Sogʻliqni saqlash tizimiga ilgʻor raqamli texnologiyalarni tatbiq etish, raqamli sogʻliqni saqlash platformasini yaratish, sohaning barcha darajalaridagi davolash profilaktika muassasalari uchun maʼlumotlar bazasi kompleksini joriy etish, dasturiy taʼminot va elektron platformani ishlab chiqish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi va “KfW” banki oʻrtasida “Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) moliyalashtirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga 45 million yevro miqdorida qarz bitimi hamda 5,5 million yevro miqdorida grant bitimi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish doirasida “KfW” bankining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq va foizlar toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;
“Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi PQ-415-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/415/0988-son)
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi PQ-415-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/415/0988-son)
3. Belgilansinki:
a) Sogʻliqni saqlash vazirligi:
loyihani oʻz vaqtida amalga oshirish hamda muvofiqlashtirish, shuningdek, “KfW” bankining qarz hamda grant mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organ;
loyihani amalga oshirish doirasida tender komissiyasining ishchi organi va tuzilgan shartnomalar boʻyicha kontragent hisoblanadi;
b) “KfW” bankining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq va foizlar, boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
v) loyihani amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan va olib kiriladigan tovarlar (xizmatlar) uchun toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Bunda, soliq va bojxona imtiyozlari qoʻllanishi yoki budjet mablagʻlari hisobidan toʻlab berilishi natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishga qoʻshgan ulushi sifatida hisobga olinadi.
4. Loyihani oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish uchun Raqamli sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisi tashkil etilsin hamda ushbu loyiha ofisi faoliyati loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan tartibda jalb qilinayotgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishi taʼminlansin.
Bunda, Sogʻliqni saqlash vazirligi Raqamli sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish loyiha ofisining faoliyatini muvofiqlashtirib borsin.
5. Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi hamda “KfW” banki oʻrtasida imzolangan qarz va grant bitimlari boʻyicha yuridik xulosa bersin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
loyiha doirasida joriy etilayotgan axborot tizimlaridan foydalanish boʻyicha litsenziyalar uchun toʻlovlar ularni joriy etish xarajatlari tarkibiga kiritiladi hamda mazkur litsenziyalar axborot tizimi amaliyotga toʻliq joriy etilgandan soʻng kamida 5 yil mobaynida amal qiladi;
loyihani amalga oshirish jarayonida iqtisod qilingan mablagʻlar ustuvor ravishda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini raqamlashtirish hamda kompyuter texnikasi vositalarini xarid qilishga yoʻnaltiriladi;
loyiha doirasida ishlab chiqiladigan axborot tizimlarini amaliyotga tatbiq etish uchun qabul qilib olish Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
davlat tibbiyot tashkilotlari uchun zarur axborot dasturlari va tizimlarini ishlab chiqish, oʻrnatish hamda texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi.
7. Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ishchi guruhi 5-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Ishchi guruhi (A. Inoyatov)ga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
sogʻliqni saqlash tizimi va tashkilotlaridagi jarayonlarni raqamlashtirish, shuningdek, ularning boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;
2023 — 2025-yillarda sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda loyihani amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”da belgilangan topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;
loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarida belgilangan maqsadlarga erishilishini nazorat qilish;
mazkur qarorda belgilangan topshiriqlarning samarali va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash hamda amalga oshirilayotgan ishlar natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga har chorakda maʼlumot kiritib borish.
8. Raqamli texnologiyalar vazirligi loyiha doirasida joriy etiladigan axborot tizimlari natijadorligining baholab borilishini hamda biznes jarayonlarini amalga oshirishning zamonaviy usullari joriy etilishini taʼminlasin.
9. Hisob palatasi loyiha doirasida jalb etiladigan hamda ajratiladigan mablagʻlardan samarali foydalanilishi, shuningdek, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida koʻzda tutilgan koʻrsatkichlarga erishilishi yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov va raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 1-may,
PQ-140-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi PQ-140-son qaroriga 1-ILOVA
“Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasining
Izohlar:
* Soʻnggi qiymat koʻrsatkichlari tovarlar va xizmatlarni yetkazib berish boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro tender savdolari natijalariga asosan aniqlanadi.
** Oʻzbekiston Respublikasining davlat ulushi imtiyozlar va soliq toʻlovlarini qoplash shaklida ifodalanadi.
*** Haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi PQ-140-son qaroriga 2-ILOVA
“Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish doirasida “KfW” bankining qarz mablagʻlarini qaytarish, shu jumladan qoʻshimcha haq va foizlar toʻlashning
Izohlar:
* Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda 6 oylik Eurobor kutilishi oʻrtacha 1,50 foizga teng deb hisoblanadi.
** Boshqarish uchun toʻlov birinchi mablagʻ yechib olingunga qadar yoki qarz bitimi imzolangandan soʻng 3 oydan keyin toʻlanadi.
*** Majburiyat uchun toʻlov qarz bitimi imzolangandan soʻng 3 oydan keyin toʻlanadi.
**** Toʻlovlar miqdori qarzni amalda oʻzlashtirish sanalariga qarab aniqlashtirib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi PQ-140-son qaroriga 3-ILOVA
“Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish boʻyicha
Izohlar:
Loyiha doirasida kutilmagan xarajatlar uchun 3,3 mln yevro kredit hamda 1,0 mln yevro grant pul mablagʻlari hisobga olingan.
* Loyihaning yakuniy qiymat koʻrsatkichlari tovarlar va xizmatlarni yetkazib berish boʻyicha oʻtkaziladigan tender savdolari natijalariga koʻra oʻzgarishi mumkin.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 07/26/238/0623-son)
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi PQ-415-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/415/0988-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-maydagi PQ-140-son qaroriga5-ILOVA
Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ishchi guruhi
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.