Farmatsevtika sohasida yuqori talabga ega boʻlgan mahsulotlarni oʻzlashtirish, yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, aholini sifatli, samarali va arzon farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlash, mahalliy korxonalarga umumeʼtirof etilgan amaliyotlar va standartlarni keng tatbiq etish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2024-2025-yillarda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining yigʻma parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri faoliyatini jadallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
a) Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov), Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (A. Azizov), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari farmatsevtika korxonalari faoliyatini samarali tashkil etish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda shaxsan javobgar boʻladi;
b) korxonalar va investitsiya loyihalari bilan ishlash quyidagi yondashuv asosida tashkil etiladi:
hududlarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida ishga tushirish ishlarini loyihabay kesimida tashkil etish;
har bir loyiha va korxonalarni joyiga chiqqan holda oʻrganib, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etishda tashabbuskorlarga koʻmaklashish;
sohada yaratilayotgan keng imkoniyatlarni tadbirkorlar orasida targʻib qilish;
farmatsevtika tarmogʻida yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish;
kam quvvatda ishlayotgan korxonalarning mavjud quvvatlaridan samarali foydalanish hamda raqobatbardoshligini oshirishda tarmoq korxonalariga koʻmaklashish va ularni qoʻllab-quvvatlash.
Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish boʻyicha komissiya (J. Xodjayev) korxonalar faoliyati va loyihalarni amalga oshirish holatini muntazam ravishda tahlil qilib, mavjud muammoli masalalarni hal etish choralarini koʻrsin va komissiya yigʻilishlarida muhokama qilib borsin.
3. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining:
“Biotexnologiyalar klasteri”ni Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri (keyingi oʻrinlarda — Klaster) hududida tashkil etish;
Klasterga tutash hududdan qoʻshimcha 60 gektar yer maydonini ajratish hisobiga Klaster hududini kengaytirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (A. Azizov) bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Klaster hududini kengaytirish uchun mazkur bandda koʻrsatilgan yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga kiritsin;
yer fondi toifasi oʻzgartirilganidan keyin tegishli yer uchastkasini “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi” davlat muassasasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratsin.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Biotexnologiyalar klasteri” loyihasini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda “Biotexnologiyalar klasteri”da biofarmatsevtik yuqori texnologiyali dori preparatlarini yaratish hamda mahalliy biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish choralarini koʻrsin.
4. Mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
har yili 1-dekabrga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun farmatsevtika mahsulotlariga boʻlgan talab va ehtiyojni shakllantiradi va internet saytida joylashtiradi;
2025-yil 1-apreldan dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridlari Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq lotlarga boʻlgan holda amalga oshiriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-408-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.12.2024-y., 07/24/408/1005-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-aprel)
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PQ-238-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 07/26/238/0623-son)
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) uch oy muddatda markazlashtirilgan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari roʻyxatini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Xaridlar markazining hududiy omborlarini “Zarur saqlash amaliyoti — (GSP)” talablari asosida tashkil etsin va termolabil dori vositalarini yetkazib berish uchun maxsus yuk tashuvchi avtotransport vositalari bilan taʼminlasin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
6. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov) Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev), Jizzax viloyati hokimligi (E. Saliyev), Namangan viloyati hokimligi (Sh. Abdurazakov) va Andijon viloyati hokimligi (Sh. Abduraxmanov) bilan birgalikda ikki oy muddatda hududlarda tashkil etilgan farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan maxsus iqtisodiy zonalardagi yer maydonlarini xatlovdan oʻtkazsin va yangi loyihalarni joylashtirish mumkin boʻlgan yer maydonlarini aniqlasin.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (A. Azizov) xatlov natijasida aniqlangan boʻsh yer maydonlariga import oʻrnini bosuvchi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan yangi investitsiya loyihalarini qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda joylashtirish choralarini koʻrsin hamda natijalari yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tahliliy maʼlumotlarni kiritib borsin.
7. Belgilansinki, farmatsevtika yoʻnalishidagi investitsiya loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
xorijiy ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishga yoʻnaltirilgan innovatsion dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqarishga moʻljallangan loyihalarni moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 10 yil muddatga 4 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavkada Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 80 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasi 2024 — 2028-yillarda jalb qilinsin. Bunda mazkur mablagʻlar tijorat banklari tomonidan asbob-uskunalar sotib olish uchun kredit va lizing mexanizmlarini qoʻllagan holda 10 yilgacha muddatga, shundan 4 yillik imtiyozli davr bilan yillik 7 foiz stavkada;
xomashyolarni sotib olish maqsadida aylanma mablagʻlarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 7 foiz va milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada 3 yilgacha muddatga ajratiladi.
Bunda:
bitta farmatsevtika ishlab chiqarish korxonaga xomashyo sotib olish uchun oʻtgan yilda ishlab chiqarilgan mahsulotlar qiymatidan 20 foiz miqdorida kredit rasmiylashtiriladi;
asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilinishi koʻzda tutilganda, import kontraktlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazish markazi” DUK ekspertizasidan oʻtkaziladi;
mablagʻlar tijorat banklari tomonidan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi Ilmiy-texnik kengashining ijobiy xulosasiga koʻra ajratiladi;
kredit liniyasi mablagʻlarining tijorat banklari kesimidagi taqsimoti Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2026-y., 06/26/35/0205-son)
8. “Asakabank” AJ (Q. Tulaganov)ga kredit liniyalarini boshqa tijorat banklariga farmatsevtika yoʻnalishidagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida qayta moliyalashtirishga ruxsat berilsin.
Bunda, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari (biznes-rejalari) Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Ilmiy-texnik kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori A.A. Azizov belgilansin.
Qaror ijrosiga masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-yanvar,
PQ-14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-14-son qaroriga 1-ILOVA
2024-2025-yillarda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2026-y., 06/26/35/0205-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-14-son qaroriga 2-ILOVA
Farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining
T/r Hudud nomi Umumiy qiymati (mln doll.) shundan, moliyalashtirish manbalari boʻyicha Ish oʻrinlari oʻz mablagʻlari tijorat banklari kreditlari kafolatlanmagan xorijiy kreditlar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari Jami: 1 911,0 648,9 277,9 121,0 642,6 188,7 32,0 13 516 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 35,5 18,5 5,0 4,5 7,5 0,0 0,0 270 2. Andijon viloyati 77,5 39,4 22,5 15,6 0,0 0,0 0,0 610 3. Buxoro viloyati 53,8 32,5 14,3 0,0 7,0 0,0 0,0 214 4. Jizzax viloyati 110,2 25,5 28,7 6,0 50,0 0,0 0,0 910 5. Qashqadaryo viloyati 37,3 17,3 10,0 3,0 7,0 0,0 0,0 312 6. Navoiy viloyati 50,2 14,6 13,1 0,0 22,5 0,0 0,0 345 7. Namangan viloyati 104,1 34,9 40,2 0,0 29,0 0,0 0,0 882 8. Samarqand viloyati 138,8 56,4 12,0 15,4 55,0 0,0 0,0 684 9. Sirdaryo viloyati 98,8 48,8 1,0 20,0 29,0 0,0 0,0 1 015 10. Surxondaryo viloyati 56,2 19,5 6,0 9,2 21,5 0,0 0,0 530 11. Toshkent viloyati 859,5 176,2 80,2 21,7 360,7 188,7 32,0 4 802 12. Fargʻona viloyati 41,7 18,3 2,0 15,6 5,9 0,0 0,0 570 13. Xorazm viloyati 57,8 10,6 9,7 10,0 27,5 0,0 0,0 710 14. Toshkent shahri 189,7 136,5 33,2 0,0 20,0 0,0 0,0 1 662
* Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish boʻyicha komissiya hamda Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev)ga yigʻilish bayoni asosida mazkur ilovaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-14-son qaroriga 3-ILOVA
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri faoliyatini jadallashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-14-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4574-son qarorida:
a) 4-bandda:
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 1-ilovaning 5-bobida:
birinchi xatboshidagi “136,0 million AQSH dollari” soʻzlari “188,7 million AQSH dollari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“foiz stavkasi: I bosqich uchun — yillik 0,10 foiz, II bosqich uchun — yillik 0,05 foiz”;
v) 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2023 — 2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-459-son qaroriga 6-ilovaning 92-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 92. “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish (1-bosqich) 2020 — 2026 yy. EDCF jamgʻarmasi (Koreya) 83,7 83,7 1,4 1,4 1,4 ”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-102-son qarorida:
a) 1-ilovaning 880-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
b) 2-ilova izoh qismining 4-bandi “7” kichik bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Obyektni sotish “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri maʼmuriy binosining qurilish ishlari toʻliq yakunlanganidan soʻng amalga oshiriladi”.