PQ-428-son Qaror · 18.11.2022

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-428
  • Qabul qilingan sana:18.11.2022
  • Kuchga kirgan sana:22.11.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/428/1027

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmoniga muvofiq Toshkent shahri aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini toza ichimlik suv bilan taʼminlash, oqova suv xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, sohaga ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiq texnologiyalarni tatbiq qilish, mavjud ichimlik suv taʼminoti hamda oqova suv tarmoqlari va inshootlarini modernizatsiya qilish, suv resurslari sifati va xavfsizligini monitoring qilishning samarali tizimini yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Toshkent shahri hokimligi, “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ va “SUEZ International SAS” (Fransiya) kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) oʻrtasida 2020-yil 7-mart kuni “Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) boʻyicha 7 yil davomida amal qiladigan birgalikda boshqarish toʻgʻrisida shartnoma (keyingi oʻrinlarda — Shartnoma) tuzilganligi;

b) Loyihaning umumiy qiymati — 218,8 mln yevroni, shu jumladan:

Yevropa banklarining kredit mablagʻlari — 154,5 mln yevroni;

Oʻzbekiston Respublikasining ulushi — 64,3 mln yevroni tashkil etishi;

v) ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasigacha koʻtarish maqsadida Kompaniya Toshkent shahridagi ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini birgalikda boshqarishga jalb etilishi;

g) Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini takomillashtirish maqsadida ichimlik suv isteʼmolining nazorati va hisobini yuritishda elektron suv hisoblagichlardan keng foydalanish, innovatsion texnologiyalar, uskunalar va dasturiy taʼminotni tatbiq etish, shuningdek, suv taʼminoti va oqova suv tizimi obyektlarini raqamlashtirishda sohada ilgʻor uskuna va texnologiyalarni qoʻllash, zarur maʼlumotlarni kiritish, saqlash, davriy tarzda yangilash va onlayn rejimda monitoring olib borishni nazarda tutuvchi yagona tizim joriy qilinishi;

d) Loyiha doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish va unga bevosita rahbarlik qilish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq Kompaniyaning doimiy muassasasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi;

e) Kompaniya tomonidan ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimlarini qurish, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish boʻyicha mahalliy soha mutaxassislarini zamonaviy jahon standartlari asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish nazarda tutilganligi;

j) Loyihani moliyalashtirish uchun:

Fransiya Gʻaznachiligi Oʻzbekiston Respublikasiga 33,4 mln yevro miqdorida qarz;

“Deutsche Bank” banki Oʻzbekiston Respublikasiga Fransiyaning “BPI France” investitsiya banki tomonidan sugʻurtalangan 98,8 mln yevro miqdorida qarz;

“Deutsche Bank” banki Oʻzbekiston Respublikasiga 22,3 mln yevro miqdorida muayyan maqsadli tijorat krediti sifatida qarz ajratayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishdan kutilayotgan asosiy koʻrsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Fransiya Gʻaznachiligi qarzining birinchi transhidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq;

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Fransiya Gʻaznachiligi qarzining ikkinchi transhidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 4-ilovaga muvofiq;

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Fransiyaning “BPI France” investitsiya banki tomonidan sugʻurtalangan “Deutsche Bank” banki qarzining birinchi transhidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 5-ilovaga muvofiq;

“Toshkent shahri ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Fransiyaning “BPI France” investitsiya banki tomonidan sugʻurtalangan “Deutsche Bank” banki qarzining ikkinchi transhidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 6-ilovaga muvofiq;

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida “Deutsche Bank” bankining muayyan maqsadli tijorat kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Loyiha doirasida jalb qilingan qarz mablagʻlaridan oqilona foydalanish va Loyihani samarali amalga oshirish uchun Toshkent shahri hokimligi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ masʼul hisoblanadi;

asosiy qarzni qaytarish, foizlar, komissiya, qarzga xizmat koʻrsatish toʻlovi hamda Loyihani amalga oshirishni moliyalashtirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni qoplash Toshkent shahri mahalliy budjetining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

4. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayevga Loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Fransiya Respublikasi Hukumati nomidan ish koʻruvchi “Natixis” banki bilan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi nomidan “Deutsche Bank” banki bilan qarz bitimlarini imzolash vakolati berilsin.

5. Adliya vazirligi Loyiha doirasida qarz bitimlariga belgilangan tartibda yuridik xulosalar berilishini taʼminlasin.

6. Kompaniyaga:

“Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ obyektlarining kartografiya materiallari, loyiha-texnik hujjatlari, muhandislik infratuzilmasi, Toshkent shahri suv taʼminoti hamda oqova suv tizimlarining sxemalari va chizmalaridan foydalanish;

Loyihani amalga oshirish doirasida suv taʼminoti, oqova suv tarmoqlari va boshqa obyektlarda asbob va oʻlchash vositalarini oʻrnatish maqsadida, Toshkent shahri hokimligi bilan kelishgan holda, zaruratga koʻra, belgilangan tartibda alohida muhim va toifalangan obyektlar hamda inshootlarga (suv olish, suv taʼminoti va oqova suv tozalash inshootlari, nasos stansiyalari va tarmoqlari) kirish huquqi berilsin.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ bilan birgalikda ushbu bandga muvofiq tegishli materiallardan foydalanish va obyektlarga kirish masalalarida Kompaniyaga koʻmaklashsin.

