PF-65-son Farmon · 02.05.2023

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-65
  • Qabul qilingan sana:02.05.2023
  • Kuchga kirgan sana:05.05.2023
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/23/65/0251

Mamlakatimizda 9-may — Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan faxriylarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 78 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 000 000 (oʻn sakkiz million) soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.

2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali hamda bayramona vaziyatda topshirilishini taʼminlasin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 2-may,

PF-65-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.