PQ-273-son Qaror · 07.06.2022

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-273
  • Qabul qilingan sana:07.06.2022
  • Kuchga kirgan sana:09.06.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/273/0500

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son hamda 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son farmonlari ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi doirasida:

a) aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish yoʻnalishida 2022-yil yakuniga qadar:

Toshkent va Fargʻona viloyatlarida Ummon Sultonligining Atyab interneyshnl servis (Atyab International Service) kompaniyasini jalb etgan holda mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, sifat nazorati, xalqaro tan olingan sertifikatsiya tizimlarini oʻz ichiga olgan, akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar ishga tushiriladi;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi muassisligida Qoʻqon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etiladi. Mazkur institutga xalqaro taʼlim standartlari darajasidagi xalqaro bozorlarda tan olingan sifat standartlarini (Global G.A.P, Organic, NACCP va boshqalar) joriy etishga qodir yuqori malakali kadrlarni tayyorlash vazifasi yuklatiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev, A. Shukurov) 2022-yil yakuniga qadar oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarni ishga tushirish, Qoʻqon oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil etish, uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;

b) qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish yoʻnalishida joriy yil yakuniga qadar:

xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan agrar sohada umumiy qiymati 400 mln AQSH dollarigacha boʻlgan miqdordagi investitsiya loyihalari ishga tushiriladi;

har bir hududda kamida bittadan agrologistika markazlari barpo etiladi. Mazkur markazlarda xalqaro bozorlarda tan olingan sifat sertifikatlarini olish imkoniyati yaratiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev, Sh. Mirzayev, X. Karimov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda loyihalarni shakllantirish, tashabbuskorlarni aniqlash va ularni oʻz vaqtida ishga tushirish choralarini koʻrsin;

v) sohada davlat ishtirokini kamaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va qishloq hududlarini rivojlantirish yoʻnalishlarida 2022-yil yakuniga qadar:

Jahon bankining “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi mablagʻlar hisobidan Andijon viloyatining tanlab olingan Oltinkoʻl, Namangan viloyatining Chust va Fargʻona viloyatining Rishton tumanlarida innovatsion usullarni qoʻllagan holda intensiv usulda meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha maxsus (pilot) loyihalar amalga oshiriladi;

Turkiyaning Gaziantep pistachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda Samarqand viloyatida Oʻzbekiston — Turkiya pistachilik ilmiy markazi tashkil etiladi, Turkiyaning serhosil pista navlari kolleksiyasi asosida milliy pista navlarini yaratish va ularning onalik koʻchatzorlarini tashkil etish hamda Nurobod tumanini pistachilikka ixtisoslashtirish choralari koʻriladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev, X. Karimov, A. Shukurov) 2022-yil yakuniga qadar:

xususiy sektorni jalb etgan holda mazkur tumanlarda amalga oshiriladigan intensiv usulda meva-sabzavotchilik loyihalarini ishga tushirish choralarini koʻrsin;

Samarqand viloyatida Oʻzbekiston — Turkiya pistachilik ilmiy markazini tashkil etish, milliy pista navlarini yaratish va Nurobod tumanini pistachilikka ixtisoslashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

g) yer va suv resurslaridan samarali foydalanish yoʻnalishi doirasida:

kosmik suratlar va uchuvchisiz uchish apparatlarining materiallari hamda dala kuzatuv maʼlumotlarini tahlil qilish orqali 3 mln gektardan ortiq sugʻoriladigan yerlar, 400 ming gektardan ortiq koʻp yillik daraxtzorlar va 450 ming gektardan ortiq lalmi yerlarning tizimli monitoringi yoʻlga qoʻyiladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda joriy yilda 1-ilovada keltirilgan prognoz koʻrsatkichlarga muvofiq 133,5 ming gektardan ortiq yer maydonlari qayta foydalanishga kiritiladi va oʻzlashtiriladi;

qishloq xoʻjaligi yerlarining geoaxborot tizimida 6 turdagi asosiy (paxta, gʻalla, sholi, kartoshka, makkajoʻxori hamda moyli ekinlar) qishloq xoʻjaligi ekinlarining ekilishi, vegetatsiya davrini tahlil qilish yoʻlga qoʻyiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev, M. Roʻzmetov), Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xamrayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2022-yil yakuniga qadar mazkur kichik banddagi chora-tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishiga shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin;

d) qishloq xoʻjaligida ilm-fan, taʼlim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish yoʻnalishida:

