PF-49-son Farmon · 11.04.2023

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-49
  • Qabul qilingan sana:11.04.2023
  • Kuchga kirgan sana:13.04.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/23/49/0210

Soʻnggi yillarda milliy armiyamizning davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorligi yoʻlga qoʻyildi, xalqimizning armiyaga boʻlgan ishonchi yanada mustahkamlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini, jangovar va milliy ruhini hamda jamiyatda harbiy xizmat nufuzini oshirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.

Jumladan, Jamoatchilik kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Mudofaa vazirligi) shaffoflik va oshkoralikni taʼminlash, “Xalq va armiya — bir tanu bir jon” degan ezgu gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish borasida yaqindan koʻmaklashib, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mazmun-mohiyatini toʻgʻrisida jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatni tizimli ravishda xabardor qilib kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining ijobiy tajribasini eʼtiborga olgan holda uning faoliyati samaradorligini oshirish harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, shuningdek, harbiy pensionerlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini kuchaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining hududiy boʻlinmalarining yangilangan namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

mudofaa va harbiy sohada olib borilayotgan islohotlar, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarga oid jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan bildirilgan takliflarni, fikr-mulohazalarni har tomonlama tahlil qilib borish, ijtimoiy soʻrovnomalarni, jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish;

davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash uchun Mudofaa vazirligini fuqarolar bilan bogʻlab turuvchi “koʻprik” vazifasini bajarish;

harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy jihatdan himoya qilish, uy-joy, tibbiy hamda boshqa taʼminot turlari bilan taʼminlash, xizmat oʻtash shart-sharoitlarini yaxshilash boʻyicha tegishli dasturlarning bajarilishini kompleks tahlil qilishda ishtirok etish, ushbu dasturlarning amalga oshirilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;

harbiy xizmatdan rezerv (zaxira)ga boʻshatilgan fuqarolarning ijtimoiy va professional moslashuvi hamda bandligi bilan bogʻliq masalalarni hal etishda bevosita ishtirok etish;

mudofaa va harbiy qurilish, shu jumladan Mudofaa vazirligi faoliyatiga oid normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini (davlat sirlariga oid, foydalanish doirasi cheklangan hujjatlar va maʼlumotlar bundan mustasno) ishlab chiqish, ularning jamoatchilik va ekspert-mutaxassislar muhokamasidan oʻtkazilishini tashkil etishda Mudofaa vazirligiga yaqindan yordam koʻrsatish;

fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, harbiy qism (muassasa)larda sogʻlom maʼnaviy-ruhiy hamda yuksak axloqiy va madaniy muhit, qonuniylik, huquq-tartibot, yuksak axloq va madaniyat saqlanishini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar tayyorlash va Mudofaa vazirligiga kiritish;

yoshlarning faol hayotiy pozitsiyasi, Ona Vatanga sadoqat, uning taqdiri va ravnaqi uchun daxldorlik hissini kuchaytirish, ommaviy madaniyat, axborot-psixologik xurujlarga qarshi milliy mafkuraviy immunitetini mustahkamlashda davlat va jamoat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;

davlat va nodavlat tashkilotlar, oila, mahalla institutlari, taʼlim tashkilotlarining yoshlarni vatanparvarlik, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, oʻz fuqarolik burchi va majburiyatlarini vijdonan bajaradigan, Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilishga qodir barkamol shaxs etib tarbiyalash borasidagi aniq maqsadli ishlarni muvofiqlashtirib borishda ishtirok etish;

Mudofaa vazirligi (harbiy okrug, harbiy qism (muassasa)lar qoʻmondonliklari), jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda chaqiruvga qadar yoshlar va harbiy xizmatchilarning tarbiyaviy va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini tashkil etish;

yoshlarda va harbiy xizmatchilarning milliy gʻururni mustahkamlash, ularda faol hayotiy pozitsiyani, Vatan mustaqilligi va xavfsizligini taʼminlash uchun shaxsiy masʼuliyat hissini mustahkamlash;

hududiy boʻlinmalarning faoliyatini tahlil qilgan holda, har bir aʼzoning ish samaradorligini baholab, kelgusida ularni faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

