PQ-251-son Qaror · 20.05.2022

Dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-251
  • Qabul qilingan sana:20.05.2022
  • Kuchga kirgan sana:21.05.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/251/0443

Dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirish hamda qayta ishlashni tashkil etish, dorivor oʻsimliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor oʻsimliklarni keng qoʻllash maqsadida:

1. Quyidagilar:

2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish uchun yer maydonlarini ajratishning yigʻma maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarida dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli koʻrsatkichlari 1.1-ilovaga muvofiq;

2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar oʻrmon fondi yerlarida dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli koʻrsatkichlari 1.2-ilovaga muvofiq;

2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar yaylov yer maydonlarida kavrak madaniy plantatsiyalarini barpo etishning maqsadli koʻrsatkichlari 1.3-ilovaga muvofiq;

“Bir tuman — bir mahsulot” tamoyili asosida dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlashni kengaytirish hamda aholi oʻrtasida undan foydalanishni targʻib qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dorivor oʻsimliklar madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun mos boʻlgan yer uchastkalarini ochiq elektron tanlovga oyma-oy grafik asosida qoʻyib borishni taʼminlasin.

Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J. Bakirov) dorivor oʻsimliklar madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun mos boʻlgan, oʻrmon fondining oʻrmon bilan qoplanmagan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionga 2022-yil 1-avgustdan boshlab oyma-oy grafik asosida qoʻyib borishni taʼminlasin.

Jizzax viloyati hokimligi (E.A. Saliyev) 2022 — 2026-yillarda zaʼfaron oʻsimligi madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun mos boʻlgan 2 000 gektar yer uchastkasini qonunchilikda belgilangan tartibda berilishini taʼminlasin hamda 2022-yilda zaʼfaron plantatsiyalarini kamida 2 baravarga koʻpaytirish choralarini koʻrsin.

2. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmonov) ikki oy muddatda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda sertifikatlangan dorivor oʻsimliklarning urugʻchiligi va koʻchatchiligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalar boʻyicha grant tanlovlarini eʼlon qilishni taʼminlasin.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

davlat tibbiyot muassasalarida, jumladan har bir poliklinikada, dorivor oʻsimliklar vositasida davolashga moʻljallangan xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilinadi;

Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 oʻrinli davolash boʻlimi va hududlarda filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

2022-yil 1-sentabrdan boshlab xalq tabobatini keng targʻib qilish maqsadida “Ibn Sino ilmining bilimdonlari” tanlovi oʻtkaziladi.

4. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev):

2022-yil 1-iyundan boshlab samarasi isbotlangan dorivor oʻsimliklarni bosqichma-bosqich tibbiy yordam koʻrsatish standartlari va protokollariga kiritish. Bunda, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan yangi yaratilgan hamda ishlab chiqarishga joriy etilgan dori vositalarining tibbiyot amaliyotida keng qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida klinik protokollar, diagnostika hamda kasalliklarni davolash standartlari har olti oyda qayta koʻrib chiqiladi;

uch oy muddatda barcha davlat tibbiyot taʼlim muassasalarida dorivor oʻsimliklar va xalq tabobati boʻyicha taʼlim berishga yoʻnaltirilgan kafedralarni tashkil etish boʻyicha taklif kiritish;

shifokorlarni dorivor oʻsimliklar va xalq tabobati usullari asosida davolash boʻyicha qayta tayyorlash va ixtisoslashtirishni hamda terapevt, umumiy amaliyot va oilaviy shifokorlarni tayyorlashda chuqurlashtirilgan oʻqitishni tashkil etish;

davlat tibbiyot muassasalarida, jumladan har bir poliklinikada dorivor oʻsimliklar vositasida davolashga moʻljallangan xalq tabobati xonalari va fitobarlarni tashkil qilish;

Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 oʻrinli davolash boʻlimi va hududlarda filiallari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

2022-yil 1-sentabrdan boshlab xalq tabobatini keng targʻib qilish maqsadida “Ibn Sino ilmining bilimdonlari” tanlovini oʻtkazish;

tibbiyot amaliyotida samarasi isbotlangan va asosiy dori vositalari roʻyxatiga kiritilgan dorivor oʻsimliklar va ulardan tayyorlangan dori vositalarining davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan xarid qilinishi choralarini koʻrsin.

5. Savdo-sanoat palatasi (D.A. Vaxabov) Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (S.X. Kariyev), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J. Bakirov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Sh. Qudratov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, dorivor oʻsimliklarning afzalliklarini aholi va shifokorlar orasida keng targʻib qilish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va chuqur qayta ishlashda ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalarining kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash uchun har yili “Ibn Sino merosi” xalqaro koʻrgazmasini tashkil etish choralarini koʻrsin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

7. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

dorivor oʻsimliklar bozori konyunkturasini oʻrganishni tashkillashtirish, aholi va sogʻliqni saqlash muassasalarining dorivor oʻsimliklar mahsulotlari bilan taʼminlanganlik holatini tizimli tahlil qilish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;

dorivor oʻsimliklar va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tibbiy ahamiyati hamda ularni qoʻllashga oid maxsus koʻrsatuvlar va roliklarni muntazam namoyish etilishini tashkil qilish;

dorivor oʻsimliklarga oid ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda koʻmaklashish, dorivor oʻsimlikshunoslik tarmogʻiga ilgʻor xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;

dorivor oʻsimliklar mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar talabini tahlil qilgan holda har yili Qishloq xoʻjaligi vazirligiga dorivor oʻsimliklar yetishtirish hajmlari toʻgʻrisida taklif kiritish.