Andijon, Namangan, Fargʻona, Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatlarida agroxizmatlar markazlari tashkil etiladi va 100 dan ortiq xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi;

xalqaro moliya institutlarining jalb etilgan grant mablagʻlari hisobidan:

2023-yil hosili uchun mahalliy sharoitga mos serhosil, kasallik va zararkunandalarga, suvsizlikka chidamli paxtaning 4 ta, boshoqli donning 6 ta navi amaliyotga joriy etiladi;

xususiy sektorni jalb qilgan holda, kartoshkaning serhosil, kasallik va zararkunandalarga, suvsizlikka, shoʻrga chidamli virussiz (“in vitro”) “Super elita” va “Elita” navlariga mansub 4 mln dona (yiliga) mikrotuganak yetishtiriladi;

ixtisoslashgan hududlarda kartoshka, jumladan uning yangi navlarini yetishtirish boʻyicha koʻrgazmali dala maydonlarini tashkil qilish va yangi navlarni ishlab chiqarishga keng joriy etish choralari koʻriladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Toʻrayev, X. Karimov, A. Shukurov) 2022-yil yakuniga qadar 2023-yil hosili uchun paxtaning 4 ta, boshoqli donning 6 ta navini amaliyotga joriy etsin, shuningdek, kartoshkaning 4 mln dona (yiliga) mikrotuganaklarini yetishtirish, hududlarda kartoshka yetishtirish boʻyicha koʻrgazmali dala maydonlarini tashkil qilsin va yangi navlarini ishlab chiqarishga keng joriy etsin;

e) tarmoq statistikasining shaffof mexanizmini ishlab chiqish yoʻnalishida 2022-yil yakuniga qadar:

“Yagona darcha” tamoyili asosida fermer xoʻjaliklariga paxta, gʻalla va boshqa mahsulotlarni yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish, sugʻurtalash, shartnomalarni elektron rasmiylashtirish, texnikalarni lizingga olish, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda taʼminot va xizmat koʻrsatishni oʻz ichiga olgan “Agroplatforma” (agroplatforma.uz) axborot tizimi ishga tushiriladi;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ajratilayotgan 26 turdagi subsidiyalar boʻyicha hujjatlarni toʻplash, koʻrib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishish jarayonlarini “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali amalga oshirish yoʻlga qoʻyiladi;

Fargʻona va Samarqand viloyatlarida suv balansi va sarfi hisobini yuritish hamda yerlarni toʻgʻri sugʻorish ishlarini masofaviy monitoring qilishning elektron modeli ishlab chiqiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev, Q. Yuldashev), Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (A. Isroilov), Suv xoʻjaligi vazirligi (A. Nazarov) mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar mazkur tizimlarni ishga tushirish orqali elektron xizmatlarni koʻrsatishni tashkil etsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev, A. Shukurov):

a) 2022-yil yakuniga qadar Jahon bankining mablagʻlari hisobidan:

xususiy sektorni jalb etgan holda Oʻzbekistonda mavjud genofonddan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligi ekinlarining birlamchi urugʻchiligi va duragaylarini yaratishning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston — Serbiya qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi ilmiy markazini tashkil etish;

Xalqaro kartoshkachilik markazi (CIP) bilan hamkorlikda kartoshkaning serhosil, kasallik va zararkunandalarga, suvsizlikka, shoʻrga chidamli navlari seleksiyasi hamda urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshma loyihani amalga oshirsin;

b) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda bir oy muddatda Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi hisobidan qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish loyihalari uchun 20 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirish choralarini koʻrsin;

v) Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish, Toshkent davlat agrar universitetini modernizatsiya qilish uchun Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi hisobidan 17 mln AQSH dollari, Yevropa Ittifoqining “Budjetni qoʻllab-quvvatlash” dasturi mablagʻlari hisobidan 6 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

4. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 7-iyun,

PQ-273-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyundagi PQ-273-son qaroriga 1-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2022-yilda yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish va oʻzlashtirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyundagi PQ-273-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.