Samarqand shahar jamoat transportini kompleks rivojlantirish, yoʻlovchilarga xavfsiz va sifatli transport xizmatlarini koʻrsatish, samarali va ekologik toza transport turlariga bosqichma-bosqich oʻtish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — YETTB) oʻrtasida 2023-yil 17-may kuni “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish uchun 3 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan 18 yil muddatga qiymati 49 mln AQSH dollari miqdorida qarz bitimi imzolanganligi;
b) loyihaning umumiy qiymati 61,99 mln AQSH dollarini, shu jumladan:
YETTB qarzi mablagʻlari — 49 mln AQSH dollarini;
loyihani amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining ulushi — 12,99 mln AQSH dollarini tashkil etishi, shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻini qoplash va bojxona imtiyozlarini berish koʻrinishida hamda loyihani amalga oshirish guruhining xarajatlari Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirilishi;
v) loyiha doirasida Samarqand shahrida haydovchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv markazini oʻz ichiga olgan, harakat tarkibini saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun moʻljallangan avtobus saroyini rekonstruksiya qilish va tashqi elektr taʼminoti obyektlarini qurish ham nazarda tutilganligi;
g) Samarqand viloyati transport boshqarmasi “Samarqandyoʻlovchitrans” davlat korxonasi (keyingi oʻrinlarda — “Samarqandyoʻlovchitrans” DK) va xalqaro tender natijalari boʻyicha gʻolib deb topilgan Xitoy Xalq Respublikasining “Yutong Bus Co., Ltd” kompaniyasi oʻrtasida 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlash qurilmasini xarid qilish boʻyicha umumiy qiymati 29,7 mln AQSH dollariga teng boʻlgan shartnoma imzolanganligi;
mazkur shartnoma doirasida 2023-yil may oyida 6 ta elektrobus va 3 ta quvvatlash qurilmasi olib kelinganligi hamda elektrobuslar shahar jamoat transporti yoʻnalishlariga qoʻyilganligi;
d) loyihani amalga oshirish davri 3 yilni (2023 — 2025-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
loyiha YETTB tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
Transport vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi YETTB tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish hamda loyihaning oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishi uchun masʼul ijro etuvchi organlar hisoblanadi;
“Samarqandyoʻlovchitrans” DK loyiha benefitsiari hisoblanadi;
loyiha doirasida YETTBning asosiy qarzini qaytarish, unga hisoblangan foizlar, bir martalik boshlangʻich va majburiy toʻlovlar Samarqand viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
loyiha doirasida xarid qilinadigan elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari xususiy sektorga (tashuvchilarga) eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan moliyaviy ijaraga beriladi;
xarid qilinadigan elektrobuslar loyiha doirasida tanlab olingan muntazam shahar avtobus yoʻnalishlariga brutto-shartnoma asosida, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri 7 yil muddatga biriktiriladi. Bunda, yoʻnalishlar narxi belgilangan tartibda shakllantiriladi;
moliyaviy ijaraga beriladigan elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari loyiha doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtobus saroyida “Samarqandyoʻlovchitrans” DK va tashuvchilar oʻrtasida belgilangan tartibda shartnoma asosida saqlanadi va xizmat koʻrsatiladi;
loyiha doirasida oʻzlashtirilgan mablagʻlar va erishilgan natijalar yuzasidan maʼlumotlar oʻrnatilgan tartibda Transport vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib boriladi.
3. Elektrobuslar va quvvatlash qurilmalarini moliyaviy ijaraga berish boʻyicha idoralararo ishchi guruh 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
moliyaviy ijaraga berish boʻyicha tanlov oʻtkazish tartib-taomillarini va tanlov ishtirokchilari uchun qoʻyiladigan minimal talablarni belgilash;
moliyaviy ijaraga berish shartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
tanlov oʻtkazish va tanlov ishtirokchilarining takliflarini baholash hamda gʻoliblarni aniqlash;
moliyaviy ijaraga berish boʻyicha namunaviy shartnomani ishlab chiqish va tasdiqlash;
tashuvchilar (tanlov gʻoliblari) tomonidan “Samarqandyoʻlovchitrans” DK avtobus saroyidan foydalanish shartlarini belgilash.
