PF-185-son Farmon · 31.10.2023

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-185
  • Qabul qilingan sana:31.10.2023
  • Kuchga kirgan sana:31.10.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/23/185/0814

Mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, ularning ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini taʼminlash hamda affinaj korxonalari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarning quvvatlarini yanada kengaytirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:

affinaj korxonalari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qimmatbaho metallarni hamda tarkibida qimmatbaho metallar mavjud boʻlgan xomashyoni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda litsenziya olish majburiyatidan ozod etish;

tayyor zargarlik buyumlarini olib chiqish tartibini soddalashtirish.

2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 31-oktabr,

PF-185-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-185-son FarmonigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi “Maxsus turdagi tovarlar eksporti va importini litsenziyalash, shuningdek eksport kontraktlarini roʻyxatga olish va import kontraktlarini ekspertizadan oʻtkazishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5215-son Farmoniga 1-ilovada:

a) 4-bandning “tovar nomi” ustunidagi “buyumlar” soʻzi “buyumlar*” soʻzi bilan almashtirilsin;

b) quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:

“* affinaj korxonalari va zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan qimmatbaho metallarni hamda tarkibida qimmatbaho metallar mavjud boʻlgan xomashyoni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda hamda bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan qimmatbaho metallar va tarkibida qimmatbaho metallar mavjud boʻlgan xomashyoni qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda litsenziya talab etilmaydi”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida zargarlik tarmogʻini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5721-son Farmoni 1-bandining oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“jismoniy shaxslarga qiymati 100 million soʻmgacha boʻlgan tayyor zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirmasdan, 100 million soʻm va undan ortiq boʻlganlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi”.

3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 18-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Bunda, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirgan holda maʼlumotlarni TSOYEATga kiritmasdan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga ruxsat beriladi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.