hududiy boʻlinmalar faoliyatini harbiy qismlarning (muassasalarning) joylardagi davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, taʼlim tashkilotlari, jumladan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati bilan uzviy hamkorligini taʼminlashga yoʻnaltirish;

fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari hamda Mudofaa vazirligi faxriylari ishlari boʻyicha kengashlarni jalb etgan holda oʻquv-tarbiyaviy, targʻibot-tashviqot, maʼnaviy-maʼrifiy va tashkiliy-amaliy tadbirlarni oʻtkazishda harbiy qism (muassasa)larga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish;

mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va chegaralar daxlsizligini taʼminlash masalalariga doir materiallarni eʼlon qilish orqali samarali tushuntirish va targʻibot ishlarini tizimli asosda amalga oshirish.

3. Belgilansinki:

Jamoatchilik kengashi maslahat-kengash organi hisoblanib, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari aʼzolari, senatorlar, deputatlar, fan va madaniyat namoyandalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladi;

hududiy boʻlinmalarning tashkiliy-texnik taʼminoti Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;

Jamoatchilik kengashi oʻz hududiy boʻlinmalariga yuklangan vazifa va majburiyatlarning bajarilishini muvofiqlashtirib boradi hamda ularning faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, Toshkent shahrida Mudofaa vazirligining fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin va samarali hamkorlik qilishiga koʻmaklashadi;

hududiy boʻlinmalar Jamoatchilik kengashi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari oldida hisobdor boʻladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Jamoatchilik kengashi va uning hududiy boʻlinmalari bir oy muddatda va keyinchalik har yili 15-yanvargacha, amalga oshiriladigan tadbirlarning yillik dasturini Mudofaa vazirligi hamda mos ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimliklari bilan kelishilgan holda tasdiqlasin.

6. Mudofaa vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tuman va shahar hokimliklari:

Jamoatchilik kengashi va uning hududiy boʻlinmalariga samarali faoliyat yuritishlari uchun hamda ularning zimmasiga yuklangan vazifalarni hal etishda har tomonlama koʻmaklashsin;

belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda Jamoatchilik kengashi va uning hududiy boʻlinmalari bilan tegishli davlat organlari va tashkilotlari, harbiy okrug va harbiy qism (muassasa)lar qoʻmondonliklari oʻrtasida yaqin hamkorlikni taʼminlasin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Jamoatchilik kengashi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda Jamoatchilik kengashi hududiy boʻlinmalarining yangilangan namunaviy tarkibini tasdiqlasin hamda hududiy boʻlinmalarning har bir aʼzosi tomonidan bajariladigan aniq vazifalarni belgilasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3837-son qarorining 3-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi va uning hududiy boʻlinmalarining faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan amalga oshiriladi.”.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 11-aprel,

PF-49-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-apreldagi PF-49-son Farmoniga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining

1.Mirzaaliyev Iqboljon Mirzakarimovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Jamoatchilik kengashi raisi2.Turdiyev Sodiqjon—Oʻzbekiston faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari3.Burxanov Kutbidin Nukritdinovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi, Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari4.Salixov Erkin Tagirovich—Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi5.Karimov Anvar Rasulovich—Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari6.Turdiboyeva Raʼno Eshovna—Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining oʻrinbosari7.Buzrukxonov Sarvar Munavarxonovich—Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining oʻrinbosari8.Kenjayev Dilshod Mutalibovich—Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining oʻrinbosari9.Ahmedov Bahodir Majidovich—Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vazirining oʻrinbosari10.Meliyev Xudoyor Xurramovich—Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining oʻrinbosari11.Basitxanova Elmira Irkinovna—Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari12.Lavozimiga koʻra—Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari13.Hojimatov Minxojiddin Mirzajonovich—Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari14.Saidov Sirojiddin Saloxovich—Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi15.Rafikov Kudratulla Mirsagatovich—Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi16.Nuridinov Akmal Vaxobjonovich—Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi17.Safarov Mamadamin Abdugʻapparovich—Oʻzbekiston MTRK raisining oʻrinbosari18.Salimov Xolmurod Xujayevich—Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisining oʻrinbosari19.Xodjayev Jamshid Baxtiyorovich—Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari20.Abduqunduzov Muxammadali—Oʻzbek Milliy akademik drama teatri aktyori, Oʻzbekiston xalq artisti21.Salimov Mehmonali—Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist22.Muhammadsiddiqov Muhammadolim Muhammadroziq oʻgʻli—Toshkent islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor23.Dadaboyev Hamidulla Aripovich—tarix fanlari doktori, professor24.Nasimov Hilol Toʻlqunovich—kinorejissor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi25.Fayziyev Xurshid Turgʻunovich—Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori26.Sheraliyev Davron Turgʻunovich—“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi bosh direktori27.Rizayev Shuxrat Tursunovich—Kinematografiya agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari28.Mulabayev Nurmaxamad Xikmatovich—Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari29.Abdullayev Ulugʻbek Taxirovich—“Hunarmand” uyushmasi raisi30.Hasanov Baxtiyor Vaxapovich—Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor31.Saidolimov Saidxon Talʼat oʻgʻli—siyosiy fanlar doktori, professor32.Axmedov Muhammad Ali—Oʻzbekiston xalq yozuvchisi33.Sultonov Isajon Abduraimovich—Oʻzbekiston xalq yozuvchisi34.Moʻminova Zulfiya Mardanovna—Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi35.Boʻriboyev Ikrom Iskandarovich—Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

