Maʼrifatparvar olim, sharq va gʻarb tillarining bilimdoni Isʼhoqxon Ibratning yorqin xotirasi hamda nomini abadiylashtirish, Namangan viloyatida xorijiy tillarni mukammal egallagan, chuqur bilimga ega boʻlgan raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida, shuningdek, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq:
1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda Namangan viloyati hokimligining Namangan shahrida Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki, Institut yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PF-55-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2024-y., 06/24/55/0263-son)
2. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
xalqaro baholash dasturlaridan (PISA, TALIS, PIRLS) foydalangan holda oʻqitishning zamonaviy shakllari hamda metodlarini joriy etish, ushbu bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
oʻz taʼlim dasturlarini xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining dasturlari asosida shakllantirish;
chet tillarini oʻqitishning interfaol vositalarini ishlab chiqish va joriy etish hamda aholining keng qatlamlari oʻrtasida chet tillarini oʻrganishni ommaviylashtirishga koʻmaklashish;
taʼlimni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, oʻquv jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, talabalarda sinxron, badiiy, ketma-ket hamda ilmiy-texnik tarjima koʻnikmalarini shakllantirish;
chet tillar boʻyicha mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilar bilan hamkorlikda yangi avlod oʻquv adabiyotlarini yaratish, axborot-resurs markazlarni zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlash hamda ularni muntazam yangilab borish;
Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish, jumladan, professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;
taʼlim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, qoʻshma taʼlim dasturlari hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish.
3. Quyidagilar:
Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini 2026-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Institutda oʻquv jarayoni 2022/2023 oʻquv yilidan boshlanadi;
b) Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qoʻshimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi;
(4-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)
g) Institutda talabalarga ikkita xorijiy til boʻyicha kvalifikatsiya berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
d) Institutning xorijiy tilda mutaxassislik fanlaridan dars beradigan S1 darajadan kam boʻlmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilariga ularning bazaviy lavozim maoshiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama haqi toʻlab boriladi.
5. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov):
a) 2022-yil 1-avgustga qadar Institutni tanlov asosida amaliy tajriba va (yoki) ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
b) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Institutning xorijiy tillar oʻqituvchilari S1 darajadan kam boʻlmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlishini taʼminlasin;
v) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:
Institutning oʻquv jarayoniga til egasi boʻlgan malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilinishini tashkillashtirsin. Bunda, xorijiy mutaxassislarning oylik ish haqi Institut tomonidan bozor konyunkturasi asosida belgilanadi hamda Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari va Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan toʻlanadi;
Institutning mutaxassislik fanlari (xorijiy tildan tashqari) oʻqituvchilarining B2 darajadan kam boʻlmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlishini taʼminlasin;
g) Institut talabalarining oʻquv va ilmiy amaliyotlarini xorijiy davlatlarda tashkil etishga koʻmaklashsin.
6. Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi (S. Obidov) quyidagi yoʻnalishlarda Institutga yaqindan koʻmaklashsin:
xorijlik ekspertlarni jalb etgan holda Institutning professor-oʻqituvchilari va mutaxassislari uchun malaka oshirish, jumladan, badiiy va sinxron tarjima qilish koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha kurslarni tashkil qilishda;
Institut professor-oʻqituvchilarida zamonaviy oʻqitish koʻnikmalarini shakllantirishda va ularni chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha imtihonlarga tayyorlashda;
Institutning boʻsh auditoriyalarida xorijiy tillarni oʻqitish kurslarini tashkil etish orqali talabalarga qoʻshimcha daromad topishlari uchun zarur sharoit yaratishda;
aholi va taʼlim muassasalari uchun chet tillarini oʻrganishda koʻmak beruvchi kontentlarni shartnoma asosida yaratishda.
7. Institut Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabining (keyingi oʻrinlarda — Ijod maktabi) taʼlim hamkori etib belgilansin.
