PQ-286-son Qaror · 25.08.2023

Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — Oʻzbekiston xalqaro mukofotini taʼsis etishni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-286
  • Qabul qilingan sana:25.08.2023
  • Kuchga kirgan sana:26.08.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/286/0656

Jahon tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-maʼrifiy merosini xalqaro darajada chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish, sunʼiy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni ragʻbatlantirish, Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-avgustdagi “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida”gi PQ-361-son qaroriga muvofiq:

1. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma), YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasining:

YUNESKO bilan hamkorlikda sunʼiy idrok sohasida odob-axloqni targʻib etish orqali ilmiy muloqotni ragʻbatlantirish boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — Oʻzbekiston xalqaro mukofotini taʼsis etish;

Parij shahridagi (Fransiya) YUNESKO bosh qarorgohida 2023-yil 4 — 8-sentabr kunlari Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro koʻrgazma va tadbirlarni (keyingi oʻrinlarda — Koʻrgazma) yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.

2. Quyidagilar:

YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro koʻrgazma va tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro koʻrgazma va tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Jamgʻarma:

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda Koʻrgazmada taqdim etish uchun dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar nusxalaridan iborat Koʻrgazmaga bagʻishlangan maxsus katalogning ingliz va oʻzbek tillarida chop etilishini taʼminlasin;

Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining konsert dasturini yuqori saviyada tashkil etsin.

4. Tashqi ishlar vazirligi Jamgʻarma buyurtmanomasiga binoan, Koʻrgazmada ishtirok etish uchun taklif etilgan Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari, xalqaro konsultantlar va tadbir mehmonlarining chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, Koʻrgazmani yuqori saviyada oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy ishlarga koʻmaklashsin.

5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — Oʻzbekiston xalqaro mukofotini taʼsis etish hamda Koʻrgazmaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish manbalarini belgilasin, shuningdek, uning xarajatlar smetasini tasdiqlasin.

Belgilansinki, Jamgʻarma ushbu qaror ijrosi doirasida xarajatlarni moliyalashtirish bilan bogʻliq mablagʻlar ajratilguniga qadar oʻz mablagʻlari hisobidan shartnomalar tuzadi va toʻlovlarni amalga oshiradi, shuningdek, mablagʻlar ajratilgandan soʻng Jamgʻarma tomonidan sarflangan mablagʻlar qoplab beriladi.

6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 25-avgust,

PQ-286-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-avgustdagi PQ-286-son qaroriga1-ILOVA

YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro koʻrgazma va tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita

Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-avgustdagi PQ-286-son qaroriga2-ILOVA

YUNESKO bosh qarorgohida Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodiga bagʻishlangan xalqaro koʻrgazma va tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazish boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.