Izoh: Jamoatchilik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-apreldagi PF-49-son Farmoniga2-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hududiy boʻlinmalarining

Izoh: Jamoatchilik kengashi hududiy boʻlinmalarining aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-apreldagi PF-49-son Farmoniga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisida

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Mudofaa vazirligi) huzuridagi Jamoatchilik kengashining (keyingi oʻrinlarda — Jamoatchilik kengashi) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradigan maslahat-kengash organi hisoblanadi.

3. Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida Jamoatchilik kengashining hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinmalar) tashkil etiladi.

Hududiy boʻlinmalar Jamoatchilik kengashiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar kesimida yuklatilgan vazifalarning samarali ijrosini taʼminlash maqsadida faoliyat yuritadi.

Hududiy boʻlinmalar Jamoatchilik kengashiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari oldida hisobdordir.

2-bob. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari va funksiyalari

5. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

mudofaa va harbiy sohada olib borilayotgan islohotlarning, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq dolzarb masalalarga oid jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan bildirilgan takliflarni, fikr-mulohazalarni har tomonlama tahlil qilib borish, ijtimoiy soʻrovnomalarni, jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻtkazish;

davlat organlarining jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini taʼminlash uchun Mudofaa vazirligini fuqarolar bilan bogʻlab turuvchi “koʻprik” vazifasini bajarish;

harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy jihatdan himoya qilish, uy-joy, tibbiy hamda boshqa taʼminot turlari bilan taʼminlash, xizmat oʻtash shart-sharoitlarini yaxshilash boʻyicha tegishli dasturlarning bajarilishini kompleks tahlil qilishda ishtirok etish, ushbu dasturlarning amalga oshirilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;

harbiy xizmatdan rezerv (zaxira)ga boʻshatilgan fuqarolarning ijtimoiy va professional moslashuvi hamda bandligi bilan bogʻliq masalalarni hal etishda bevosita ishtirok etish;

mudofaa va harbiy qurilish, shu jumladan Mudofaa vazirligi faoliyatiga oid normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini (davlat sirlariga oid, foydalanish doirasi cheklangan hujjatlar va maʼlumotlar bundan mustasno) ishlab chiqish, ularning jamoatchilik va ekspert-mutaxassislar muhokamasidan oʻtkazilishini tashkil etishda Mudofaa vazirligiga yaqindan koʻmaklashish;

fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish tadbirlarini tashkillashtirish, shuningdek, harbiy qism (muassasa)larda sogʻlom maʼnaviy-ruhiy hamda yuksak axloqiy va madaniy muhit, qonuniylik, huquq-tartibot saqlanishini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar tayyorlash va Mudofaa vazirligiga kiritish;

yoshlarning faol hayotiy pozitsiyasi, Ona Vatanga sadoqat, uning taqdiri va ravnaqi uchun daxldorlik hissini kuchaytirish, ommaviy madaniyat, axborot-psixologik xurujlarga qarshi milliy mafkuraviy immunitetini mustahkamlashda davlat va jamoat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish;

davlat va jamoat tashkilotlari, oila, mahalla institutlari, taʼlim tashkilotlarining yoshlarni vatanparvarlik, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, oʻz fuqarolik burchi va majburiyatlarini vijdonan bajaradigan, Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilishga qodir barkamol shaxs etib tarbiyalash borasidagi aniq maqsadli ishlarni muvofiqlashtirib borishda ishtirok etish;

