Toshkent viloyatida qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, mineral xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyali va zamonaviy obyektlarni tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Toshkent viloyati hokimligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ va Tatariston Respublikasi Prezidenti maʼmuriyati bilan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator kelishuvlarga, jumladan “Ximgrad” AJ (Tatariston Respublikasi) bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkini (keyingi oʻrinlarda — Texnopark) tashkil etish haqida kelishuvga erishilganligi;
“Oʻzkimyosanoat” AJning boshqaruv organi qaroriga asosan ushbu jamiyat taʼsischiligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Kimyo-industrial texnoparklari direksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
2. Toshkent viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Olmaliq KMK” AJ va “Oʻzkimyosanoat” AJning:
a) Texnoparkni Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi “Olmaliq KMK” AJning Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi hududining hamda “Maksam-Chirchiq” AJning 51-son metalli natriy ishlab chiqarish sexining jami 31,24 gektar maydonida tashkil etish;
b) “Oʻzkimyosanoat” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga quyidagilarni:
1-ilovada keltirilgan “Olmaliq KMK” AJning Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasidagi 89 378,0 kv. metr bino-inshootlarni va ular joylashgan 25,66 gektar yer maydonlarini “Olmaliq KMK” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini mos ravishda kamaytirish hisobiga qoldiq (balans) qiymatida;
2-ilovada keltirilgan “Maksam-Chirchiq” AJning 51-son metalli natriy ishlab chiqarish sexining 22 923,7 kv. metr bino-inshootlarini va ular joylashgan 5,58 gektar yer maydonlarini qoldiq (balans) qiymatida “Oʻzkimyosanoat” AJga berish;
v) “Oʻzkimyosanoat” AJga oʻtkazib berilgan bino-inshootlarni ular joylashgan yer maydonlari bilan birga “Oʻzkimyosanoat” AJning Direksiya ustav kapitalidagi ulushi sifatida shakllantirishga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Belgilansinki, ushbu band bilan oʻtkazilayotgan mulk, mulkiy huquqlar, jumladan ustav kapitalidagi aksiyalar va ulushlar qiymati soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
3. Texnopark faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
yuqori qiymatga ega boʻlgan, tashqi bozorda xaridorgir va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish;
xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini taʼminlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish;
Toshkent viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash orqali mahsulot eksport salohiyatini oshirish maqsadida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish;
Texnopark ishtirokchilari oʻrtasida va butun respublika miqyosida mustahkam sanoat kooperatsiyasi aloqalarini oʻrnatish orqali mahalliy xom ashyo va materiallar asosida yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish;
Texnopark ishtirokchilari uchun yagona ishlab chiqarish infratuzilmasini, shuningdek sertifikatlash, laboratoriya, kadrlar tayyorlash va boshqa zarur xizmatlarni koʻrsatish infratuzilmasini yaratish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Texnoparkning faoliyat koʻrsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi;
Texnoparkning investitsiya faoliyati Direksiya va “Ximgrad” AJ (Tatariston Respublikasi) muassisligidagi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladigan Kimyo-industrial texnoparklari boshqaruv kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — boshqaruv kompaniyasi) tomonidan shartnoma asosida boshqariladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
Texnopark hududida bino va inshootlarni hamda ular joylashgan maydonlarni ijaraga berish, sotish, lizingga berish yoki qiymatini boʻlib-boʻlib toʻlash shartlari asosida sotish boʻyicha tanlov asosida takliflar tayyorlash boshqaruv kompaniyasi tomonidan, shuningdek, Texnopark hududida qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlari Direksiya tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Maʼmuriy kengashning bino va inshootlarni sotish, ijaraga berish, lizing yoki boʻlib-boʻlib toʻlash shartlari asosida sotish boʻyicha ijobiy qarori asosida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish Direksiya tomonidan amalga oshiriladi;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-127-sonli qarori tahririda)
Texnoparkning faoliyatini muvofiqlashtirish, uning hududini kengaytirish, investitsiya loyihalarini saralab olish va joylashtirish, boshqaruv kompaniyasining takliflari boʻyicha qarorlar qabul qilish 3-ilovada keltirilgan tarkibdagi Texnoparkning maʼmuriy kengashi tomonidan amalga oshiriladi;
Direksiya va Texnopark ishtirokchilari tomonidan oʻz mablagʻlari hisobiga qurilgan bino va inshootlarga (yoki ularning qismlariga) mulk huquqi oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi;
