Geologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, oʻqitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, geologiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, geologiya sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyot oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni yetarli darajada taʼminlash, yer haqidagi fanlar, shu jumladan ularning fundamental yoʻnalishlari hamda amaliyot oʻrtasida real integratsiyalashuv jarayoni uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat geologiya qoʻmitasi) tizimidagi Geologiya fanlari universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) geologiya sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini taʼminlovchi ilmiy klaster hamda malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublikaning tayanch oliy taʼlim muassasasi etib belgilansin.
2. Quyidagilar:
2022 — 2024-yillarda Geologiya fanlari universitetini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Geologiya fanlari universiteti ixtisoslashgan kafedralari talabalarini amaliyot oʻtash obyektlariga biriktirish jadvali 2-ilovaga muvofiq;
Geologiya fanlari universiteti uchun xarid qilinadigan zamonaviy laboratoriya va texnologik uskunalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Neft va gaz geologiyasi yoʻnalishida amalga oshiriladigan maqsadli ilmiy loyihalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Universitetdagi oʻquv jarayonining 70 foizi ilmiy-amaliy mashgʻulotlarga ajratiladi;
Universitetning ixtisoslashgan kafedralari talabalarining amaliyot oʻtash jarayoni zarur shart-sharoitlar yaratilgan holda mazkur qarorning 2-ilovasida nazarda tutilgan tashkilotlar bilan birgalikda olib boriladi;
yirik geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari va sanoat tashkilotlariga amaliyot oʻtash uchun yuborilgan talabalarning yashash xarajatlari (ovqatlanish, yotoqxona) ushbu tashkilotlar hisobidan qoplanadi, bundan Toshkent shahrida va talaba doimiy yashaydigan tuman (shahar)da joylashgan tashkilotlar mustasno.
4. Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
2022-yil 1-iyulga qadar Universitetning Kuzatuv kengashi qarori bilan sanoatda ahamiyati yuqori boʻlgan noyob va rangli metallarga boy boʻlgan istiqbolli maydonlarni aniqlash boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib tasdiqlashni taʼminlasin;
2022 — 2024-yillarda Geologiya fanlari universitetini rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini qatʼiy nazoratga olsin hamda samarali monitoringini yoʻlga qoʻysin;
2022-yildan boshlab Universitet professor-oʻqituvchilarining tizimli ravishda nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda zamonaviy taʼlim usullari asosida malakasini oshirish choralarini koʻrsin;
2022-yil 1-sentabrga qadar Universitet faoliyatiga oid ilmiy-texnik jurnal chop etilishini yoʻlga qoʻysin;
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Universitet faoliyatida “Raqamli Universitet” tizimini bosqichma-bosqich joriy etsin;
2023-yildan boshlab ehtiyoj yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha Universitet tadqiqotchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy yetakchi universitet va ilmiy tashkilotlarga ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun yuborishni yoʻlga qoʻysin;
2023-yil 1-yanvardan boshlab Universitetda geologiya sohasi va konchilik sanoati muammolarini ilmiy asosda tahlil qilish, tahlil natijalarini xalqaro darajada amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar bilan integratsiya qilish va SsiVal platformasini keng joriy etish asosida ilmiy va innovatsion faoliyatni yoʻlga qoʻysin;
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy davlatlarning ilmiy tashkilotlari va yetakchi geologiya-qidiruv kompaniyalarida Universitet talabalarining ishlab chiqarish amaliyoti oʻtashini yoʻlga qoʻysin.
5. Quyidagilar:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi bir oy muddatda Termiz davlat universitetining Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan 10,3 gektar yer maydonidan iborat Darband dala-oʻquv poligonini hududning geologik tuzilishi, togʻ jinslarining litologik va tuzilmaviy shart-sharoitlaridan maqsadli foydalanish uchun Universitetga doimiy foydalanish huquqi asosida;
Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Oqsoq-ota dala-oʻquv poligonining gʻarbiy qismidan 2,7 gektar yer maydonini Universitetga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratsin.
6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitet axborot-resurs markazining Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi elektron axborot-kutubxona resursiga barcha xizmat turlaridan bepul foydalanish huquqi asosida ulanishini taʼminlasin.
7. Davlat geologiya qoʻmitasi:
Surxondaryo viloyatidagi Darband va Toshkent viloyatidagi Oqsoq-ota dala-oʻquv poligonlarida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Universitet talabalarining oʻquv amaliyotini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratish va tegishli hududlarni obodonlashtirish choralarini koʻrsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar Universitet huzurida akademik litsey tashkil etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-mart,
PQ-154-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi PQ-154-son qaroriga 1-ILOVA
2022 — 2024-yillarda Geologiya fanlari universitetini rivojlantirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi PQ-154-son qaroriga 2-ILOVA
Geologiya fanlari universiteti ixtisoslashgan kafedralari talabalarini amaliyot oʻtash obyektlariga biriktirish
Izoh. Kafedralar koʻlamini kengayishiga koʻra amaliyot oʻtkaziladigan tashkilotlar, hududlar va togʻ-konchilik mintaqalari oʻzgarishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi PQ-154-son qaroriga 3-ILOVA
Geologiya fanlari universiteti uchun xarid qilinadigan zamonaviy laboratoriya va texnologik uskunalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-martdagi PQ-154-son qaroriga 4-ILOVA
Neft va gaz geologiyasi yoʻnalishida amalga oshiriladigan maqsadli ilmiy loyihalar
Izoh. Ilmiy loyihalarning moliyalashtirish hajmlariga shartnomalar doirasida bajariladigan ishlarning aniq hajmlari asosida aniqlik kiritiladi.