PQ-281-son Qaror · 18.08.2023

Baliqchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv boʻyi turizmi maskanlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-281
  • Qabul qilingan sana:18.08.2023
  • Kuchga kirgan sana:18.08.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/281/0626

Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish, tabiiy va sunʼiy suv havzalaridan oqilona foydalanish, baliq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullari va intensiv texnologiyalarini joriy etish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, tabiiy va sunʼiy suv havzalarini elektron onlayn auksion orqali shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan holda realizatsiya qilish tartibini joriy etish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2023-yil 1-oktabrdan boshlab quyidagilar tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi:

davlatga tegishli tabiiy va sunʼiy suv havzalari (suv omborlari) — baliqni sanoat usulida yetishtirish, ovlash va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun;

tabiiy va sunʼiy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari — suv boʻyida plyaj zonalarini tashkil etish, sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi, qayiqda suzish va suv sayohati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish, baliq mahsulotlari, shu jumladan baliq taomlari savdosi, umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish hamda ushbu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (oʻtov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun.

Bunda, mazkur bandda belgilangan talablar ijara shartnomalarining amal qilish muddati tugamagan tabiiy va sunʼiy suv havzalariga (suv omborlariga) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-fevraldagi “Aydar-arnasoy koʻllar tizimi boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-141-son qarori bilan boshqaruvi takomillashtirilgan Aydar-Arnasoy koʻllar tizimiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi “Orol artemiya sanoati” davlat muassasasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilgan Orol dengizining 227 ming gektar suv osti yer maydonlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi PQ-364-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2025-y., 07/25/364/1113-son)

2. “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) ikki hafta muddatda unga tanho foydalanishga berilgan reproduktiv ahamiyati past va doimiy ixtiofaunaga ega boʻlmagan tabiiy suv havzalarini 1-ilovaga muvofiq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimidagi tashkilotlarga ulardan samarali foydalanish uchun topshirsin.

3. Quyidagilar:

2023-2024-yillarda baliq ovlash va suv boʻyi turizmi maskanlari tashkil etiladigan oʻrmon fondi yerlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

2023-2024-yillarda baliqni sanoat usulida yetishtirish, ovlash va suv boʻyi turizmi maskanlari tashkil etiladigan suv omborlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorga 2-3-ilovalarda belgilangan hududlarda baliq yetishtirish, ovlash va suv boʻyi turizmi maskanlarini barpo qilish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini lotlarga boʻlgan holda elektron onlayn auksion orqali savdolarga chiqarib borishni tashkil etsin.

4. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi baliq ovlash va suv boʻyi turizmi maskanlarini ommalashtirish va sayyohlar oqimini yoʻlga qoʻyish maqsadida yangi ishga tushirilgan obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlar, internet sahifalariga joylashtirsin va turoperatorlarga yetkazsin.

5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda davlatga tegishli suv havzalarini tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish tartibini tasdiqlasin. Bunda:

Uyushmaga tanho foydalanishga berilgan tabiiy suv havzalarini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning 50 foizini Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga, 40 foizini Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga, 10 foizini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)

Uyushmaga tanho foydalanishga berilgan sunʼiy suv havzalarini (suv omborlari) ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning 90 foizini Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga, 10 foizini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga;

baliqni sanoat usulida yetishtirish va ovlash maqsadlaridan boshqa maqsadlarda tabiiy suv havzalari ijaraga berilganda, ijaradan tushgan mablagʻlarning 90 foizini Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga, 10 foizini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga yoʻnaltirish nazarda tutilsin.

(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)

6. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi Kadastr agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar tabiiy (koʻllar) va sunʼiy (suv omborlari) suv havzalarini xatlovdan oʻtkazib, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Quyidagilarga:

Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan Uyushma faoliyatining joriy xarajatlarini moliyalashtirish hamda xodimlarga ish haqi toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirishga;

Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan baliqchilik sohasida seminar va treninglarni tashkil etish, Uyushma xodimlarining xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash va ularni moddiy ragʻbatlantirishga ruxsat berilsin.

8. Quyidagilar:

2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirishning prognoz parametrlari 4-ilovaga muvofiq;

2024-yilda sunʼiy suv havzalarini intensivlashtirish boʻyicha prognoz parametrlar 5-ilovaga muvofiq;

2024-yilda aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha prognoz parametrlar 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Belgilansinki, 2024-yil 1-yanvardan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Suv xoʻjaligi vazirligi “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida baliqchilik loyihalarini amalga oshirish maqsadida, baliqchilik bilan shugʻullanuvchi oilalarni suv bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

10. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi B.T. Norqobilov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 18-avgust,

PQ-281-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-281-son qaroriga1-ILOVA

“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tizimidagi tashkilotlarga topshiriladigan tabiiy suv havzalari

Izoh: mazkur roʻyxatga “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan kelishilgan holda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-281-son qaroriga2-ILOVA

2023-2024-yillarda baliq ovlash va suv boʻyi turizmi maskanlari tashkil etiladigan oʻrmon fondi yerlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-281-son qaroriga3-ILOVA

2023-2024-yillarda baliqni sanoat usulda yetishtirish, ovlash va suv boʻyi turizmi maskanlari tashkil etiladigan suv omborlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-281-son qaroriga4-ILOVA

2024-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda baliq yetishtirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-avgustdagi PQ-281-son qaroriga5-ILOVA

2024-yilda sunʼiy suv havzalarini intensivlashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 18-avgustdagi PQ-281-son qaroriga6-ILOVA

2024-yilda aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.