PQ-143-son Qaror · 02.05.2023

9-may-Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-143
  • Qabul qilingan sana:02.05.2023
  • Kuchga kirgan sana:05.05.2023
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/143/0250

Xalqimiz asrlar davomida ogʻir sinovlarda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib kelgan.

Oʻz ozodligi, erkinligi yoʻlida kurashib, behisob qurbonlar bergan ota-bobolarimiz jasorati xotiramizdan hech qachon oʻchmaydi.

Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, jang maydonlaridan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan ajdodlarimizga mehr-oqibat koʻrsatish tom maʼnoda milliy anʼanaga aylandi.

Butun dunyoda millionlab insonlar halok boʻlishiga sabab boʻlgan, mislsiz yoʻqotishlar, talafot va musibatlarni olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, qonli qirgʻin boʻlganligi bugun barchamizga maʼlum. Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 2 millionga yaqin oʻzbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok boʻlgani, urushdan qaytganlari ham butun umr urush dahshatlari yodi bilan yashab oʻtganliklarini xalqimiz aslo yodidan chiqarmaydi.

Mamlakatimizda 9-may — Xotira va qadrlash kunini umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaga hissa qoʻshgan barcha mehnat va urush faxriylariga hurmat-ehtirom koʻrsatish, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Ishchi guruh (A. Aripov):

Dasturda belgilangan madaniy-maʼnaviy tadbirlar, targʻibot aksiyalari, ijodiy kechalar, ommaviy sport musobaqalari va boshqa chora-tadbirlarning “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi” shiori ostida oʻtkazilishini tashkil etsin;

yolgʻiz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joylarini taʼmirlash hamda obodonlashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, mehnat fronti faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatsin.

Bunda, tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda harbiy qismlar komandirlari tomonidan ushbu toifadagi shaxslarni yoʻqlash uchun ularning yashash joylariga tashrif buyurish hamda ular koʻrsatgan mardlik va jasoratning ahamiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida targʻib qilish boʻyicha madaniy-maʼrifiy va vatanparvarlik tadbirlarini tashkil qilsin;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan biryoʻla toʻlanadigan pul mukofotini tantanali ravishda topshirsin;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tibbiy va ijtimoiy xizmat koʻrsatish, zarur dori vositalarini ajratish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda, doimiy ravishda patronaj xizmatini tashkil qilsin;

1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarining oʻz xohishlariga koʻra respublika hududidagi sanatoriylarga bir nafar kuzatuvchisi bilan birga bepul yuborilishini taʼminlasin.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, shahar va tumanlarda bayramga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;

viloyatlardagi “Vatanparvarlar” bogʻlari va boshqa belgilangan joylarda harbiy texnikalar namoyishi, Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasini, shu jumladan urush yillarining qoʻshiq va kuylari ijro etilishi hamda tegishli sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etsin;

koʻchalar va maydonlarning 9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan koʻrgazmali targʻibot vositalari bilan bezatilishini taʼminlasin.

4. Belgilansinki, oʻtkaziladigan tadbirlar hamda respublikaning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylarining bayram marosimlariga transportda kelib-ketishi, mehmonxonalarda joylashishi, ovqatlanishi, madaniy hordiq chiqarishi bilan bogʻliq barcha xarajatlar, shuningdek, zarur hollarda tegishli kiyim-kechaklar bilan taʼminlanishi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti hamda mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobidan;

Toshkent shahrida — Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hamda Toshkent shahri mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

5. Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2023-yil 9-may kuni soat 21.00 da Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram mushakbozligini tashkil qilsin.

6. Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya tantanali tadbirlar oʻtkaziladigan hamda bayram mushakbozligi tashkil etiladigan joylarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrsin.

7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 2-may,

PQ-143-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi PQ-143-son qaroriga1-ILOVA

9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi PQ-143-son qaroriga2-ILOVA

9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.