Texnopark hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun belgilangan va kelgusida belgilanadigan alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi. Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan soliq imtiyozlari, shuningdek, bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar Texnopark ishtirokchilari, Direksiya va boshqaruv kompaniyasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qatʼi nazar 10 yil muddatga beriladi;
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-127-sonli qarori tahririda)
Boshqaruv kompaniyasi Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, V. Haydarov koʻchasi 1-uy manzilida Texnopark faoliyat koʻrsatish muddatiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-127-son qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan)
5. Texnopark hududida ishlab chiqarish va iqtisodiy faoliyatning barcha yoʻnalishlarida investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha taklif tayyorlash hamda investitsiya buyurtmanomasini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni koʻrib chiqish va ekspertizadan oʻtkazish boshqaruv kompaniyasi tomonidan mustaqil ravishda qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda:
a) ishtirokchilar yoki ularning taʼsischilari investitsiya buyurtmasini taqdim etish kuniga qadar kamida uch yil tadbirkorlik faoliyatini yuritgan boʻlishi lozim;
b) taklif etilayotgan loyihalar quyidagi asosiy mezonlarga muvofiq boʻlishi lozim:
moliyalashtirish manbalarining mavjudligi;
arxitektura va qurilish, texnik jihatdan tartibga solish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnatni muhofaza qilish hamda sanoat xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi.
6. Texnopark hududida qurilish-montaj ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash maqsadida Direksiyaga 2026-yil 1-yanvarga qadar qurilish-montaj ishlarini “fast-track” uslubida (bir vaqtning oʻzida loyihalash, xarid qilish va qurish), foydalanishga “tayyor holda topshirish” (Engineering Procurement Construction) sharti asosida va pudratchilarga loyihalarni sifatli amalga oshirish boʻyicha toʻliq javobgarlikni yuklagan holda amalga oshirishga ruxsat berilsin.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)
Bunda, bosh pudrat shartnomasini imzolashda uning qiymati obyekt qiymatining dastlabki hisob-kitobi boʻyicha belgilanadi, yakuniy narxi qurilish-montaj ishlarining haqiqiy qiymati belgilangan tartibda ekspertizadan va amalda bajarilgan ishlar hajmi nazorat oʻlchovidan oʻtkazilgandan soʻng aniqlanadi.
7. Belgilab qoʻyilsinki, Texnoparkning tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini barpo etish ishlari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari, Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan mablagʻlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ Texnoparkning tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini barpo etish ishlari 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.
8. “Oʻzkimyosanoat” AJ, Toshkent viloyati hokimligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Texnopark bosh rejasi belgilangan tartibda ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin.
9. Texnopark bosh rejasini tuzishda, uning hududida loyihalashtirish, taʼmirlash va qurilish, jumladan ichki muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini barpo etish ishlarini amalga oshirishda quyidagilar:
Direksiya — buyurtmachi;
“Oʻzkimyosanoatloyiha” AJ — bosh loyiha tashkiloti;
“Yuksak Parvoz Qurilish” MCHJ — bosh pudrat tashkiloti;
“Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tizimidagi korxonalar mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
Bunda, “Oʻzkimyosanoat” AJning:
demontaj, rekonstruksiya va qurilish ishlarini Texnopark foydalanishga topshirilgunga qadar moliyalashtirishni 2022 — 2026-yillarda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarkibidagi tashkilotlar tomonidan yil yakunlari boʻyicha ularning ustav kapitalidagi “Oʻzkimyosanoat” AJ ulushiga hisoblanadigan dividendlar (“Oʻzkimyosanoat” AJ sof foydasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda) hamda Kimyo sanoatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirish;
(9-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-127-sonli qarori tahririda)
kelgusida ushbu xarajatlarni “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish orqali oshirish hisobiga Direksiya ustav jamgʻarmasidagi “Oʻzkimyosanoat” AJ ulushi sifatida kapitalizatsiya qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Texnopark ishtirokchilariga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:
investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda kafilliklar;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha — Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 5 foiz punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda kompensatsiyalar.
