Soʻnggi yillarda mamlakat iqtisodiyotining raqamli sektori kengayib, uning asosiy oʻsish omillari hisoblangan elektron tijorat platformalari, raqamli servislar va ularda amalga oshiriladigan toʻlovlarni sifatli va xavfsiz qayta ishlash bilan bogʻliq moliyaviy texnologiyalar shiddat bilan rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, keyingi vaqtlarda bank kartalaridan foydalangan holda oʻgʻrilik yoki firibgarlik holatlarining koʻpayishi aholining raqamli moliyaviy savodxonligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasi yetarli emasligi, tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarida huquqbuzarliklarning oldini olishning zamonaviy tizimlari mavjud emasligidan dalolat bermoqda.
Raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish, shuningdek, aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki:
a) 2024-yil 1-iyuldan boshlab toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatishi boʻyicha talablar kiritiladi;
b) toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori:
2024-yil 1-iyuldan boshlab — toʻlov tizimi operatorlari uchun 50 mlrd soʻmni, toʻlov tashkilotlari uchun 10 mlrd soʻmni;
2025-yil 1-iyuldan boshlab — toʻlov tashkilotlari uchun 20 mlrd soʻmni tashkil etadi;
v) “Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushi toʻliq Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi;
g) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish sohasidagi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi vazifa, funksiya va vakolatlari Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) oʻtkaziladi.
2. Oʻgʻrilik, firibgarlik va boshqa huquqbuzarliklarga oʻz vaqtida chek qoʻyish maqsadida Markaziy bankka tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlariga bank kartalari bilan bogʻliq shubhali (frod) operatsiyalar sodir etilgan taqdirda, bank kartalari, bank hisobvaraqlari va mobil ilovalardagi hisobvaraqlardan foydalanishni uch kungacha muddatga vaqtincha cheklash toʻgʻrisida majburiy koʻrsatmalar berish vakolati berilsin.
3. Markaziy bank manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar koʻrsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirish, antifrod tizimlarini joriy etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq oʻtkazmalar nazoratini avtomatlashtirish, bank kartalaridan foydalanishni hamda jismoniy shaxslar oʻrtasida katta miqdordagi pul oʻtkazmalarini qoʻshimcha biometrik va boshqa himoya choralarini qoʻllagan holda nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish;
zamonaviy tahdidlar, bank kartalari (karta rekvizitlari) bilan, shu jumladan elektron toʻlov tizimlari orqali noqonuniy operatsiyalarning oldini olish uchun aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqib, tasdiqlasin.
4. Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlariga “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
mablagʻlarni oluvchi tomonidan qimor oʻyinlari tashkil etish va oʻtkazish faoliyati hamda kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisidagi toʻlov tizimining operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar belgilanganligi haqida maʼlumotlar mavjud boʻlganda, tijorat banklari tomonidan bank kartasi yordamida Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisida joylashgan mablagʻlarni qabul qiluvchiga transchegaraviy oʻtkazish taqiqlanadi;
Agentlik murojaatlari asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qonunga xilof ravishda qimor oʻyinlarida qatnashish hamda kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi Internet tarmogʻidagi axborot resurslari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi reyestriga kiritiladi.
6. Bosh prokuratura Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Agentlik, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga raqamli texnologiyalar vositasida jinoyat sodir etilgan joy va usulini aniqlashning jinoiy va jinoyat-protsessual asoslarini, elektron (raqamli) dalillarni aniqlash, toʻplash, tekshirish, ekspertiza qilish, hisobga olish va saqlash tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
7. Ichki ishlar vazirligi Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish metodikasini tasdiqlasin.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmati manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-aprelga qadar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin. Bunda:
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarning oldini olish boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan davlat oliy taʼlim muassasalarini aniqlash, ushbu soha boʻyicha kadrlarni tayyorlash davlat buyurtmasi parametrlarida davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlarini belgilash;
Huquqni muhofaza qilish akademiyasida, Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida hamda Davlat xavfsizlik xizmatining taʼlim muassasalarida tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovoldi tekshirishni, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha doimiy kurslarni tashkil etishni nazarda tutsin.
9. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-noyabr,
PQ-381-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-noyabrdagi PQ-381-son qarorigaILOVA
Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va raqamli mahsulotlar (xizmatlar) isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha