Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini takomillashtirish doirasida ularga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash tizimi izchil joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, Yangi Oʻzbekiston sharoitida korrupsiyaviy omillarni aniqlash, baholash va bartaraf etish jarayonida tegishli sohalarni raqamlashtirish va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyishga eʼtiborni yanada kuchaytirish zarurati vujudga kelmoqda.
Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan davlat organlari tomonidan oʻz funksiyalarini amalga oshirishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, shuningdek, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq:
1. 2022-yil 1-sentabrdan boshlab, quyidagilarni nazarda tutuvchi “E-Antikorrupsiya” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) toʻliq ishga tushirilsin:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda — davlat tashkilotlari) faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash natijalari boʻyicha ushbu xavf-xatarlarni bartaraf etish choralarini tizimli ravishda koʻrish maqsadida “Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri”ni (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) shakllantirish va yuritish;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish orqali bartaraf etish.
Belgilansinki:
Loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshiriladi;
Reyestrni shakllantirish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi va Internet tarmogʻida ochiq eʼlon qilib boriladi.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash doirasida:
davlat tashkilotlari tomonidan ularga yuklangan har bir funksiya korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan Agentlik va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyotiga muvofiq tahlil qilib boriladi;
davlat tashkilotlari tomonidan oʻziga yuklangan funksiyalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan maʼlumotlar shakllantirilib, ochiq eʼlon qilib boriladi;
eʼlon qilingan maʼlumotlar yuzasidan fuqarolarning takliflarini onlayn rejimda qabul qilish imkonini yaratgan holda ijtimoiy soʻrovlar va mustaqil ekspertlar ishtirokida muhokamalar oʻtkaziladi;
har bir funksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past”, “oʻrta” va “yuqori” oʻlchovlarida “E-Anticor.uz” elektron platformasida baholab boriladi;
har bir funksiya boʻyicha aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning tavsifi va darajasi, ularni bartaraf etish boʻyicha choralarni oʻz ichiga oluvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini tuzish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari boʻyicha tuziladigan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalari asosida Reyestr yuritilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish tadbirlarini bajarish holati “E-Anticor.uz” elektron platformasida eʼlon qilib boriladi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni (yillik) baholash va korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarini Reyestrga kiritish har yili 1-martga qadar amalga oshiriladi;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash davlat tashkilotlari tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarini jalb qilgan holda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan tashkil etiladi. Bunda, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari mavjud boʻlmagan davlat tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uchun ularning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilishi mumkin;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni mustaqil baholash maqsadida davlat tashkilotining faoliyati ushbu tashkilot bilan kelishilgan holda mustaqil tashkilot tomonidan tashqi baholashdan oʻtkazilishi mumkin. Bunda, tegishli davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash qoniqarsiz amalga oshirilgan deb topilgan taqdirda, Agentlik koʻrsatmasiga asosan uning faoliyati tashqi baholashdan oʻtkazilishi shart;
davlat tashkilotlarining rahbarlari oʻzlariga yuklangan funksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish uchun shaxsan javobgardir.
4. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (T. Narbayeva) Agentlik (A. Burxanov) bilan birgalikda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash yakunlariga koʻra quyidagi choralarni koʻrib borsin:
davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish boʻyicha axborotlarini eshitish va natijasiga koʻra kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini koʻrish boʻyicha takliflar kiritish;
davlat tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish borasidagi faoliyatini takomillashtirish, ushbu yoʻnalishda kamchiliklarning oldini olish boʻyicha koʻrsatmalar berish;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etishda ijobiy natijalarga erishgan davlat tashkilotlarining tajribasini keng ommalashtirish.
5. Agentlik (A. Burxanov) Adliya vazirligi (R. Davletov) bilan birgalikda hamda xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda:
uch oy muddatda davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning aniq mezon va usullarini nazarda tutuvchi uslubiyotni tasdiqlasin;
muntazam ravishda davlat tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uchun masʼul xodimlarning bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha oʻquv-trening va seminarlarni tashkil qilib borsin;
muntazam ravishda davlat tashkilotlariga korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda uslubiy yordam berib borsin.
6. Agentlik (A. Burxanov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda hamda xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda 2022-yil 1-avgustga qadar Loyihani samarali amalga oshirishni taʼminlash uchun “E-Anticor.uz” elektron platformasini takomillashtirish, shu jumladan ushbu platforma doirasida davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash elektron tizimini yaratish choralarini koʻrsin.
7. Agentlik va Adliya vazirligi tomonidan ayrim sohalar tahlildan oʻtkazilib, bir qator korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlarni bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Adliya vazirligi tizimida kadrlar bilan ishlash yoʻnalishidagi byurokratik toʻsiqlarga chek qoʻyish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Davlat boshqaruvi organlari kadrlar bilan ishlash yoʻnalishidagi byurokratik toʻsiqlarni, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va inson omilini qisqartirishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizimni 2023-yil 1-yanvarga qadar quyidagi talablar asosida joriy etsin:
vakant lavozimlarni eʼlon qilishdan tortib, tanlov oʻtkazish va ishga qabul qilish natijalari boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha boʻlgan jarayonlarni toʻliq elektron tarzda amalga oshirish;
tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yagona elektron bazaga jamlagan holda axborotni toʻplash va unga ishlov berish;
kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilish va yuritish;
xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va ularni masofaviy oʻqitish;
kadrlar boʻyicha maʼlumotlarning elektron arxivini yuritish.
Belgilansinki, davlat boshqaruvi organlari kadrlar bilan ishlash boʻyicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish boʻyicha sarf-xarajatlarni oʻzlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi.
9. Agentlik Bosh prokuratura Akademiyasi va Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan birgalikda hamda xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy, uslubiy va amaliy ishlanmalarni tarqatish, erishilgan yutuqlar va tajriba bilan almashish, davlat xizmatchilari va fuqarolarning ushbu boradagi bilimlarini oshirishda foydalanishga moʻljallangan yagona interaktiv maydoncha — “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual platformasi” loyihasini ishga tushirsin.
Bunda, rivojlangan davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tajribasini oʻrganish, masofaviy taʼlim berishning interaktiv modullarini ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur adabiyotlar bazasini shakllantirish hamda mutaxassislar bilan onlayn anjumanlar oʻtkazish imkoniyatlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilsin.
Agentlik (A. Burxanov), Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev) va Adliya vazirligi (R. Davletov) joriy yilning oktabr oyiga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual platformasi” loyihasining toʻliq ishga tushirilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
10. Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash ishlarini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash ishlarini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlashga masʼul etib davlat tashkilotlarining rahbarlari belgilansin.
11. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga (A. Koʻchimov) ushbu qarorning mazmun-mohiyatini hamda davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish natijalarini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish tavsiya etilsin.
12. Agentlik (A. Burxanov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori A.E. Burxanov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi B.D. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 11-may,
PQ-240-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qaroriga1-ILOVA
Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlarni bartaraf etish boʻyicha kompleks
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qaroriga2-ILOVA
Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash ishlarini tashkil etish boʻyicha