11. Qurilish vazirligi obyektlarni qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazsin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat nazoratini oʻrnatsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi J. Mirzamaxmudov va Toshkent viloyati hokimi v.b. Z. Mirzayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida 2022-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-fevral,
PQ-116-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi PQ-116-son qaroriga 1-ILOVA
“Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyati Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga oʻtkaziladigan aktivlari
* Oʻtkazilayotgan aktivlarning batafsil tarkibi tegishli topshirish-qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirish natijasida aniqlanadi yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi PQ-116-son qaroriga2-ILOVA
“Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati 51-son metalli natriy ishlab chiqarish sexining “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga oʻtkaziladigan aktivlari
T/r Oʻtkaziladigan aktiv (mulk, obyekt)* Inventar raqami Maydoni (kv.metr) 1. Qorovulxona 43074 37,44 2. Xizmat binosi 45304 10,24 3. Maʼmuriy bino 45304 306,88 4. Issiqxona 45304 74,62 5. Oshxona binosi 45068 518,52 6. Tibbiyot binosi 45305 338,27 7. Podstansiya 48119 1 132,45 8. 213-sex 48119 141,74 9. Bostirma 45618 40,37 10. Bostirma 45618 78,32 11. Bostirma 45618 25,35 12. Bostirma 45618 81,28 13. Bostirma 45618 52,0 14. Nasos binosi 37085 42,48 15. Xizmat binosi 47968 184,45 16. Omborxona 47967 1 844,48 17. Bostirma 47966 3 754,13 18. 4 qavatli 313-sex 47965 5 614,48 19. 2 qavatli 313-korpus 47965 358,36 20. 2 qavatli sex binosi 48147 1 734,72 21. 314-arxiv binosi 48148 1 041,52 22. Bostirma 48148 225,6 23. 320-korpus 47968 941,5 24. Galereya 45781 240,1 25. 4 qavatli ishlab chiqarish binosi 45781 684,3 26. 3 qavatli 324-korpus 45617 1 080,0 27. 3 qavatli 324-korpus 45544 475,0 28. 2 qavatli 326-korpus 45544 250,0 29. 3 qavatli 326-korpus 45544 804,64 30. 3 qavatli 326-korpus 45544 483,75 31. Bostirma 45544 248,24 32. Suv tortish binosi 45618 78,5 Jami 22 923,73 Oʻtkaziladigan yer maydoni (5,58 Ga)
* Oʻtkazilayotgan aktivlarning batafsil tarkibi tegishli topshirish-qabul qilish dalolatnomalarini rasmiylashtirish natijasida aniqlanadi yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi PQ-116-son qaroriga3-ILOVA
“Jizzax” va “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparklari
Izoh:
Maʼmuriy kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Maʼmuriy kengash rahbari, zaruratga koʻra, Maʼmuriy kengash qarori bilan Maʼmuriy kengash tarkibini oʻzgartirish vakolatiga ega.
Texnopark joylashgan hududga mos ravishda Jizzax yoki Toshkent viloyati hokimi Maʼmuriy kengash tarkibiga kiritiladi.
Maʼmuriy kengash oʻz faoliyati davomida, zarur hollarda, boshqa vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalarining vakillarini jalb qilish huquqiga ega.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-apreldagi PQ-127-sonli qarori tahririda)