PQ-355-son Qaror · 03.11.2023

Futbol-taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-355
  • Qabul qilingan sana:03.11.2023
  • Kuchga kirgan sana:04.11.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/355/0826

Mamlakatimizda professional futbolchilarni shakllantirish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, buning uchun futbol-taʼlim muassasalari sonini koʻpaytirish, xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish, futbol rivojlangan davlatlar bilan raqobat qila oladigan trener, hakam va boshqa mutaxassislarni tayyorlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-115-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Argentina, Vengriya, Marokash va Fransiyaning professional futbolni rivojlantirish boʻyicha tajribasi joyiga chiqib oʻrganilganligi hamda mazkur qarorni tayyorlashda ularning ilgʻor va maqbul amaliyotidan foydalanilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tizimida:

Milliy futbol markazi;

Futbol boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi negizida Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi;

Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi tashkil etilsin.

Futbol boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi balansidagi bino va inshootlar tegishli hududi bilan birga Toshkent shahri futbol maktabi balansiga bepul foydalanish huquqi asosida berilsin.

3. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Futbol boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash markazi Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi etib, Respublika bolalar va oʻsmirlar futbol akademiyasi — Respublika futbol akademiyasi etib qayta nomlansin.

Milliy futbol markazi tuzilmasiga:

Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi;

Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi;

Respublika futbol akademiyasi;

Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi kiritilsin.

4. Quyidagilar Milliy futbol markazining asosiy vazifalari etib belgilansin:

ilgʻor xorij tajribasini oʻzlashtirish hamda tajribali xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda trener va futbolchilarni zamonaviy, innovatsion metodikalar, ilmiy-tahliliy yondashuv asosida tayyorlash;

barcha darajadagi futbol-taʼlim muassasalarida yagona yondashuv asosida futbolchilarni tayyorlashni tashkil etish hamda ularni ilmiy va metodik taʼminlash;

futbolchilarni tayyorlashning barcha bosqichlarini raqamlashtirish orqali shaffof saralash (seleksiya) ishlarini tashkil etishda inson omilini aralashuvini keskin qisqartirish;

joylardagi futbol akademiyalari va maktablaridan saralab olingan eng iqtidorli va yuqori mahoratga ega futbolchilarni — terma jamoalarga nomzodlarni zamonaviy futbolga mos usul va falsafa asosida professional tayyorlash;

futbolchilarga zamonaviy taʼlim berish, jumladan chet tili va Oʻzbekiston tarixi fanlarini chuqurlashtirilgan holda oʻrgatish, futbol sohasiga yoʻnaltirilgan kasblarga oʻqitish tizimini joriy etish;

futbol boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ilgʻor xorijiy sport texnologiyalarini jalb etgan holda sohani rivojlantirishga erishish;

futbolchilarning jismoniy holati va rivojlanishini doimiy nazorat qilib borish hamda ularga zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatish, shu jumladan futbol-taʼlim muassasalariga sport tibbiyoti yoʻnalishida ilmiy-metodik yordam koʻrsatish va futbolchilarda oʻtkir, surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolashni tashkil etish.

5. Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazining asosiy faoliyati yoʻnalishi etib barcha yosh toifalari boʻyicha terma jamoalarning asosiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish, xalqaro musobaqalarga tayyorlash va ushbu musobaqalarda ishtirokini taʼminlash hisoblansin.

6. Milliy futbol markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat budjeti mablagʻlari;

Oʻzbekiston futbolini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;

faoliyat ixtisosligi boʻyicha xizmatlarni realizatsiya qilishdan va Milliy futbol markazi ustavidagi vazifalarga muvofiq boʻlgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

asosiy mashgʻulotlar oʻtkazilmaydigan vaqtda boʻsh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va boshqa xalqaro tashkilotlar grantlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Quyidagilar:

