PQ-57-son Qaror · 16.02.2023

2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-57
  • Qabul qilingan sana:16.02.2023
  • Kuchga kirgan sana:17.02.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/57/0093

Ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy qilish maqsadida:

1. Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2023-yil uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari qoʻllab-quvvatlansin:

umumiy quvvati 4 300 MVt boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, shu jumladan 2 100 MVt — yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1 200 MVt — ijtimoiy soha obyektlari, xoʻjalik subyektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda oʻrnatiladigan quyosh panellari, 550 MVt — tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish, isteʼmolchilarni muqobil energiyaga oʻtkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish orqali 2023-yilda qoʻshimcha 5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 4,8 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish;

ushbu maqsadlarga jami 15,4 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirish, shu jumladan 13,4 milliard AQSH dollari — davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida investorlar mablagʻlari, 1,1 milliard AQSH dollari — tijorat banklari kreditlari, 610 million AQSH dollari — korxonalarning oʻz mablagʻlari, 150 million AQSH dollari — xorijiy moliyaviy tashkilotlar mablagʻlari va 100 million AQSH dollari ekvivalentidagi Davlat budjeti mablagʻlari.

2. Davlat-xususiy sheriklik asosida 2023-yilda 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga hamda yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini elektr uzatish tarmoqlariga ulash boʻyicha loyihalarning manzilli roʻyxati 1a-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur loyihalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov hamda Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Sh.A. Vafayev zimmasiga yuklatilsin.

3. Strategik islohotlar agentligi (Sh. Vafayev) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov) bilan birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va elektr energiyasi tarmoqlarini modernizatsiya qilish boʻyicha loyihalar uchun 2023-yil 1-iyulga qadar xalqaro moliyaviy tashkilotlardan qoʻshimcha 2 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha kelishuvlar imzolanishini taʼminlasin.

4. Energetika vazirligiga 2023-yil 1-sentabrga qadar yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyihalar doirasida budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xalqaro va mahalliy loyiha-qidiruv institutlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan holda qurilish maydonlarida oʻrganishlar oʻtkazishga ruxsat berilsin.

5. 2023-yilda 20 mingta ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur rejaning bajarilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.

6. Energetika vazirligi hamda tijorat banklarining ijtimoiy soha obyektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasini (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki:

Kompaniya oʻz hisobidan davlat organlari va tashkilotlari bino-inshootlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatganda, ushbu bino-inshootlarning tegishli qismlaridan ijara huquqi asosida bepul foydalanadi. Bunda, ijara shartnomalari belgilangan tartibda soliq organlarida roʻyxatdan oʻtkaziladi;

Kompaniyaga mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilardan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini va ularning ehtiyot qismlarini xarid qilish, oʻrnatish va ularga servis xizmatlarini koʻrsatish uchun eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalariga koʻra toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

7. Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) uch kun muddatda mazkur qarorga 2-ilovadagi reja bajarilishining oyma-oy grafigini tasdiqlasin va uning ijrosi yuzasidan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

Vazirliklar, davlat idoralari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari oʻzlarining tuzilmalaridagi idora va tashkilotlarning binolarida quyosh panellari oʻrnatilishiga shaxsan javob berishi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilsin.

8. Savdo sanoat palatasi va tijorat banklarining 3-ilovaga muvofiq 2023-yilda jami 11 ming nafar tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari oʻrnatish hamda kichik fotoelektr stansiyalarini barpo etish rejasi qoʻllab-quvvatlansin.

Mazkur rejalar toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik Markaziy bank raisining oʻrinbosari A.A. Turdaliyev va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining investitsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.

9. Belgilansinki:

a) umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan va ulardan foydalanuvchi shaxslar, ular foydalanishga topshirilgan kundan eʼtiboran uch yil muddatga, quyidagi soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi:

ushbu qurilmalar boʻyicha — yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni, alohida turuvchi qurilmalar bilan band boʻlgan yer uchastkalari boʻyicha — yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini, elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotishdan olingan foyda boʻyicha — foyda soligʻini;

uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻini.

Agar qurilmalar oʻrnatilayotgan quyosh panellari quvvatining 25 foizidan kam boʻlmagan quvvatni tashkil etadigan elektr energiyasini saqlash tizimi bilan oʻrnatilgan boʻlsa, ushbu kichik bandda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari ular foydalanishga topshirilgan kundan boshlab oʻn yil muddatga qoʻllaniladi.

