telekanallar faoliyatini litsenziyalash boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Quyidagilar:

2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davlat teatrlari va “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasini avtobus va yuk transport vositalari bilan taʼminlash rejasi 5-ilovaga muvofiq;

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tuman (shahar) madaniyat boʻlimlarini maxsus avtotransport vositasi bilan taʼminlash rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ushbu bandda tasdiqlangan “yoʻl xaritasi” va rejalarda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini taʼminlash uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilansin.

15. Moliya vazirligi 2022-yil olti oylik yakuni boʻyicha Davlat budjeti xarajatlarini maqbullashtirish hisobiga ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish manbasi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin, 2023-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarini ishlab chiqishda zarur mablagʻlar nazarda tutilishini taʼminlasin.

16. Muassasa va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha oʻzlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yoki taʼminlash maqsadida xorijdan import qilib olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan musiqa cholgʻulari, ovoz kuchaytirgich moslamalar, texnik jihozlar, chiroqlar, maxsus libos va oyoq kiyimlar, “Madaniyat karvoni” uchun moʻljallangan maxsus avtotransport vositalari, ularga oʻrnatiladigan musiqa texnikasi va sahnalar 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 8-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

19. Madaniyat vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

20. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosari A.A. Joʻraboyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 2-fevral,

PQ-112-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga1-ILOVA

Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari taʼminlanishi lozim boʻlgan milliy musiqa cholgʻulari

1. Dutor

2. Doʻmbira

3. Doira

4. Tanbur

5. Rubob

6. Gʻijjak

7. Nay

Izoh:

Madaniyat vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligining takliflari asosida ushbu roʻyxatga Vazirlar Mahkamasining qarori bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Oʻquvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ushbu roʻyxatda keltirilmagan boshqa musiqa cholgʻularida kuy ijro etish koʻnikmalari oʻrgatilishi ham tashkil etilishi mumkin.

Oʻquvchining qoʻshimcha oʻrgangan, shu jumladan ushbu roʻyxatda keltirilmagan musiqa cholgʻularida kuy ijro etish koʻnikmasiga egaligi haqida ham uning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatiga tegishli qoʻshimcha qayd kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga1a-ILOVA

Umumtaʼlim maktablari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, madaniyat markazlarini milliy cholgʻu asboblari bilan taʼminlash

* Har bir muassasa 3 yil davomida har yili bir toʻplamdan cholgʻular bilan taʼminlanadi.

** Har bir muassasada mavjud cholgʻular xatlovdan oʻtkaziladi, xatlov natijasiga koʻra mazkur rejada belgilangan cholgʻular soni oʻzgarishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga2-ILOVA

Oʻquvchilar va talabalar oʻrtasida oʻtkaziladigan madaniyat va sanʼat sohasidagi respublika koʻrik-tanlovlari

Izoh:

Madaniyat vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi barcha tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha masʼul hisoblanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, barcha shaharlar va tumanlar hokimliklari tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tadbirlarni taʼlim muassasasi, tuman (shahar), viloyat (Qoraqalpogʻiston, Toshkent shahar) bosqichlarini yuqori saviyada tashkil etadi.

Tadbirlar oʻtkaziladigan joylarda Ichki ishlar vazirligi jamoat tartibini saqlanishini hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tez tibbiy xizmat koʻrsatishni bepul tashkil qiladi, shuningdek, sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya qilinishini nazorat qiladi.

Koʻrik-tanlovlar masʼul vazirlik va idoralarning qarori bilan boshqa muddatlarda oʻtkazilishi mumkin.

Vazirlik va idoralar tegishli hujjatlarga muvofiq ushbu roʻyxatda keltirilmagan boshqa koʻrik-tanlov va tadbirlarni belgilangan tartibda tashkil etishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga3a-ILOVA

2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro va respublika miqyosidagi festivallarni oʻtkazish

Izoh: tadbirlarning oʻtkazish muddatlariga Vazirlar Mahkamasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga3b-ILOVA

2022-yilda Madaniyat vazirligi tomonidan “Madaniyat karvoni” shaklida hududlarda konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish

Izoh:

Madaniyat vazirligiga zaruratga koʻra ushbu reja-jadvalda koʻrsatilgan hududlar va muddatlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Ushbu reja-jadvalga asosan gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi, mahalliy budjet, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga3v-ILOVA

2022-yilda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi tarkibidagi badiiy jamoalar tomonidan uning hududiy boʻlimlari bilan birga konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish

Izoh:

Madaniyat vazirligiga zaruratga koʻra ushbu reja-jadvalda koʻrsatilgan hududlar va muddatlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Ushbu reja-jadvalga asosan gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi, mahalliy budjet, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga3g-ILOVA

2022-yilda Oʻzbekiston milliy va davlat simfonik orkestrlari, Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli va “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasi ijodiy (badiiy) jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish

Izoh:

Madaniyat vazirligiga zaruratga koʻra ushbu reja-jadvalda koʻrsatilgan hududlar va muddatlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Ushbu reja-jadvalga asosan gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi, mahalliy budjet, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga3d-ILOVA

2022-yilda Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat teatrlari jamoalarining hududlarga gastrol safarlarini tashkil etish

Izoh:

Madaniyat vazirligiga zaruratga koʻra ushbu reja-jadvalda koʻrsatilgan hududlar va muddatlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Ushbu reja-jadvalga asosan gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi, mahalliy budjet, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga3e-ILOVA

2022-yilda Oʻzbekiston milliy simfonik orkestri va Oʻzbekiston davlat simfonik orkestrining Toshkent shahrida yirik konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish

Izoh:

Madaniyat vazirligiga zaruratga koʻra ushbu reja-jadvalda koʻrsatilgan majmualar va muddatlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Ushbu reja-jadvalga asosan konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi, mahalliy budjet, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga3j-ILOVA

2022-yilda respublika miqyosida kasb bayramlarini nishonlash munosabati bilan tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari

Izoh:

Mazkur roʻyxatda nazarda tutilgan konsert-tomosha tadbirlarini moliyalashtirish buyurtmachilarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur roʻyxatda nazarda tutilgan konsert-tomosha tadbirlarini oʻtkazish uchun vazirlik va idoralarga (buyurtmachilarga) 2022-yilda Davlat budjetidan mablagʻ ajratilgan holatlarda, ushbu tadbirlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oʻtkazilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga3z-ILOVA

2022-yilda hududlardagi madaniyat muassasalari tomonidan oʻzarolik tamoyili asosida boshqa hududlarga gastrol safarlarini, hududning “madaniyat kunlari” tadbirlarini tashkil etish

Izoh:

Madaniyat vazirligiga zaruratga koʻra ushbu reja-jadvalda koʻrsatilgan hududlar va muddatlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Ushbu reja-jadvalga asosan gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjet, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga4-ILOVA

2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha

Izoh: Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda ushbu “yoʻl xarita”da ishlab chiqilishi belgilangan qonunchilik hujjatlari loyihalari birlashtirilishi va (yoki) qonunchilik hujjat turi oʻzgartirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga5-ILOVA

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davlat teatrlari va “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasini avtobus va yuk transport vositalari bilan taʼminlash

* Davlat teatrlari va “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasida mavjud avtotransport vositalari xatlovdan oʻtkaziladi. Xatlov yakunlari boʻyicha mazkur rejada belgilangan avtotransport vositalari soni oʻzgarishi mumkin;

** Avtotransport vositasining narxi oʻzgarganda, ushbu rejada koʻzda tutilgan mablagʻ miqdori oʻzgarishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga6-ILOVA

Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tuman (shahar) madaniyat boʻlimlarini maxsus avtotransport vositasi bilan taʼminlash

* Tuman (shahar) madaniyat boʻlimlarida mavjud avtotransport vositalari xatlovdan oʻtkaziladi. Xatlov yakunlari boʻyicha mazkur rejada belgilangan avtotransport vositalari soni oʻzgarishi mumkin;

