PQ-329-son Qaror · 10.10.2023

Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-329
  • Qabul qilingan sana:10.10.2023
  • Kuchga kirgan sana:11.10.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/329/0765

Temir yoʻl transporti sohasini isloh qilish, sogʻlom raqobat muhitini yaratish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, biznes jarayonlarini raqamlashtirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish hamda respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida:

1. Quyidagilar temir yoʻl transporti sohasini bosqichma-bosqich isloh qilishning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

temir yoʻlda tashish xizmatlari bozorida raqobatni shakllantirish va jozibador investitsiya muhitini yaratish orqali tashish jarayonlariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish;

temir yoʻl sohasini transformatsiya qilish va raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, xizmatlar koʻrsatish jarayonining uzluksizligi, sifatliligi, xavfsizligi, barqarorligi va ishonchliligini taʼminlash;

temir yoʻl korxonalarining moliyaviy holatini mustahkamlash, yoʻlovchi va yuk tashishda tannarx va xarajatlarni kamaytirish, operatsion samaradorlikni taʼminlash borasida hisobdorlik va ragʻbatlantiruvchi muhitni yaratish;

tadbirkorlik subyektlari uchun temir yoʻl orqali yuk tashish xizmatini koʻrsatuvchi vagon operatorlarini erkin tanlash huquqini taʼminlash;

temir yoʻl xizmatlarini koʻrsatishda iqtisodiy va moliyaviy salohiyati yuqori boʻlgan yoʻnalish va sohalarga mustaqil rivojlanish, shu jumladan mahalliy va xalqaro moliya bozorlariga chiqish hamda davlat koʻmagisiz kredit resurslarini jalb qilish uchun imkoniyat yaratish;

temir yoʻl sohasidagi davlat ulushi mavjud kompaniyalarda korporativ boshqaruv tizimini tubdan yaxshilash, sohaga malakali xorijiy menejerlar va mutaxassislarni jalb qilish.

2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligining “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024-yil 1-yanvarga qadar alohida yoʻnalishlar boʻyicha quyidagilarni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

yoʻl xoʻjaligi, elektr taʼminoti, signallashtirish va aloqa, lokomotiv xoʻjaligi, yagona dispetcherlik markazi va yuk stansiyalari ish faoliyatini taʼminlash hamda mazkur infratuzilma obyektlarini rivojlantirish boʻyicha “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ;

yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xoʻjaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yoʻlga qoʻyish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish boʻyicha “Temiryoʻlkargo” AJ;

yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatini koʻrsatish hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar xoʻjaligini saqlash va rivojlantirish boʻyicha “Temiryoʻlekspress” AJ;

“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ tarkibida vokzallar faoliyatini taʼminlash boʻyicha “Temir yoʻl vokzallari” MCHJ va shahar atrofida yoʻlovchilar tashish boʻyicha “Shahar atrofida yoʻlovchi tashish” MCHJ;

bolalar oromgohlari, sogʻliqni saqlash, madaniy-maʼrifiy va sport obyektlarini saqlash, aholiga koʻrsatiladigan xizmatlardan tushadigan tushumlarni oshirish hamda ularni bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkazish yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirish boʻyicha “Temir yoʻl ijtimoiy xizmatlar” muassasasi.

Mazkur band bilan tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlari va muassasaning taʼsischisi (aksiyadori, mulkdori) etib xolding sifatida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ belgilansin.

3. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga oʻzining tarkibidagi korxonalarga buxgalteriya hisobi, moliya, menejment, raqamlashtirish, xaridlar, kadrlar malakasini oshirish va boshqa yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatish vazifasi yuklansin.

4. Quyidagilar:

2023 — 2026-yillarda temir yoʻl transporti sohasini isloh qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

temir yoʻl transporti sohasida islohotlarning qisqa muddatlarda va samarali amalga oshirilishini taʼminlash yoʻlida barcha mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish vakolatiga ega boʻlgan Temir yoʻl transporti sohasida islohotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo komissiya va uning huzuridagi ishchi guruh tarkiblari 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;

2023 — 2025-yillarda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi ayrim xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarni qayta tashkil etish mexanizmlari 4-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi korxonalarning ommaviy savdolar orqali sotiladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning ommaviy savdolar orqali sotiladigan koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga keyinchalik samarali foydalanish uchun balans qiymatida tekinga oʻtkaziladigan aktivlari roʻyxati 7-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning “Temir yoʻl ijtimoiy xizmatlar” muassasasiga balans qiymatida oʻtkaziladigan mol-mulklari roʻyxati 8-ilovaga muvofiq;

yuk tashish hajmini oshirish va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash sharti bilan auksion orqali ijaraga taklif etiladigan temir yoʻl stansiyalari hududi roʻyxati 9-ilovaga muvofiq;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarni qayta tashkil etishda mol-mulklarni berish, sotish hamda saqlashning alohida tartibi 10-ilovaga* muvofiq;

