Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda 2020-yil 27-noyabrdagi PF-6119-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 — 2025-yillarga moʻljallangan strategiyasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, hududlar va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning quyidagi darajalari belgilansin:
birinchi darajada — hududlarning raqobat ustunliklari va barqaror rivojlanish drayverlarini aniqlab beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi (keyingi oʻrinlarda — Bosh sxema) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy sxemalar), shuningdek, shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida Aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi;
ikkinchi darajada — shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida shaharlarning (shaharchalarning) bosh rejalari (keyingi oʻrinlarda — shaharlarning bosh rejalari), shuningdek, qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari (keyingi oʻrinlarda — qishloq aholi punktlarining sxemalari) ishlab chiqiladi;
uchinchi darajada — hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan, oʻzida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan master rejalari yoki batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.
Aholi punktlari hududlarini shaharsozlik hujjatlari bilan qamrab olish darajalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
Bosh sxema, hududiy sxemalar, aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyalari, shaharlarning bosh rejalari va qishloq aholi punktlarining sxemalarini ishlab chiqishda soha va tarmoqlar kesimida vazirliklar, idoralar va hokimliklar hamkorligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi organ etib Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish doirasida uzoq muddatli rivojlanish yoʻnalishlarini va prognoz parametrlarini belgilash boʻyicha masʼul organ etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Bosh sxema, hududiy sxemalar va aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyalari, shaharlarning bosh rejalari va qishloq aholi punktlarining sxemalarini ishlab chiqish boʻyicha masʼul organ etib Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
master rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar belgilansin.
Master rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishda xususiy tashabbuskorlarga buyurtmachi vazifalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Bosh sxema Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha umumdavlat ahamiyatiga molik koʻp maqsadli strategik hujjat sifatida eʼtirof etiladi:
aholini va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish tizimini davlat tomonidan tartibga solishni taʼminlash;
hududlarning joriy holati, salohiyatini aniqlash, oʻzaro bogʻliqlik maqsadlarini va xususiyatini belgilash;
arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatini amalga oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari doirasida hududlararo va tarmoqlararo davlat manfaatlarini muvofiqlashtirish;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini loyihalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish uchun asos sifatida belgilash;
b) Bosh sxema va hududiy sxemalardagi loyihaviy yechimlar Oʻzbekiston Respublikasi taraqqiyot strategiyasi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy integratsiya jarayonlari, qoʻshni davlatlarning hududiy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot dasturlari hamda jahon tendensiyalarini hisobga olgan holda uzoq davrga moʻljallab ishlab chiqiladi;
v) Bosh sxemani va hududiy sxemalarni tasdiqlash hamda muntazam ravishda (har 3 — 5 yilda) takomillashtirib borish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni belgilash Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining loyihalashtirish topshirigʻiga muvofiq shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan koʻrinishda ishlab chiqishga ruxsat etilsin. Bunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida aholi punktlarining hududlari quyidagi zonalarga ajratiladi:
a) konservatsiya zonalari. Ushbu zonalar yashil hududlar, suv boʻyi va yoʻl boʻyi hududlari, madaniy meros va ijtimoiy soha obyektlari, harbiy shaharchalar, alohida toifadagi obyektlar va ularning muhofaza hududlarini, shuningdek, aholi punktining tarixan shakllangan qismini oʻz ichiga olib, ularni asl holida saqlash talab etiladi;
b) rekonstruksiya va renovatsiya zonalari. Ushbu zonalarda faqat:
ulardan foydalanishga doir cheklovlarni belgilagan holda hududning foydalanish maqsadlariga koʻra funksional zonalar;
bino yoki inshootning ruxsat etiladigan qurilish maydonining uning yer uchastkasiga nisbatini belgilovchi zichlik parametrlari;
magistral muhandislik tarmoqlarining quvvati va yoʻnalishlari;
hududlarning mavjud va istiqboldagi koʻkalamzorlari joylashuvi;
loyihaviy qizil chiziqlar belgilanadi.
5. Shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, hududlarning qismlarini hududiy va iqtisodiy rivojlantirishni yaqin, oʻrta va uzoq muddatlarga rejalashtirish va ularning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadida mavjud muammolarning aniq yechimi va amalga oshirish mexanizmlarini oʻzida aks ettirgan master rejalar ishlab chiqish tizimi joriy etilsin. Bunda:
a) master rejalarni quyidagi hollarda ishlab chiqishga ruxsat beriladi:
buyurtmachining hududni rivojlantirish boʻyicha reja va takliflari ushbu hududni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish boʻyicha shaharsozlik hujjatiga muvofiq boʻlmaganda, shu jumladan hududning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmayotganda hamda boʻsh yer uchastkasi master reja asosida auksionga chiqarilishi belgilanganda;
hududning shaharsozlik hujjatlari mavjud boʻlmaganda;
b) batafsil rejalashtirish loyihasi, hududni qurish loyihasi va dizayn kod bilan birgalikda ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan master reja shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi;
v) shaharsozlik hujjati sifatida ishlab chiqilgan master rejani tasdiqlash ushbu hududning shaharsozlik hujjatini tasdiqlashga vakolati boʻlgan davlat organi tomonidan amalga oshiriladi;
g) shaharsozlik maqsadlari uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflar tayyorlanganda ushbu hududlarning master rejalarini ishlab chiqilishi majburiy tarzda amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda master rejalarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibini koʻzda tutuvchi nizom loyihasini ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
hududlarning joriy holatini aniqlash, aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilik funksiyalarini amalga oshirish;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ulardan foydalanishning umumiy yondashuvlari, mezonlari va metodologiyasini ishlab chiqishni tashkil etish;
Davlat shaharsozlik kadastrini yuritish;
“Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi” idoralararo geoaxborot dasturiy kompleksini (keyingi oʻrinlarda — Shaharsozlik geoaxborot tizimi) yuritish va operator funksiyasini bajarish, shuningdek, ushbu tizimga maʼlumotlarni joylashtirish, saqlash, fazoviy maʼlumotlar almashinuvini taʼminlash va ulardan foydalanish huquqlarini boshqarish.
7. Markazning faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtirilsin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarning 10 foizi miqdoridagi mablagʻlar;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-iyuldagi PQ-252-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.07.2026-y., 07/26/252/0741-son)
Davlat shaharsozlik kadastrini va Shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritishdan tushgan mablagʻlar;
mahalliy va xorijiy grantlar, texnik koʻmak mablagʻlari;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. Quyidagilar:
2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturining yigʻma parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
2023 — 2027-yillarda shaharlarning bosh reja loyihalarini ishlab chiqish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
2023 — 2027-yillarda shaharchalarning bosh reja loyihalarini ishlab chiqish jadvali 4-ilovaga muvofiq;
2023 — 2027-yillarda qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida bosh rejalar, hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish loyihalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish uchun Davlat budjetidan 150 milliard soʻm ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Ushbu ajratilgan mablagʻlar quyidagi tartibda sarflansin:
115 milliard soʻmgacha — 2023-yilda shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari hamda qishloq aholi punktlarining sxemalarini ishlab chiqishga;
qolgan mablagʻlar — Bosh sxema va hududiy sxemalarni ishlab chiqish hamda Markaz faoliyatini moliyalashtirishga.
10. Belgilab quyilsinki, 2023 — 2027-yillarda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturi doirasida:
“OʻzshaharsozlikLITI” bosh loyiha instituti — shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqadi;
“ToshkentboshplanLITI” bosh loyiha instituti — Toshkent shahrining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqadi;
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF-104-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2026-y., 06/26/104/0563-son)
“Qishloq qurilish loyiha” instituti — qishloq aholi punktlarini rivojlantirish tarhlari loyihalarini ishlab chiqadi, shuningdek, buning uchun topogeodeziya va muhandislik-geologiya qidiruv ishlarini bajaradi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF-104-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2026-y., 06/26/104/0563-son)
oʻrnatilgan tartibda tanlov asosida aniqlangan loyihalash tashkilotlari — alohida hududlarning master rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqadi;
Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti — shaharlar va shaharchalarning shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun muhandislik-geologiya qidiruv ishlarini bajaradi hamda topogeodeziya ishlarini, shu jumladan uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida aerofotosuratga olish, hududning ortofotoplani va relyefning raqamli modelini tayyorlash ishlarini bajaradi.
Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda tegishli loyihalash tashkilotlariga salohiyatli tashkilotlar va malakali mutaxassislarni (jumladan, xorijiy) eng maqbul takliflarni tanlab olish asosida jalb qilishga ruxsat berilsin.
Qayd etilsinki, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur materiallarni yigʻish, muhandislik-geologiya qidiruv va topogeodeziya ishlarini bajarish hamda ularni ekspertizalardan oʻtkazish bosh loyiha institutlari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi, shuningdek, ushbu xarajatlar mazkur hujjatlarni ishlab chiqish qiymatiga kiritiladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF-104-sonli Farmoniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2026-y., 06/26/104/0563-son)
11. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar Shaharsozlik geoaxborot tizimini ishga tushirsin. Bunda:
hududlarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy maʼlumotlar turlarini yaratish, boshqarish, 3D-vizual koʻrinishini shakllantirish va kompleks tahlil qilish imkoniyatini;
hududlarni konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratish, geofazoviy maʼlumotlarni joylashtirish orqali aholi punktlarining “raqamli egizaklari”ni yaratish;
bosh rejalarni va rejalashtirilayotgan yirik loyihalarni jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazish jarayonlarini raqamlashtirish;
ishlab chiqilgan bosh rejalar asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni berish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish nazarda tutilsin.
Qayd etilsinki:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi Shaharsozlik geoaxborot tizimi administratori etib belgilanadi hamda uzluksiz texnik va dasturiy boshqaruvni amalga oshiradi;
mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari 6-ilovaga muvofiq idoralararo integratsiyalashuvni amalga oshirish maqsadida tegishli maʼlumotlarni (tematik qatlamlarni) Shaharsozlik geoaxborot tizimiga taqdim etadi.
12. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyuldan boshlab:
a) vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan barcha aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari va obyektlarning loyiha hujjatlari, shuningdek, ularni kelishish va oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Shaharsozlik geoaxborot tizimiga majburiy joylashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda:
tegishli vazirlik va idoralar hamda buyurtmachi vazifasini bajaruvchi tashkilotlar va loyiha institutlari ishlab chiqilgan amaldagi shaharsozlik hujjatlarini raqamli shaklda 2023-yil 31-dekabrga qadar Markazga taqdim etadi;
Markaz amaldagi shaharsozlik hujjatlarini 2024-yil 1-martga qadar Shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritadi;
b) yer maydonlarini ajratish va auksion orqali sotish faqat ular joylashgan hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritilgandan soʻng amalga oshiriladi;
v) obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berish, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini olish va loyiha hujjatlarini kelishish faqat ushbu obyektlar joylashgan hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritilgandan soʻng amalga oshiriladi;
g) loyihalashtirilayotgan obyektlar yer uchastkasining topografik xaritalari va qurilishi tugallangan obyektlarning ijroiy topografik xaritalarini majburiy ravishda bajarish hamda ularni Shaharsozlik geoaxborot tizimi maʼlumotlar bazasiga kiritish tartibi joriy etiladi. Bunda, topografik tasvirlarning amaldagi meʼyoriy hujjatlarga mosligini tekshirish va topografik maʼlumotlar bazasini yuritish ishlari Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti tomonidan amalga oshiriladi;
d) aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilganda loyihalash tashkiloti bilan yakuniy hisob-kitoblar faqat ushbu shaharsozlik hujjatlari Shaharsozlik geoaxborot tizimiga kiritilgandan soʻng amalga oshiriladi.
13. 2024-yil 1-iyulga qadar hududlarda fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitini kompleks shakllantirish, shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatida byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Mening hududim” elektron platformasi ishlab chiqilsin:
“Mening hududim” elektron platformasida manfaatdor vazirlik va idoralarning shaxsiy kabinetlarini yaratib, ular faoliyatiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlarni mahalla kesimida raqamli shaklda kiritish;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini oʻrganish hamda ovoz berish mexanizmini joriy etish;
hududlarda mahalliy aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli tashabbuslarini aks ettiruvchi tizim joriy etish.
14. Belgilansinki:
a) aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga shaharsozlik subyektlari tomonidan rioya etilishi ustidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi masʼul hisoblanadi;
qurilish obyektlarida qurilish-montaj ishlari sifati va ularning loyiha-smeta hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan davlat qurilish nazoratini amalga oshirishga Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi masʼul hisoblanadi;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) hokimlari har yili oʻz hududlarining shaharsozlik hujjatlari ijrosi yuzasidan tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari Kengashlariga hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga hisobot taqdim etadi.
15. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Kompetensiyani rivojlantirish instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida 2023-yil 1-noyabrdan boshlab mahalliy hokimliklar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining shaharsozlik sohasidagi bilimlarini oshirishga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etsin.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari zimmasiga:
hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarining asosiy qoidalariga rioya etgan holda amalga oshirilishi;
uy-joy, ijtimoiy soha, muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasi obyektlari qurilishida aholi punktlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga qatʼiy rioya etilishi;
aholi punktlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
17. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni tashkil etish, tasdiqlash hamda ijrosini nazorat qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari va ekspertlarni jalb qilgan holda aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan taʼminlash, Shaharsozlik geoaxborot tizimini joriy etish va shaharsozlik faoliyatini tashkil etish tartib-taomillarining keng yoritilishi hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida davra suhbatlari va brifinglar oʻtkazilishini taʼminlasin.
19. Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibini tasdiqlasin;
Shaharsozlik geoaxborot tizimida kartografik maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlashga qaratilgan Hukumat qarorini qabul qilsin;
qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I. Zakirov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-sentabr,
PQ-299-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga1-ILOVA
Aholi punktlari hududlarini shaharsozlik hujjatlari bilan qamrab olish
* Shaharsozlik hujjatlarining masshtabini loyihalashtirish topshirigʻiga asosan oʻzgartirishga ruxsat etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga2-ILOVA
2023 — 2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga3-ILOVA
2023 — 2027-yillarda shaharlarning bosh reja loyihalarini ishlab chiqish
Izohlar:
1. Mazkur dastur bilan tasdiqlanayotgan shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqiladigan aholi punktlari roʻyxatiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
2. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish va moliyalashtirish holatidan kelib chiqqan holda, yildan yilga oʻtuvchi loyiha etib hisoblanishi mumkin.
3. 2023-yilda ishlab chiqilishi rejalashtirilgan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari boʻyicha buyurtmachi funksiyasi Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi faoliyati toʻliq tashkil etilgunga qadar hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmalariga yuklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga4-ILOVA
2023 — 2027-yillarda shaharchalarning bosh reja loyihalarini ishlab chiqish
Izohlar:
1. Mazkur dastur bilan tasdiqlanayotgan shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqiladigan aholi punktlari roʻyxatiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
2. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish va moliyalashtirish holatidan kelib chiqqan holda, yildan-yilga oʻtuvchi loyiha etib hisoblanishi mumkin.
3. 2023-yilda ishlab chiqilishi rejalashtirilgan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari boʻyicha buyurtmachi funksiyasi Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi faoliyati toʻliq tashkil etilgunga qadar hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmalariga yuklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga5-ILOVA
2023 — 2027-yillarda qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish
Izohlar:
1. Mazkur dastur bilan tasdiqlanayotgan shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqiladigan aholi punktlari roʻyxatiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
2. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish va moliyalashtirish holatidan kelib chiqqan holda, yildan-yilga oʻtuvchi loyiha etib hisoblanishi mumkin.
3. 2023-yilda ishlab chiqilishi rejalashtirilgan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari boʻyicha buyurtmachi funksiyasi Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi faoliyati toʻliq tashkil etilgunga qadar hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmalariga yuklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga6-ILOVA
“Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi” idoralararo geoaxborot dasturiy kompleksiga idoralararo integratsiyani amalga oshirish
Izohlar:
Barcha maʼlumot/baza taqdim etuvchi idoralar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan idoralararo integratsiyalashuvni amalga oshirish maqsadida oʻzlari tomonidan taqdim etilishi lozim boʻlgan tematik qatlamlarni oʻrnatilgan tartibda Koordinatalar butunjahon geodeziya tizimida (WGS-84) tegishli tematik qatlamlar boʻyicha REST arxitekturasiga asoslangan URL (WMS, WFS, WCS, WPS, WMTS, CSW, OpenLS va x.k. kartografik veb-xizmatlarga) API soʻrovlar orqali maʼlumot almashishi talab etiladi.
Agarda maʼlumot/baza taqdim etuvchi idorada korporativ geoaxborot tizimi joriy etilmagan va API orqali maʼlumot almashish imkoni boʻlmagan taqdirda, maʼlumotlar (sheyp fayl, .gdb, .mdb, geojson, GeoPackage) GAT fayl formatlarida umumlashtirish maqsadida “Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimi”ga taqdim etilishi talab etiladi.
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qaroriga7-ILOVA
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni tashkil etish, tasdiqlash hamda ijrosini nazorat qilish boʻyicha
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)