PQ-431-son Qaror · 28.11.2022

Sirdaryo viloyatida aholi bandligini taʼminlash va daromadini koʻpaytirish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan samarali foydalanishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-431
  • Qabul qilingan sana:28.11.2022
  • Kuchga kirgan sana:29.11.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/431/1048

Sirdaryo viloyatida aholini ish bilan taʼminlash va ularning daromadlarini oshirish, shuningdek, yer va suv resurslaridan samarali foydalangan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish maqsadida:

1. Sirdaryo viloyatini 2023-yilda “aholisi toʻliq ish bilan taʼminlangan hudud”ga aylantirish hamda viloyatni jadal surʼatlarda rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

mahallalarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi bandligini taʼminlash;

infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali ishlab chiqarishni kengaytirish hamda savdo va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish;

yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish.

2. Sirdaryo viloyatida 2023-yilda tashkil etiladigan yangi ish oʻrinlarining yigʻma maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A.A. Maxmudaliyev bilan birgalikda:

ikki oy muddatda Sirdaryo viloyatida 2023-yilda amalga oshiriladigan investitsiya, tadbirkorlik, xizmat koʻrsatish sohalariga oid loyihalarning hamda yaratiladigan yangi ish oʻrinlarining tuman va shaharlar kesimidagi roʻyxatini va ularni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xarita”larini tasdiqlasin;

investitsiya, tadbirkorlik, xizmat koʻrsatish sohalariga oid loyihalarni oʻz vaqtida va samarali tashkil etish, yangi ish oʻrinlari yaratish ustidan doimiy monitoring oʻrnatib, amalga oshirilgan ishlar haqida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

3. Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi bandligini taʼminlash yoʻnalishi doirasida:

a) shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq eksperiment tarzida mahallalarda, shu jumladan 2023-yilda Sirdaryo viloyatidagi ishsizlik darajasi yuqori boʻlgan 13 ta mahallada paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 25 — 40 ish oʻrinli tikuv-trikotaj sexlarini tashkil etish amaliyoti joriy etiladi va 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar:

paxta-toʻqimachilik klasterlariga tikuv-trikotaj sexlarini tashkil qilish bilan bogʻliq amortizatsiya qilinadigan aktivlarni olishga oid xarajatlarini foyda soligʻini hisoblashda ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlash huquqi beriladi. Bunda, mazkur soliq imtiyozi paxta-toʻqimachilik faoliyatini amalga oshirishdan olingan daromadlar joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 80 foizini tashkil qilganda tatbiq etiladi;

paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan tashkil etilgan tikuv-trikotaj sexlari egallagan yer uchastkalari va obyektlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq ushbu soliqlardan hisoblangan summaning bir foizi miqdorida undiriladi.

Moliya vazirligi masʼul idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur kichik banddan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Sirdaryo viloyati mahallalarida 2023-yilda paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan tikuv-trikotaj boʻyicha kichik ishlab chiqarish sexlarini va yangi ish oʻrinlarini tashkil etishning prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

b) Sirdaryo viloyati mahallalarida tashkil etiladigan mikromarkazlarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yoʻnalishlari bilan bir qatorda savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil qilinadi.

2023-yilda Sirdaryo viloyati mahallalarida sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

v) Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (M. Ubaydullayev) Sirdaryo viloyati hokimligi (A. Maxmudaliyev), Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev) va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda 2023 — 2025-yillar davomida hududdagi mavjud 236 ta mahalladan tajriba sifatida bir yilda har bir mahalladan besh nafargacha hunarmandchilikka qiziquvchi yigit va qizlarni respublikada mashhur boʻlgan Fargʻona, Andijon, Namangan, Buxoro viloyatlaridagi hunarmandchilik maktablariga hunar oʻrganish uchun oʻquv kurslariga yuborish choralarini koʻrsin.

Bunda, mazkur kichik banddagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish viloyat mahalliy budjeti, Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi va “Hunarmand” uyushmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

4. Infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali ishlab chiqarishni kengaytirish hamda savdo va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish yoʻnalishi doirasida:

a) yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan savdo va servis obyektlarini joylashtirish maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligining quyidagi hududlardagi jami 137,2 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarini 4-ilovaga muvofiq yer fondining boshqa toifalariga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

A-373, M-39 hamda M-34 xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻlining Sirdaryo viloyati hududidan oʻtgan qismida, shuningdek, Sirdaryo tumanining “Kamolot” va “Doʻstlik” mahallalari hududlarida (keyingi oʻrinlarda — tanlangan yer uchastkalari);

Sayxunobod tumani hokimligi balansida boʻlgan “Farovon” mahallasida;

Guliston shahri “Ulugʻobod” mahallasi hududida.