* 10-ilova berilmaydi.

temir yoʻl transporti sektorini isloh qilish va yanada rivojlantirish jarayonlarida ishtirok etuvchi mutasaddi tashkilotlar va ularning asosiy vazifalari 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Toshkent shahar hokimligi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi dasturlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarni modernizatsiya qilish, temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, lokomotiv va vagonlar parkini yangilash;

tegishli infratuzilmani yaratgan holda Toshkent shahri hududida joylashgan stansiyalarni shahardan tashqariga chiqarish va boʻshaydigan yer uchastkalarini onlayn auksion orqali sotish hamda tushadigan mablagʻlarni (sotish xarajatlarini chegirgan holda) teng ulushlarda temir yoʻl sohasi infratuzilmasini rivojlantirishga va respublika budjetiga yoʻnaltirish.

6. Temir yoʻlda yuklarni mahalliy, eksport va import yoʻnalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar (ikki yoki undan koʻp xorijiy mamlakatlarning temir yoʻl maʼmuriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar bundan mustasno) 2024-yil 1-yanvardan bekor qilinsin hamda ularni faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etilsin.

Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) 2023-yil 1-dekabrga qadar temir yoʻllarda yuklarni tashish tariflariga taqdim etiladigan chegirmalar roʻyxatini tasdiqlasin.

7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Transport vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

2024-yil 1-yanvardan boshlab yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechib, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga oʻtish;

2025-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yoʻlovchilarni tashish bundan mustasno) koʻrsatishdan koʻrilgan zararlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan temir yoʻl transportida yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalarni Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilish.

Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlarini koʻrsatishdan koʻrilgan zararlar hamda temir yoʻl transportida yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalarni (Public service obligation) Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Belgilansinki:

umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlari, magistral lokomotiv va roʻyxati Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan maxsus vagonlarning uchinchi shaxslarga sotilishi, begonalashtirilishi yoki boshqaruvga oʻtkazilishiga ruxsat etilmaydi;

umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi obyektlari, lokomotivlarni taqdim etish, mahalliy yoʻnalishlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlari (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yoʻlovchilarni tashish bundan mustasno) tariflari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tartibga solinadi.

9. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning aktivlarini savdoga chiqarishda xarid toʻlovlarini, miqdoridan qatʼi nazar, 5 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini nazarda tutsin hamda uch oydan ortiq muddat mobaynida sotilmasdan turgan aktivlarning boshlangʻich bahosini 30 foizigacha pasaytirish, zarur hollarda balans (qoldiq) qiymatida sotish choralarining koʻrilishini taʼminlasin.

10. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan, istisno tariqasida, eksportni koʻpaytirish uchun “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga uning tarkibidagi korxonalarning kafilligi asosida yuk va yoʻlovchi vagonlarini ishlab chiqarish hamda mavjud quvvatlarni oshirish uchun jami 150 million dollar miqdoridagi kredit mablagʻlarini yillik 5 foiz stavkada, 3 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga toʻgʻridan-toʻgʻri ajratsin.

Belgilansinki, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari va ular doirasida tuzilgan shartnomalar “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi.

11. Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan “Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB orqali jalb qilingan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditlari boʻyicha asosiy qarzni qaytarish muddatini, foiz stavkalarini oʻzgartirmagan holda, besh yilga uzaytirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Bunda, Markaziy bankka, istisno tariqasida, “Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga nisbatan kreditlar boʻyicha asosiy qarzni qaytarish muddatini uzaytirish natijasida aktivlar sifatini tasniflash boʻyicha talablarni va jarimalarni qoʻllamaslik tavsiya etilsin.

12. Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ ikki oy muddatda:

a) Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan birgalikda quyidagi loyihalarning samaradorligini oʻrganib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin:

“Navoiy KMK” AJ bilan birgalikda “Navoiy-Uchquduq” temir yoʻl uchastkasini elektrlashtirish;

“Olmaliq KMK” AJ bilan birgalikda “Toshkent-Angren” temir yoʻl uchastkasida ikkinchi elektrlashtirilgan temir yoʻl liniyasini qurish, mavjud yoʻl uchastkasini modernizatsiya qilish hamda mazkur yoʻnalishda joylashgan sanoat korxonalari eksport yuklariga logistika xizmatlarini yoʻlga qoʻyish uchun terminal hamda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida multimodal transport logistika markazini tashkil etish;

“Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ va boshqa eksportyor korxonalar tomonidan temir yoʻl xizmatlaridan foydalanish darajasini oshirish maqsadida transport logistika kompaniyalarini tashkil qilish;

b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent, Samarqand va Qoʻqon shaharlarida joylashgan temir yoʻl vokzallarini davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish yuzasidan qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. 2027-yil 1-yanvarga qadar temir yoʻl transporti xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan ortish-tushirish ishlari uchun moʻljallangan mexanizm va uskunalarga (TIF TN kodi 8425 11 000 0, 8425 42 000 0, 8425 49 000 0) bojxona bojining nol stavkasi qoʻllanilsin.

14. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvarga qadar:

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarga oʻzaro toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida tovarlarni sotish, ijaraga berish, xarid qilish, yetkazish, ish (xizmat)larni bajarishga;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga, istisno tariqasida, ishlab chiqaruvchi korxonalar va ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlari) bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida harakat tarkibini ishlab chiqarish va taʼmirlash uchun zarur boʻladigan asbob-uskunalar, tovar (ish, xizmat)lar, butlovchi va ehtiyot qismlar, temir yoʻllarni taʼmirlash, qurish uchun zarur boʻlgan ehtiyot qismlar va texnikalar hamda dasturiy mahsulotlarni xarid qilishga ruxsat beriladi.

15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Transport vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga 2026-yil 1-yanvarga qadar temir yoʻl transporti sohasini isloh qilish doirasida xalqaro ekspertlarni, konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilarini, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni, istisno tariqasida, eng yaxshi takliflarni saralab olish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb etishga ruxsat etilsin. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni va shartnomaga oid qoʻshimcha kelishuvlarni majburiy ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi.

16. Temir yoʻl transporti sohasida islohotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo komissiya:

bir oy muddatda belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq temir yoʻl transporti sohasida islohotlarni amalga oshirish, jumladan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJni transformatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlanishini taʼminlasin;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan xususiy vagon va konteyner operatorlariga temir yoʻl infratuzilmasi va lokomotiv xizmatlari teng huquq asosida koʻrsatilishini qatʼiy nazorat qilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 12-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

18. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 10-oktabr,

PQ-329-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga1-ILOVA

2023 — 2026-yillarda temir yoʻl transporti sohasini isloh qilish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga2-ILOVA

Temir yoʻl transporti sohasida islohotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo komissiya

Izoh. Idoralararo komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga2a-ILOVA

Temir yoʻl transporti sohasida islohotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo komissiya huzuridagi ishchi guruh

Izoh. Idoralararo komissiya huzuridagi ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga3-ILOVA

2023 — 2025-yillarda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga4-ILOVA

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi ayrim xoʻjalik jamiyatlari va korxonalarni qayta tashkil etish

Izoh: Temir yoʻl transporti sohasida islohotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo komissiyasi tomonidan mahalliy va xalqaro konsultantlar tavsiyalariga asosan mazkur ilovada koʻrsatilgan korxona va tashkilotlarni tashkil etish va qayta tashkil etish mexanizmlari hamda ularning muddatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-391-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 07/25/391/1238-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga5-ILOVA

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi korxonalarning ommaviy savdolar orqali sotiladigan aksiya paketlari (ulushlari)

* Mazkur korxonalar birlashtirilgandan soʻng, xorijiy investor bilan kelishilgan holda, sotiladigan ulush belgilangan tartibda savdolarga chiqariladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga6-ILOVA

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning ommaviy savdolar orqali sotiladigan koʻchmas mulk obyektlari

Izoh.

Ushbu roʻyxatda keltirilgan aktivlarning nomlanishida, bino va inshootlarning egallagan maydoni oʻlchamlarida yoki ularning balansda saqlovchisida tafovut mavjud boʻlgan taqdirda, mazkur aktivlar kadastr hujjatlari asosida sotiladi.

Ushbu roʻyxatdagi turar joy va yotoqxona obyektlari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJda belgilangan ichki tartibga koʻra ularda istiqomat qiluvchi xodimlarga xususiylashtirib beriladi. Xatlov natijasida aniqlanadigan qoʻshimcha turar joy va yotoqxona obyektlari ham ushbu tartibga koʻra xususiylashtiriladi.

(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga7-ILOVA

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga keyinchalik samarali foydalanish uchun balans qiymatida tekinga oʻtkaziladigan aktivlari

Izoh:

Mazkur ilovada nazarda tutilgan korxona va tashkilotlar hamda ulardagi ulushlar, shuningdek, koʻchmas mulk va boshqa aktivlar balans qiymatida davlat ulushi va xoʻjalik boshqaruvi organi ulushini kamaytirish hisobiga beriladi;

* mazkur tashkilotlarning xarajatlari 2024-yil va kelgusi yillar uchun Davlat budjeti xarajatlari tarkibida aks ettiriladi;

** obyekt negizida sport kompleksini barpo etish boʻyicha DXSH loyihasi amalga oshiriladi.

*** aktivlar “Oʻzsuvtaʼminot” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini ushbu aktivlarning balans (qoldiq) qiymati miqdoriga oshirish hisobiga oʻtkaziladi.

(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2025-y., 06/25/250/1197-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga8-ILOVA

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarning “Temir yoʻl ijtimoiy xizmatlar” muassasasiga balans qiymatida oʻtkaziladigan mol-mulklari

Izoh: Transformatsiya jarayonida aniqlanadigan, Xolding faoliyati sohasiga toʻliq mos kelmagan qoʻshimcha aktivlar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ kuzatuv kengashi qaroriga asosan “Temiryoʻl ijtimoiy xizmatlar” muassasasiga berilishi mumkin.

(8-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-391-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 07/25/391/1238-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga9-ILOVA

Yuk tashish hajmini oshirish va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash sharti bilan auksion orqali ijaraga taklif etiladigan temir yoʻl stansiyalari hududi

Izoh:

Mazkur ilovada nazarda tutilgan maydonlarga kadastr hujjatlariga asosan aniqlik kiritiladi.

* Temir yoʻl stansiyasi atrofidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan va xususiy sektorga tegishli boʻlmagan yer uchastkalari xatlov natijalariga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining qarori asosida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi va keyinchalik ijara huquqi asosida “Oʻzbekiston temir yoʻllari xolding” AJga beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga11-ILOVA

Temir yoʻl transporti sektorini isloh qilish va yanada rivojlantirish jarayonlarida ishtirok etuvchi mutasaddi tashkilotlar va ularning asosiy vazifalari

Transport vazirligi — temir yoʻl transporti sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi, temir yoʻl transportida xavfsizlikni nazorat qiladi, sohada izchil islohotlarni amalga oshirishga masʼul hisoblanadi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi — temir yoʻl transporti sohasidagi islohotlarni amalga oshirish davrida vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJni transformatsiya qilish uchun javobgar hisoblanadi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish va ularni muvofiqlashtirish boʻyicha masʼul hisoblanadi;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi — temir yoʻl infratuzilmasi va lokomotivlardan foydalanish uchun tariflarni tartibga soladi;

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi — temir yoʻl transporti sohasida raqobatni rivojlantirish boʻyicha choralar koʻradi hamda soha subyektlari faoliyatini monopoliyaga qarshi tartibga soladi;

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ — respublikada umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti infratuzilmasi va tashish jarayonini taʼminlash operatori hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-son qaroriga12-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-yanvardagi “Shargʻunkoʻmir” UKni modernizatsiya qilish va loyiha quvvatini yiliga 900 ming tonnagacha toshkoʻmir qazib olishga yetkazish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2727-son qarorida:

a) tegishli kelishikdagi “Oʻzbekkoʻmir” UK” va “Shargʻunkoʻmir” UK” soʻzlari tegishincha tegishli kelishikdagi “Oʻzbekkoʻmir” AJ” va “Shargʻunkoʻmir” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 4-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“XXR Eksimbankining jalb etiladigan zayomi boʻyicha “Shargʻunkoʻmir” AJ qarz oluvchi hamda zayomdan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul boʻlgan ijro organi hisoblanadi;

investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida XXR Eksimbankining jalb etiladigan va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan qayta moliyalashtiriladigan zayomini qaytarish hamda xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzbekkoʻmir” AJ va “Shargʻunkoʻmir” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi”;

v) 8-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“8. “Oʻzbekkoʻmir” AJ va “Shargʻunkoʻmir” AJga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida istisno tariqasida”;

g) 10-bandning ikkinchi xatboshisidan, 11-bandning ikkinchi va oltinchi xatboshilaridan, 13-bandning birinchi xatboshisidan, 15 va 16-bandlardan, 17-bandning birinchi xatboshisidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ,” soʻzlari chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-avgustdagi “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4805-son qaroriga 6-ilovaning 6-pozitsiyasi “Amalga oshiriladigan ishlar” ustunidan “1. Toshkent-Samarqand temir yoʻl uchastkasida elektr taʼminoti qurilmalarini boshqarish SCADA tizimini ishlab chiqish” soʻzlari chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son qarori bilan tasdiqlangan Xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi xususiylashtiriladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxatining 3-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi “2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-307-son qaroriga 3-ilovaning 225-pozitsiyasi va 4-ilovaning 158-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-436-son qaroriga 3-ilovaning 64-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2023-yil sentabr” soʻzlari “2023-yil noyabr” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy savdolar orqali toʻliqligicha sotiladigan korxonalarning aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxatining 48-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-107 son qarori 6-bandining birinchi xatboshisidagi “2023-yil 1-oktabrga qadar” soʻzlari “2023-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.