Mudofaa vazirligi (harbiy okrug, harbiy qism (muassasa)lar qoʻmondonliklari), jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda chaqiruvga qadar yoshlar va harbiy xizmatchilarning tarbiyaviy va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini tashkil etish;

yoshlarda va harbiy xizmatchilarda milliy gʻururni mustahkamlash, ularda faol hayotiy pozitsiyani, Vatan mustaqilligi va xavfsizligini taʼminlash uchun shaxsiy masʼuliyat hissini mustahkamlash;

hududiy boʻlinmalarning faoliyatini tahlil qilgan holda, har bir aʼzoning ish samaradorligini baholab, kelgusida ularni faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

hududiy boʻlinmalar faoliyatini harbiy qismlarning (muassasalarning) joylardagi davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, taʼlim tashkilotlari, jumladan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati bilan uzviy hamkorligini taʼminlashga yoʻnaltirish;

fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari hamda Mudofaa vazirligi faxriylari ishlari boʻyicha kengashlarni jalb etgan holda oʻquv-tarbiyaviy, targʻibot-tashviqot, maʼnaviy-maʼrifiy va tashkiliy-amaliy tadbirlarni oʻtkazishda harbiy qism (muassasa)larga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish;

mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va chegaralar daxlsizligini taʼminlash masalalariga doir materiallarni eʼlon qilish orqali samarali tushuntirish va targʻibot ishlarini tizimli asosda amalga oshirish.

6. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

fuqarolar, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining mudofaa sohasida olib borilayotgan davlat siyosatiga oid tashabbus va murojaatlarini oʻrganib chiqadi, tegishli davlat organlariga ularni hayotga tatbiq etishga doir takliflar kiritadi;

Mudofaa vazirligi (harbiy okrug, harbiy qismlar (muassasalar) qoʻmondonliklari)ning fuqarolar, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilish, oʻz faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish shakllari va usullarini tahlil qiladi hamda ularni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning atroflicha oʻrganib chiqilishini tashkillashtiradi;

chaqiriluvchilar va harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy va axloqiy-ruhiy tayyorgarlik darajasini oshirish masalalariga oid oʻquv-uslubiy adabiyotlarni yaratish va takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;

yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, chaqiruvga qadar tayyorgarlik, harbiy xizmatchilarning jangovar ruhini oshirishga qaratilgan yangi harbiy anʼanalarni shakllantirishni targʻib etishga bagʻishlangan tadbirlarni tashkil etishga oid masalalarni muvofiqlashtirib borishda ishtirok etadi;

harbiy xizmatga chaqirish, harbiy xizmatni oʻtash, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda harbiy pensionerlarni ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoya qilishga qaratilgan masalalar boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilishini tashkillashtiradi;

keng jamoatchilikni mamlakatda harbiy sohani isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni taʼminlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Mudofaa vazirligi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish boʻyicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud muammolarni hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

3-bob. Jamoatchilik kengashining huquqlari va majburiyatlari

7. Jamoatchilik kengashi oʻzining asosiy vazifa va funksiyalarini bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

davlat organlari va boshqa tashkilotlardan Jamoatchilik kengashiga yuklangan vazifalarni hal etishga qaratilgan zarur statistik va boshqa maʼlumotlarni soʻrab olish;

davlat organlarida faoliyat yuritadigan soha mutaxassislarini, ilmiy-tadqiqot markazlarining xodimlarini, harbiy xizmatchilar, olimlar va oliy harbiy taʼlim muassasalarining oʻqituvchilarini zaruratga koʻra Jamoatchilik kengashi ishiga ushbu organ va tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishgan holda jalb etish;

Jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan vazifalarni hal etish uchun jamoatchilik komissiyalari tuzish;

