Mamlakatda yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlarini yumshatish, hududlarda choʻllanish va qurgʻoqchilikning oldini olish, bioxilmaxillikni asrab qolish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, ushbu yoʻnalishdagi ilgʻor ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalardan keng foydalanish asosida mintaqalarni barqaror rivojlantirishga erishish maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish;
yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish boʻyicha davlat dasturlari va istiqbolga moʻljallangan strategiyalarni ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish;
yagona elektron resurs (maʼlumotlar bazasi) doirasida vazirlik va idoralarning yerlar degradatsiyasi, choʻllanishi va qurgʻoqchilikning hozirgi holati va unga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini toʻplash, tahlil qilish, qayta ishlash va ulardan ochiq foydalanish imkoniyatini taʼminlash;
yagona milliy va xalqaro indikatorlar hamda mezonlarga muvofiq zamonaviy texnologiyalar (laboratoriya, dronlar, masofadan zondlash va boshqalar)ni qoʻllash yoʻli bilan yerlar degradatsiyasi va choʻllanishi, shu jumladan yerlarni tiklash, rekultivatsiya va melioratsiya tadbirlari, yaylovlardan almashlab foydalanish, ularni saqlash va fitomelioratsiyalash, qishloq xoʻjaligi ekinlarini almashlab ekish, oʻrmonlar va ihotazorlar barpo qilish jarayonlari monitoringini yuritish;
tuproq, agrokimyoviy, geobotanik tadqiqotlar, yerlarni xatlovdan oʻtkazish, aerokosmik tasvirga olish, topografik-geodezik, kartografik ishlarni oʻtkazish;
ilmiy-amaliy tadbirlarni muvofiqlashtirish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
yerlar degradatsiyasi jarayonlarining oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurs (trening)lar tashkil etish va oʻtkazish;
yerlar degradatsiyasi jarayonlarining oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;
tuproq shoʻrlanishi va ekologik holati (Soil Quality Index), geobotanik va agrokimyoviy xaritalar boʻyicha kartografik materiallar yaratish;
yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini olib borishga masʼul korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar uchun yerlar degradatsiyasining oldini olish va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish.
2. Quyidagilar:
Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish va ularning oldini olish hamda tuproqlarni muhofaza qilish boʻyicha harakatlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Yerlar degradatsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va qayta ishlashning yagona tizimini yuritish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
2022 — 2025-yillarda yerlar degradatsiyasi jarayonlarini kamaytirish va oldini olishning prognoz koʻrsatkichlari 3.1 — 3.5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda har bir yoʻnalish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar ijrosini taʼminlash yuzasidan alohida “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin va ijrosini taʼminlasin.
3. Belgilansinki, yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar tomonidan mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq barcha maʼlumotlar, shu jumladan choʻllanish, qurgʻoqchilik, iqlim oʻzgarishi holati hamda unga qarshi kurashish va moslashish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu yoʻnalishda yagona milliy elektron baza yaratish va uni doimiy yangilab borish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligiga davriy ravishda taqdim etib boriladi.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqaruv xodimlarining mavjud shtat birliklari doirasida vazirlik markaziy apparatida 12 ta shtat birligidan iborat Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari boʻyicha departament va hududlarda 2 ta shtat birligidan iborat Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish boʻlimlari tashkil etilsin.
5. Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) deb qayta nomlangan holda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufiga oʻtkazilsin.
6. Belgilansinki:
Institut Toshkent viloyati, Toshkent tumani, “Zaxariq” MFY, Shifokorlar koʻchasi, 75-uy manziliga operativ boshqaruv huquqi bilan begʻaraz joylashtiriladi;
Institutning bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, uning xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlarini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi;
Institutning Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida mintaqaviy boʻlinmalari tashkil etiladi;
Institutning amaldagi mavjud 8 ta shtat birligi teng ulushlarda Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridagi mintaqaviy boʻlinmalarga oʻtkaziladi;
mazkur bandning beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan shtat birliklari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
Institut mintaqaviy boʻlinmalarining bino-inshootlarini saqlash xarajatlari har yili respublika budjetidan Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari doirasida amalga oshiriladi;
Institut bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash (loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va taʼmirlash ishlarining dastlabki bosqichini moliyalashtirish) uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qaroriga asosan ajratilgan mablagʻning oʻzlashtirilmagan 2,1 mlrd soʻm qismi hamda 2022-yil 25-martdagi PQ-179-son qaroriga muvofiq 2022-yilda yerdan foydalanuvchilarga grant mablagʻlari taqdim etish uchun ajratilgan mablagʻlarning iqtisod qilingan qismi yoʻnaltiriladi.
7. Tabiiy resurslarni qayta ishlovchi yirik sanoat korxonalari (gaz, neft konlari, yer osti va ochiq konlar — “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va boshqalar) oʻz faoliyatini toʻliq tugatgan hududlarda yer degradatsiyasi jarayonlarining oldini olish va unga qarshi kurashish, salbiy oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
Bunda:
yerlar degradatsiyasi jarayonlarining oldini olish va unga qarshi kurashish, salbiy oqibatlarini bartaraf etish tadbirlari va ularning texnik-iqtisodiy asoslari kelishish uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etiladi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi mazkur tadbirlar amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritadi hamda natijasi boʻyicha hisobotlarni qabul qiladi.
