PF-114-son Farmon · 27.07.2023

Maʼmuriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-114
  • Qabul qilingan sana:27.07.2023
  • Kuchga kirgan sana:27.07.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/23/114/0527

Respublikada madaniyat va turizm sohasini jadal rivojlantirish boʻyicha samarali ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimizning turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ayniqsa, mahalliy va xorijiy turistlar uchun ekohududlar, togʻ va choʻl hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarining imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalangan holda ekoturizmni rivojlantirish ishlarini amalga oshirish zarur.

Qolaversa, madaniyat sohasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, isteʼdodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, oʻzbek mumtoz va folklor sanʼatining noyob namunalari va anʼanalarini yanada rivojlantirishni tizimli yoʻlga qoʻyish uchun barcha sharoitlarni yaratish lozim.

Mazkur vazifalarni tezkor hamda yangi yondashuv asosida sifatli tashkil etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Madaniyat va turizm vazirligi negizida:

Madaniyat vazirligi;

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzurida Turizm qoʻmitasi;

b) Madaniyat va turizm vazirligining hududiy boʻlinmalari negizida:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari, tuman (shahar) madaniyat boʻlimlari;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar turizm boshqarmalari tashkil qilinsin.

2. Belgilansinki, Madaniyat vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari, tuman (shahar) madaniyat boʻlimlari hamda Turizm qoʻmitasi va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari shtat birliklari Madaniyat va turizm vazirligining mavjud shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.

3. Quyidagilar:

Madaniyat vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish va qayta nomlash dasturi 2-ilovaga muvofiq;

Madaniyat vazirligi tizimida yangi tashkil qilinayotgan muassasalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Madaniyat vazirligining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

Kinematografiya agentligining tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;

Madaniyat va sanʼat sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Madaniyat va sanʼat sohasida taʼlimni tizimli isloh qilish, milliy musiqa va teatr sanʼati, ilmiy-tadqiqot ishlari va ijrochilik mahoratining yangi tizimini joriy qilish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar belgilansin:

a) milliy musiqa sanʼati klasteri yaratilib, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ularni ish bilan taʼminlash hamda malakasini oshirish tizimli yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:

milliy musiqa sanʼati yoʻnalishida taʼlim va ilmiy-tadqiqot ishlari takomillashtirilib, ijrochilik mahorati maktablarining yaxlit tizimi joriy etiladi;

bastakorlar, hofiz va sozandalar, baxshichilik sanʼati vakillarining noyob asarlari notalashtiriladi;

taʼlim jarayonining uzluksizligi va uzviyligi taʼminlanib, nazariy va amaliy bilimlarni integratsiya qilish orqali maqom, baxshi va doston ijrochiligi yoʻnalishlarida isteʼdodli yoshlar seleksiyasi amalga oshiriladi;

b) davlat musiqali, drama hamda qoʻgʻirchoq teatrlarida yagona repertuar strategiyasi asosida gʻoyaviy, maʼnaviy va badiiy jihatdan puxta yaratilgan sahna asarlarini namoyish etish, teatr va sirk sanʼati ustalari tomonidan “ustoz-shogird” anʼanalari va mahorat maktablari asosida taʼlim berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;

v) nomoddiy madaniy merosni har tomonlama muhofaza qilish, keng jamoatchilikni jalb etgan holda uning namunalarini aniqlash, nomoddiy madaniy meros boʻyicha xalqaro roʻyxatlar va reyestrlarga kiritish, raqamlashtirish, targʻib qilish va saqlash boʻyicha yangi tashabbuslar va loyihalar amalga oshiriladi hamda mazkur faoliyat bilan shugʻullanuvchi davlat tashkilotlari faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi.

5. Belgilansinki:

a) 2023-yil 1-sentabrdan boshlab, aholining madaniy hayotini yanada mazmunli tashkil etish, ayniqsa, yoshlarni madaniyat va sanʼatga keng jalb qilish uchun madaniyat markazlarida:

bosqichma-bosqich zamonaviy jihozlangan kutubxonalar va kinoteatrlar tashkil etiladi;

musiqa cholgʻuchiligi va ashula ijrochiligi boʻyicha pullik maxsus kurslarda oʻqitish tizimi joriy etiladi;

b) 2024 — 2026-yillarda xalqaro festivallar, forumlar va respublika darajasidagi madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish ishlari bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkaziladi.

6. Madaniyat va sanʼat sohasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish va boshqaruvni raqamlashtirish orqali xizmat koʻrsatish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimi joriy qilinsin:

madaniyat markazlari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan madaniyat va sanʼat maktablari hamda maktab-internatlar, texnikumlar faoliyatida boshqaruv va tashkiliy jarayonlarni raqamlashtirish boʻyicha axborot tizimlari ishlab chiqiladi, ariza topshirish hamda bitirganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalarni olish boʻyicha davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi;

madaniyat markazlari va koʻzi ojizlar uchun adabiyotlarni buyurtma asosida yetkazishga moʻljallangan axborot tizimlari, aholiga audiovizual asarlarni taqdim qilishga moʻljallangan maxsus video platforma hamda yoshlarga milliy musiqa cholgʻulari toʻgʻrisida dastlabki taʼlimni berishga moʻljallangan “Cholgʻu.uz” mobil ilovasi ishlab chiqiladi;

Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlarda tushumlarni onlayn monitoring qilishga moʻljallangan axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda “UzASBO” avtomatlashtirilgan dasturiy majmuasi bilan integratsiya qilinadi.

7. “Oʻzbekteatr” hamda “Madaniyat taʼlimi markazi” davlat muassasalari tashkil etilsin. Bunda, “Oʻzbekteatr” va “Madaniyat taʼlimi markazi” davlat muassasalarining shtat birliklari 7 va 8-ilovalarda keltirilgan tashkilotlarning umumiy shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi hamda ularni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjetidan Madaniyat vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

9. Madaniyat vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 27-iyul,

PF-114-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga 1-ILOVA

Madaniyat vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari

Quyidagilar Madaniyat vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:

a) madaniyat va sanʼat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

b) sohaga oid kompleks dasturlarni ishlab chiqish, madaniyat sohasida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash;

v) madaniyat va sanʼat, shu jumladan, teatr, kino, musiqa, xoreografiya, estrada, sirk va xalq amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish;

g) xalqimizning maʼnaviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada yuksaltirish, Yangi Oʻzbekistonda doʻstlik va koʻp millatli yagona oila tuygʻusi muhitini mustahkamlash;

d) madaniyat va sanʼat hamda kino sanʼatidan unumli foydalangan holda ijodiy raqobatni rivojlantirish;

e) nomoddiy madaniy merosni oʻrganish, asrab-avaylash va targʻib qilish, sanʼat va badiiy ijodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali rivojlantirish;

j) madaniyat sohasi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, bosqichma-bosqich raqamlashtirish, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz mavqeyini oshirish;

z) madaniyat va sanʼat sohalaridagi xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash, xalqaro shartnomalar tayyorlash, tuzish va bajarish haqida takliflar ishlab chiqish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga 2-ILOVA

Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish va qayta nomlash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga 3-ILOVA

Madaniyat vazirligi tizimida yangi tashkil qilinayotgan muassasalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga4-ILOVA

Madaniyat vazirligining

(4-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-52-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/52/0262-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga 5-ILOVA

Kinematografiya agentligining

* Izoh. Kinematografiya agentligining viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boʻlimlari tugatilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga 1-ilovaning 16.2-pozitsiyasidagi boshqaruv shtat birliklari Kinematografiya agentligining markaziy apparatida toʻliq saqlab qolinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga 6-ILOVA

Madaniyat va sanʼat sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga 7-ILOVA

Madaniyat vazirligining “Oʻzbekteatr” davlat muassasasi tuzilmasiga oʻtkazilayotgan davlat teatrlari va teatr studiyalari

Izoh: Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga 8-ILOVA

Madaniyat vazirligining “Madaniyat taʼlimi markazi” davlat muassasasi tuzilmasiga oʻtkazilayotgan tashkilotlar

Izoh: Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PF-114-son Farmoniga 9-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6199-son Farmonida:

a) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“4. Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;

b) Farmonga ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi PF-6199-son FarmonigaILOVA

Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash

Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmonida:

a) 1-ilovada:

11-boʻlim quyidagi tahrirda bayon etilsin:

16-boʻlim quyidagi tahrirda bayon etilsin:

izohlar qismining 5.18-kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 2-ilovada:

11-band quyidagi mazmundagi 11.3-kichik band bilan toʻldirilsin:

“11.3 Turizm qoʻmitasi”;

16-banddagi “Madaniyat va turizm vazirligi” soʻzlari “Madaniyat vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 2a-ilovada:

quyidagi mazmundagi 11.3-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

16 — 16.2-pozitsiyalardan “va turizm” hamda “i turizma” soʻzlari chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-171-son qarorida:

a) 1-ilova quyidagi mazmundagi “o”, “p” va “r” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:

“o) turizm sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohada qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

p) turizm sohasiga oid kompleks dasturlarni ishlab chiqish, turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish hamda turizm sohasida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash;

r) mamlakatning turizm salohiyati koʻlamini kengaytirish, turizmni iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirish, turizm turlarini koʻpaytirish, yangi turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda turizm imijini mustahkamlash”;

b) 3-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga 3-ILOVA

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining

* Oʻrmon xoʻjaligi agentligining hududlardagi boshqarmalari tugatilib, ularning vazifa va funksiyalari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

** Budjetdan tashqari mablagʻlar, shuningdek, ajratmalar, xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar hisobidan moliyalashtiriladi.”.

v) 5-ilovaning 4-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-174-son qarorining 8-bandi toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Belgilansinki, Etnoekologiya ilmiy-tadqiqot markazi Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan binoga bepul joylashtiriladi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.