Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-51-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholining ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) aksiyadorlarining Kompaniya ustav kapitalini 1-ilovaga muvofiq miqdorlarda oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-sentabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-377-son qaroriga muvofiq Kompaniyaga ajratilgan 300 milliard soʻmgacha budjet ssudasini qoplab berish uchun qaytariladigan mablagʻlar Kompaniyaning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirishga yoʻnaltiriladi;
mazkur qarorga muvofiq Kompaniyaning ustav kapitalini oshirish belgilangan tartibda qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish va nominal qiymatda joylashtirish orqali amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-sentabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-377-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-dekabr,
PQ-394-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi PQ-394-son qaroriga1-ILOVA
“Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ustav kapitalini oshirish tartibi
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-sentabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-377-son qaroriga muvofiq ajratilgan budjet ssudasini qoplab berish uchun qaytariladigan mablagʻlar hisobidan yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi PQ-394-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-sentabrdagi “Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-377-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Iqtisodiyot va moliya vazirligining xalqaro moliya tashkilotlaridan Davlat budjetini qoʻllab-quvvatlash uchun jalb etilgan mablagʻlar hisobidan “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tijorat banklari tomonidan aholiga berilgan yoki beriladigan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun 3 yil muddatga 12 foiz stavkada va foiz toʻlovlarini har 6 oyda toʻlash sharti bilan 300 milliard soʻmgacha budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda, Kompaniya tomonidan:
resurslar tijorat banklariga 1 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda marja qoʻllanilgan holda joylashtiriladi;
budjet ssudasini qoplab berish uchun qaytariladigan 300 milliard soʻmgacha mablagʻlar Kompaniyaning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirishga yoʻnaltiriladi”.
2. 8-banddagi “Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. 9-bandning birinchi xatboshisidagi “moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari” soʻzlari “iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari” soʻzlari bilan almashtirilsin.