7. Kompaniya Loyihani amalga oshirish doirasida imzolangan Shartnomaga muvofiq Toshkent shahrida:

yuridik shaxslardan tashqari isteʼmolchilarning barcha toifalari uchun ichimlik suv isteʼmolining nazorati va hisobini yuritish boʻyicha masofadan maʼlumot uzatuvchi “aqlli” suv hisoblagichlarning toʻliq oʻrnatilishiga;

ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimlari obyektlariga oid barcha zarur maʼlumotlarni kiritish, saqlash, davriy ravishda yangilash va real vaqt rejimida monitoring qilish boʻyicha yagona axborot tizimining joriy etilishiga;

ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimi isteʼmolchilarining toʻlovlari va hisobi maʼlumotlari respublika yagona billing tizimining (Uzwater) joriy etilishiga va unga toʻliq integratsiya qilinishiga;

Shartnomada belgilangan boshqa tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishiga masʼul etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

8. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda “Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida ichimlik suvni hisobga olish va nazorat qilishning “aqlli” uskunalarini sotib olish, oʻrnatish va foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlashga oid Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, Loyihani amalga oshirish doirasida hosil boʻladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlari hisobidan toʻlanadi, toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

10. “Oʻzsuvtaʼminot” AJning buyurtmanomalariga binoan:

Tashqi ishlar vazirligi — Loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirmasdan, zarur hollarda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini (muddati uzaytirilishini);

Ichki ishlar vazirligi — Kompaniya va uning yordamchi pudrat tashkilotlarining xorijiy mutaxassislari hamda ularning oila aʼzolariga koʻp martalik viza muddatlari uzaytirilishini, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini;

(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi — xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.

11. Bosh prokuratura (E.T. Yuldashev) Loyiha doirasida jalb qilingan qarz va kredit mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

12. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) Loyiha doirasida jalb qilingan mablagʻlarning ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.

13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Hidoyatov va Toshkent shahri hokimi J.A. Ortiqxoʻjayev belgilansin.

14. Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, shuningdek, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 18-noyabr,

PQ-428-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-428-son qaroriga 1-ILOVA

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari

* Loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan keyin hamda tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalariga koʻra aniqlanadi.

** “Deutsche Bank” banki kreditlari boʻyicha foizlarni kapitallashtirish mablagʻlarni oʻzlashtirish surʼatidan kelib chiqib hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-428-son qaroriga 2-ILOVA

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishdan kutilayotgan asosiy koʻrsatkichlar

Izoh: mazkur asosiy koʻrsatkichlar Loyihani amalga oshirish jarayonida aniqlashtirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-428-son qaroriga 3-ILOVA

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Fransiya Gʻaznachiligi qarzining birinchi transhidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali

* Toʻlov davrining aniq sanalari mablagʻ yechib olingandan soʻng Fransiya Gʻaznachiligi tomonidan taqdim etiladi.

** Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda Fransiya Hukumati tomonidan belgilanadigan tijorat foiz stavkasi (CIRR) 2022-yil 15-noyabr holatiga oʻrtacha 3,17 foizga teng deb hisoblangan.

*** Majburiyat uchun toʻlov birinchi mablagʻ yechib olingan kundan boshlab hisoblanadi.

**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-428-son qaroriga 4-ILOVA

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Fransiya Gʻaznachiligi qarzining ikkinchi transhidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali

* Toʻlov davrining aniq sanalari mablagʻ yechib olingandan soʻng Fransiya Gʻaznachiligi tomonidan taqdim etiladi.

** Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda Fransiya Hukumati tomonidan belgilanadigan tijorat foiz stavkasi (CIRR) 2022-yil 15-noyabr holatiga oʻrtacha 3,17 foizga teng deb hisoblangan.

*** Majburiyat uchun toʻlov birinchi mablagʻ yechib olingan kundan boshlab hisoblanadi.

**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-428-son qaroriga 5-ILOVA

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Fransiyaning “BPI France” investitsiya banki tomonidan sugʻurtalangan “Deutsche Bank” banki qarzining birinchi transhidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali

* Toʻlov davrining aniq sanalari qarz bitimi imzolangandan soʻng aniqlanadi.

** Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda 6 oylik EURIBOR 2022-yil 15-noyabr holatiga 2,30 foizga teng deb hisoblangan.

*** Majburiyat uchun toʻlov qarz bitimi imzolangan kundan boshlab hisoblanadi.

**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-428-son qaroriga 6-ILOVA

“Toshkent shahri ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida Fransiyaning “BPI France” investitsiya banki tomonidan sugʻurtalangan “Deutsche Bank” banki qarzining ikkinchi transhidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali

* Toʻlov davrining aniq sanalari qarz bitimi imzolangandan soʻng aniqlanadi.

** Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda 6 oylik EURIBOR 2022-yil 15-noyabr holatiga 2,30 foizga teng deb hisoblangan.

*** Majburiyat uchun toʻlov qarz bitimi imzolangan kundan boshlab hisoblanadi.

**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-428-son qaroriga 7-ILOVA

“Toshkent shahri ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” loyihasi doirasida “Deutsche Bank” bankining muayyan maqsadli tijorat kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali

* Toʻlov davrining aniq sanalari qarz bitimi imzolangandan soʻng aniqlanadi.

** Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda 6 oylik EURIBOR 2022-yil 15-noyabr holatiga 2,30 foizga teng deb hisoblangan.

*** Majburiyat uchun toʻlov qarz bitimi imzolangan kundan boshlab hisoblanadi.

**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlashtiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.