PQ-135-son Qaror · 26.04.2023

Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-135
  • Qabul qilingan sana:26.04.2023
  • Kuchga kirgan sana:05.05.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/135/0248

Respublikaning turizm salohiyatidan toʻliq va samarali foydalanish, birinchi navbatda transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni tezkor hal etish, shuningdek, mavjud resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hisobiga turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

2023-yil bahor-yoz mavsumida havo va temir yoʻllar orqali yoʻlovchilar tashishning maqsadli koʻrsatkichlari 2a va 2b-ilovalarga muvofiq;

2023-yilda respublika hududidagi turizm va madaniy meros obyektlariga olib boruvchi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash ishlarining manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

2023-yilda turizm sohasidagi resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hamda mavjud muammolarni tezkor hal etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4a-ilovaga muvofiq;

2023-yilda turizm sohasida oʻtkaziladigan madaniy-koʻngilochar tadbirlar boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4b-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejalari 5a — 5o-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mamlakatning turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda — Respublika ishchi guruhi) 6-ilovaga muvofiq tarkibda va hududiy ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — Hududiy ishchi guruhlar) 7-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tashkil etilsin.

3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Transport vazirligi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda respublikadagi oliy taʼlim tashkilotlarining hududlarning turizm salohiyatini oshirishga koʻmaklashish maqsadida oliy taʼlim tashkilotlariga tegishli hududlarni biriktirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-164-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2025-y., 06/25/164/0821-son)

4. Oliy taʼlim tashkilotlariga biriktirilgan hududlar roʻyxati 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va ushbu oliy taʼlim tashkilotlariga hududning turizm salohiyatini oshirish boʻyicha quyidagi vazifalar yuklatilsin:

hududning turizm salohiyatini oʻrganish, hudud va uning tarixi, turistik obyektlari va oʻziga xos xususiyatlari toʻgʻrisida turli tillarda kontentlar yaratish, ularni targʻibot qilish hamda turpaketlar yaratishda yordam koʻrsatish;

nazariy bilim va amaliyotning uygʻunligini taʼminlagan holda professor va oʻqituvchilarning izlanishlari, talabalarning turizm sohasidagi nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash imkoniyatlarini kengaytirish;

hududlardagi aholi tomonidan turizm xizmatlarini koʻrsatish sifatini yaxshilash hamda kadrlarning malakasini oshirishda koʻmaklashish.

5. Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2023-yilda xorijiy sayyohlarni Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha reja-jadval 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Quyidagilar zimmasiga:

a) Respublika ishchi guruhi (A. Aripov, A. Abduxakimov)ga:

mazkur qaror va unga ilovalarda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar va chora-tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish hamda bu boradagi ishlarni har oyda kamida bir marotaba muhokama qilib borish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisobotlarini eshitish;

turizm sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish, Madaniyat va turizm vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

har chorakda mamlakat turizm salohiyatini oshirish boʻyicha hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borish;

b) Hududiy ishchi guruhlarga:

Madaniyat va turizm vazirligi hududiy boʻlinmalarining joylarda turizm sohasida yaratilgan sharoitlar, mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ikki haftada bir marotaba axborotini tinglash;

joylarda turizm sohasidagi mavjud muammolarni birma-bir muhokama qilib borish, turistik salohiyatni oshirish borasida masʼullarni belgilagan holda chora-tadbirlarni tasdiqlash va ularning ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash;

hududning turistik salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijiy turistlar sonini koʻpaytirish boʻyicha takliflar tayyorlash;

v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga — mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan turizmni rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishish;

g) transport vaziri I.R. Maxkamovga — mazkur qarorga 2a va 2b-ilovalarda belgilangan yoʻlovchilar tashishning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish;

d) madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari U.A. Azamov hamda masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga — mazkur qarorga 4a va 4b-ilovalarda belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish vazifalari yuklatilsin.

7. Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi Madaniyat va turizm vazirligi bilan birgalikda 2023-yil Davlat budjeti parametrlarida avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash ishlari uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq tasdiqlangan turizm va madaniy meros obyektlariga olib boruvchi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash ishlari amalga oshirilishini taʼminlasin.