8. Innovatsion rivojlanish vazirligi yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, uning salbiy taʼsirini kamaytirish va oqibatlarini yumshatish hamda tuproqlarni muhofaza qilishga qaratilgan ilmiy loyihalarni shakllantirish orqali ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirsin.
2022 — 2025-yillar davomida yerlar degradatsiyasi va unga qarshi kurashish boʻyicha oʻtkaziladigan ilmiy-tadqiqot ishlarining asosiy yoʻnalishlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarorini qabul qilsin.
Bunda:
Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlarini belgilash hamda tuzilmalarini tasdiqlash;
Institutning Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridagi mintaqaviy boʻlinmalarini bino va inshootlar bilan taʼminlash hamda ularni taʼmirlash va jihozlashning moliyaviy manbalarini belgilash;
Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlili markazi” davlat unitar korxonasi faoliyatini qayta koʻrib chiqish;
tuproq laboratoriyalarini tashkil etish hamda “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyalarini xarid qilish nazarda tutilsin.
10. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5006-son qaroriga 5-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
12. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Sh.M. Gʻaniyev va J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 10-iyun,
PQ-277-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga1-ILOVA
Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish va ularning oldini olish hamda tuproqlarni muhofaza qilish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga 2-ILOVA
Yerlar degradatsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va qayta ishlashning yagona tizimini yuritish sxemasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga 3.1-ILOVA
2022 — 2025-yillarda tuproqlardagi gumus miqdorini oshirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga 3.2-ILOVA
2022 — 2025-yillarda tuproq shoʻrlanishini kamaytirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga 3.3-ILOVA
2022 — 2025-yillarda degradatsiyaga uchragan yaylovlarni kamaytirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga 3.4-ILOVA
2022 — 2025-yillarda qishloq xoʻjaligi yerlarida ihotazorlar barpo qilishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga 3.5-ILOVA
2022 — 2025-yillarda oʻrmon bilan qoplangan mintaqalarni kengaytirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga 4-ILOVA
2022 — 2025-yillar davomida Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar milliy instituti hamda Oʻzbekiston davlat yer tuzish ilmiy-loyihalash instituti tomonidan yerlar degradatsiyasi va unga qarshi kurashish boʻyicha oʻtkaziladigan ilmiy-tadqiqot ishlarining
1. Degradatsiyaga uchragan qishloq xoʻjaligi yerlari tuproq sifatini yaxshilash va uning unumdorligini oshirishda tuproq muhitini meʼyorlashtirish va yangi texnologiyalarni qoʻllash.
2. Yaylovlardan oqilona va samarali foydalanish tizimini takomillashtirish hamda degradatsiya jarayonlarining oldini olish uchun yaylovlarni saqlash, tiklash va koʻpaytirish.
3. Orolboʻyi yaylovlarining bioxilma-xilligini baholash va iqlim oʻzgarishiga taʼsirini oʻrganish.
4. Degradatsiyaga uchragan togʻoldi zonalari tuproqlari va ularning oldini olishga doir agrotexnik tadbirlarni ishlab chiqish.
5. Resurs tejovchi texnologiyalarni qoʻllash orqali degradatsiya va choʻllanishga uchragan sugʻoriladigan intrazonal tuproqlar unumdorligini tiklash va saqlash.
6. Lalmikor hududlarda tuproq degradatsiyasi oldini olishning samarali agrotexnologiyalarini ishlab chiqish.
7. Orol dengizining qurigan hududida yetishtirilayotgan oʻsimliklar yashovchanligi va mahsuldorligini oshiradigan agrotexnologiyalarni ishlab chiqish.
8. Degradatsiyaga moyil tuproqlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalarini yaratish.
9. Degradatsiyaga uchragan yerlarda yangi turdagi oʻgʻitlardan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish.
10. Shamol va suv eroziyasi taʼsiriga uchragan yerlarni qayta tiklash va qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritish.
11. Masofadan zondlash va geoaxborot tizimlari texnologiyalari yordamida eroziyaga uchragan hududlarning zamonaviy monitoring tizimini yaratish.
12. Tuproqlar shoʻrlanishiga qarshi kurashishning integratsiyalashgan agrotexnologiyasini ishlab chiqish.
13. Masofadan zondlash va yaylov yerlari hisobini yuritish materiallari asosida raqamli yaylov klassifikatorini ishlab chiqish.
14. Lalmi va yaylov yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishda 3D-oʻlchamli raqamli yer tuzish xaritasini yaratish.
15. Degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash maqsadida eroziyaga uchragan yerlarning haqiqiy maydonlarini aniqlash va maʼlumotlar bazasini shakllantirish.
16. Innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda qishloq xoʻjaligi ekinlarini almashlab ekishni joriy etish.
17. Degradatsiyaga uchragan yerlarda barpo etilgan daraxtzorlar hisobini yuritishning raqamli tizimini joriy etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-iyundagi PQ-277-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5006-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 1-bandning “a” kichik bandida:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“yerlar degradatsiyasini oldini olish va unga qarshi kurashish”;
oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. 6-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qishloq xoʻjaligi maqsadida uchuvchisiz uchish apparatlarini (dronlar) ishlab chiqaruvchi korxonalardan tendersiz toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish hamda bojxona boji toʻlamasdan respublika hududiga olib kirish, ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda dronlarni ishlab chiqarish va taʼmirlash boʻyicha filiallar ochish hamda servislar tashkil etish”.
(3 — 7-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-iyundagi PF-90-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/90/0352-son)