Mamlakatimizda joriy etilayotgan xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish, xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish, zarur ijtimoiy va axborot-maslahat yordamini koʻrsatish, ularning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, xorijda mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish koʻlamini oshirish, ish joylaridagi muammolarini tizimli ravishda oʻrganish va ularni hal qilish boʻyicha zarur amaliy yordam koʻrsatish, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ijobiy oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabardor qilib borish zaruriyati sezilmoqda.
Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash tizimini kengaytirish maqsadida:
1. 2022-yil 1-iyundan boshlab Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining 1-ilovada koʻrsatilgan hududlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti (keyingi oʻrinlarda — vakil) joriy qilinsin.
Belgilansinki:
mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan har bir hududga kamida ikki nafar vakil biriktiriladi;
vakillar Rossiya Federatsiyasida — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi xodimlari sifatida, Turkiya Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasida — ushbu davlatlardagi Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining maʼmuriy-texnik xodimlari sifatida akkreditatsiyadan oʻtkaziladi;
vakillarning bir nafari ustuvor ravishda xorijiy davlatlarda ishlash tajribasiga ega boʻlgan, yuqori malakali mutaxassislar orasidan tanlab olinadi va Oʻzbekiston Respublikasidan yuboriladi, ikkinchisi esa xorijiy davlatda yashovchi obroʻ-eʼtiborli, keng dunyoqarashga ega vatandoshlar yoki zarur malaka va tajribaga ega boʻlgan boshqa shaxslar orasidan jalb qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasida tanlangan vakillar Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasiga uzoq muddatli xizmat safariga yuboriladi;
vakillarning faoliyati, asosan, Oʻzbekiston Respublikasining koʻp sonli fuqarolari uyushgan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy korxonalar yoki tahsil olayotgan taʼlim tashkilotlarida tashkil etiladi;
xorijiy davlatlarda vakillar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi;
vakil lavozimi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xodimlari sonini koʻpaytirish hisobiga joriy etiladi;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda vakillarni ularning mazkur qaror bilan cheklangan shtatlari soni doirasida boshqa hududlarga biriktirish yoki sonini qisqartirish huquqi beriladi.
2. Quyidagilar vakilning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan hamkorlikda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;
xorijdagi vatandoshlar va oʻzbek milliy-madaniy tashkilotlari bilan yaqin aloqalarni oʻrnatish hamda mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda muntazam ravishda mehnat migrantlari uchun madaniy va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, fuqarolar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar toʻgʻrisida xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oʻrtasida keng qamrovli targʻibot-tushuntirish ishlarini olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish koʻlamini kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish, salohiyatli ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borish;
xorijda boʻlib turgan davrida zoʻravonlik, majburiy mehnat va tahqirlanishga duchor boʻlgan, jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, ogʻir kasallikka chalingan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yoki mablagʻsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam koʻrsatish;
xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, mehnat organlari va migratsiya markazlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida axborot va maslahatlar berish, ushbu xizmatlardan foydalanishda ularga koʻmaklashish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, vakillar faoliyatini moddiy va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan ularga ish haqi toʻlash, xizmat safari va xorijiy davlatdagi yashash xarajatlarini qoplab berish hamda ularni transport, xizmat binolari, aloqa vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlash:
2022-yilda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
2023-yildan boshlab Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga koʻra har yili Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasiga ajratiladigan budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda, Turkiya Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasidagi vakillar faoliyatini moddiy va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻlar Tashqi ishlar vazirligiga oʻtkazib boriladi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 2023-yil va keyingi yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda vakillar faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasiga zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (A. Bekmurodov) Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) bilan birgalikda:
2022-yil 1-mayga qadar vakillar uchun yangi joriy etilayotgan tizimning mohiyati va mazmunini tushuntirishga qaratilgan oʻquv-seminarlarni tashkil etsin;
oʻquv-seminarlarga vazirlik, idoralar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlarning yetarli malaka va tajribaga ega boʻlgan xodimlarini jalb qilsin.
Belgilansinki, oʻquv-seminarlarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
5. Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) bilan birgalikda:
vakillar faoliyatini tashkil etish uchun zarur sharoitlarni yaratsin, shu jumladan xizmat xonalari va moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter toʻplami, planshetlar, aloqa, Internet va boshqalar) bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatsin;
obroʻ-eʼtiborli, keng dunyoqarashga ega vatandoshlar yoki zarur malaka va tajribaga ega boshqa shaxslarni vakil sifatida jalb qilish choralarini koʻrsin;
vakillarga ular faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatdagi mahalliy hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qilish idoralari va boshqa muassasalar, shuningdek, oʻzbek milliy-madaniy tashkilotlari va vatandoshlar bilan aloqalar oʻrnatishda yordam koʻrsatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish, mehnat migrantlariga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish masalalarida vakillar bilan doimiy hamkorlik oʻrnatsin;
vakillar faoliyatini moddiy va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri taqsimlanishi va maqsadli sarflanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
6. Xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy, ijtimoiy va madaniy-maʼrifiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda “yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Federatsiya mablagʻlari hisobidan har yili:
a) mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining (keyingi oʻrinlarda — hokim yordamchilari) yozma tavsiyanomasiga asosan:
boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatish;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning Ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoxud “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatish;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi boʻlgan oila aʼzolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yoʻllanma berish;
b) mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoxud “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yoʻllanmalar berish toʻgʻrisidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
8. Belgilansinki, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mablagʻlari hisobidan mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila aʼzolariga yordam pullari va yoʻllanmalar berishda:
a) yordam pullari va yoʻllanmalar basharti mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Labor migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa beriladi;
b) yordam pullari va yoʻllanmalarni olish uchun talabgorlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Labor migration” dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda murojaat qiladi;
v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
talabgorlardan elektron murojaat kelib tushgan vaqtdan boshlab besh kun ichida ularning mazkur qarorning 7-bandida nazarda tutilgan talablarga javob berishini qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olmagan holda idoralararo elektron axborot almashinuvi orqali boshqa vazirlik va idoralardan olingan maʼlumotlar asosida tekshiradi hamda hokim yordamchilari va mahallalardagi yoshlar yetakchilaridan yozma tavsiyanoma oladi;
mazkur qarorning 7-bandida nazarda tutilgan talablarga javob beradigan talabgorlarning roʻyxatini shakllantiradi va har oyning 25-sanasigacha Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga taqdim etib boradi.
9. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov) 2022-yil 1-mayga qadar:
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda “Labor migration” dasturiy majmuasini hokim yordamchilari uchun ishlab chiqilgan axborot tizimlari va “Yoshlar portali” elektron platformasi bilan integratsiya qilsin;
“Labor migration” dasturiy majmuasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mehnat migrantining oila aʼzolariga koʻrsatiladigan yordamlardan foydalanish imkoniyatini beruvchi maxsus sahifa yaratsin.
10. Tuman (shahar) hokimlari, hokim yordamchilari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari va mahalla raislari muntazam ravishda:
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila aʼzolari holidan xonadonbay xabar olish, muammolari va ehtiyojlarini oʻrganish hamda hal etishda yordam koʻrsatish, shuningdek, ularning moddiy, ijtimoiy va yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha manzilli ishlarni amalga oshirsin;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar oila aʼzolarining qiziqishlarini oʻrganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻrgatuvchi oʻquv markazlariga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin hamda oʻqishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashsin;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar oila aʼzolariga hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va boshqa turdagi faoliyatni yoʻlga qoʻyishda hamda tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar olishda amaliy yordam koʻrsatsin;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar bilan ularning oila aʼzolari ishtirokida Internet tarmogʻi va boshqa aloqa vositalari orqali bogʻlanib, suhbatlar uyushtirib borsin hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda ushbu fuqarolarning suhbat natijasida aniqlangan muammolarini hal qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;
mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar farzandlarining taʼlim olishidagi muammolarini hal qilish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish boʻyicha samarali ishlarni tashkil qilsin, ularni milliy xalq oʻyinlari, sport musobaqalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarga keng jalb qilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur yoʻnalishlarda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan axborot kiritib borsin.
11. Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev), Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (E. Muxitdinov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda:
xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan va taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik yoshlarni manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Xorijdagi yoshlar balansi”ni shakllantirsin va ular toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni “Yoshlar portali” elektron platformasiga kiritib borsin;
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan birgalikda xorijda boʻlib turgan oʻzbekistonlik yoshlar uchun sayyor qabullar tashkil etsin;
“Xorijdagi yoshlar balansi”ni shakllantirish va sayyor qabullarni oʻtkazish vaqtida oʻzbekistonlik yoshlarning aniqlangan muammolari va ehtiyojlarini hal qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu bandda belgilangan chora-tadbirlardan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
2022-yil 1-martdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4829-son qarori 11-bandida nazarda tutilgan mikroqarzlar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga ham toʻlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-iyuldagi “Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5205-son qarorida nazarda tutilgan malaka imtihonlarini topshirish, yoʻl chiptasini xarid qilish va “ishchi viza”ni rasmiylashtirish boʻyicha kompensatsiyalar 2023-yil 1-yanvarga qadar toʻlanadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari rahbarlari xorijda boʻlib turgan fuqarolar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqot oʻrnatish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirsin, shu jumladan:
muntazam ravishda Oʻzbekiston Respublikasining koʻp sonli fuqarolari uyushgan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy korxonalar yoki tahsil olayotgan taʼlim tashkilotlarida sayyor uchrashuv va davra suhbatlarini tashkil etib borsin;
xorijda boʻlib turgan fuqarolarni diplomatik vakolatxona va konsullik muassasa faoliyatining asosiy yoʻnalishlari bilan tanishtirish maqsadida muntazam ravishda “Ochiq eshiklar kuni”ni oʻtkazsin;
mehnat migrantlari hayotidan ijobiy misollar va ularning qahramonliklari aks ettirilgan videomateriallar tayyorlasin hamda har oyda kamida bir marotaba xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib tashqi ishlar vaziri A.H. Kamilov, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.M. Muxitdinov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi M.A. Xayriddinov belgilansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-mart,
PQ-149-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-149-son qaroriga 1-ILOVA
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillari faoliyati tashkil etiladigan xorijiy davlatlar hududlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-149-son qaroriga 2-ILOVA
Xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy, ijtimoiy va madaniy-maʼrifiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi PQ-149-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijiy vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisida”gi PQ-3743-son qarorining rus tilidagi matnida 3-banddagi “sobstvennix sredstv Agentstva” soʻzlari “sredstv Fonda podderjki i zashiti prav i interesov grajdan, osushestvlyayushix trudovuyu deyatelnost za rubejom, pri Ministerstve zanyatosti i trudovix otnosheniy Respubliki Uzbekistan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-sentabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4829-son qarorida:
a) 3-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda” soʻzlari “hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi tomonidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 11-bandning ikkinchi xatboshisidagi “eʼtirof etilgan” soʻzlaridan keyin “yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
v) 13-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “Samara, Ufa, Chimkent va Istanbul” soʻzlari “Samara va Ufa” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-iyuldagi “Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5205-son qarorining 2-bandida:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-sentabrdan boshlab 2022-yil 31-dekabrga qadar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan “Labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:”;
ikkinchi xatboshidagi “yoki” soʻzi “va (yoki)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta koʻrib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 725-son qarorida:
a) 1-ilovada:
11-banddagi “oʻn” soʻzi “yigirma” soʻzi bilan almashtirilsin;
53-banddagi “3” raqami “oʻttiz” soʻzi bilan almashtirilsin;
b) 4-ilovaning 23-bandida:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlikka Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan boshliq rahbarlik qiladi. Agentlik boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimidan ozod etiladi”;
sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda Agentlikning hududiy filiallari, xorijga ketayotgan fuqarolarni ketishdan oldin moslashtirish va oʻqitish markazlari rahbarlarini, boʻlinmalar rahbarlarini va xodimlarni, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi”;
oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlik boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan uch nafar oʻrinbosarga, jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega. Agentlik boshligʻining oʻrinbosarlari bandlik va mehnat munosabatlari vaziri tomonidan lavozimidan ozod etiladi”;
v) 5-ilovada:
6-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar va (yoki) kasb boʻyicha muvaffaqiyatli topshirilgan malaka imtihoni xarajatlarini toʻlab berish, xorijga ketish uchun yoʻl transport chiptasini xarid qilishga kompensatsiya toʻlash”;
6-band quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Agentlik xodimlarini xorijiy davlatlarga uzoq muddatli xizmat safariga yuborish va Agentlikning xorijiy davlatlardagi vakillari sifatida jalb etilgan shaxslar faoliyatini moliyalashtirish”;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlarining tasdiqlangan yoʻnalishlarga muvofiq sarflanishini tashkil etish sxemasida:
6-pozitsiyaning “Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish yoʻnalishlari” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar va (yoki) kasb boʻyicha muvaffaqiyatli topshirilgan malaka imtihoni xarajatlarini toʻlab berish, xorijga ketish uchun yoʻl transport chiptasini xarid qilishga kompensatsiya toʻlash”;
quyidagi mazmundagi 11-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
5. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi 1066-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 32-bandida:
toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlikka Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan Agentlik boshligʻi rahbarlik qiladi. Agentlik boshligʻi Vazir tomonidan lavozimidan ozod etiladi.
Agentlik boshligʻining Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Vazir tomonidan lavozimga tayinlanadigan uch nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi. Agentlik boshligʻining oʻrinbosarlari Vazir tomonidan lavozimidan ozod etiladi.
Agentlikning xorijda vakolatxonalari boʻladi. Vakolatxona rahbari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Agentlik boshligʻi tomonidan tayinlanadi”.
Izoh: mazkur ilovaning 4-bandi “a” kichik bandi 2022-yil 1-iyundan eʼtiboran kuchga kiradi.