PQ-402-son Qaror · 21.12.2023

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-402
  • Qabul qilingan sana:21.12.2023
  • Kuchga kirgan sana:25.12.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/402/0967

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-209-son Farmonining ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining:

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) tashkiliy tuzilmasini 1-ilovaga muvofiq;

Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashi tarkibi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlarining namunaviy tarkibini 2-ilovaga muvofiq tasdiqlash haqidagi takliflari maʼqullansin.

2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) mahallalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilovchi, daromad va xarajatlar hamda dasturlarni tasdiqlovchi oliy organ hisoblanadi;

Respublika kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi, ishchi organi tegishlicha Uyushma va uning hududiy boʻlimlari hisoblanadi;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)

Respublika kengashi har olti oyda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari har uch oyda, tuman (shahar) mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari har oyda kamida bir marotaba Uyushma va boshqa davlat tashkilotlari, ularning tegishli hududiy boʻlinmalari faoliyatini baholash va muammolarni kompleks hal qilish yuzasidan yigʻiladi;

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Konferensiyasi Uyushmaning yuqori organi boʻlib, kamida uch yilda bir marta chaqiriladi;

Uyushmaning raisi Respublika kengashining taqdimnomasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kamida oʻn nafardan shakllanadigan delegatlardan (fuqarolar yigʻinlari raislari) iborat Konferensiya orqali lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Uyushma raisining oʻrinbosarlari Respublika kengashining taqdimnomasiga asosan Uyushma raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va Respublika kengashi bilan kelishilgan holda lavozimidan ozod etiladi;

Uyushmaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari Uyushma raisi tomonidan, tuman (shahar) boʻlimlari boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Uyushma hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari yuridik shaxs hisoblanadi.

3. Belgilansinki:

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining 667 ta shtat birliklari qisqartirilib, Uyushma, uning hududiy boʻlinmalari va Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi” faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tashkil etiladi;

Uyushmaning markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining hamda tuman (shahar) boʻlimlarining tuzilmalari 982 shtat birliklari doirasida Uyushma raisi tomonidan mustaqil tasdiqlanadi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlinmalarining 320 ta shtat birliklari qisqartirilib, Uyushma va uning hududiy boʻlinmalariga oʻtkazilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

4. Uyushma va mahallalar faoliyatini moliyalashtirishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

mahallalar faoliyatini joriy taʼminlash (mahalla raisining ish haqi, kommunal toʻlovlar, kanselyariya mollari va boshqalar) va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash respublika budjeti hisobidan amalga oshiriladi;

Uyushma har yili 15-iyulga qadar Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga (keyingi oʻrinlarda — Jamoat fondi) oʻzining markaziy apparati va hududiy boʻlinmalarini hamda tizim tashkilotlarini saqlash, mahallalarni qoʻllab-quvvatlash, ular faoliyatini joriy taʼminlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan mablagʻlar hajmi boʻyicha Respublika kengashi tomonidan tasdiqlangan buyurtmani taqdim etadi;

Jamoat fondi tomonidan buyurtmaga muvofiq subsidiya ajratiladi;

Uyushmaning rahbariyati va xodimlari uchun mehnatga haq toʻlash shartlari Uyushma taklifiga binoan Respublika kengashi tomonidan tasdiqlanadi;

Uyushmaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlariga shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositalarini saqlash uchun limitlar ajratiladi;

Uyushma va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari uchun gʻaznachilikda boshqa budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalari sifatida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi ochiladi.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

Uyushma va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari hisob va hisobotlari yuritilishiga budjet tashkilotlari uchun belgilangan tartiblar tatbiq etiladi;

Uyushma tomonidan uning markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlarining moliyaviy hisobotlari Jamoat fondiga topshiriladi. Bunda, Jamoat fondi tomonidan moliyaviy hisobotlar belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladi.

6. Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Uyushmaning tuman (shahar) boʻlimlari:

Jamgʻarma va Jamoat fondi tomonidan ajratiladigan subsidiya mablagʻlarining hisobi va hisobotlarini yuritadi;

“Mahalla budjeti” tizimi doirasida amalga oshirilgan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oy yakuni bilan kelgusi oyning 5-sanasiga qadar “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirib boradi.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini yuritish va oʻzini oʻzi band qilish uchun noturar joy ijara xarajatlari uchun subsidiya ajratish boʻyicha hujjatlar yoshlar yetakchisi tomonidan shakllantiriladi;

b) “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:

chekka qishloq va ovullarda ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat, kitobxonlik yoʻnalishlaridagi toʻgaraklarni tashkil etish uchun zarur jihozlar xarid qilish;

nogironligi boʻlgan yoki bemor yoshlarga zarur birlamchi tibbiy anjomlar va dori vositalarini ijtimoiy xodim bilan birgalikda xarid qilish.

8. Uyushma manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, 2024-yil 1-martga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi:

a) “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqsin:

hududlarning tarixiy xususiyatlari va aholi punktlarining geografik joylashuvini hisobga olgan holda mahallalarni tashkil qilishning aniq mezonlarini belgilash;

“mahalla yettiligi”ning oʻzaro hamkorlikda ishlash mexanizmlari hamda ularning kollegial masʼuliyati va javobgarligi doirasini aniq belgilash, mahalla raisining ularning saʼy-harakatlarini birlashtirish va yoʻnaltirish, ragʻbatlantirish va intizomiy jazolash boʻyicha vakolatlarini mustahkamlash;

mahalla tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha oshirilgan koeffitsiyentlar qoʻllash yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taklif kiritish;

“mahalla yettiligi” tarkibidagi lavozimlarga tayinlashda ushbu mahallada yashovchi nomzodlarga ustuvorlik berish;

mahalla raisining soʻroviga javob bermaslik yoki taqdimnomasida qoʻyilgan masalani koʻrib chiqmaslik uchun javobgarlik belgilash;

xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga mahalla raislari oʻz faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyganda, ularga nisbatan ishonchsizlik bildirish va ushbu masalani koʻrib chiqish vakolatlarini berish va boshqalar;

b) “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri loyihasini ishlab chiqish:

mahalla raisi saylovini aholi tomonidan umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali oʻtkazish;

mahalla raisining maʼlumoti (oliy) va malakasi boʻyicha qoʻyiladigan talablar;

mahalla raisining vakolat muddatini 3 yildan 5 yil muddatga uzaytirish va boshqalar.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Uyushmaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlarini zarur bino va inshootlar hamda zarur texnikalar, shuningdek, avtotransport vositalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

Bunda, ajratilgan bino va inshootlarni kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha loyihalar 2024 — 2026-yillar Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritiladi.

11. Uyushma:

uch oy muddatda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim, soliq inspektori uchun qulay va ixcham binolarni oʻzida mujassam qiluvchi mahalla idoralarining namunaviy binosi loyihasini ishlab chiqsin;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari, davlat-xususiy sheriklik hamda boshqa manbalar hisobidan oʻz binosiga ega boʻlmagan mahallalarda uch yil muddatda namunaviy mahalla binolarini bosqichma-bosqich moliyalashtirish orqali, qurib topshirilishini taʼminlasin;

Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-2025-yillarda mahallalarda 4-ilovada koʻrsatilgan davlat xizmatlarining agentlar tomonidan koʻrsatilishini yoʻlga qoʻysin;

mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar mavjud mahallalar faoliyati tashkiliy va moliyaviy jihatdan toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligi, boshqaruv jihatidan oʻzini oqlashi yuzasidan oʻrganish olib borsin hamda ushbu talablarga javob bermaydigan mahallalarni birlashtirish va ixchamlashtirish choralarini koʻrsin.

12. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

13. Uyushma Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Istiqlol koʻchasi, 51-uy manzili boʻyicha operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.

Bunda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi mazkur binoning 2 632 kvadrat metr qismida (kadastr raqami 10:04:03:01:01:0072) bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi PF-41-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.02.2024-y., 06/24/41/0166-son)

14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 21-dekabr,

PQ-402-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-402-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining

(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-402-son qaroriga2-ILOVA

Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashi

Izoh: Respublika kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-402-son qaroriga3-ILOVA

Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur nizom Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish, ulardan foydalanish, hisob va hisobotini yuritish tartibini belgilaydi.

2. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanmaydi va har bir fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi (keyingi oʻrinlarda — MFY) huzurida tashkil etiladi.

3. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) boʻlimida (keyingi oʻrinlarda — mahalla uyushmasi) budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari shaklida ochilgan gʻazna hisobvaraqlarida yigʻiladi hamda MFYlar uchun ochilgan tegishli gʻazna hisobvaraqlariga belgilangan tartibda taqsimlanadi.

4. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari budjetga olib qoʻyilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.

2-bob. Shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish

5. Xarajatlar boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari mahalla uyushmasi tomonidan har bir MFY boʻyicha alohida ochiladi.

6. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xarajatlar xarajatlar smetasida koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.

7. Mahallalar birlashganda, boʻlinganda yoki qayta tashkil etilganda gʻazna hisobvaraqlari belgilangan tartibda ochiladi yoki yopiladi.

MFY faoliyatining toʻxtatilganligi, qayta tashkil etilganligi haqidagi hujjatlar mahalla uyushmasi tomonidan moliya organiga taqdim etiladi.

3-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish

8. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha undirilgan mablagʻlarning (noturar joylar boʻyicha undiriladigan mol-mulk va yer soligʻi bundan mustasno) 10 foizi;

mahalla idoralari orqali koʻrsatilgan davlat xizmatlari uchun undirilgan yigʻimning 10 foizi;

mahalla hududida sanitariya qoidalarini buzganlik va noqonuniy qurilish uchun undirilgan jarimalarning 10 foizi;

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-iyul)

Bunda, ushbu mablagʻlar avtomatik tarzda mahalliy budjet va tegishli tuman (shahar) Jamgʻarmasiga taqsimlanadi.

mahalladagi hududi 5 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini hokimi yordamchisining onlayn-buyurtmanomasiga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda;

(8-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)

mahalladagi hududi 5 000 kvadrat metr va undan yuqori boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini hokim yordamchisining onlayn buyurtmanomasiga asosan sotishdan tushgan mablagʻlarning obyekt boshlangʻich narxidan oshgan qismining 5 foizi;

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablagʻlar;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) mahalliy budjeti prognozining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan;

xorijiy va xalqaro moliya institutlari hamda boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish

9. Har oy yakunlari boʻyicha tuman (shahar) soliq inspeksiyasi tomonidan mahallalar kesimida undirilgan toʻlovlar toʻgʻrisida Gʻaznachilikka roʻyxat taqdim etiladi.

Ushbu roʻyxat asosida Gʻaznachilik boʻlinmasi har bir mahalla uchun ochilgan hisobraqamlarga mablagʻlarning tegishli qismini oʻtkazadi.

10. Jamgʻarma mablagʻlaridan mahalla fuqarolar yigʻini kengashi qarori asosida va ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq foydalaniladi.

11. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi yoʻnalishlarga sarflanadi:

mahalla hududidagi ichki yoʻllar, yoritish tizimi, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmoqlari, ichimlik va oqava suv tizimini taʼmirlash va tiklash;

mahalla hududidagi ichki yoʻllarni shagʻallashtirish, taʼmirlash va tiklash bilan bogʻliq xarajatlar (yoqilgʻi-moylash materiallari);

piyodalar yoʻlakchalarini barpo etish va taʼmirlash;

tungi yoritish chiroqlarini oʻrnatish;

mahalla fuqarolar yigʻini binosini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash hamda jihozlash;

mahalla hududida sport maydoni, nuroniylar choyxonasi, yoshlar markazi, bolalar maydonchasi, kutubxona, madaniyat markazini qurish, mukammal va joriy taʼmirlash hamda ularni tegishlicha inventar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa uskunalar bilan jihozlash;

mahallalar tomonidan milliy qadriyatlarni targʻib qilish, shuningdek, har bir mahallada sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni barqarorlashtirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini oʻtkazish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga moddiy koʻmaklashish hamda ularning turar joylarini taʼmirlash va jihozlash;

mahalla hududida mahalla bogʻlarini tashkil qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida meva va manzarali daraxt koʻchatlari, butalar va gul koʻchatlari xarid qilish, ekish va parvarishlash;

mahalla hududini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish hamda ommaviy hasharlar oʻtkazish uchun zarur boʻlgan tovar (ish, xizmat)lar xarid qilish;

zarur hollarda mahallalar faoliyatini joriy taʼminlash (kommunal toʻlovlar, kanselyariya mollari, raqamlashtirish xarajatlari va boshqalar);

Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashining qaroriga asosan Jamgʻarma mablagʻlarining 10 foizini Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining Mahallalar faoliyatini ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga oʻtkazish.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)

12. Mahalla uyushmasi tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya boʻlimi hamda Majburiy ijro byurosi tuman (shahar) boʻlimi bilan birgalikda har yili dekabr oyida kelgusi yil uchun Jamgʻarma daromadlari prognozini hisoblaydi. Daromadlar prognozidan kelib chiqqan holda xarajatlar smetasi tuziladi.

13. Mahalla uyushmasi tomonidan Jamgʻarmaning yil yakunidagi qoldiq mablagʻlari va kelgusi yil daromadlari prognozidan kelib chiqqan holda har bir MFY uchun xarajatlar smeta tuziladi va MFY raisi bilan birgalikda tasdiqlangan holda moliya organiga taqdim etiladi.

Jamgʻarmaning haqiqatda daromadlari tushumidan kelib chiqqan holda mahalla uyushmasi tegishli MFYlar bilan kelishgan holda xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritishi mumkin.

14. MFYlar tasdiqlangan smetaga asosan mahalla uyushmasiga mahalla fuqarolar yigʻini kengashi qarori asosida talabnoma taqdim etadi.

Mahalla uyushmasi talabnomaning xarajatlar smetasiga mosligini tekshiradi va mavjud mablagʻlar doirasidagi talabnomani qabul qilib oladi.

Mahalla uyushmasi belgilangan tartibga muvofiq mablagʻlarni moliyalashtiradi.

15. MFYlar har oyda kamida bir marotaba smeta xarajatlarining bajarilishi holati boʻyicha (qoldiq mablagʻlar, moliyalashtirilgan va toʻlangan mablagʻlar boʻyicha) maʼlumot olish huquqiga ega boʻladilar.

5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hisob va hisobot

16. Jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hisob va hisobotlar mahalla uyushmasi tomonidan yuritiladi.

17. Jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 163-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

18. Tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya boʻlimlari tomonidan budjet ijrosi hisobotini shakllantirish davrida Jamgʻarma hisoboti ham qabul qilinadi.

19. Mahalla uyushmasi har chorakda Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga hisobot beradi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

20. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining hududiy boʻlinmalari mazkur Nizom doirasida MFYlarda amalga oshiriladigan ishlar uchun ajratilgan mablagʻlar samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat oʻrnatadi.

21. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA

Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va xarajatlarini amalga oshirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-402-son qaroriga4-ILOVA

2024-2025-yillarda mahallalarda agentlar tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari

* ushbu roʻyxat adliya vazirining buyrugʻi bilan toʻldirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-402-son qaroriga5-ILOVA

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.