PF-63-son Farmon · 29.04.2023

Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-63
  • Qabul qilingan sana:29.04.2023
  • Kuchga kirgan sana:02.05.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/23/63/0242

Majburiyatlar bajarilishi taʼminoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkka nisbatan kreditorlar huquqlari ustuvorligini taʼminlash, garovga qoʻyilgan mol-mulkini auksion orqali sotish jarayonlarini soddalashtirish, shuningdek, garov bilan taʼminlangan majburiyatlarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yil 1-iyuldan boshlab:

undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilganda garov obyektini “E-auksion” elektron savdo platformasida auksionga kreditorning va (yoki) qarzdorning buyurtmasi asosida qoʻyishga ruxsat etiladi;

hisob-kitob va kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan asoslar boʻyicha qarzni undirish uchun notariuslardan ijro xati olishda tijorat banklari oldidagi qarzni ikki tomonlama tasdiqlovchi solishtirish dalolatnomasi talab etilmaydi.

2. Markaziy bankning garov bilan taʼminlangan talablarni qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartiblarni joriy etish haqidagi takliflari maʼqullansin:

toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik berish;

garovga qoʻyilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin boʻlgan eng past narxni auksion obyekti boshlangʻich narxining 80 foizi miqdorida belgilash. Bunda, mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlangʻich narxidan 25 foiz past qiymatda oʻzida qoldirish taklif qilinadi;

undiruv qaratilgan garovga qoʻyilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qoʻyuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;

qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyotini bekor qilish.

3. Markaziy bank uch oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini hamda qonunosti hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, faoliyati samaradorligini oshirish va kredit siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4071-son qarorining 7-bandida:

ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

uchinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Markaziy bank raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 29-aprel,

PF-63-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-apreldagi PF-63-son Farmoniga ILOVA

Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.