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri (harbiy okrug, harbiy qismlar (muassasalar) qoʻmondonligi) bilan muvofiqlashtirilgan holda Mudofaa vazirligi tomonidan oʻtkazilayotgan xizmat yigʻilishlari, harbiy okrug harbiy kengashining yigʻilishlari va boshqa tadbirlarda ishtirok etish;

harbiy xizmatga chaqirilishi lozim boʻlgan, harbiy xizmatni oʻtayotgan, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi, harbiy yigʻinga chaqirilgan va harbiy xizmatdan boʻshatilgan fuqarolar va ular oila aʼzolarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini oʻrganishda ishtirok etish;

harbiy xizmatchilar va safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilariga harbiy xizmatni oʻtash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, maishiy taʼminotning joriy holati bilan tanishish;

Jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha harbiy okruglar, harbiy qismlar (muassasalar) qoʻmondonligiga koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda takliflar kiritib borish;

Jamoatchilik kengashiga yuklangan vazifalarni hal etish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni oʻtkazish;

jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, ijodiy jamoalar, taniqli fan, madaniyat va sanʼat arboblarini keng jalb etgan holda chaqiruvga qadar yoshlar va harbiy xizmatchilar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy, oʻquv-tarbiyaviy, targʻibot-tashviqot va amaliy-tashkiliy tadbirlarni tashkillashtirish va ularda ishtirok etish.

Jamoatchilik kengashi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

8. Jamoatchilik kengashi:

oʻz faoliyatida qonunchilikka va mazkur Nizom talablariga rioya qilishga;

oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishini taʼminlashga;

Mudofaa vazirligi faoliyatini rivojlantirish boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan dasturlar, tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarni amalga oshirishda qatnashishga;

fuqarolar, jumladan harbiy xizmatchilar bilan muloqotda samimiy, xushmuomala va xolis boʻlish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka hamda shaxsiy hayotiga aralashmaslikka;

davlat organlarining, ular mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmaslikka majbur.

4-bob. Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va faoliyatini tashkil etish tartibi

9. Jamoatchilik kengashining samarali faoliyat yuritishini taʼminlash uning ishchi organi tomonidan amalga oshiriladi.

10. Jamoatchilik kengashining faoliyati kengashning birinchi tashkiliy yigʻilishida Jamoatchilik kengashining raisi tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan tartibga solinadi.

Jamoatchilik kengashi reglamentida quyidagilar belgilanadi:

Jamoatchilik kengashi aʼzolarining kengash faoliyatida ishtirok etish tartibi;

Jamoatchilik kengashi majlislarini oʻtkazish tartibi va muddatlari;

Jamoatchilik kengashining doimiy ishchi organi tomonidan olib boriladigan ish tartibi;

Jamoatchilik kengashining harbiy okruglar, harbiy qism va muassasalar qoʻmondonligi bilan hamkorligi va masalalarni koʻrib chiqish tartibi;

jamoatchilik komissiyalarini tuzish tartibi, faoliyat va saylash tartibi, ularning vakolatlarini shakllantirish;

Jamoatchilik kengashi aʼzolarining vakolatlarini tugatish va toʻxtatish tartibi;

Jamoatchilik kengashining qaror qabul qilish tartibi va shakllari;

Jamoatchilik kengashi tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish tartibi;

Jamoatchilik kengashining mazkur Nizomga muvofiq faoliyat yuritish tartibiga oid boshqa masalalar.

11. Jamoatchilik kengashi tarkibiga Jamoatchilik kengashining raisi, rais oʻrinbosarlari va aʼzolari kiradi.

12. Jamoatchilik kengashi raisi kengash tomonidan olib boriladigan faoliyatga umumiy rahbarlik qiladi, unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi.

Jamoatchilik kengashi raisi:

Jamoatchilik kengashi majlisini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;

Jamoatchilik kengashi majlislarida raislik qiladi;

Jamoatchilik kengashining reglamentini, ish rejasini, shu jumladan, majlis bayonlari va Jamoatchilik kengashining ish yurituviga oid boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi;

Jamoatchilik kengashiga yuklangan vazifalar ijrosi borasida kengash aʼzolari tomonidan amalga oshiriladigan ishlarni muvofiqlashtiradi;

hududiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularga taklif va tavsiyalar berib boradi, ularning ishtirokida joylarda tadbirlar tashkil qiladi, majlislarida ishtirok etadi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi;

Jamoatchilik kengashi tomonidan olib boriladigan ishlar samaradorligini oshirishga doir boshqa vazifalarni amalga oshiradi.

