Xorazm viloyatida sanoat sohasini jadal rivojlantirish va viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, ilgʻor xalqaro tajriba asosida zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, ichki va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida:
1. Xorazm viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:
Xorazm viloyatining Urganch tumanida quriladigan Al-Xorazmiy shaharchasidagi 1-ilovada koʻrsatilgan yer maydonlarini ajratish orqali “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish;
“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining hududlarini 2-ilovaga muvofiq maqbullashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Xorazm viloyati hokimligi (J. Rahimov) bir oy muddatda:
“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining maqbullashtirilayotgan yer maydonlari tuman zaxirasiga qaytarilishini, keyinchalik qonunchilikda belgilangan maqsadlar uchun foydalanilishini;
Kadastr agentligi (F. Pulatov) bilan birgalikda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi uchun Al-Xorazmiy shaharchasidan ajratiladigan yer maydonlarining chegarasi chizmalarda qayd etilishini, naturada (joyning oʻzida) belgilanishini;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B. Zakirov) bilan birgalikda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining Al-Xorazmiy shaharchasidagi hududi bosh rejasi ishlab chiqilishini taʼminlasin.
Bunda:
Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilansin;
bosh rejani ishlab chiqish boʻyicha pudrat tashkiloti belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolariga asosan aniqlansin;
bosh rejani ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Xorazm viloyati mahalliy budjetining orttirib bajarilgan qismi hamda hududiy tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Xorazm viloyati hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ hamda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining 2023-2024-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi bilan taʼminlanishi lozim boʻlgan obyektlarining manzilli dasturlarini Al-Xorazmiy shaharchasidagi hududining tasdiqlangan bosh rejasiga asosan bir oy muddatda shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Belgilansinki:
manzilli dasturlarga kiritilgan obyektlarni qurish ishlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4929-son qaroriga;
manzilli dasturlarga kiritilgan obyektlarni qurish-taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachi vazifasini belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
tashkil etiladigan ishlab chiqarish obyektlarida ustuvor ravishda muqobil yoki qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalaniladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov hamda Xorazm viloyati hokimi J.R. Rahimov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 28-noyabr,
PQ-379-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi PQ-379-son qaroriga 1-ILOVA
“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish uchun ajratiladigan yer maydonlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi PQ-379-son qaroriga 2-ILOVA
“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining maqbullashtiriladigan hududlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi PQ-379-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-avgustdagi “Xorazm viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4810-son qarorida:
a) 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan boʻsh turgan yer uchastkalari hisobidan kengaytirilayotgan hududlari
b) 5-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish
DASTURI
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-apreldagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 196-son qaroriga 1-ilovaning IV boʻlimi 10-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.