Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi “2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-113-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasiga ilgʻor raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish orqali yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ekinlar holatini monitoring qilishning idoralararo axborot tizimlarini joriy etish maqsadida:
1. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
a) 2023-yil 1-sentabrdan boshlab Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi tarkibida paxta, boshoqli don, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmat koʻrsatish uchun “Agroplatforma” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Agroplatforma” AT) joriy etiladi. Bunda:
mahsulot yetishtiruvchilarning yagona reyestri joriy etiladi, har bir yerdan foydalanuvchining elektron pasporti shakllantirilib, ularga identifikatsion raqam beriladi, har kalendar yilning 15-martiga qadar mahsulot yetishtiruvchilarning maʼlumotlari yangilanadi;
mahsulot yetishtiruvchilarning kelgusi yil hosili uchun ekinlarni oqilona joylashtirish boʻyicha takliflari elektron xaritada aks ettiriladi va tasdiqlanadi;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar va ularga xizmat koʻrsatuvchi subyektlar oʻrtasida hujjat aylanishi elektron shaklga oʻtkaziladi;
b) 2026-yil hosilidan boshlab qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tijorat banklarining Agroportal orqali elektron tarzda shakllantirilgan buyurtmanomalari asosida moliyalashtirish amalga oshiriladi. Bunda:
kredit shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblarni Agroportali orqali real vaqt rejimida koʻrish imkoniyati yaratiladi;
toʻlov topshiriqnomalarini shakllantirish va tijorat banklari orqali ijrosini tashkil etish jarayonlari, sugʻurta polislari, buyurtmanomalar va dalolatnomalarni identifikatsiyalash hamda raqamlashtirish Agroportal orqali amalga oshiriladi;
mahsulot yetishtiruvchilarga Agroportaldagi shaxsiy kabinetlari orqali elektron xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)
2. Belgilansinki, 2023-yil yakuniga qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan:
a) Geoaxborot texnologiyalari va kosmik tasvirlarni tahlil qiladigan xizmatlarni koʻrsatish platformasi joriy etiladi.
Bunda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar va klasterlarga ajratilgan ekin maydonlari va ekinlarni mustaqil ravishda multispektral kosmik suratlar tahlili asosida monitoring qilish, muammolarni erta aniqlash va hosildorlikni oshirish boʻyicha tavsiyalar berish tizimi yaratiladi;
b) qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirishning amaldagi mexanizmlari raqamli texnologiyalar yordamida takomillashtiriladi. Bunda, yerdan foydalanuvchilarning takliflarini qabul qilish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini elektron joylashtirish, kelishish, maʼlumot va hisobotlarni avtomatik shakllantirish uchun “CropAgro” axborot tizimi joriy etiladi;
v) Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Geoaxborot tizimi” negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar qishloq xoʻjaligi geoportallari takomillashtirilib, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan tegishli hududlarning qishloq xoʻjaligi sohasiga oid geografik, statistik va tahliliy maʼlumotlardan ochiq foydalanish yoʻlga qoʻyiladi;
g) Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Raqamlashtirish markazi)ning tashkiliy-huquqiy shakli masʼuliyati cheklangan jamiyatga oʻzgartirilib, agrar sohada raqamlashtirish yoʻnalishida faoliyat koʻrsatuvchi integrator sifatida oʻrnatilgan tartibda “IT-Park” rezidentiga aylantiriladi. Bunda:
Raqamlashtirish markazi Qishloq xoʻjaligi vazirligining tizim tashkilotlaridagi raqamlashtirish yoʻnalishidagi xodimlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularni loyihalarga jalb etish va salohiyatli xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
Raqamlashtirish markazining xizmatlari tijoratlashtiriladi hamda davlat-xususiy sheriklik munosabatlari rivojlantiriladi;
yangi va istiqbolli loyihalarning joriy etilishi va joylarda bepul oʻquv kurslarining tashkil etilishi doimiy tarzda olib boriladi;
Raqamlashtirish markazi va grant mablagʻlari hisobidan xalqaro toifadagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishidagi mutaxassislar jalb etiladi;
d) mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimlarini zamonaviy kompyuter texnikasi bilan taʼminlash choralari koʻriladi;
(2-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2024-y., 06/24/28/0099-son)
e) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari xodimlari uchun “Agroplatforma” ATdan foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlari tashkillashtiriladi.
(2-bandning “e” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2024-y., 06/24/28/0099-son)
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov) 2024-yil 1-fevralga qadar sohadagi statistik maʼlumotlarning ishonchliligi va tezkorligini taʼminlash uchun Agrar va oziq-ovqat sohasida vaziyatlarni baholash markazini ishga tushirsin.
Bunda, Agrar va oziq-ovqat sohasida vaziyatlarni baholash markaziga 12 ta vazirlik va idoralarning 20 ta yoʻnalishdagi elektron bazalari integratsiya qilinib, 70 mingta qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlar faoliyati boʻyicha 100 dan ortiq statistik va tahliliy hisobotlarda 20 dan ziyod indikatorlarning yagona maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda Kadastr agentligi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda 2023-yil 1-oktabrga qadar “Agroplatforma” ATda qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanuvchilarning yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirsin.
5. Belgilansinki:
oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlarni “Yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etish maqsadida “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasiga Qishloq xoʻjaligi vazirligining talabnomasiga asosan vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va resurslaridagi maʼlumotlar doimiy ravishda tegishli davlat organlari tomonidan integratsiya qilish orqali begʻaraz asosda taqdim etib boriladi;
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish “Agrosubsidiya” yagona axborot tizimi, shuningdek, “CropAgro” axborot tizimi va Geoaxborot tizimi operatoriga tizimlarning doimiy tarzda takomillashtirilishi, qoʻshimcha modullar va xizmatlar qoʻshib borilishi hamda texnik qoʻllab-quvvatlash ishlari boʻyicha qilinadigan sarf-xarajatlari mazkur tizimlar ishtirokchilarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda “Agroplatforma” ATning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, mazkur axborot tizimini tatbiq qilish va takomillashtirish xarajatlarini qoplash uchun “Agroplatforma” AT tomonidan koʻrsatiladigan xizmat tariflarini ishlab chiqsin hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. Qishloq xoʻjaligida “Agroplatforma” axborot tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 2-avgust,
PQ-257-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PQ-257-son qaroriga1-ILOVA
“Agroplatforma” axborot tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-avgustdagi PQ-257-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-259-sonli Farmoniga asosan 1-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/259/1224-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-273-son qaroriga 2-ilovaning 22-pozitsiyasi 3-kichik bandi “Amalga oshirish mexanizmi” ustunidagi “Fargʻona va Samarqand viloyatlari misolida” soʻzlari “Fargʻona viloyati misolida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-107-son qarorida:
a) 3-bandida:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Suv xoʻjaligi vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat Budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar tomonidan tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan, istisno tariqasida, 2023-yilda paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar tomonidan diskret sugʻorish tizimlarini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun ham ajratilishiga ruxsat beriladi”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 11-banddagi “2023-yil avgust oyiga qadar” soʻzlari “2023-yil noyabr oyiga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-son qaroriga 1-ilovada:
a) 100-pozitsiya chiqarib tashlansin;
b) 103-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 95-son qarorida:
a) 2-bandning “b” kichik bandidagi “tomchilatib sugʻorish texnologiyasini” soʻzlari “tomchilatib va diskret sugʻorish texnologiyalarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovada:
5-bandning ikkinchi xatboshisidagi, 21-bandining birinchi, uchinchi va beshinchi xatboshilaridagi, 22-bandning ikkinchi xatboshisidagi, 23-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi hamda 42-bandning ikkinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “tomchilatib sugʻorish texnologiyasi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “tomchilatib va diskret sugʻorish texnologiyalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-1-bandining birinchi xatboshisidan “Tomchi-reestr” YAERdan oʻtgan tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan loyihalar uchun” soʻzlari chiqarib tashlansin;
20-bandda:
sakkizinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar tegishlicha sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
23-1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23-1. Talabgorlarga ikkinchi yilda tizimlarning ishlatilishiga qarab belgilangan subsidiya miqdorining qolgan 50 foizi, uchinchi yilda esa joriy qilingan tizimni ishlatgan holda hosildorlikni saqlab qolgan paxta, gʻalla va meva-sabzavot klasterlariga qoʻshimcha 20 foiz subsidiya ajratiladi.
Bunda talabgorlarga keyingi yillarda ajratiladigan subsidiya tuman ishchi guruhlarining mazkur Nizom talablari asosida berilgan xulosalariga koʻra tegishliligicha Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan ajratib beriladi”;
25-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
29-bandning izohi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Izoh: Reyting natijalariga koʻra 60 yoki undan koʻp ball toʻplagan tashkilotlar ushbu reyestrga tavsiya etiladi”;
Nizomga 1-ilovaning 7-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
Nizomga 4-ilovaning 5-bosqichi “Chora-tadbirlar” blokida:
1-banddagi “tomchilatib sugʻorish texnologiyasi suvni tejaydigan texnologiyalar” soʻzlari “tomchilatib va diskret sugʻorish texnologiyalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-banddagi “tomchilatib sugʻorish texnologiyasini” soʻzlari “tomchilatib va diskret sugʻorish texnologiyalarini” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish axborot tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 711-son qarori 3-bandining “Subsidiya mablagʻi ajratilishi uchun masʼul tashkilot” ustunidagi “Qishloq xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari “Suv xoʻjaligi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.