13. Jamoatchilik kengashi aʼzolari:

oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Jamoatchilik kengashi raisi tomonidan tashkil etiladigan hayʼat majlislarida hamda harbiy qism va muassasalarda oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etadi;

Jamoatchilik kengashi majlislarida koʻrib chiqilayotgan masalalar muhokamasi va hal etilishida shaxsan ishtirok etadi;

uzrli sabab bilan Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok eta olmasa, kun tartibidagi masalaga doir oʻz fikr-mulohazalarini oldindan yozma shaklda yoʻllaydi;

oʻz fikrining majlis davomida koʻrib chiqilishi, ovoz berish jarayonida inobatga olinishini talab qiladi;

harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalariga doir oʻz taklif va tavsiyalarini Jamoatchilik kengashi hamda hududiy boʻlinma aʼzolariga kiritib boradi;

Jamoatchilik kengashi tomonidan koʻrib chiqilayotgan masalalarga oid xulosalarini taqdim etadi.

Jamoatchilik kengashi aʼzosi harbiy qismlarga tashrif buyurishga haqli. Buning uchun u oʻz tashrifini Mudofaa vazirligi (Jamoatchilik kengashi ishchi organi) bilan oldindan muvofiqlashtirishi hamda tashrifining rejasini tashrif sanasidan uch kun oldin kengashning ishchi organiga taqdim etishi lozim.

Harbiy qismga tashrif buyurgan Jamoatchilik kengashi aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:

harbiy qism qoʻmondonligining vakili hamrohligida shaxsiy tarkib istiqomat qiladigan joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, yaʼni madaniyat markazi, kutubxona, maishiy xizmat xonalari, tibbiyot punktlari, sport zali, oshxona, yotoqxona, oʻquv xonalari hamda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish oʻquv markazlari va poligonlar bilan tanishish;

harbiy qism komandiri, uning oʻrinbosarlari, xizmat turi boshliqlari, boʻlinma komandirlari, xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassis, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari hamda harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan boshqa shaxslar bilan erkin uchrashish va muloqot qilish;

harbiy qismning kundalik faoliyati, shaxsiy tarkibning ijtimoiy va huquqiy jihatdan muhofaza qilinayotgani, harbiy qismda qaror topgan huquqiy tartibot va harbiy intizom holatiga oid hujjatlar mazmuni bilan tanishib borish (davlat sirlari, shuningdek, foydalanish doirasi cheklangan boshqa toifadagi hujjatlar va maʼlumotlardan tashqari).

(13-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)

14. Jamoatchilik kengashi aʼzosiga:

vakolatini amalga oshirish jarayonida voqif boʻlgan va sir tutilishi talab etiladigan maʼlumotlarni oshkor etish;

qoʻshinlarning jangovar va safarbarlik shayligiga oid, shuningdek, jangovar tayyorgarlik tadbirlarini, jangovar navbatchilik, jangovar xizmat, ichki xizmat va qorovullik xizmatini tashkillashtirishga oid masalalarga aralashish taqiqlanadi.

15. Jamoatchilik kengashining faoliyati tegishli masalalarni erkin muhokama qilish, oshkoralik, jamoatchilik fikrini inobatga olish, qaror qabul qilish masalasida teng huquqlilik va kollegiallik tamoyiliga asoslanadi.

16. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy shakli oʻzi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan rejalar asosida har chorakda kamida bir marotaba oʻtkaziladigan majlislar hisoblanadi.

Jamoatchilik kengashining raisi (hududiy boʻlinma raisi) bir yoki bir necha nafar kengash aʼzosi tomonidan taqdim etilgan, majlis oʻtkazilishining sabab va asoslari bayon etilishi lozim boʻlgan yozma murojaatlar asosida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari) tomonidan yuklangan topshiriqlarga muvofiq navbatdan tashqari majlis oʻtkazilishini uyushtirishi mumkin.

17. Jamoatchilik kengashi majlisining kun tartibiga Jamoatchilik kengashining mazkur Nizomda belgilangan vakolatiga taalluqli masalalar kiritiladi.

Jamoatchilik kengashining majlisi kun tartibining loyihasi kengash aʼzolari taqdim etgan takliflar asosida Jamoatchilik kengashining ishchi organi tomonidan rasmiylashtirilib, kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.

18. Jamoatchilik kengashining majlisini kengash raisi olib boradi. Rais boʻlmagan vaqtda, majlisni Jamoatchilik kengashi raisining oʻrinbosari olib boradi.

Jamoatchilik kengashining majlisi kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Majlisni oʻtkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi.

19. Muhokama qilinadigan masalalar tavsifiga bogʻliq holda Jamoatchilik kengashining majlisiga jamoat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining oʻrinbosarlari, tarkibiy boʻlinmalar boshliqlari, harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlari va ularning oʻrinbosarlari taklif etilishi mumkin.

Jamoatchilik kengashining majlisiga taklif etiladigan shaxslar roʻyxati, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari bilan kelishilgan holda Jamoatchilik kengashining raisi tomonidan belgilanadi.

20. Jamoatchilik kengashining hududiy boʻlinmalari faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.

Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyatini tashkillashtirish uchun oʻzining nomi yozilgan blanklarga ega boʻlishi mumkin.

Jamoatchilik kengashi va uning hududiy boʻlinmalari aʼzolariga Mudofaa vazirligi hamda harbiy okruglar qoʻmondonligi tomonidan guvohnomalar tayyorlab beriladi.

21. Jamoatchilik kengashi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Jamoatchilik kengashining hududiy boʻlinmalari aʼzolarining xizmat safarlari xarajatlari ularning asosiy ish joylari hisobidan qoplanadi.

22. Quyidagilar tegishlicha:

Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi Davlat va jamoat tashkilotlari bilan ishlash boʻlimi — Jamoatchilik kengashining;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar mudofaa ishlari boshqarmalari — hududiy boʻlinmalarning ishchi organlari (keyingi oʻrinlarda — ishchi organlar) hisoblanadi.

23. Ishchi organlar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni tegishlicha:

Jamoatchilik kengashida — Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi Davlat va jamoat tashkilotlari bilan ishlash boʻlimi shaxsiy tarkibi;

hududiy boʻlinmalarda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari hamda mudofaa ishlari boshqarmalarida (1 ta shtat birligida) faoliyat yuritayotgan 1-toifali mutaxassislar bajaradi.

Ishchi organlarga ular faoliyatini har tomonlama samarali tashkil etishda harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va qoʻmondonlik boshqaruv apparati tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshligʻi yaqindan yordam koʻrsatadi.

24. Ishchi organ:

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar tomonidan navbatdagi davr davomida olib boriladigan ishlar rejasi loyihasini tayyorlaydi va koʻrib chiqish uchun Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalarga taqdim etadi hamda tasdiqlangan rejaning amalga oshirilishini tahlil qiladi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalarning navbatdagi majlisiga taalluqli materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi, manfaatdor tashkilotlardan zarur material va maʼlumotlarni soʻrab oladi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalarning vakolatiga taalluqli murojaatlarni umumlashtiradi va raislarga taqdim etadi;

ilgari qabul qilingan qarorlarga muvofiq Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar tomonidan koʻrib chiqiladigan boshqa materiallarni taqdim etadi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar aʼzolarining harbiy qism va muassasalarga tashriflari hamda oʻtkazilgan tadbirlarini muvofiqlashtiradi;

Jamoatchilik kengashi ishchi organi hududiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan kengash raisi nomidan boʻlinmalarga taklif va tavsiyalar hamda ularning imkoniyatlari orqali joylarda tadbirlar tashkil qilish boʻyicha koʻrsatmalar tayyorlaydi va yoʻllaydi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalarning faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar majlislarining kun tartibiga muvofiq oʻtkazilishini tashkil etadi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar majlislarini oʻtkazish sanasi va joyi, taklif etiladigan shaxslar roʻyxatini Jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalarning aʼzolarini hamda taklif etilgan shaxslarni Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar majlisi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi hamda uning natijalarini Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar majlisida koʻrib chiqish boʻyicha takliflar kiritadi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalar aʼzolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga joʻnatilishini taʼminlaydi;

Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinmalarning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

5-bob. Jamoatchilik kengashi tomonidan qaror qabul qilish va qabul qilingan qarorlar ijrosini tashkillashtirish

25. Jamoatchilik kengashining qarori kengash majlisida ishtirok etayotgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Jamoatchilik kengashi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Jamoatchilik kengashining har bir aʼzosi majburiy ravishda qabul qilinayotgan qaror boʻyicha oʻzining alohida fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli hamda uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga qoʻshib qoʻyiladi.