Ushbu kichik bandda belgilangan soliq imtiyozlari jismoniy shaxslarga ular tomonidan umumiy quvvati 1 kVtdan ortiq boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilganda har bir obyekt boʻyicha bir marotaba qoʻllaniladi.

Bunda soliq imtiyozlarining yillik miqdori jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan, jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi boʻyicha esa — bazaviy hisoblash miqdoridan oshmasligi lozim;

b) 2023-yil 1-martdan boshlab yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda koʻrsatilgan quvvatdan yuqori boʻlmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qoʻshimcha texnik shart olish talab etilmaydi.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-13-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2024-y., 07/24/13/0013-son)

10. Belgilansinki, tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan xorijiy investorlarga:

qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va (yoki) hududiy elektr tarmoqlariga oʻrnatilgan tariflarda, boshqa isteʼmolchilarga oʻzaro kelishilgan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan, shu jumladan uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishga;

boshqa shaxslarga tegishli obyektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishga ruxsat beriladi.

11. Shunday tartib oʻrnatilsinki:

qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan oy davomida yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan va isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmining hisobi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ billing tizimida yuritilib, oy yakuni bilan tarmoqqa uzatilgan va isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmi oʻrtasidagi tafovutga asosan oʻzaro hisob-kitob qilinadi. Bunda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini saqlab berish xizmati uchun haq olinmaydi;

(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 22-sentabrdagi PF-202-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.09.2026-y., 06/26/202/0965-son)

12. Markaziy bank va tijorat banklarining tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish va oʻrnatish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish uchun 2023-yil 1-martdan boshlab “yashil energiya” bank moliya produktini amalga kiritish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.

13. Energetika vazirligi ikki hafta muddatda:

fotoelektr stansiyalarini, shu jumladan kichik quvvatli qurilmalarni oʻrnatish uchun qulay boʻlgan istiqbolli maydonlar roʻyxatini eʼlon qilsin;

Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda qiziqish bildirgan tadbirkorlarga elektr energiyasini sotish boʻyicha namunaviy shartnoma va texnik talablar yetkazilishini taʼminlasin.

14. Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov, F. Arziyev) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov) hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda bir oy muddatda Xitoy kompaniyalarini jalb qilgan holda respublika hududlarida quyosh panellarini yetkazib berish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi qoʻshma korxonalar tashkil etish boʻyicha aniq loyihalar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

15. 2023-yil 1-apreldan boshlab respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish boʻyicha “Quyoshli xonadon” dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirilsin.

2023-yilda 37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dastur doirasida:

a) jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda oʻrnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga Davlat budjetidan 1 000 soʻmdan subsidiya ajratiladi (keyingi oʻrinlarda — subsidiya). Bunda:

subsidiya har oy yakuni bilan jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan energiya hajmi va tizimdan isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmi oʻrtasidagi ijobiy tafovut miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi;

subsidiya toʻlovlari jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi;

subsidiya soliq organlari tomonidan har oyda “Soliq” mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar fuqarolarning bank plastik kartalariga oʻtkazib beriladi;

b) jismoniy shaxslar tomonidan yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasi hajmi:

oy davomida yagona elektr energetika tizimidan isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmidan koʻp boʻlgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga toʻlov qilinmaydi;

oy davomida yagona elektr energetika tizimidan isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmidan kam boʻlgan taqdirda, shu oy uchun elektr energiyasi boʻyicha toʻlovlar isteʼmol qilingan va uzatilgan elektr energiyasi farqidan kelib chiqib hisoblanadi;

v) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tekinga olingan elektr energiyasi daromad sifatida hisobga olinmaydi.

16. Belgilansinki:

Dastur doirasida subsidiyalarni ajratish va hisob-kitob qilish tizimining toʻlaqonli ishlashi Markaziy bank (M. Nurmuratov), Soliq qoʻmitasi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U. Mustafoyev) tomonidan taʼminlanadi;

Dasturni amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti daromadlari boʻyicha prognozning oshirib bajarilgan qismi hamda 2023-yil 1 chorak yakunlari boʻyicha Davlat budjeti xarajatlarini maqbullashtirish hisobidan moliyalashtiriladi;

Dasturning bajarilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatiladi;

Dasturning uzluksiz va shaffof ishlashini nazorat qilish Bosh prokuror oʻrinbosari Sh. Aminov zimmasiga yuklatiladi.

17. 2023-yilda foydalanishga topshiriladigan 765 ta koʻp qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan taʼminlash rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ushbu rejaning bajarilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zokirov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.

18. 2023-yil 1-maydan boshlab yangi koʻp qavatli uylar qurilishini loyihalashtirishda ularning tomlari boʻsh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini oʻrnatish talabi joriy qilinsin.

(18-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)

Quruvchi tashkilot qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uylarning tom qismiga oʻrnatilgan quyosh panellarini elektr tarmogʻiga ulashni taʼminlaydi. Quyosh panellari elektr tarmogʻiga ulanmagan koʻp kvartirali uylar foydalanishga qabul qilinmaydi.

(18-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 07/26/48/0119-son)

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B. Zokirov):

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda koʻp qavatli uylarda quyosh panellarini oʻrnatish va ularga xizmat koʻrsatish kompaniyalari tashkil qilinishini taʼminlasin;

Energetika vazirligi (J. Mirzamahmudov) va Bojxona qoʻmitasi (A. Mavlonov) bilan birgalikda bir oy muddatda respublika hududlaridagi quyosh panellarini oʻrnatish va ularga xizmat koʻrsatish kompaniyalari mutaxassislarida zarur koʻnikmalarni shakllantirgan va texnik maʼlumotlar yetkazgan holda ularning malakasini oshirsin.

19. Bojxona qoʻmitasi (A. Mavlonov):

a) Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya taʼminotini tashkil etish uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi va ularning ehtiyot qismlari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni qabul qilish;

belgilangan standart talablariga mos kelmaydigan quyosh panellari respublika hududiga olib kirilishining oldini olish boʻyicha samarali choralar koʻrsin;

b) bir hafta muddatda quyosh panellarini import qilishni soddalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)

19-1. Energetika vazirligi (Sh. Xodjayev):

a) foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylarga quyosh panellarining sifatli oʻrnatilishini doimiy nazoratga olsin;

b) mazkur qarorning 18-bandida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;

v) amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha hamda foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylarda quyosh panellarini oʻrnatish ishlarini jadallashtirish yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hisobot kiritib borsin.

(19-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)

20. Respublika hududlarida kichik va mikro gidroelektrstansiyalar barpo etish boʻyicha 103 ta loyihaning manzilli roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur loyihalarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda ishga tushirishni taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi A.A. Sanginov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklatilsin.

21. 2023-yilda 5 407 ta ijtimoiy soha obyektlarining lokal isitish tizimlarini koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur reja ijrosini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.

Vazirlar Mahkamasi (A. Ramatov) uch kun muddatda mazkur qarorga 7-ilovadagi reja koʻrsatkichlari bajarilishining oyma-oy grafigini tasdiqlasin va ijrosi yuzasidan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) ikki hafta muddatda ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

22. 2023-yilda 1147 ta issiqxonalar va 250 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish reja koʻrsatkichlari va manzilli roʻyxatlari mos ravishda 8-, 8a-, 8b-, 8v-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, respublika hududlaridagi:

issiqxonalarni koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish boʻyicha shaxsiy javobgarlik qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatiladi;

mazkur qarorga 8a-, 8b- va 8v-ilovalarga muvofiq qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish boʻyicha shaxsiy javobgarlik qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Sh.S. Xidoyatov, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi S.S. Annaklichev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatiladi.

23. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev):

tijorat banklari bilan birgalikda koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkaziladigan korxonalarga uskunalarni xarid qilish uchun kredit mablagʻlari oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasin;

koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazilgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishda kafolatlangan ragʻbatlantirish choralarini koʻrib borsin;

koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazilgan korxonalarda import koʻmir mahsulotlari hamda tegishli uskunalarni olib kelishda yuzaga keladigan muammoli masalalarni zudlik bilan hal qilib borsin;

mahalliy issiqxona xoʻjaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarning asosiy eksport bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish maqsadida ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

(24-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-116-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2023-y., 06/23/116/0579-son)

24. Energetika vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qarorga 8-, 8a-, 8b- va 8v-ilovalarda belgilangan tadbirkorlik subyektlari uchun zarur miqdorda import koʻmir yetkazib berilishini taʼminlasin.

Transport vazirligi (I. Mahkamov) 2023-yil 1-apreldan boshlab import koʻmirni respublika hududida temir yoʻl transportida tashishda tashish masofasidan qatʼi nazar oʻrnatilgan tariflarga 50 foiz chegirma qoʻllanilishini taʼminlasin.