Mazkur bandga muvofiq Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga yuklatilayotgan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi mavjud shtat birliklari doirasida Agentlikda direktor oʻrinbosari lavozimi joriy etilsin hamda dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlashni tashkil etish va ilmiy-ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha qoʻshimcha 5 ta shtat birligidan iborat boshqarma tashkil etilsin.

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (S.X. Kariyev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.B. Voitov) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda dorivor oʻsimliklar sohasini rivojlantirish boʻyicha tajribali xorijiy mutaxassis va konsultantlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.

8. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda biologik faol qoʻshimchalarning reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilgan holda reklama qilinishini tashkil etish choralarini koʻrsin;

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda biologik faol qoʻshimchalar, biologik faol qoʻshimcha sifatida roʻyxatga olinmagan damlama, oʻtlar, parfyumeriya-kosmetika vositalari reklamasiga oid qonunchilik talablari buzilganda javobgarlik choralarini kuchaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda dorivor oʻsimliklar sifatini tahlil va nazorat qilish boʻyicha xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy laboratoriya barpo etish maqsadida xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan grant mablagʻlari jalb etish choralarini koʻrsin.

10. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda ilmiy tibbiyotda va farmatsevtika sanoatida foydalaniladigan dorivor oʻsimliklar hamda dorivor oʻsimliklar yetishtiriladigan hududlar roʻyxatini oʻz ichiga oluvchi elektron maʼlumotlar bazasini yaratsin.

11. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:

a) Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori S.X. Kariyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari bilan birgalikda:

mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq yer maydonlarida dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish;

2022-yil yakuniga qadar mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq tumanlarni dorivor oʻsimliklar yetishtirishga ixtisoslashtirish;

dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha davlat-xususiy sheriklik va investitsiya loyihalari amalga oshirilishini tashkil etish choralarini koʻrsin;

b) Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasining buyurtmalariga asosan yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligi xom ashyosini yigʻish va tayyorlashga kvotalarni ajratish choralarini koʻrsin;

v) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev):

bir oy muddatda yangi yaratilgan hamda ishlab chiqarishga joriy etilgan dori vositalari tibbiyot amaliyotida keng qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida klinik protokollar, diagnostika hamda kasalliklarni davolash standartlariga kiritish maqsadida ularni har olti oyda qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etsin;

dorivor oʻsimliklardan olinadigan fitopreparatlar isteʼmol bozorini yaratish, xususan ularning dorixonalar tizimida sotuvini yoʻlga qoʻyish, fitopreparatlar yaratish texnologiyasida xalq tabobati usullarini keng qoʻllash, sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida dorivor oʻsimliklardan olinadigan fitopreparatlarni qoʻllash boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin;

bir oy muddatda dorivor oʻsimliklarni aholi va shifokorlar orasida keng targʻibot qilish boʻyicha 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlab, ijroga qaratsin;

ikki oy muddatda barcha tibbiyot oliygohlari, Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlarida, hududiy Xalq tabobatini rivojlantirish markazlarida soha uchun mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy qilish boʻyicha taklif kiritsin;

uch oy muddatda dorivor oʻsimliklarga oid ilmiy ishlanmalarni tadbirkorlik subyektlari 50 foizini moliyalashtirgan taqdirda, qolgan qismini Davlat budjetidan ilmiy loyihalarga ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish boʻyicha taklif kiritsin.

12. Dorivor oʻsimliklarni aholi xonadonlarida yetishtirish maqsadida:

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A. Xaitov) Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (N.J. Bakirov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birga ikki hafta muddatda aholi xonadonlarida dorivor oʻsimliklar yetishtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin;

Toshkent viloyati hokimi Z.T. Mirzayev Toshkent viloyatida baxmalgul, Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov Namangan viloyatida naʼmatak, Fargʻona viloyati hokimi X.H. Bozarov, Andijon viloyati hokimi Sh.K. Abduraxmanov oʻz hududlarida ola oʻt kabi eksportbop dorivor oʻsimliklarni kooperatsiya asosida aholi xonadonlarida yetishtirishni yoʻlga qoʻysin.

13. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.K. Koʻchimov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.A. Xaitov) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirishga oid materiallar, turkum telekoʻrsatuvlar namoyish etilishini tashkil etsin.

14. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev, sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi raisi B.Q. Sharipov, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A. Xaitov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 20-may,

PQ-251-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi PQ-251-son qaroriga 1-ILOVA

2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish uchun yer maydonlarini ajratishning

* Dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarining maydonlari yillar kesimida oʻsib borish tartibida koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi PQ-251-son qaroriga1.1-ILOVA

Respublikasi va viloyatlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarida dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etishning

*Dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarining maydonlari yillar kesimida oʻsib borish tartibida koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi PQ-251-son qaroriga1.2-ILOVA

2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar oʻrmon fondi yerlarida dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etishning

*Dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarining maydonlari yillar kesimida oʻsib borish tartibida koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi PQ-251-son qaroriga1.3-ILOVA

2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar yaylov yer maydonlarida kavrak madaniy plantatsiyalarini barpo etishning

*Dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarining maydonlari yillar kesimida oʻsib borish tartibida koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi PQ-251-son qaroriga2-ILOVA

“Bir tuman — bir mahsulot” tamoyili asosida dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-maydagi PQ-251-son qaroriga3-ILOVA

Dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlashni kengaytirish hamda aholi oʻrtasida undan foydalanishni targʻib qilish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.