Institut zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
2023-yil 1-yanvarga qadar Institutda Ijod maktabi oʻquvchilari uchun “Tarjimonlar klubi”ni tashkil etish;
Institutning professor-oʻqituvchilari va iqtidorli talabalarini Ijod maktabining taʼlim jarayoniga keng jalb qilish;
Ijod maktabi uchun malakali va chet tillarni mukammal egallagan kadrlarni tayyorlash;
Ijod maktabi oʻqituvchilarini Institutga stajirovka oʻtashga jalb qilish;
Ijod maktabi oʻquv jarayoniga chet tillari boʻyicha zamonaviy taʼlim texnologiyalari, ilgʻor va innovatsion tajribalarni joriy etish;
Ijod maktabini chet tillaridagi oʻquv va ilmiy adabiyotlar hamda elektron oʻquv resurslari bilan taʼminlash.
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:
Namangan muhandislik-qurilish institutining Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumani, “Yangiobod” MFY, Saodat koʻchasi, 28-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish;
Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumani, Toʻraqoʻrgʻon koʻchasi, 22-uy manzilida joylashgan Namangan davlat universiteti tizimidagi “Isʼhoqxon Ibrat — Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyini Institut tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
9. Namangan viloyati hokimligi (Sh. Abdurazakov):
2023-yil 1-yanvarga qadar Institutga 1 000 oʻrinli yangi oʻquv binosi va 400 oʻrinli talabalar turar joyini qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan zarur yer uchastkasi ajratilishini taʼminlasin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov) bilan birgalikda Institut talabalarining amaliyotini hududdagi korxonalar, turizm va madaniy meros obyektlari, taʼlim va boshqa tashkilotlarda oʻtkazish hamda yuqori kurs talabalarini ish haqi toʻlanadigan tizim orqali band qilish choralarini koʻrsin;
mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Institutning axborot-resurs bazasini xorijiy oʻquv, badiiy va ilmiy adabiyotlar bilan boyitib borishga koʻmaklashsin;
olis hududlardan va xorijiy mamlakatlardan kelib dars beradigan professor-oʻqituvchilarni ish davri davomida uy-joy bilan taʼminlash maqsadida Institutga yaqin hududda joylashgan koʻp qavatli uy-joylardan xizmat uylarini Institutga tekin foydalanish huquqi asosida ajratsin.
10. Institutga budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan boshqa hududlardan jalb etilgan professor-oʻqituvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, xususan, uy-joy ijarasi uchun toʻlovni kompensatsiya qilishga ruxsat etilsin.
11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A. Boboyev) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov) bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan:
Institutning Namangan viloyati hokimligi tomonidan ajratiladigan yer maydonida 1 000 oʻrinli oʻquv binosini qurish va jihozlash;
Institutga berilayotgan Namangan viloyati, Toʻraqoʻrgʻon tumani, “Yangiobod” MFY, Saodat koʻchasi, 28-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va jihozlash loyihalari Oʻzbekiston Respublikasining 2023 — 2025-yillarga moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvarga qadar Institutning 400 oʻrinli talabalar turar joyini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini taʼminlasin.
12. Belgilab qoʻyilsinki:
Institut faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro grantlar, xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Institutning dastlabki faoliyatini yoʻlga qoʻyishda unga ajratilgan bino va inshootlarni joriy taʼmirlash va jihozlash (mebel, kompyuter texnikasi, oʻquv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalarini xarid qilish, internet tarmogʻiga ulash) ishlari Namangan viloyatining mahalliy budjeti hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan teng ulushda amalga oshiriladi;
mazkur qarorni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2023-yildan boshlab — Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
13. Innovatsion rivojlanish vazirligi filologiya fanlari tarmogʻining tegishli ixtisosliklari boʻyicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, 2023-yildan boshlab Institutga doktorantura boʻyicha qabul kvotalari ajratilishini taʼminlasin.
14. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-iyun,
PQ-275-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PQ-275-son qaroriga 1-ILOVA
Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PQ-275-son qaroriga 2-ILOVA
Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini 2026-yilga qadar rivojlantirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PQ-275-son qaroriga 3-ILOVA
Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura