Respublikada turizm infratuzilmasidagi mavjud muammolarni hal etish, sohada taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va jahon bozorlarida milliy turizm mahsulotlarini faol targʻib qilish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, nogironligi boʻlgan shaxslarning turizm infratuzilmasi va madaniy meros obyektlarida erkin harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash hamda turizmda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish ushbu sohadagi eng dolzarb vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning mamlakatimiz boʻylab qulay sharoitlarda sayohat qilishlari uchun turizm infratuzilmasining imkoniyatlarini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
turistik industriya obyektlari, madaniyat tashkilotlari va madaniy meros obyektlari, shu jumladan muzey, teatr va joylashtirish vositalarida nogironligi boʻlgan shaxslarning bemalol harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
turizm sohasi subyektlari, shu jumladan, turoperator va turagentlar, joylashtirish vositalari egalari hamda transport xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, sayohat davomida nogironligi boʻlgan shaxslarga hamrohlik qiluvchi fuqarolarni ragʻbatlantirish;
nogironligi boʻlgan shaxslar toʻsiqsiz sayohat qilishlari uchun respublikamizda yaratilgan imkoniyatlarni keng targʻib qilish orqali ularning xabardorligini oshirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda turizm industriyasi obyektlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish.
2. Quyidagilar:
Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ularning sayohat qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2024-yilda madaniy meros obyektlarida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha manzilli dastur 2-ilovaga muvofiq;
2024-yilda muzeylar va konsert-tomosha obyektlarida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha manzilli dastur 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, 2024-yildan boshlab:
a) madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlarida ularga shikast yetkazmagan holda pandus, plintus va liftlar hamda koʻzi ojizlar uchun madaniy meros obyektlarining kichraytirilgan oʻlchamdagi maketlari oʻrnatiladi va ular toʻgʻrisida Brayl alifbosidagi maʼlumotlar joylashtiriladi;
b) temir yoʻl va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda ularga egalik qiladigan tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan nogironligi boʻlgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar, maxsus koʻtarilish panduslari va qulay zina tutqichlari oʻrnatiladi hamda kema aravachalari (nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus aravacha) qoʻyiladi;
(3-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)
g) 2027-yil 1-yanvarga qadar Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafar I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxsga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming soʻmdan oshmagan qismi;
eshitish qobiliyatini yoʻqotgan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
4. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-apreldan 2026-yil 1-aprelga qadar mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga tegishli chorak yakuniga koʻra Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga oʻtkazilgan turistik (mehmonxona) yigʻimlar summasi hisobidan subsidiya ajratiladi. Bunda, tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonaning kamida uchta xonasi nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlanganda, shuningdek, eshitishi va koʻrishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar oʻrnatilganda, ushbu tadbirkorlik subyektlariga har bir maxsus jihozlangan xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:
yulduzli toifadagi mehmonxonalarga — 2 million soʻm;
yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga — 1 million soʻm.
5. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-aprelga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda toʻsiqsiz turizmni yanada rivojlantirish boʻyicha tegishli standartlarni ishlab chiqsin. Bunda:
yulduzli toifaga ega mehmonxonalarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun aravachalar, qoʻltiqtayoqlarning mavjudligi;
mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualar, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, motellar, sanatoriylar va boshqa turistik obyektlarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha qulayliklarning yaratilishi;
yulduzli toifaga ega mehmonxonalarning kirish qismida audio va matnli maʼlumotlarning taqdim etilishi;
boshqa turdagi qulayliklar yaratish boʻyicha talablar joriy etilishi inobatga olinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Uzbekistan airways” AJ bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimini “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali transport chiptalarini xarid qilish boʻyicha onlayn platformalar bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)
7. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-martga qadar toʻsiqsiz turizm yoʻnalishida davlat tomonidan qoʻshimcha ragʻbatlantirish tartib-mexanizmlarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda mazkur qarorning mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalari, Internet axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-yanvar,
PQ-20-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-20-son qaroriga 1-ILOVA
Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ularning sayohat qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-20-son qaroriga 2-ILOVA
2024-yilda madaniy meros obyektlarida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha
Izoh: dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida ularni moliyalashtirish manbalari va xarajatlariga aniqlik kiritilishi mumkin.
2 565,2 mln soʻm, shundan:
Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar 1 485,2 mln soʻm
mahalliy budjet mablagʻlari 913 mln soʻm
tadbirkorlik subyektlarining oʻz mablagʻlari 167 mln soʻm
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-20-son qaroriga 3-ILOVA
2024-yilda muzeylar va konsert-tomosha obyektlarida toʻsiqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha
Izoh: dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida ularni moliyalashtirish manbalari va xarajatlariga aniqlik kiritilishi mumkin.
1 296 mlrd soʻm, shundan:
Respublika budjeti mablagʻlari 1 084 mlrd soʻm
Mahalliy budjet mablagʻlari 212 mln soʻm