Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini yanada rivojlantirish, import oʻrnini bosuvchi va eksportga moʻljallangan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, shuningdek, joriy yilning 18-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq hududlarda xom ashyoni toʻliq yigʻib olish va qayta ishlashga yoʻnaltirish maqsadida terini qayta ishlovchi korxonalar bilan:
chorvachilik klasterlari va chorva mollarini soʻyish kushxonalari;
aholidan terini yigʻuvchi tadbirkorlik subyektlari va oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslar oʻrtasida kooperatsiya tizimi joriy qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi ushbu kooperatsiya tizimining birinchi navbatda 1-ilovaga muvofiq tumanlarda joriy qilinishini taʼminlasin.
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda terini qayta ishlovchi va uni yetkazib beruvchi tashkilotlar oʻrtasida tuziladigan namunaviy shartnomani ishlab chiqib, oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtirsin.
2. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J.A. Xodjayev) bir oy muddatda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining masʼullarini biriktirgan holda, 2023 — 2025-yillarda teri xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida eksportga yoʻnaltirilgan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari dasturini tasdiqlasin.
Belgilansinki, ushbu investitsiya loyihalari quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” va Jahon banki ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini rivojlantirish (2-bosqich)” loyihalari doirasida xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan 100 million AQSH dollari;
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy banklarning uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalarining tijorat banklari orqali jalb qilinadigan 200 million AQSH dollari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-fevraldagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-143-son qarorining toʻrtinchi bandi bilan tijorat banklarida ochilgan kredit liniyalarining foydalanilmagan qismidan moliyalashtirish tartibi va shartlarini saqlab qolgan holda 40 million AQSH dollari.
3. Charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida investitsiya loyihalari uchun yer maydonlarini ajratish tizimini soddalashtirish va kichik sanoat zonalari faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
a) charm-poyabzal, moʻynachilik va ixtisoslashgan soʻyish korxonalari tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi bilan bogʻliq qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, korxonalar tomonidan bir yil ichida har oy teng ulushlarda amalga oshiriladi;
b) tashkil etilgan 16 ta ixtisoslashgan charm-poyabzal kichik sanoat zonalarida joylashtiriladigan investitsiya loyihalari uchun:
elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlangʻich narxi 25 yil muddatdan kelib chiqib, hisob-kitob qilinadi;
yer uchastkalari elektron onlayn auksion savdolariga aniqlangan boshlangʻich narxining 10 foizi miqdorida chiqariladi;
elektron onlayn auksion savdolari gʻoliblari tomonidan yer uchastkalari uchun mablagʻlar 3 yil davomida teng ulushlarda toʻlab beriladi;
v) Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tashkil etilgan charm-poyabzal kichik sanoat zonasida markazlashgan oqova suv tozalash inshootini qurish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-292-son qaroriga asosan respublika budjetidan 10 yil muddatga 50 milliard soʻmgacha ssuda ajratiladi.
Bunda, terini qayta ishlash korxonalari tomonidan markazlashgan oqova suv tozalash inshootini qurish va boshqarish uchun teng ulushlarda yagona korxona taʼsis etiladi hamda ushbu ssuda ikkinchi yildan boshlab yagona korxona tomonidan har yili teng ulushlarda respublika budjetiga qaytarib beriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur maqsad uchun zarur boʻlgan mablagʻlarning yagona korxonaga ajratilishini 2024-yil budjet parametrlarida koʻzda tutsin.
Toshkent viloyati hokimligi va “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi 2024-yil yakuni bilan markazlashgan oqova suv tozalash inshootining foydalanishga topshirilishini taʼminlasin.
4. Charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida eksport qiluvchi korxonalarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli Farmoniga asosan 4-band “a” kichik bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)
b) Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mavjud resurslari doirasida:
eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida ular tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda 2 yil muddatgacha:
eksport hajmi 1 million AQSH dollaridan 2 million AQSH dollarigacha boʻlganda — 1 million AQSH dollarigacha;
eksport hajmi 2 million AQSH dollaridan 4 million AQSH dollarigacha boʻlganda — 2 million AQSH dollarigacha;
eksport hajmi 4 million AQSH dollaridan ortiq boʻlganda — 3 million AQSH dollarigacha miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratiladi. Bunda, moliyaviy resurslar yillik 4 foiz stavkadan (shundan 2 foizi bank marjasi) oshmagan holda taqdim etiladi;
v) charm-poyabzal va moʻynachilik sohasi korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va doʻkonini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga 50 ming AQSH dollarigacha mablagʻni chet elga oʻtkazishga ruxsat beriladi.
5. Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida kadrlar tayyorlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
yuqori malakali tikuvchi, bichuvchi va kosiblarni tayyorlashda “usta-shogird” anʼanasi asosida korxonaning tajribali xodimlariga biriktirilgan shogirdlar uchun dastlabki uch oy mobaynida Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida subsidiyalar ajratiladi;
mazkur subsidiyaning 50 foiz qismi ustaning ish haqiga ustama sifatida beriladi va qolgan qismi zarur xom ashyolar sotib olish uchun maqsadli sarflanadi;
ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish uchun oliy taʼlim muassasalari “taʼlim-fan-ishlab chiqarish” tamoyili asosida hududlarga 2-ilovaga muvofiq biriktiriladi;
mazkur oliy taʼlim muassasalari tomonidan biriktirilgan hududlarda kollej va texnikumlarga sohaga kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv-metodik yordam koʻrsatiladi;
“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi biriktirilgan hududlarda taʼlim muassasalari bilan soha korxonalarining oʻzaro uzviy hamkorligini taʼminlash, shu jumladan talabalarga ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini oʻrgatish hamda yuqori kurs talabalarini ish haqi toʻlanadigan tizim orqali band qilish choralari koʻriladi.
6. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi va hududlarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari 2024/2025 oʻquv yilidan Italiya, Turkiya, Germaniya va boshqa davlatlarning oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda charm-poyabzal va moʻynachilik sohasida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni (muhandis, texnolog, dizayner, marketolog) tayyorlash boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etilishini taʼminlasin.
7. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasining Italiyaning poyabzal va charm uskunalari ishlab chiqaruvchi milliy uyushmasining (ASSOMAC) grant mablagʻlarini jalb qilgan holda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab xalqaro tajriba asosida charm-poyabzal va moʻynachilik mahsulotlarining sinov laboratoriyalarini tashkil etish boʻyicha taklifi maʼqullansin.
8. 2024 — 2026-yillarda charm-poyabzal sanoatini yanada rivojlantirish va xorijiy brendlar bilan hamkorlik oʻrnatish dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin.
10. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilish, qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-oktabr,
PQ-331-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-oktabrdagi PQ-331-son qaroriga 1-ILOVA
Aholidan terini yigʻib olish va tayyorlash punktlari tashkil etiladigan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-oktabrdagi PQ-331-son qaroriga 2-ILOVA
Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida “taʼlim-fan-ishlab chiqarish” tamoyili asosida hududlarga biriktiriladigan oliy taʼlim muassasalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-oktabrdagi PQ-331-son qaroriga 3-ILOVA
2024 — 2026-yillarda charm-poyabzal sanoatini yanada rivojlantirish va xorijiy brendlar bilan hamkorlik oʻrnatish
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyuldagi PQ-250-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.07.2026-y., 03/26/250/0671-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-oktabrdagi PQ-331-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar va oʻzgartirish
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4742-son qaroriga ilova quyidagi mazmundagi 81 va 82-bandlar bilan toʻldirilsin:
“81. Teri xom ashyosini yigʻish va tayyorlash.
82. Junni yigʻish va tayyorlash”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-55-son qarori 1-bandining “b” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“charm-attorlik mahsulotlari, charmdan tayyor kiyimlar, oyoq kiyimlari, sport inventarlari, shuningdek furnitura, aksessuarlar va moʻynachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xom ashyo materiallarini xarid qilish uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga ajratiladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-fevraldagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-143-son qarori 4-bandining uchinchi xatboshisidagi “2022-yil” soʻzlari “2022 — 2025-yillar” soʻzlari bilan almashtirilsin.