Sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, tibbiyot muassasalari faoliyatini ilgʻor xorijiy tajriba asosida tashkil etish, tibbiyot kadrlarining salohiyatini oshirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Yetakchi xorijiy ekspert va konsultantlar ishtirokida kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiyotning birlamchi boʻgʻini, hududlar va respublika darajasida tibbiy xizmatlar koʻrsatishni yangi tamoyillar asosida tashkil etish va uning sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, sohada samaradorlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha 40 ta amaliy harakatni oʻz ichiga olgan mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Ushbu takliflarni amalga oshirish, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash va sohada islohotlarni jadallashtirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sogʻliqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha ofisi) tashkil etilsin.
2. Loyiha ofisi quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda yangi mexanizmlarni joriy qilishga masʼul etib belgilansin:
davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini va davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini toʻliq joriy etish;
kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy taʼlim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, tibbiyot xodimlarini ularning mehnati natijalaridan kelib chiqib munosib ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish va sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, tibbiyot muassasalarining akkreditatsiya qilinishini taʼminlash, ularning mustaqilligini mustahkamlash va javobgarligini oshirish;
tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish;
infarkt, insult, shikastlanish va jarrohlik amaliyotlaridan soʻng hamda suyak-mushak tizimi kasalliklari mavjud boʻlgan bemorlarni tibbiy reabilitatsiya qilish tizimini yoʻlga qoʻyish;
“Raqamli sogʻliqni saqlash islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirishga koʻmaklashish;
davlat xaridlari samarasi va shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilish;
sanitariya qoida va normalarini zamonaviy talablar asosida yangilash.
3. Sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Loyiha ofisi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi boshqaruv xodimlariga Loyiha ofisi direktori lavozimida oʻrindoshlik asosida ishlash huquqi beriladi;
Loyiha ofisi direktoriga sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari uchun belgilangan vakolatlar beriladi;
Loyiha ofisi shtat birliklari Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimi tashkilotlarining amaldagi shtatlari doirasida shakllantiriladi;
Loyiha ofisi har oyda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yoʻllari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi;
Sogʻliqni saqlash vazirligining tarkibiy tuzilmalari Loyiha ofisi tomonidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarning belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydi, buning uchun zarur boʻlgan kuch va vositalarni safarbar qiladi, shuningdek, har chorak yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Loyiha ofisiga hisobot kiritib boradi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi sogʻliqni saqlash sohasidagi masalalarni tartibga solishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Loyiha ofisi bilan kelishilishini taʼminlaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Loyiha ofisi faoliyatini muvofiqlashtirib, uning samarali faoliyatini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Loyiha ofisi:
respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, hududiy sogʻliqni saqlash organlari, nodavlat tibbiyot tashkilotlari, tibbiyot oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislarini shartnoma asosida Loyiha ofisi faoliyatiga jalb qilsin;
uch oy muddatda yuqori nufuzga ega xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda tibbiyot oliygohini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Loyiha ofisi direktoriga xorijiy mutaxassislar, ekspert, konsultant va maslahatchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb etish, ishga qabul qilish va ularga ish haqini milliy yoki chet el valyutasida, shu jumladan mablagʻlarni ularning xorijdagi hisobvaraqlariga oʻtkazish orqali toʻlash, shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi, uning tarkibiy tuzilmalari mutaxassislarini islohotlarni amalga oshirish jarayonlariga jalb qilish, ular ishtirokida ekspert komissiyalari va ishchi guruhlarni tuzish huquqi berilsin.
8. Loyiha ofisini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
2024-yilda — Sogʻliqni saqlash vazirligi uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar, shuningdek, vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 20 mlrd soʻm hamda 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar;
Loyiha ofisining asoslangan takliflariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar doirasida jalb qilingan kredit hamda grant mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bir oy muddatda Loyiha ofisining nizomini, shuningdek, uning tuzilmasi, shtat birliklari soni, xodimlarning mehnatiga haq toʻlash miqdorlari va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini tasdiqlasin.
9. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) 2024-yilda:
Jahon savdo tashkiloti talablari, tibbiyot muassasalarini loyihalash, qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish boʻyicha yetakchi xorijiy tajribani inobatga olgan holda amaldagi 40 ta sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari toʻliq qayta koʻrib chiqilishini va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishini;
respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazining faoliyatiga zamonaviy boshqaruv usullari va tibbiy yordam xavfsizligi va sifatining yuqori standartlarini joriy etsin hamda ularni xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
Bunda 2028-yilga qadar respublika darajasidagi barcha davolash-profilaktika muassasalari milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilishi nazarda tutilsin;
(9-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-yanvardagi PQ-20-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2026-y., 07/26/20/0072-son)
b) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab:
hududlarda tor ixtisoslikdagi mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining 200 nafar bitiruvchisini Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va markazlarida oʻqitsin;
tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalarida oilaviy shifokor uchun talab etiladigan klinik koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida koʻp tarmoqli tibbiyot tashkilotlarida ish haqi toʻlanadigan internatura tashkil etilishini taʼminlasin;
Toshkent tibbiyot akademiyasining taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazsin;
v) respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 1 nafardan salohiyatli xodimlarini asosiy ishidan ajralgan holda Loyiha ofisi eksperti sifatida faoliyat olib borish uchun yuborilishini taʼminlasin.
Bunda, ekspertlar nomzodi Loyiha ofisi bilan kelishilgan holda aniqlanadi hamda ularning ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari tegishli tibbiyot muassasalari tomonidan qoplanadi.
10. Belgilansinki, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab tibbiyot yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari talabalarining bilimlari ikki bosqichli baholash tizimi asosida baholanadi. Bunda, talabalar oʻqish davomiyligidan kelib chiqib tegishincha ikkinchi yoki uchinchi kurs yakuni boʻyicha, birinchi bosqichda, fundamental fanlar boʻyicha (anatomiya, gistologiya, fiziologiya, mikrobiologiya, immunologiya, biokimyo, farmakologiya, jamoat salomatligi va boshqalar), ikkinchi bosqichda, klinik va amaliy koʻnikmalarni baholashga qaratilgan davlat imtihonlarini topshiradi.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda “Jamoat salomatligini tashkil etish va boshqarish” (Public Nealth and Nealthcare Management), “Jamoat salomatligi: epidemiologiya va maʼlumotlar tahlili” (Public Nealth: Epidemiology and data science/data analytics), “Jamoat salomatligi: ovqatlanish” (Public Nealth: Nutrition), “Profilaktik tibbiyot” (Preventive Medicine), “Jismoniy faollik va reabilitatsiya” (Physical Activity and Rehabilitation) magistrlik yoʻnalishlarini joriy etish hamda ushbu mutaxassisliklar boʻyicha har yili kamida 150 nafar mutaxassislarni davlat buyurtmasi asosida tayyorlash choralarini koʻrsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A.A. Xudayarov belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 22-yanvar,
PQ-38-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PQ-38-son qaroriga ILOVA
Sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha