PQ-69-son Qaror · 23.02.2023

Qishloq xoʻjaligida aholi bandligini oshirish va yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-69
  • Qabul qilingan sana:23.02.2023
  • Kuchga kirgan sana:24.02.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/69/0106

Amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, yerdan oqilona foydalanish va koʻp qavatli ishlab chiqarish binolarini qurishni hamda hududlarning sanoat salohiyatini kengaytirishni soliq yukini pasaytirish hisobiga ragʻbatlantirish maqsadida:

1. 2023-yil 1-apreldan 2024-yil 1-mayga qadar eksperiment tariqasida respublika budjetidan paxta va (yoki) gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga ularning ishchilarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini bir vaqtning oʻzida quyidagi shartlarga rioya qilinganda qaytarib berish tartibi joriy etilsin:

qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan har bir gektar yer uchun oyiga kamida bir nafar ishchining bandligi taʼminlanganda;

har bir nafar ishchi uchun oyiga mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromad mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanganda;

paxta va (yoki) gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaligi oʻtgan yil yakuni boʻyicha Soliq kodeksining 57-moddasi talablariga javob berganda.

2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qoʻmitasi bir oy muddatda respublika budjetidan paxta va (yoki) gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarining hisob raqamlariga ularning ishchilarining mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlari boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisobot oyidan keyingi oyning 25 sanasidan keyin toʻliq miqdorda qaytarishning avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqsin.

3. Belgilansinki, 2023-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlari yangi qurilgan koʻp qavatli ishlab chiqarish binolari, shu jumladan 2023-yil 1-yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar yuzasidan (respublikaning shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida joylashgan binolar bundan mustasno) yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha hisoblangan summani uch qavatli binoga — 0,9, toʻrt qavatli binoga — 0,8, besh qavatli binoga — 0,7, olti qavatli binoga — 0,6, yetti va undan yuqori qavatli binoga — 0,5 pasaytiruvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda, bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq boʻlmagan muddatga toʻlaydi. Bunda, ushbu bandda belgilangan pasaytiruvchi koeffitsiyent:

mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yordamchi xonalar bilan (ofis uchun xonalar va oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni sotish uchun, kasbni egallash maqsadida tashkil etilgan oʻquv-ishlab chiqarish xonalari va h.k.) birga, agar ularning maydoni yangi qurilgan koʻp qavatli ishlab chiqarish binosining umumiy maydonining 20 foizidan oshmagan boʻlsa;

ishlab chiqarish maqsadlarida bino bir nechta xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan birgalikda foydalanilayotgan boʻlsa, bunday binoning har bir mulkdori tomonidan qoʻllaniladi.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 23-fevral,

PQ-69-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.