8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023-yil uchun Davlat budjetidan mahalliy aviaqatnov yoʻnalishlarini subsidiyalash uchun qoʻshimcha 30 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki, Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda reyslarni ularning bandligidan kelib chiqib subsidiyalash mexanizmlarini aniqlaydi.

9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2023-yil 1-maydan boshlab:

2024-yil 1-iyulga qadar tajriba tariqasida turoperator xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga ular tomonidan 5 nafar va undan ortiq norezidentlarga xizmatlar koʻrsatishni nazarda tutuvchi turpaketlar (joylashtirish, avtomobil yoki temir yoʻl transporti, ekskursiya va ovqatlanish boʻyicha xizmatlar qamrab olingan) boʻyicha chet ellik hamkorlariga taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻining 20 foiz miqdoridagi mablagʻlar respublika budjetidan subsidiya sifatida qaytariladi;

2026-yil 1-mayga qadar mahalliy turoperatorlar, turizm sohasida joylashtirish xizmatlarini koʻrsatuvchi yoki avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga oʻz faoliyatida yoʻlovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchi bilan birga oʻn va oʻndan ortiq oʻrindiqqa ega boʻlgan hamda ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq boʻlmagan transport vositalarini (TIF TN kodlari 8702 10, 8702 40, 8702 90) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻini foizlar hisoblanmagan va ularning toʻlanishini taʼminlash talab etilmagan holda 120 kunga boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi.

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PF-156-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2024-y., 06/24/156/0816-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 16-yanvar)

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Madaniyat va turizm vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan tartiblarning oʻz vaqtda joriy etilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targʻib qilishga 2023-yilda 50 milliard soʻm ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Madaniyat va turizm vazirligi:

a) bir oy muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muzey va teatrlarning dam olish va bayram kunlarida, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun qulay vaqtlarda ishlashini taʼminlansin;

vazirlikning yagona Call-markazida koʻrsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish choralarini koʻrsin;

b) 2023-yil 1-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining milliy turizm mahsulotlari va xizmatlarini xalqaro nufuzli turistik va marketing platformalarida reklama qilish xarajatlarini qoplab berish tartibini tasdiqlasin.

Belgilansinki, har yili Davlat budjetidan Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasining turizm mahsulotini xorijiy turizm bozorlarida targʻib qilish uchun ajratiladigan mablagʻlar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUKga belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun oʻtkazib beriladi.

11. Transport vazirligi:

a) bir hafta muddatda “Samarqand” xalqaro aeroportida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimi doirasida xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yoʻnalishlarga boʻlgan cheklovlarni olib tashlasin hamda “beshinchi havo erkinligi”ni qoʻllasin, shuningdek, xorijiy davlatlarning aviatsiya maʼmuriyatlari, chet el aviatashuvchilarini bu haqda belgilangan tartibda xabardor qilsin;

b) 2023-yil 1-maydan “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda:

Fargʻona, Namangan yoki Andijondan Buxoro, Samarqand, Termiz, Urganchga, shuningdek, Termiz — Nukus, Samarqand — Urganch, Buxoro — Urganch, Fargʻona — Urganch kabi yoʻnalishlar boʻyicha muntazam aviareyslarni yoʻlga qoʻysin;

Toshkentdan Nukus, Urganch, Buxoro, Qarshi va Samarqandga aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyib, amaldagidan ikki baravargacha arzon tariflarni joriy etsin;

v) yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy yoʻnalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalarning ajratilishini taʼminlasin;

g) bir oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ushbu qarordan kelib chiqib, xalqaro shartnomalarga yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy va xalqaro yoʻnalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalar ajratish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritish hamda parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berish choralarini koʻrsin;

d) 2023-yil 1-oktabrga qadar Urganch va Buxoro aeroportlarining har biri boʻyicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish boʻyicha alohida tanlovlar eʼlon qilsin;

e) 2023-yil yakuniga qadar Namangan aeroportini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish boʻyicha loyiha konsepsiyasini va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqsin.

12. Madaniyat va turizm vazirligi Samarqand viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrga qadar YUNVTO shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusini yaratish maqsadida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga qarashli Samarqand shahri, Bobur Mirzo koʻchasi, 3a-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarning kapital rekonstruksiya qilinishi va toʻliq jihozlanishini hamda unga tutash hududning obodonlashtirilishini taʼminlasin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.

13. Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Transport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-maydan boshlab yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda:

Qamchiq dovoni orqali yoʻlovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari oʻn toʻrttagacha oʻrindiqqa ega boʻlgan M2 toifadagi transport vositalariga;

Jizzax viloyatidagi dovonlar hamda Boʻstonliq tumanining togʻli hududlarida tegishli toifadagi yoʻllar orqali turistik avtobus va mikroavtobuslarga muntazam qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berilishini taʼminlasin.

Bunda, faqat 1-apreldan 1-noyabrga qadar boʻlgan davrda kunduzi, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan va gaz ballon uskunalari oʻrnatilmagan, sekinlashtiruvchi uskunasi (togʻ tormozi) mavjud boʻlgan hamda harakatni kuzatish navigatsiya qurilmasi va taxograf oʻrnatilgan transport vositalarida kamida 7 yil staji bor haydovchilarga avtomobil transportida yoʻlovchilarni tashish faoliyati uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qatnovni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

14. Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi hamda Transport vazirligi bilan birgalikda:

2023-yil Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan yoʻlovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari sakkiz va undan ortiq oʻrindiqqa ega boʻlgan transport vositalarini xarid qilish uchun 300 million soʻmgacha miqdordagi loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilishini taʼminlasin;

turizm sohasining subyektlariga aylanma mablagʻlar va investitsiyani koʻpaytirish uchun qoʻshimcha 300 milliard soʻmlik kredit liniyalarini ochishni taʼminlasin;

mablagʻlar joylashtirilgan tijorat banklari haqidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borsin.

(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

15. Madaniyat va turizm vazirligining nogironligi boʻlgan shaxslar uchun respublika boʻylab sayohatlar tashkil etish maqsadida “Sayohat barcha uchun!” loyihasini amalga oshirish boʻyicha taklifi maʼqullansin.

Madaniyat va turizm vazirligi mazkur loyiha doirasida 500 nafar nogironligi boʻlgan shaxslar sayohatini tashkil qilsin hamda dastlabki bosqichda Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 100 nafar surdo-gidlarni tayyorlash boʻyicha dasturni ishlab chiqsin.

Bunda, ushbu loyiha bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

16. Madaniyat va turizm vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A. Xodjayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 26-aprel,

PQ-135-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga1-ILOVA

2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga2a-ILOVA

2023-yil bahor-yoz mavsumida havo yoʻli orqali yoʻlovchilar tashishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga2b-ILOVA

2023-yil bahor-yoz mavsumida temir yoʻllar orqali yoʻlovchilar tashishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga3-ILOVA

2023-yilda respublika hududidagi turizm va madaniy meros obyektlariga olib boruvchi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash ishlarining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga4a-ILOVA

2023-yilda turizm sohasidagi resurslar va imkoniyatlardan har tomonlama foydalanish hamda mavjud muammolarni tezkor hal etish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga4b-ILOVA

2023-yilda turizm sohasida oʻtkaziladigan madaniy-koʻngilochar tadbirlar boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5a-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5b-ILOVA

Andijon viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5v-ILOVA

Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5g-ILOVA

Jizzax viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5d-ILOVA

Qashqadaryo viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5e-ILOVA

Navoiy viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5j-ILOVA

Namangan viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5z-ILOVA

Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5i-ILOVA

Sirdaryo viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5k-ILOVA

Surxondaryo viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5l-ILOVA

Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5m-ILOVA

Fargʻona viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5n-ILOVA

Xorazm viloyatida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga5o-ILOVA

Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish boʻyicha 2023-yilda amalga oshiriladigan

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga6-ILOVA

Turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha Respublika ishchi guruhi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga7-ILOVA

Turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha hududiy ishchi guruhlarning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga8-ILOVA

Oliy taʼlim tashkilotlariga biriktirilgan hududlar

(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-164-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2025-y., 06/25/164/0821-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi PQ-135-son qaroriga9-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan 2023-yilda xorijiy sayyohlarni Oʻzbekistonga jalb qilish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.