4. Belgilansinki:
moliyaviy ijaraga beriladigan elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari loyiha doirasida tanlab olingan muntazam shahar avtobus yoʻnalishlari kesimida lotlar boʻyicha tanlov savdolariga chiqariladi;
moliyaviy ijara shartnomasi 10 yil muddatga tuziladi hamda ijara tushumlari Samarqand viloyati jamoat transportini moliyalashtirish boʻyicha maxsus jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi;
ijarachi tomonidan moliyaviy ijara shartnomasida belgilangan majburiyatlar toʻliq bajarilgan taqdirda, elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari ijarachining mulkiga oʻtkaziladi;
loyiha doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtobus saroyi tashuvchilarga (tanlov gʻoliblariga) ijara asosida xizmat koʻrsatadi hamda uchinchi shaxslarga sotilishi va begonalashtirilishiga ruxsat etilmaydi.
5. Quyidagilar:
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining asosiy koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
“Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasi boʻyicha jalb qilingan YETTBning asosiy qarzini qaytarish, unga hisoblangan foizlar, bir martalik boshlangʻich va majburiy toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq;
Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar va quvvatlash qurilmalarini yetkazib berish grafigi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Adliya vazirligi (A. Tashkulov) Oʻzbekiston Respublikasi hamda YETTB oʻrtasidagi qarz bitimiga belgilangan tartibda yuridik xulosa berilishini taʼminlasin.
7. Samarqand viloyati hokimligi (E. Turdimov) loyiha doirasida obyektlar qurilishi rejalashtirilgan hududlardagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli koʻchmas mulk obyektlarini koʻchirish va mulkdorlarga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini taʼminlasin.
8. Transport vazirligi (I. Maxkamov) YETTB bilan kelishgan holda bir oy muddatda Transport vazirligi huzurida loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etilishini taʼminlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari Transport vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Nukus shahri va viloyatlar markazlari jamoat transporti uchun elektrobuslarni xarid qilish loyihalarini ishlab chiqsin.
10. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (S. Samadov) loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) loyiha doirasida ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
11. Quyidagilarga:
Transport vazirligiga (I. Maxkamov) Samarqand viloyati hokimligi (E. Turdimov), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xidoyatov) bilan birgalikda obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi va vakolatli organlardan belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga (Sh. Xidoyatov) — obyektlarda amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga (A. Abduhakimov) — obyektlarning loyiha hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi va loyiha doirasida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
Madaniy meros agentligiga (B. Abdikarimov) — loyiha doirasida madaniy meros obyektlari bilan bogʻliq amalga oshiriladigan ishlar belgilangan tartibda kelishilishi va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazorat oʻrnatish vazifalari yuklansin.
12. Transport vazirligi va Samarqand viloyati hokimligining buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan:
xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda, I. Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini taʼminlash — Tashqi ishlar vazirligiga (B. Saidov);
xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi (muddati uzaytirilishi) hamda turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini taʼminlash — Ichki ishlar vazirligiga (P. Bobojonov);
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
xorijiy mutaxassislarga belgilangan tartibda (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlash — Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga (B. Musayev) yuklatilsin.
13. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib transport vaziri I.R. Maxkamov va Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-yanvar,
PQ-37-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PQ-37-son qaroriga 1-ILOVA
Elektrobuslar va quvvatlash qurilmalarini moliyaviy ijaraga berish boʻyicha idoralararo ishchi guruh
Izoh: Idoralararo ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PQ-37-son qaroriga 2-ILOVA
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining
* Yakuniy xarajatlar koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash natijalari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish boʻyicha tenderlar asosida aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PQ-37-son qaroriga 3-ILOVA
“Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bogʻliq infratuzilmani yaratish” loyihasi boʻyicha jalb qilingan YETTBning asosiy qarzini qaytarish, unga hisoblangan foizlar, bir martalik boshlangʻich va majburiy toʻlovlarni amalga oshirishning
* Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda SOFR 2023-yilning 14-noyabr holatiga koʻra 5,28 foizga teng deb hisoblandi.
** Bir martalik boshlangʻich toʻlov qarz mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
*** Majburiyat uchun toʻlov qarz bitimi imzolangandan soʻng 60 kundan keyin hisoblanadi.
**** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PQ-37-son qaroriga 4-ILOVA
Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar va quvvatlash qurilmalarini yetkazib berish