25. Belgilansinki, 2023-yil 1-maydan boshlab:

yangi tashkil etiladigan issiqxona xoʻjaliklari hamda sement, gʻisht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi;

respublikadagi barcha yoqilgʻi (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi taʼminotining kamida 50 foizi ushbu obyektlarda oʻrnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.

26. Quyidagilar:

2023-yilda respublika hududlarida elektr tarmoqlaridagi yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha reja koʻrsatkichlari 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda ushbu koʻrsatkichlar bajarilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik Bosh prokuror N.T. Yoʻldoshev, energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi U.M. Mustafoyev zimmasiga yuklatilsin;

2023-yilda respublikadagi yirik sanoat korxonalarida yoqilgʻi-energiya resurslarini tejashning reja koʻrsatkichlari va amaliy chora-tadbirlar rejasi 10- va 10a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin hamda ushbu koʻrsatkichlar bajarilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev, energetika vazirining birinchi oʻrinbosari A.I. Axmedxadjayev, togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B.F. Islamov, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi oʻrinbosari N.Q. Xolmurodov hamda 10-ilovaga muvofiq rahbarlar zimmasiga yuklatilsin.

27. Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) ikki hafta muddatda 11-ilovaga muvofiq 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida koʻmir kogeneratsion texnologiyalarini joriy etish orqali markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha 15 ta loyihaning manzilli roʻyxati, ularni moliyalashtirish manbalari va amalga oshirish muddatlarining oyma-oy grafiklarini tasdiqlasin.

28. Energetika vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda amaldagi qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar hamda zarur nizom, tartib va qoidalar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

29. Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov):

mazkur qarorga ilovalarda belgilangan reja koʻrsatkichlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida bir hafta muddatda barcha ilovalar boʻyicha tarmoq jadvallari va manzilli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;

belgilangan reja koʻrsatkichlari ijrosi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatib, har oy ijrosi yuzasidan barcha hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini Vazirlar Mahkamasi Rayosat majlislarida tanqidiy koʻrib borsin;

ushbu qaror ijrosi doirasida zaruriyatdan kelib chiqib, loyihalar parametrlari, chora-tadbirlar va reja koʻrsatkichlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda aniqlashtirish va oʻzgartirishlar kiritib borsin.

30. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 16-fevral,

PQ-57-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 1-ILOVA

2023-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarining

* loyihalar roʻyxati va parametrlariga investorlar bilan muzokaralar yakunlari boʻyicha Energetika hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklarining takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan aniqlik kiritilishi mumkin.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentabrdagi PF-139-sonli Farmoni tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 1a-ILOVA

2023-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini elektr uzatish tarmoqlariga ulash boʻyicha loyihalarning manzilli

Izoh: loyihalar roʻyxati va parametrlariga investorlar bilan muzokaralar yakunlari boʻyicha Energetika xamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklarining takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan xolda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan aniqlik kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 2-ILOVA

Ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 3-ILOVA

Tadbirkorlarning bino va inshootlarida oʻrnatiladigan quyosh panellari hamda kichik FESlarni barpo etish

* Enercon (Singapur) kompaniyasi tomonidan 100 MVt DXSH loyihalar amalga oshiriladi.

** EDF (Fransiya) kompaniyasi tomonidan 100 MVt DXSH loyihalar amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 4-ILOVA

Aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 5-ILOVA

2023-yilda foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 6-ILOVA

2023-yilda respublika hududlarida kichik va mikro gidroelektrstansiyalarni barpo etish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 7-ILOVA

2023-yilda ijtimoiy soha obyektlarining lokal isitish tizimlarini koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 8-ILOVA

2023-yilda issiqxona va qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish

* loyihalarni amalga oshirish 2023-yilda boshlanadi hamda 2024-yildan sement zavodlari toʻliq koʻmirga oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 8a-ILOVA

Sement ishlab chiqaruvchi korxonalarni koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 9-ILOVA

2023-yilda respublika hududlarida elektr tarmoqlaridagi yoʻqotishlarni kamaytirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 10-ILOVA

2023-yilda respublikadagi yirik sanoat korxonalarida yoqilgʻi-energiya resurslarini tejashning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 10a-ILOVA

2023-yilda respublikadagi yirik sanoat korxonalarida yoqilgʻi-energiya resurslarini tejashning amaliy chora-tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga 11-ILOVA

2023-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida koʻmir kogeneratsion texnologiyalarini joriy etish orqali markazlashgan issiqlik energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha loyihalarning

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.