Kadastr agentligi mazkur kichik bandga asosan yer resurslarining holati toʻgʻrisidagi milliy hisobotga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.

Belgilansinki, mazkur kichik bandga muvofiq yer uchastkalari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan chiqarilishi munosabati bilan hisoblanadigan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlar, istisno tariqasida, undirilmaydi.

b) Sirdaryo viloyati hokimligi (A. Maxmudaliyev):

ikki oy muddatda yer uchastkalari olib qoʻyilayotgan yer egalari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkaziladigan zararlar belgilangan tartibda toʻliq qoplab berilishini;

ikki oy muddatda tanlangan yer uchastkalarining belgilangan tartibda zaxiraga qaytarilishi, davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi hamda elektron onlayn-auksionga chiqarilishini;

qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 5 va 5.1-ilovalarga muvofiq 2023-yilda jami 3 500 gektar foydalanishdan chiqqan yerlarning qayta foydalanishga kiritilishini va ularda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;

v) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) va Sirdaryo viloyati hokimligi (A. Maxmudaliyev) 6-ilovaga muvofiq roʻyxatga asosan viloyat hududida ommaviy savdolarga chiqarilib, uzoq muddat sotilmay turgan davlat aktivlarining baholangan narxini belgilangan tartibda qadam-baqadam pasaytirish mexanizmini qoʻllash orqali ularning auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.

4-1. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvarga qadar Sirdaryo viloyatining tumanlarida joylashgan davlat koʻchmas mulk obyektlari hamda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari uchun xarid toʻlovlarini miqdoridan qatʼi nazar, besh yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.

(4-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

5. Sirdaryo viloyati hokimligi (A. Maxmudaliyev) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda:

a) 2023-yilda quyidagi manzillarda kichik sanoat zonalarini tashkil qilish choralarini koʻrsin:

Guliston shahri “Ulugʻobod” mahallasi hududida joylashgan va yer toifasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar toifasiga oʻzgartirish taklif etilayotgan 50 gektar yer maydonida;

Sayxunobod tuman “Farovon” mahallasi hududidagi 374q, 375q, 378q, 381q, 383q va 384q-konturlarda joylashgan va yer toifasini qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar toifasiga oʻzgartirish taklif etilayotgan 32,08 gektar yer maydonida;

b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan kichik sanoat zonalarining bosh rejalari tegishli tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir oy muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;

v) kichik sanoat zonalari tashkil qilish uchun belgilangan yer uchastkalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlashni respublika budjeti va Sirdaryo viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan teng ulushlarda amalga oshirish choralarini koʻrsin;

g) kichik sanoat zonalarining bosh rejalariga asosan 2023-yil 1-fevralga qadar amalga oshiriladigan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda kelishish ishlarini yakunlasin;

d) Sirdaryo viloyatining Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyasi bilan birgalikda 2023-yil 1-martga qadar kichik sanoat zonalari bosh rejalariga asosan ularning hududini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarish choralarini koʻrsin.

Sirdaryo viloyatida 2023-yilda yangi tashkil etilishi rejalashtirilgan kichik sanoat zonalarini hamda maxsus iqtisodiy zonalarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash tadbirlarining manzilli dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish yoʻnalishi doirasida:

a) belgilansinki, 2023-yilda Sirdaryo viloyatida yangi dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun paxta va gʻalla maydonlaridan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan ekin yerlar hisobidan aholiga qoʻshimcha 4 200 gektar yer maydonlari ajratiladi;

b) 2023-yilda Sirdaryo viloyatida foydalanishdan chiqib ketgan 3 500 gektar ekin yerlar suv taʼminotini yaxshilash hisobidan qayta foydalanishga kiritiladi.

Bunda, mazkur kichik bandda nazarda tutilayotgan yer maydonlari tashabbuskorlar tomonidan, shuningdek, yangi dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov asosida taqdim etilgan holda qayta foydalanishga kiritiladi;

v) Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov, X. Karimov), Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A.A. Maxmudaliyev va Sirdaryo viloyati tumanlari hokimlari bilan birgalikda quyidagilarni taʼminlasin:

2023-yil 1-yanvarga qadar Sirdaryo viloyatida 2023-yilda aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladigan ekin maydonlarining tuman (shahar) hokimliklarining zaxirasiga belgilangan tartibda qaytarilishi va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;

davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ekin maydonlarining suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlarida — kamida 0,30 gektarga hamda kam suvli yerlarida — kamida 0,5 gektarga, issiqxona tarmogʻi keng rivojlangan mahallalarda isitish tizimlarini oʻrnatmagan holda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish uchun — kamida 0,10 gektarga teng boʻlgan hajmlarda lotlarga ajratilib, bir oy ichida ochiq elektron tanlovga qoʻyilishini. Mazkur qoida yangi dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun ekin yerlarni ochiq elektron tanlovga qoʻyishda tatbiq etiladi;

2023-yil 1-aprelga qadar Sirdaryo viloyatida 2023-yilda aholiga tarqatiladigan ekin yerlarning ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilishini;

ekin maydonlarga qishloq xoʻjaligi ekinlari “Bir hudud — bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda ekilishini taʼminlasin;

g) Kadastr agentligi (F. Pulatov) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov) hamda Sirdaryo viloyati hokimligi (A. Maxmudaliyev) bilan birgalikda 2023-yil 1-mayga qadar Sirdaryo viloyatida 2023-yilda aholiga mazkur qaror ijrosi doirasida ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilib, yer uchastkasiga ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ekin yerlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin;

d) Sirdaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.

Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

Sirdaryo viloyatida yerlarni qayta foydalanishga kiritish uchun artezian quduqlarni qazish, lotoklar oʻtkazish, zovur qazish va drenajlar qurish, transformator oʻrnatish va elektr energiyasi tarmoqlarini tortish, tashkil etilgan infratuzilmalarni saqlash;

yomgʻirlatib sugʻorish tizimini joriy etish;

oʻsimliklarni himoya qilish;

e) Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Jamgʻarmaga Davlat budjetidan 2022-yilda 50 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.

(6-band “e” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Sirdaryo viloyati hokimligi (A. Maxmudaliyev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) va Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov) bilan birgalikda ikki hafta muddatda Sirdaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Quyidagilar:

Sirdaryo viloyatida 2023-yilda yangi dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov orqali beriladigan ekin maydonlarining koʻrsatkichlari 8-ilovaga muvofiq;

Sirdaryo viloyatida 2023 — 2026-yillarda qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarni kengaytirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) Sirdaryo viloyati hokimligi (A. Maxmudaliyev) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 10-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

10. Sirdaryo viloyati hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi A.A. Maxmudaliyev belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 28-noyabr,

PQ-431-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 1-ILOVA

Sirdaryo viloyatida 2023-yilda tashkil etiladigan yangi ish oʻrinlarining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 2-ILOVA

Sirdaryo viloyati mahallalarida 2023-yilda paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan tikuv-trikotaj boʻyicha kichik ishlab chiqarish sexlarini va yangi ish oʻrinlarini tashkil etishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 3-ILOVA

2023-yilda Sirdaryo viloyati mahallalarida sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik, chorvachilik, savdo va xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning

Izoh: Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining asoslangan takliflariga muvofiq, mazkur manzilli roʻyxatga Vazirlar Mahkamasining qarori bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 4-ILOVA

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazilayotgan yer uchastkalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 5-ILOVA

Sirdaryo viloyati tumanlarida 2023-yilda qayta foydalanishga kiritiladigan ekin yerlarning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 5.1-ILOVA

Sirdaryo viloyatida 2023-yilda qayta foydalanishga kiritiladigan yer uchastkalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 6-ILOVA

Sirdaryo viloyatida ommaviy savdolarga chiqarilib, uzoq muddat sotilmay turgan, dastlabki narxini qadam-baqadam pasaytirish mexanizmini qoʻllash orqali auksion savdolariga chiqariladigan davlat aktivlari

Izoh: narxni qadam-baqadam pasaytirishda “bir qadam” aktivning baholangan qiymatini 10 foizini tashkil etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 7-ILOVA

Sirdaryo viloyatida 2023-yilda yangi tashkil etilishi rejalashtirilgan kichik sanoat zonalarini va maxsus iqtisodiy zonalarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash tadbirlarining

* Infratuzilmalar uchun talab etiladigan mablagʻlar koʻrsatkichlariga loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlangandan soʻng oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 8-ILOVA

Sirdaryo viloyatida 2023-yilda yangi dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun aholiga ochiq elektron tanlov orqali beriladigan hamda tashabbuskorlar tomonidan oʻzlashtiriladigan ekin maydonlarining koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 9-ILOVA

Sirdaryo viloyatida 2023 — 2026-yillarda qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarni kengaytirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmlarini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qaroriga 10-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qarori 1-bandining “a” kichik bandidagi “195 169” raqami “196 655” raqami bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-373-son qarorida:

a) 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

b) 1.10-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.10-ILOVA

Sirdaryo viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.