Milliy futbol markazining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Milliy futbol markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Belgilansinki:

a) Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) talablari asosida futbol, futzal va sohil futboli trenerlariga tegishli litsenziyalar berish yagona tizim asosida Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi orqali amalga oshiriladi;

b) Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan bogʻliq ishlarni joylarda samarali amalga oshirish uchun hududiy futbol assotsiatsiyalarida ularning mablagʻlari hisobidan alohida mutaxassis lavozimi kiritiladi;

v) 2025-yil 1-yanvardan boshlab hududiy futbol akademiyalari, maktablari va boshqa davlat futbol-taʼlim muassasalari trenerlarining Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazidan majburiy ravishda tegishli litsenziyalarni olgandan soʻng faoliyat koʻrsatish amaliyoti joriy qilinadi;

g) Respublika futbol akademiyasi:

yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan davlat sport-taʼlim muassasasi sifatida barcha yosh toifalari boʻyicha terma jamoalarga professional futbolchilarni yetkazib berish boʻyicha bosh futbol-taʼlim muassasasi hisoblanadi;

oʻquvchilarining umumiy kontingenti 154 nafarni tashkil etib, ular 13 — 19 yosh toifalaridan iborat boʻladi;

oʻquvchilari “OLYMPIC” va boshqa professional futbol klublarida faoliyat olib boradi hamda respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etishi taʼminlanadi.

Bunda, Respublika futbol akademiyasiga hududiy futbol akademiyalari, futbol maktablari, nodavlat futbol klublari va boshqa futbol-taʼlim muassasalarining iqtidorli va salohiyatli yosh futbolchilari professional oʻsishni monitoring qilishga moʻljallangan elektron dastur (platforma) orqali reyting tizimi asosida qabul qilinadi;

d) hududiy futbol akademiyalari:

yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi va ularning faoliyati futbol boʻyicha eng iqtidorli yoshlarni avvalo futbol maktablari, nodavlat futbol klublari va boshqa futbol-taʼlim muassasalaridan tanlab olish hamda ularni professional tayyorlash orqali Respublika futbol akademiyasi va terma jamoalarga asosiy nomzodlarni yetkazib berishga yoʻnaltiriladi;

2024/2025 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilarining umumiy kontingenti 154 nafarni tashkil etib, ular 12 — 18 yosh toifalaridan iborat boʻladi;

huzurida sport klubi tashkil etiladi hamda respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etishi taʼminlanadi.

9. Belgilab qoʻyilsinki, Milliy futbol markazi Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumani, “G.T. Xvan” MFY hududida barpo etilayotgan Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi va unga tutash hududda tashkil etiladi.

Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) ikki oy muddatda:

Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markaziga tutash hududdan qoʻshimcha 9,9 gektar yer maydonini belgilangan tartibda zaxiraga qaytarish;

zaxiraga qaytarilgan yer uchastkasini Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralarini koʻrsin.

Bunda, ajratiladigan yer maydonida Milliy futbol markazi va uning tarkibiy boʻlinmalari uchun zarur bino-inshootlar, futbol maydonlari, futzal va futbol yopiq inshootlari, mehmonxona, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi, suzish havzasi, oshxona kabi obyektlar barpo etilishi nazarda tutilsin.

10. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B. Zakirov):

Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, Milliy futbol markazining individual loyihasini ishlab chiqsin;

Milliy futbol markazining bino va inshootlarini barpo etish uchun tajribali xorijiy qurilish kompaniyalarini belgilangan tartibda jalb qilish choralarini koʻrsin;

mazkur qaror asosida qurilishi va taʼmirlanishi koʻzda tutilgan inshootlar uchun eng maqbul meʼmoriy va texnik yechimlar qoʻllanilishini, ularni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurilishini, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarining kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.

11. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (Sh. Vafayev) Milliy futbol markazini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida 2024-2025-yillarda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kelgusida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga ajratish uchun 50 million AQSH dollari miqdorida 10 yil muddatda 3 yillik imtiyozli davr bilan foizsiz kredit ajratsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027-yildan boshlab har yili alkogol va tamaki mahsulotlariga oʻrnatilgan aksiz soligʻidan tushadigan tushumlarning 2 foizi hamda boshqa manbalar hisobidan kreditni qaytarish grafigidagi summasiga (7,1 mln AQSH dollari ekv.) yetarli miqdorda mablagʻlarni yoʻnaltirsin.

Bunda, kredit mablagʻlari Milliy futbol markazini ilgʻor va xalqaro standartlarga muvofiq barpo etish, zamonaviy jihoz va inventarlar bilan taʼminlash, xorijiy futbol mutaxassislarini jalb etish va professional futbolni rivojlantirish boʻyicha alohida dasturlarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.

Milliy futbol markazi va Respublika futbol akademiyasida bir nafardan professional futbolni rivojlantirish boʻyicha asosiy yoʻnalishlarga yuqori malaka va koʻnikmaga ega boʻlgan ilgʻor xorijiy tajribani oʻzlashtirgan “texnik direktor” rahbarlik qiladi.

12. Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Milliy futbol markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

13. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy futbol akademiyalari faoliyatini 2023 — 2025-yillarda yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Quyidagilar hududiy futbol akademiyalari faoliyatini rivojlantirishning qoʻshimcha yoʻnalishlari etib belgilansin:

har bir futbol akademiyasi uchun zarur sport infratuzilmasini yaratish (3 ta tabiiy, 1 ta sunʼiy qoplamali futbol maydoni, mini-futbol, trenajyor va gimnastika zallarini oʻz ichiga olgan 24x60 oʻlchamli yopiq manej, 100 oʻrinli faollar zali, 6x15 oʻlchamli ixcham suzish havzasi, 154 oʻrinli yotoqxona, 8 ta oʻquv xonasi, sport tibbiyoti va reabilitatsiya xonasi, 2 ta maʼmuriy xona va 100 oʻrinli oshxona);

futbol-taʼlim tizimining barcha bosqichlarini toʻliq raqamlashtirish orqali inson aralashuvini cheklash, futbolchi-oʻquvchilarni zamonaviy texnologiyalar asosida saralashni (seleksiya) yoʻlga qoʻyish;

yagona yondashuv asosida futbolchilarni tayyorlashning ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan ilmiy va metodik asoslarini tatbiq etish va uzluksiz yangilab borish;

faoliyatiga reyting baholash tizimini joriy qilish, belgilangan minimal talablarni oshirish.

15. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman va shahar hokimlari:

a) futbolni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni joylarda toʻlaqonli amalga oshirish uchun masʼul hisoblanadi;

b) 2024-yil sentabr oyida Oʻzbekistonda futzal boʻyicha Jahon chempionati oʻtkazilishi munosabati bilan:

hududlarda futzal jamoalarini tashkil etadi, shu jumladan professional futbol klublari huzuridagi futzal boʻyicha asosiy, yoshlar va ayollar jamoalari faoliyatini yoʻlga qoʻyadi;

ushbu jamoalar uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratadi, ularni Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilangan talablar asosida moliyalashtiradi;

futzal jamoalarining respublika miqyosdagi musobaqalarda muntazam ishtirok etishi choralarini koʻradi;

v) 2025-yil yakuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida hamda mahalliy budjetning orttirib bajarilgan qismi va homiylik mablagʻlari hisobidan hududiy futbol akademiyalari faoliyati uchun zarur boʻlgan sport infratuzilmasini yaratadi hamda ularni zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlaydi;

g) tuman va shaharlarda futbolni rivojlantirish, uning infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy budjetning qoʻshimcha mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablagʻ ajratilishini taʼminlaydi;

d) 2023-yil 31-dekabrga qadar hududlardagi barcha stadion va futbol maydonlarini xatlovdan oʻtkazib, taʼlim va sport tashkilotlari hamda egasi nomaʼlum stadion va futbol maydonlari sport faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanilishini taqiqlashni taʼminlaydi hamda ularni taʼmirlash va maqsadli foydalanilishini tashkil etadi.

16. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (A. Azizov), Sport vazirligi (A. Ikramov):

(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab mini-futbol infratuzilmalari mavjud taʼlim tashkilotlarida sport seksiyalari faoliyatini, ular oʻrtasida tizimli musobaqalar oʻtkazilishini yoʻlga qoʻysin;

2024-2025-yillar davomida Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya oʻqituvchilari uchun mini-futbol boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil etsin;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi (J. Koʻchqorov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2025-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida taʼlim tashkilotlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilishda mini-futbol maydonlari tashkil qilinishini inobatga olsin hamda zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

17. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchi va mutaxassislarga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining ijobiy xulosasi asosida ularning xususiy sektorda amalga oshiradigan futbolni rivojlantirish loyihalari uchun, istisno tariqasida, Markaziy bank asosiy stavkasida “Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ, “Asakabank” AJ va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan milliy valyutada 1,5 milliard soʻmgacha 5 yildan kam boʻlmagan muddatga imtiyozli kredit ajratiladi;

(17-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-martdagi PQ-130-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2024-y., 07/24/130/0218-son)

hududiy futbol akademiyalari bino-inshootlari hamda ularning hududidagi boʻsh turgan yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qonunchilikda belgilangan tartibda maqsadli futbol loyihalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

18. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (A. Azizov):

Sport vazirligi (A. Ikramov) bilan birgalikda Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) va Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish orqali nufuzli xalqaro futbol musobaqalari va tadbirlarini Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