Jamoatchilik kengashining qarori tavsiyaviy xususiyatga ega boʻladi. Mudofaa vazirligi rahbariyati Jamoatchilik kengashi tomonidan qabul qilingan qaror mazmuniga rozi boʻlmasa, Mudofaa vazirligi (harbiy okrug qoʻmondonligi) Jamoatchilik kengashining rasmiy hujjatlarini qabul qilib olgan sanadan boshlab oʻn kundan kechikmay asoslantirilgan eʼtirozini yozma shaklda yuboradi.

26. Jamoatchilik kengashi raisi ayrim masalalarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida Jamoatchilik kengashi aʼzolari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish orqali qaror qabul qilishi mumkin.

27. Jamoatchilik kengashi tomonidan qabul qilingan qaror Jamoatchilik kengashi majlisining bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi bayoni loyihasi Jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosarlari bilan kelishiladi hamda Jamoatchilik kengashi raisiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Bayon nusxalari bir hafta mobaynida Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinma aʼzolari, manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.

28. Jamoatchilik kengashi majlisi bayonining asl nusxasi va ushbu bayonga ilova qilingan materiallar ishchi organda saqlanadi.

29. Jamoatchilik kengashining ishchi organi, Jamoatchilik kengashi aʼzolarining ishtirokida ilgari qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qiladi, zarur hollarda uning sifatli bajarilishini taʼminlash uchun Jamoatchilik kengashi raisiga tegishli takliflar kiritadi.

30. Jamoatchilik kengashi oʻz majlislarida muqaddam qabul qilingan qarorlarining ijrosini eshitadi va bajarilish jarayonini muntazam oʻrganib boradi.

31. Jamoatchilik kengashining ishchi organi Jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini oʻrganadi va koʻrib chiqadi, zarur hollarda, Jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

6-bob. Jamoatchilik kengashi hududiy boʻlinmalarining faoliyati tartibi va ichki tashkiliy masalalari

32. Hududiy boʻlinmaning shaxsiy tarkibi harbiy okruglar qoʻmondonligi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan har ikki yilda tasdiqlanadi.

33. Hududiy boʻlinma Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar maʼmuriy-hududiy chegaralari doirasida oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarib, Jamoatchilik kengashiga berilgan vakolat va huquqlardan foydalanadi.

34. Hududiy boʻlinmalarning tashkiliy tuzilmasi Jamoatchilik kengashidagi kabi boʻladi, uning faoliyati mazkur Nizom talablari va hududiy boʻlinma raisi tomonidan tasdiqlangan reglamentga muvofiq amalga oshiriladi.

Hududiy boʻlinma raisi har chorakda oʻz vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha olib borilgan ishlar toʻgʻrisida kerakli hujjatlarni ilova qilgan holda Jamoatchilik kengashi raisiga hisobot taqdim etadi.

35. Jamoatchilik kengashi va hududiy boʻlinma aʼzolarining harbiy qism va muassasalarga tashriflari hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirokida oʻtkaziladigan tadbirlar harbiy okrug qoʻmondonligi bilan bevosita kelishilgan holda amalga oshiriladi.

7-bob. Yakunlovchi qoida

36. Jamoatchilik kengashi va uning hududiy boʻlinmalarini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-apreldagi PF-49-son Farmoniga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim hujjatlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5447-son Farmoniga 1-ilovaning 42-bandi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentabrdagi “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-564-son Qonuni)”gi PF-5983-son Farmoniga ilovaning 4-bandi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-1839-son qarori.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3234-son qarori.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PQ-5010-son qaroriga ilovaning 1 va 2-bandlari.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.