** Avtotransport vositasi narxi oʻzgarganda, ushbu rejada koʻzda tutilgan mablagʻ miqdori oʻzgarishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3391-son qarorida:

a) 8-bandning beshinchi xatboshisidagi “namunali ansambllarini” soʻzlari “hududiy boʻlimlarini” soʻzlariga almashtirilsin;

b) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“9. Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari uch oy muddatda viloyatlarda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan hududiy boʻlimlarini tashkil etsin”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi “Madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3892-son qarorida:

a) 3-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Kinematografiya agentligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tuziladi. Bunda ushbu qarorning 1-bandi sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda tanlov oʻtkazilmaydi”;

b) 4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasida” soʻzlari “Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasida” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4730-son qarorida:

a) 1-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “va axborot-multimedia” soʻzlari chiqarib tashlansin;

sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Guliston” va “Teatr” jurnallari tahririyatlari yagona tahririyatga birlashtirilsin”;

b) 9-1-bandda:

quyidagi mazmundagi ikkinchi — oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“Quyidagilar Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

vazirlik tizimidagi davlat korxonalarining foydasidan davlat ulushi boʻyicha belgilangan miqdorda dividentlar toʻlangandan soʻng qolgan mablagʻning 15 foizi;

teatrlar, sirk va konsert-tomosha muassasalari tomonidan tashkil etiladigan madaniy tadbirlarni oʻtkazishdan olinadigan foydaning 10 foizi;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

davlat-xususiy sheriklik asosida olinadigan daromadlarning taqsimlanishidan tushgan mablagʻlar;

vazirlik tashabbusi bilan vazirlik tizim tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan konsert-tomosha tadbirlari, spektakllar, shou dasturlar va boshqa tadbirlardan tushadigan mablagʻlar;

vazirlik tasarrufidagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining budjetdan tashqari hisob raqamidan ajratiladigan mablagʻlar;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlarning kreditlari, grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar”;

ikkinchi-uchinchi xatboshilar tegishincha oʻn ikkinchi-oʻn uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5282-son qarorida:

a) 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Samarkand Nalf Marathon” soʻzlari “Samarkand Marathon” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 1-ilovaning 25-pozitsiyasida:

“Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi “Samarkand Nalf Marathon” soʻzlari “Samarkand Marathon” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“Masʼul ijrochilar” ustuni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“Turizm va sport vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik, idora va tashkilotlar, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi “Opera va balet sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-64-son qarorida:

a) 11-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2022-yil 1-iyuldan boshlab Teatr xodimlari lavozim maoshlarini mehnatga haq toʻlashning bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga hamda Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyentlari miqdori Davlat budjeti hisobidan 1,5 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi”;

b) 7-ilovada:

3-pozitsiyaning “Moliyalashtirish manbalari va summasi” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari mablagʻlari, homiylik xayriyalari, metsenatlik koʻmagi”;

4-pozitsiyaning rus tilidagi matnida “Istochniki i summa finansirovaniya” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Sredstva respublikanskogo budjeta, blagotvoritelnie pojertvovaniya, metsenatskaya podderjka”.

6. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 3-sentabrdagi 414-son qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari xarajatlarini moliyalashtirish (toʻlash) tartibi 29-bandining yettinchi xatboshisi “xalq taʼlimi” soʻzlaridan keyin “hamda madaniyat” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

7. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-sentabrdagi “Opera sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etish toʻgʻrisida”gi 595-son qarorining 2-bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2022/2023 oʻquv yilidan boshlab maktab-internatning 8-sinfiga 25 nafar oʻquvchi tanlov asosida qabul qilinadi”.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qaroriga8-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari

1. “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3178-son qarorida:

a) 1-bandning uchinchi xatboshisi va qarorga 2-ilova;

b) 3-band.

2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 700-son qarori.

3. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 109-son qaroriga ilovaning 20-bandi.

4. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 400-son qaroriga ilovaning 35-bandi.

5. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni)”gi 161-son qaroriga 1-ilovaning 34-bandi.

6. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼuliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5644-son, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-son farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4136-son qarori)”gi 397-son qaroriga ilovaning 63-bandi.

7. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 22-yanvardagi PQ-4569-son, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4612-son, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tuzilmasiga Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimini kiritish toʻgʻrisida” 2020-yil 10-martdagi PQ-4635-son va “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 12-maydagi PQ-4710-son qarorlari)”gi 411-son qaroriga 1-ilovaning 24-bandi.

8. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-maydagi PF-6000-son Farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-son qarori)”gi 7-son qaroriga ilovaning 6-bandi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.