(18-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Milliy futbol markaziga ikki nafar yuqori darajadagi “texnik direktor”ni jalb qilish choralarini koʻrsin;

chuqur bilim va tajribaga ega boʻlgan mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazida “futbol treneri”, “futbol hakami”, “futbol tahlilchisi”, “futbol seleksioneri” (skaut), “sport psixologi”, “futbol menejeri”, “futbol marketologi” kabi mutaxassisliklarga oʻqitishni yoʻlga qoʻysin;

Sport vazirligi (A. Ikramov) bilan birgalikda faoliyatini tugatgan futbolchilar hamda futbol boʻyicha yetarli nazariy bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan kadrlarni Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “futbol treneri”, “futbol hakami”, “futbol tahlilchisi”, “futbol seleksioneri” (skaut), “futbol menejeri”, “futbol marketologi” kabi mutaxassisliklarga qayta tayyorlashni tashkil etsin.

(18-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Inoyatov) hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialida “sport shifokori”, “sport diyetologi”, “sport farmakologi” bilan birga “sport psixologi” mutaxassisligi boʻyicha kadrlarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻysin.

19. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (A. Azizov), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov):

2024-yil 1-martga qadar respublikadagi barcha stadion va futbol maydonlarining yagona elektron reyestrini ishlab chiqsin hamda uning yuritilishini taʼminlasin;

Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar futbol sohasini va futbolchilarni tayyorlashning barcha bosqichlarini raqamlashtirish choralarini koʻrsin.

Bunda:

yagona reyestr bazasini yaratish, ishga tushirish va texnik qoʻllab-quvvatlash hamda futbol sohasini raqamlashtirish bilan bogʻliq xarajatlar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida mavjud maʼlumotlar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi uchun axborot xavfsizligi talablariga rioya etilgan holda, raqamli maʼlumotlar platformasi orqali bepul asosda taqdim etiladi.

20. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablaridagi mavjud futbol seksiyalari trenerlariga umumiy uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;

(20-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

har bir hududda ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, shuningdek, mavjud futbol infratuzilmasidan samarali foydalanishni tashkil etishga masʼul boʻlgan sport maktabi direktorining futbolni rivojlantirish boʻyicha alohida oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi;

b) 2024-yil 1-yanvardan boshlab ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) talablariga muvofiq “birinchi trener” tamoyili asosida futbol trenerlarini ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, yuqori mahoratli futbolchini bosqichma-bosqich tayyorlagan trenerlar futbolchi bilan professional faoliyati davomida tuziladigan shartnomalarning summalari hisobidan munosib ragʻbatlantirib boriladi.

21. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (A. Azizov), Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) bilan birgalikda:

2024-yil 1-iyunga qadar futbol uchrashuvlarini namoyish qilish, futbolni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish maqsadida futbol boʻyicha maxsus telekanalni tashkil qilsin;

2025-yil 1-oktabrga qadar Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) va Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) talablariga muvofiq oʻtkaziladigan hamda Oʻzbekiston ichki musobaqalarini yoritish uchun 2 ta koʻchma televizion stansiyalarni xarid qilish choralarini koʻrsin.

(21-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-209-sonli qarori tahririda)

22. Iqdisodiyot va moliya vazirligi (J. Qoʻchqorov) Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi talabnomasiga binoan 2 ta koʻchma televizion stansiyalar hamda zarur moddiy-texnik taʼminotlarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni 2025-2026-yillar Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.

(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-209-sonli qarori tahririda)

23. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

24. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

25. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi A.A. Azizov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 3-noyabr,

PQ-355-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi PQ-355-son qaroriga1-ILOVA

Milliy futbol markazining tashkiliy tuzilmasi

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 194,5 nafar.

* Shifokor va massajchilar oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari davomida shartnoma asosida jalb qilinadi.

** Tibbiy jihozlardan kelib chiqib, qoʻshimcha shtat birliklari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan kelishilgan holda ajratiladi.

*** Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oʻrnatilgan normativlar boʻyicha belgilanadi.

Izoh: Respublika futbol akademiyasi hamda Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi alohida tuzilmaga ega yuridik shaxs hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi PQ-355-son qaroriga2-ILOVA

Milliy futbol markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 21-yanvardagi PQ-22-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/22/0069-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi PQ-355-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy futbol akademiyalari faoliyatini 2023 — 2025-yillarda yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.