Respublika aholisini toza va sifatli ichimlik suv bilan taʼminlash hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari qamrovini oshirish orqali ularning munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda sogʻligʻini saqlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga asosan:
respublika aholisining ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasini 87 foizga yetkazish, 32 ta yirik shaharlar va 155 ta tuman markazlarida oqova suv tizimlarini yangilash;
markazlashgan ichimlik suv bilan qisman taʼminlangan 4 658 ta va markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanmagan 2 263 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida loyiha takliflarini ishlab chiqish hamda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash asosiy maqsadli koʻrsatkichlardan etib belgilanganligi maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
markazlashgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suv chiqarish xizmati bilan qamrov darajasini oshirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
respublikadagi ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022 — 2025-yillarda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha yigʻma koʻrsatkichlari va dasturi 2 — 2o-ilovalarga muvofiq;
2022 — 2024-yillarda respublika hududlarida ichimlik suv tarmoqlarini uy xoʻjaligigacha yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq;
umumiy oʻrta taʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda tibbiyot muassasalarini 2022 — 2025-yillarda ichimlik suv bilan taʼminlash dasturi 4 — 6-ilovalarga muvofiq;
avvalgi yillarda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagan yoki foydalanishga topshirilmagan ichimlik va oqova suv obyektlarini toʻliq foydalanishga topshirish boʻyicha tarmoq jadvali 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari quyidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasin:
suv taʼminoti ogʻir boʻlgan 1 545 ta mahallani toʻliq xatlovdan oʻtkazish va ularni toifalarga ajratish;
hududlarda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan quduq qazish, suv minorasi qurish hamda tarmoq tortish ishlarini amalga oshirish, xususan xonadonlargacha suv tarmoqlarini tortish ishlarini aholining tashabbuslari va takliflariga asosan ular bilan hamkorlikda bajarish;
mahallalarda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining ijtimoiy buyurtmasi asosida suv inshooti hamda tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish;
quduq qazish va markazlashgan tarmoq tortib kelish imkoni boʻlmagan mahallalarda tashib kelinadigan suv hisobiga markaziy suv hovuzlarini qurib, xonadonlarga tarmoq tortish.
3. Belgilansinki:
a) 2023-yildan boshlab, har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6074-son Farmoniga asosan davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasida aholi punktlarini markazlashgan ichimlik suv va oqova suv chiqarish xizmati bilan taʼminlash loyihalarini moliyalashtirish uchun Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 50 mlrd soʻm koʻzda tutiladi;
(3-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-avgustdagi PQ-346-son qaroriga tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 07/22/346/0709-son)
b) mazkur qarorning:
2 — 2o-ilovalarida koʻrsatilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mahalliy budjetlardan jami 444,6 mlrd soʻm, shu jumladan joriy yilda 106,3 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi. Bunda, tuman hokimliklari tomonidan har yili mahallalar kesimida amalga oshirish mexanizmlari (xususiy sektorni jalb qilish, aholi bilan hamkorlikda, davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida) va moliyalashtirish manbalari koʻrsatilgan “yoʻl xaritalari” ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
3-ilovasida koʻrsatilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan 180 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi;
4 — 6-ilovalarida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun joriy yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan jami 50 mlrd soʻm, 2023-yildan boshlab har yili respublika va mahalliy budjetlardan teng ulushlarda 50 mlrd soʻmdan, jami 100 mlrd soʻm ajratilishi koʻzda tutiladi.
