PQ-244-son Qaror · 16.05.2022

Aholiga narkologik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-244
  • Qabul qilingan sana:16.05.2022
  • Kuchga kirgan sana:17.05.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/244/0420

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolash, ularga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika narkologiya markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, barcha hududlarda uning filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyildi va aholiga narkologik yordam koʻrsatish samaradorligi oshirildi.

Shu bilan birga, narkologiya xizmatini malakali kadrlar bilan taʼminlash, moddiy-texnika bazasini yaxshilash, uni zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, bemorlarni davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha choralarni koʻrish zarur.

Narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolashni yanada takomillashtirish, narkologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish, narkologiya muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qogʻozbozlik va byurokratiyani kamaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar aholiga narkologik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

narkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta tashxislash, va davolash, bemorlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishning yaxlit modelini joriy qilish orqali aholiga samarali narkologik yordam koʻrsatish tizimini shakllantirish;

aholiga narkologik yordam koʻrsatish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, narkologiya muassasalarining narkolog-shifokorlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ularning malakasini muntazam ravishda, shu jumladan xorijning yetakchi klinikalari va tibbiyot tashkilotlarida oshirib borish, narkologiya xizmati uchun zarur boʻlgan ijtimoiy xodim, tibbiy psixolog va psixoterapevtlarni tayyorlash;

narkologiya sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish, davolash va psixoaktiv moddalarga qaram boʻlib qolgan shaxslarni reabilitatsiya qilish amaliyotiga zamonaviy metodikalar hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish;

aholiga narkologik yordam koʻrsatish tizimining samarali faoliyatini taʼminlovchi huquqiy bazani takomillashtirish, narkologiya muassasalari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital taʼmirlash, shuningdek, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash orqali narkologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

2. Quyidagilar:

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi narkologiya xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;

2022-2023-yillarda narkologiya muassasalarini tibbiyot uskunalari bilan jihozlashning (qoʻshimcha jihozlashning) asosiy parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2022-yil yakuniga qadar narkologik bemorlarni ixtiyoriy va majburiy davolash uchun narkologiya dispanserlarida qoʻshimcha tashkil etiladigan oʻrinlar fondi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligining narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy ravishda davolash tartibini takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) ichki ishlar organlariga oʻz tashabbusiga koʻra narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish yuzasidan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish huquqini berish;

b) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish boʻyicha barcha tibbiy tekshiruvlarni narkologiya dispanserlarining oʻzida, zarur hollarda boshqa muassasalarda amalga oshirish;

narkologiya dispanserlaridagi mavjud koykalar haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyatini yaratish.

4. Ichki ishlar vazirligi va Oliy sudning narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi ishlarni elektron tarzda sudlarga yuborish va sudlar tomonidan ularni videokonferensaloqa rejimida koʻrib chiqish mumkinligi haqidagi taklifi maʼqullansin.

5. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) bilan birgalikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan narkologiya dispanserlari yoki tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalariga olib kelingan probatsiya nazoratidagi shaxslarni alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash boʻyicha tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish tartibini joriy etsin.

6. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) bilan hamkorlikda narkologiya dispanserlaridagi mavjud boʻsh koykalar soni toʻgʻrisida maʼlumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyatini beruvchi axborot tizimini ishlab chiqsin hamda Oliy sud va Ichki ishlar vazirligiga ushbu tizimdan foydalanish imkoniyatini yaratsin.

Belgilansinki:

mavjud boʻsh koykalar, shuningdek, boʻshash ehtimoli boʻlgan koykalar soni haqidagi maʼlumotlar axborot tizimiga narkologiya dispanserlari tomonidan kiritiladi;

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) va uning hududiy filiallarida elektron tibbiy hujjatlar aylanishini amalga oshirish imkonini beruvchi yagona tibbiy-axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga tatbiq qilinadi.

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi PF-20-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2024-y., 06/24/20/0063-son)

7. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Markaz va uning hududiy filiallarining ambulator va statsionar boʻlimlarida 1 stavkadan faoliyat koʻrsatuvchi tibbiy psixolog yoki psixoterapevt lavozimlari joriy etilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, Markaz va uning filiallari xodimlarining shtat normativlarini qayta koʻrib chiqsin.

8. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida 4-ilovaga muvofiq kamida 10 oʻrinli mastlik holatida boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish tumanlararo punktlarini (keyingi oʻrinlarda — punktlar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev):

Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) bilan birgalikda bir oy muddatda alkogolli mastlik holatida boʻlib, mustaqil harakatlanish qobiliyatini yoʻqotgan yoki qayerdaligini aniq anglab yetmaydigan shaxslarni (bundan alkogoldan ogʻir zaharlanish holatlari mustasno) punktlarga yetkazish va ularga tibbiy yordam koʻrsatish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda punktlarni tegishincha hududiy sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlarining umumiy oʻrinlar va shtat birliklari doirasida hamda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tashkil etish choralarini koʻrsin.

Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Milliy gvardiya (R. Djurayev) punktlarda xodimlar xavfsizligini taʼminlash, qoʻriqlash xizmatini tashkil etish va videokuzatuv moslamalarini oʻrnatish choralarini koʻrsin.

9. Belgilansinki:

Sogʻliqni saqlash vazirligi tegishli hokimliklar bilan birgalikda narkologiya muassasalarining bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-43-son qarori talablaridan kelib chiqib, har yilgi Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga sogʻliqni saqlash muassasalarini qurish-taʼmirlash ishlari uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida belgilangan tartibda kiritib boradi;

narkologiya muassasalarining oʻrinlar fondini belgilash normativini qayta koʻrib chiqish natijasida, narkologik bemorlarni majburiy va ixtiyoriy davolash uchun qoʻshimcha talab etiladigan oʻrinlarning 265 tasi respublika ftiziatriya yordami koʻrsatish tizimidagi sihatgohlardagi oʻrinlarni maqbullashtirish hisobidan amalga oshiriladi.

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev):

Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov), Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev) bilan hamkorlikda aholi, ayniqsa, voyaga yetmagan va yoshlar orasida psixoaktiv moddalar isteʼmol qilinishining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan profilaktika tizimini ishlab chiqsin va amaliyotga keng joriy etsin;

manfaatdor idoralar bilan birgalikda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining shtat normativlarini qayta koʻrib chiqib, shifokor-narkolog lavozimlarining shtat meʼyorlari bir shtat birligidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanishini nazarda tutsin;

Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili Markaz va uning hududiy filiallaridan shaffof tanlov asosida tanlab olingan 10 nafargacha shifokor mutaxassislarni nufuzli xorijiy narkologiya markazlarida malaka oshirishga yuborsin.

11. Moliya vazirligi (J. Abruyev) Sogʻliqni saqlash vazirligi (O. Fazilkarimov) bilan birgalikda 2022-2023-yillarda narkologiya muassasalarini tibbiyot uskunalari bilan jihozlash uchun 32,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni ajratish choralarini koʻrsin.

Bunda, mazkur xarajatlar 2022-yilda sogʻliqni saqlash sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida, 2023-yilda esa Davlat budjeti parametrlarida sogʻliqni saqlash sohasiga qoʻshimcha mablagʻlar ajratish orqali qoplanadi.

12. Vazirlar Mahkamasi mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlar bajarilishini har chorakda tanqidiy muhokama qilib borsin va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy javobgarlik choralari koʻrilishini taʼminlasin.

13. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov):

bir oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi Qonuniga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev, ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Ushbu qarorning oʻz vaqtida ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 16-may,

PQ-244-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-maydagi PQ-244-son qaroriga 1-ILOVA

2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi narkologiya xizmatini yanada rivojlantirish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi PF-20-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2024-y., 06/24/20/0063-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-maydagi PQ-244-son qaroriga 2-ILOVA

2022-2023-yillarda narkologiya muassasalarini tibbiyot uskunalari bilan jihozlashning (qoʻshimcha jihozlashning)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi PF-20-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2024-y., 06/24/20/0063-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-maydagi PQ-244-son qaroriga 3-ILOVA

2022-yil yakuniga qadar narkologik bemorlarni ixtiyoriy va majburiy davolash uchun narkologiya dispanserlarida qoʻshimcha tashkil etiladigan oʻrinlar fondi

(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-12-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 07/23/12/0041)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-maydagi PQ-244-son qaroriga 4-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida mastlik holatida boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish tumanlararo punktlarining

* Tibbiyot birlashmalari tarkibida 53 ta mastlik holatida boʻlgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish tumanlararo punktlarining (keyingi oʻrinlarda — punktlar) shtat birliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri mahalliy budjetlari hisobidan (hududiy ichki ishlar organlari uchun mahalliy budjetlar hisobidan kiritilishi mumkin boʻlgan cheklangan shtat birliklarini saqlash mablagʻlari doirasida) kiritiladi.

Qolgan 61 ta punktlarning faoliyati 2022-yilda hududiy sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlarining umumiy oʻrinlari va shtat birliklari doirasida tashkil etiladi.

Izoh:

Sogʻliqni saqlash vazirligi punktlar hamda ularga biriktirilgan tuman va shaharlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, punktlar sonini kengaytirish huquqiga ega.

2023-2024-yillarda punktlar Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Ichki ishlar vazirligining takliflariga asosan, ehtiyojdan kelib chiqib, qoʻshimcha ravishda bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi PF-20-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2024-y., 06/24/20/0063-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.