Mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash, tayyor mebel mahsulotlari eksportini ragʻbatlantirishni kuchaytirish, sohaga malakali kadrlarni jalb etish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-fevraldan 2024-yil 1-yanvarga qadar:
tayyor mebel mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlariga xorijdagi ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish xarajatlarining bir qismini Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab berishda mazkur noturar joylar maydoniga qoʻyilgan meʼyor koʻrsatkichi 100 kvadrat metrdan 250 kvadrat metrga oshiriladi;
yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalar tomonidan injener-texnolog, lak va boʻyoq sepish ustasi, dizayner kabi xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda, ular ish haqining 25 foizi, biroq mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 9 barobaridan koʻp boʻlmagan qismi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlari eksport hajmi har chorakda 1 million dollardan ortgan korxonalarga chorak yakuni bilan kelgusi oyning 10-sanasigacha taqdim etilgan hujjatlar asosida toʻlanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5155-son qaroriga 2-ilovada nazarda tutilgan xom ashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkalari qoʻllanilishi 2024-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin.
3. 2023-yil 1-fevraldan 2024-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda 1-ilovaga muvofiq mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qoʻllanilsin.
4. Suv xoʻjaligi vazirligining Fargʻona viloyati, Furqat tumani Qoʻqonboy mahallasidagi suv xoʻjaligi binosini Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda, Fargʻona viloyati hokimligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur binoni mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobidan qayta taʼmirlash, infratuzilma, axborot-kutubxona markazi, asbob-anjomlar, moddiy-texnika va xom ashyo bazasi bilan taʼminlash hamda yogʻoch oʻymakorligi, mebelsozlik, zardoʻzlik va naqqoshlik kabi milliy hunarmandchilik sohasiga ixtisoslashgan zamonaviy umumtaʼlim maktabini tashkil etish yuzasidan xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashiga taklif kiritish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5155-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
6. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ikki oy muddatda:
respublikada faoliyat koʻrsatayotgan mebelsozlik korxonalarini Mebel va yogʻochsozlik sanoati uyushmasi tomonidan toʻliq qamrab olishni ragʻbatlantirish;
mahalliy mebel ishlab chiqaruvchi korxonalarni inventarizatsiyadan oʻtkazish asosida ularning roʻyxati, ishlab chiqariladigan mahsulot turlari, quvvatlari va boshqa koʻrsatkichlari elektron bazasini shakllantirish;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 10-fevral,
PQ-51-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-51-son qaroriga1-ILOVA
2024-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladigan, mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PQ-51-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5155-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 7-bandda “2023-yil” soʻzlari “2024-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 1-ilovada:
a) 3-pozitsiyaning “Kichik sanoat zonasi tashkil qilinadigan hudud nomi” ustunidagi “Qashqar” MFY” soʻzlari “Sadda” MFY” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
v) 13-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
g) 15-pozitsiyaning “Kichik sanoat zonasi tashkil qilinadigan hudud nomi” ustunidagi “Sarapayon” qishlogʻi” soʻzlari “Madir qishlogʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 2-ilovaning nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2024-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladigan, mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar ROʻYXATI”.