PQ-146-son Qaror · 01.04.2024

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-146
  • Qabul qilingan sana:01.04.2024
  • Kuchga kirgan sana:03.04.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/146/0266

Joriy yil 18-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini (keyingi oʻrinlarda — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari) yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Belgilansinki, Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida 2024-yilda yuqori daromadli va eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, saralash, quritish, qayta ishlash hamda ularni eksport qilish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan jami 1,5 trillion soʻmgacha boʻlgan miqdorda kredit resurslari yoʻnaltiriladi.

Bunda, mazkur kredit resurslari hisobidan kreditlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻlari uchun revolver tarzda 1,5 milliard soʻmgacha 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.

2. Bosh vazir oʻrinbosari J. Xodjayev Savdo-sanoat palatasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda 1-ilovaga muvofiq mahalliy mahsulotlar stendlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro koʻrgazma va yarmarkalarda jozibador lokatsiyalarda joylashtirish uchun ariza kiritish va Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasiga amalda ajratilgan mablagʻlar hisobidan oldindan 100 foiz toʻlab berish tartibini joriy qilsin.

Bunda, koʻrgazma va yarmarka tadbirlarida ishtirok etish xarajatlari uchun tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidagi toifasiga mutanosib ravishda, jumladan “AAA” boʻlganda 100 foiz, “AA” — 95 foiz, “A” — 90 foiz, “VVV” — 85 foiz, “VV” — 75 foiz hamda “V” — 65 foiz miqdorida subsidiyalar ajratiladi.

3. Belgilansinki, 2024-yil 1-apreldan boshlab:

a) meva-sabzavot mahsulotlari boʻyicha bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 10 foizidan oshmagan taqdirda muddati oʻtgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qoʻllanmaydi;

b) 2026-yil 1-yanvarga qadar mahallalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yigʻib, faqat mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga sotish bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar sifatida roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat beriladi.

Bunda, mahallalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yigʻib-sotuvchi jismoniy shaxslar va mahalliy eksport qiluvchi korxonalar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining oldi-sotdi shartnomalari soliq organlarining maxsus mobil ilovasida rasmiylashtiriladi.

Soliq qoʻmitasi uch oy muddatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishni taʼminlovchi mobil ilovani ishga tushirsin.

4. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan, shu jumladan dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilgan mahsulotlarni oʻzaro shartnoma asosida tashkillashtirilgan tarzda eksport qiluvchi mahalliy eksportyor korxonalarga (eksport klasteri) boshoqli don ekinlaridan boʻshaydigan maydonlarning 50 foiziga eksportbop ekin turlarini ekishga buyurtmalar berish amaliyoti joriy etilsin.

Bunda, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi mazkur maydonlarga oʻsimliklar karantini davlat inspektorlarini biriktiradi.

5. Yoshlar ishlari agentligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Eksportchilar uyushmasi hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda bir oy muddatda xorijiy tillarni oʻzlashtirgan yoshlarni eksport amaliyoti boʻyicha qisqa muddatli kurslarda bepul oʻqitish, eksportchi korxonalarga biriktirish tartibini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy qilsin.

6. Bojxona qoʻmitasi (A. Mavlonov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari joriy yil yakuniga qadar tajribali texnolog va dizaynerlarni jalb qilgan holda har bir hududda mahsulotlar uchun qadoqlar ishlab chiqarish hamda mahsulotlarni saralash, kalibrlash, vakuum-prekuler va boshqa turdagi qadoqlash boʻyicha bittadan zamonaviy korxonani tashkil qilish hamda foydalanilmayotgan quvvatlarni oʻrganish va ishga tushirishga masʼul etib belgilab qoʻyilsin.

Ushbu loyihalarni amalga oshirishga Jahon bankidan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan 30 million AQSH dollari yoʻnaltirilsin.

7. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil qilinsin.

Respublika komissiyasiga eksportbop mahsulotlar yetishtirish va tayyorlash, eksport shartnomalarini tuzish hamda xorijiy isteʼmolchilarga yetkazib berishgacha boʻlgan barcha jarayonlarda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni tezkor hal etish vazifasi yuklansin.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (I. Ergashev), Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Qudratov) bir hafta muddatda Respublika komissiyasi orqali eksportchilar bilan doimiy muloqot maydonini ishga tushirsin.

Respublika komissiyasi bir hafta muddatda 2024-yil uchun meva-sabzavot, oziq-ovqat va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti koʻrsatkichlarini tasdiqlasin hamda ularning ijrosini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tegishli davlatda mahalliy qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish va realizatsiya qilishda savdo agentlari faoliyatini yoʻlga qoʻysin. Bunda:

xorijdagi diplomatik vakolatxonalar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi eng faol agentlarning roʻyxatini shakllantiradi va Respublika komissiyasiga taqdim etadi;

Respublika komissiyasi xorijdagi savdo agentlariga doir maʼlumotlarni “Agrokoʻmakchi” mobil ilovasiga kiritadi hamda yangilab boradi.

10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga* muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

* 4-ilova berilmaydi.

12. Qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov belgilansin.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 1-aprel,

PQ-146-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PQ-146-son qaroriga1-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlariga ixtisoslashtirilgan nufuzli xalqaro koʻrgazma va yarmarkalar

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-maydagi PQ-193-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2026-y., 07/26/193/0519-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PQ-146-son qaroriga 2-ILOVA

Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini muvofiqlashtiruvchi

Izoh: Zaruratga koʻra, Respublika komissiyasi faoliyatiga boshqa vazirlik va idoralarning vakillari hamda ekspertlar jalb etilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-apreldagi PQ-146-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-noyabrdagi PF-223-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2025-y., 06/25/223/1076-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.