Bunda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirliklar bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda tibbiyot muassasalarining xatlovdan oʻtkazilishini taʼminlasin va natijalariga koʻra birinchi navbatda ichimlik suv bilan taʼminlanadigan ijtimoiy obyektlar boʻyicha aniq manzilli dasturlarni ishlab chiqsin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
a) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va hududiy suv taʼminoti korxonalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
respublika hududiga texnik talablarga javob bermaydigan suv hisoblagichlarni va ularning qoʻshimcha vositalarini olib kirish hamda oʻrnatish taqiqlanadi;
b) ichimlik suv taʼminoti obyektlari foydalanishga tayyor holda topshirilgan taqdirda (oʻlchov uskunalari oʻrnatilib, ichimlik suv uy xoʻjaligigacha yetkazilgan taqdirda) aholining ixtiyoriga koʻra davlat xizmatlari markazlari orqali yoki “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga va oʻlchov uskunalarini tamgʻalashga ruxsat beriladi;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi isteʼmolchilar tomonidan hududiy suv taʼminoti korxonalariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatilishi talab etiladi. Bunda:
mazkur kichik bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan zamonaviy suv hisoblagichlarning har birini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga, lekin bitta zamonaviy suv hisoblagich uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda, hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi summalarini kamaytirish huquqi berilsin;
2024-yil 1-yanvardan boshlab masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni oʻrnatmagan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi isteʼmolchilarga ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun suvni hisobga olish uskunasi bilan taʼminlanmagan isteʼmolchilar sifatida hisob-kitob amalga oshiriladi;
g) yuridik shaxs boʻlgan isteʼmolchilarning ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari yuzasidan debitor qarzdorligi boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasi imzolangan taqdirda, qarzni undirish isteʼmolchining bankdagi hisob raqamiga toʻlov talabnomasini qoʻyish yoʻli bilan amalga oshiriladi;
d) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida tashkil qilingan Ichimlik suv taʼminoti korxonalarining elektron reyestrini yuritadi hamda ularga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatadi.
(4-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
5. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ:
Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan olingan davlat tashqi qarzlari boʻyicha 2022-yil 1-may holatiga shakllangan muddati oʻtgan qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilsin va mazkur qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan bir oy muddatda taklif kiritsin;
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalarining turlariga nisbatan texnik talablarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ qoshida Sovuq va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan oʻtkazish hamda oʻrnatish boʻyicha metrologiya xizmatini va uning hududiy filiallarini tashkil etsin.
Bunda, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ qoshida tashkil etiladigan metrologiya xizmatini va uning hududiy filiallarini akkreditatsiyadan oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatsin.
7. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda:
bir oy muddatda billing tizimining zarur maʼlumotlar bazalari (notarial, kadastr, ichki ishlar, davlat xizmatlari, toʻlov tizimlari va boshqalar) bilan toʻliq integratsiyasini taʼminlagan holda uning funksional imkoniyatlarini kengaytirish ishlarini yakunlasin;
jismoniy va yuridik shaxs boʻlgan isteʼmolchilarga ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlarini hisobga olish boʻyicha toʻliq ishga tushirilgan billing tizimining toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida doimiy ekspluatatsiya qilinishini taʼminlab borsin.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan:
har yili birinchi chorak yakuniga qadar yer osti chuchuk suv resurslari kamayib ketayotgan hududlarning roʻyxati tasdiqlanadi;
yer osti chuchuk suv resurslari kamayib ketayotgan hududlarda suvdan foydalanuvchilarga ular tasarrufida boʻlgan burgʻi quduqlari uchun texnik pasportlar bir yil davomida begʻaraz tayyorlab beriladi;
b) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan har ikki yilda bir marta Tashqi ishlar vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda respublikada faoliyat yuritayotgan barcha suv taʼminoti korxonalarini, xalqaro va xorijiy tashkilotlar hamda mutaxassislarni jalb qilgan holda ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladigan “Tashkent Water Conference” xalqaro koʻrgazma va konferensiyasi oʻtkaziladi.
(8-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
9. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan birgalikda ikki oy muddatda ochiq suv havzalari va joylarning relyefiga oqiziladigan tozalangan oqova suvlarning yoʻl qoʻyiladigan cheklangan konsentratsiya miqdorini qayta koʻrib chiqsin va natijasi boʻyicha asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ uch oy muddatda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda “Yakkabogʻ-Qarshi” magistral suv quvurini xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kredit mablagʻlari hisobidan qurish va mavjud suv taqsimlash inshootlarini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish uchun 100 million AQSH dollarini jalb qilish hamda loyihalashtirish va qurilish ishlarini 2022 — 2024-yillarda amalga oshirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
11. Qashqadaryo viloyati hokimligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda “Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yer osti suv konidan suv olish quvuriga yaqin boʻlgan qishloq aholi punktlari suv taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi yuzasidan suv olish quduqlari, inshootlar va magistral tarmoqlarini qurish uchun 19,6 gektar yer maydoni belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.
12. “Oʻzbekneftgaz” AJ Gʻuzor tumanidagi “Obod”, “Doʻstlik”, “Buyuk karvon yoʻli”, “Tinchlik”, “Amir Temur” mahallalaridagi 12,5 mingdan koʻproq aholini ichimlik suv bilan taʼminlash maqsadida 23,5 milliard soʻm mablagʻ Moliya vazirligi huzuridagi “Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish” jamgʻarmasiga bosqichma-bosqich joriy yil 1-sentabrga qadar oʻtkazilishini taʼminlasin.
13. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ quyidagilarni:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
reja-grafikka muvofiq Jahon banki bilan birgalikda amalga oshirilayotgan qiymati 78 million AQSH dollari boʻlgan “Nukus shahri hamda Taxiatosh va Xoʻjayli tumanlari markazlarida kanalizatsiya tarmoqlarini qurish” loyihasi boʻyicha qurilish ishlarini boshlasin;
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
bir oy muddatda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan 10 milliard soʻm mablagʻlar Nukus shahri ichimlik suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilishga yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
14. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ:
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Nukus, Beruniy, Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak va Amudaryo tumanlari ichimlik suv tizimini yaxshilashga doir, qiymati 172 million AQSH dollari boʻlgan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi yirik loyiha boʻyicha qurilish ishlarini 2024-yilda yakunlash choralarini koʻrsin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Fargʻona, Margʻilon shaharlari va suv yoʻlidagi aholi punktlarini suv bilan taʼminlashni tubdan yaxshilash” loyihasining 2-bosqichi boʻyicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin hamda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasida shaharlarni rivojlantirish loyihalarini tayyorlashni moliyalashtirish” loyihasi doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish yuzasidan tegishli choralar koʻrsin.
15. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ “Fargʻona, Margʻilon shaharlari va suv yoʻlidagi aholi punktlarini suv bilan taʼminlashni tubdan yaxshilash” loyihasining 2-bosqichi boʻyicha qurilish ishlarini 2024-yilning I yarim yilligida boshlasin.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
16. Moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda Surxondaryo viloyatida suv taqsimlash inshootlari va tarmoqlarini yangidan qurish va boshqarish loyihasining davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirilishini taʼminlasin va 2023-yil 1-martga qadar oʻrnatilgan tartibda loyihaning konsepsiyasi, texnik va moliyaviy modellarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
17. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tegishli loyiha ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar ichimlik va oqova suv hamda issiqlik taʼminotiga oid shaharsozlik normalari va qoidalarini xatlovdan oʻtkazib, ularga zamonaviy talablardan va xorijiy tajribadan kelib chiqib oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
18. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (E.T. Yuldashev) mazkur qaror doirasida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
19. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) mazkur qaror doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
20. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-may,
PQ-257-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 1-ILOVA
Markazlashgan ichimlik suv taʼminoti va oqova suv chiqarish xizmati bilan qamrov darajasini oshirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2-ILOVA
Respublikadagi ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022 — 2025-yillarda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2a-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2b-ILOVA
Andijon viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2v-ILOVA
Buxoro viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2g-ILOVA
Jizzax viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2d-ILOVA
Qashqadaryo viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2e-ILOVA
Navoiy viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2j-ILOVA
Namangan viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2z-ILOVA
Samarqand viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2i-ILOVA
Surxondaryo viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2k-ILOVA
Sirdaryo viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2l-ILOVA
Toshkent viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2m-ILOVA
Fargʻona viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2n-ILOVA
Xorazm viloyati boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 2o-ILOVA
Toshkent shahar boʻyicha ichimlik suv taʼminoti ogʻir holatdagi mahallalarning 2022-yilda ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 3-ILOVA
2022 — 2024-yillarda respublika hududlarida ichimlik suv tarmoqlarini uy hoʻjaligigacha yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 4-ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarini 2022 — 2025-yillarda ichimlik suv bilan taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 5-ILOVA
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarini 2022 — 2025-yillarda ichimlik suv bilan taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 6-ILOVA
Tibbiyot muassasalarini 2022 — 2025-yillarda ichimlik suv bilan taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga 7-ILOVA
Avvalgi yillarda qurilish-montaj ishlari yakunlanmagan yoki foydalanishga topshirilmagan ichimlik va oqova suv obyektlarini toʻliq foydalanishga topshirish boʻyicha