[Koʻchirma]
Mehnat migratsiyasi jarayonlarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolarga qulay shart-sharoitlarni yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan ularning bandligini taʼminlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) quyidagilarni tashkil etish:
“Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi” davlat korxonasi negizida davlat muassasasi shaklida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligini (keyingi oʻrinlarda — Agentlik);
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining 4 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida 4 shtat birligidan iborat boʻlgan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari boʻlimini (keyingi oʻrinlarda — Boʻlim).
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2024-y., 06/24/162/0847-son)
2. Quyidagilar:
Agentlik, Boʻlim va attashe faoliyatini tashkil etish tartibi 1-ilovaga muvofiq;
Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va xorijdagi vakolatxonalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyundan boshlab Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan:
a) “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
xorijiy tillar va (yoki) kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda;
yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi;
v) sugʻurta tashkilotlariga — Ijtimoiy reyestr, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi, shuningdek, boshqa tavakkalchiliklarini sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta mukofotini qoplash maqsadida har bir sugʻurtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta uch yuz ming soʻmgacha miqdorda subsidiya toʻlanadi;
(3-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
g) xorijda mehnat qilish davrida zoʻravonlikka, majburiy mehnatga duchor boʻlgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablagʻsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq toʻlanadi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev) manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandga muvofiq, subsidiya, kompensatsiya va boshqa toʻlovlarni ajratish tartibini tasdiqlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Farmonning 3-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan kompensatsiyalarni olish uchun fuqaro “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda yoki bevosita Agentlikka asoslovchi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda, kompensatsiya summasi fuqaro xorijda ishga joylashganidan soʻng bir oydan kechikmasdan uning arizasida koʻrsatilgan bank plastik kartasiga oʻtkazib beriladi.
5. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyundan boshlab hujjatlarni onlayn talab qilib olish boʻyicha konsullik yigʻimlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.
Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga doimiy konsullik hisobida turish badalini bekor qilish, shuningdek, hisobda turish tartib-taomillarini qayta koʻrib chiqib, ularning shartlarini soddalashtirish boʻyicha tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
6. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev) hamda Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
ogʻir ahvolda qolgan mehnat migrantlariga moddiy yordam koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2024-2025-yillarda Buyuk Britaniyada (London), Germaniyada (Berlin), Turkiyada (Istanbul) va Saudiya Arabistonida (Ar-Riyod) Agentlikning vakolatxonalarini yoki mehnat migrantlarini huquqiy himoya qilish markazlarini (keyingi oʻrinlarda — markazlar) ochish boʻyicha mazkur davlatlar vakolatli organlari bilan muzokaralar oʻtkazsin;
muzokaralar natijalaridan kelib chiqib, Agentlik vakolatxonalarini va (yoki) markazlarni ochish, jihozlash va saqlab turish xarajatlarini Jamgʻarma hisobidan qoplash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
7. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari uchun belgilangan pensiyani hisoblab chiqarish, voyaga yetmagan farzandlarining umumtaʼlim muassasalarida tahsil olishi bilan bogʻliq toʻlovlarni qoplab berish (umumtaʼlim muassasalari pulli boʻlganda), shuningdek, ularga moddiy yordam koʻrsatish va ragʻbatlantirish tartibi Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari xodimlari va vakillariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Musayev) Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) 2024-yil 1-sentabrga qadar:
mehnat migrantlariga yordam koʻrsatish uchun tunu kun ishlaydigan Call-markaz faoliyatini tashkil etsin hamda yagona telefon raqamining uzluksiz ishlashini taʼminlasin;
chet eldan chiquvchi abonentlar uchun Call-markaz raqamiga qoʻngʻiroqlarni bepul asosda amalga oshirish imkonini yaratsin;
b) 2025-yil 1-iyulga qadar:
Oʻzbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi yagona idoralararo va toʻliq integratsiya qilingan elektron maʼlumotlar bazasini;
mehnat migrantlari uchun boʻlib turgan mamlakatlari va u yerdagi boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul oʻtkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan bogʻlanish imkonini beruvchi mobil ilovani yaratsin.
9. Belgilansinki:
Call-markaz faoliyatini yuritish, mobil ilovani yaratish va uni kelgusida texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq barcha xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
yagona elektron maʼlumotlar bazasini yaratish va uni kelgusida texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma va Ichki ishlar vazirligining mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) 90 kun va undan ortiq muddatga xorijga chiqib ketgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻyicha maʼlumotlarni har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar Agentlikka taqdim etib borsin.
10. Belgilansinki, 2024-yil 1-iyuldan boshlab xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasining tashqarisida ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatganlik uchun haq undirishga ruxsat etiladi. Bunda:
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolar tomonidan toʻlanadigan mablagʻlar tijorat banklarida ochilgan maxsus hisobvaraqda saqlanadi;
maxsus hisobvaraqda saqlangan mablagʻlar xususiy bandlik agentligi tomonidan shartnoma majburiyatlari toʻliq bajarilganidan soʻng xususiy bandlik agentligining asosiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-iyundan boshlab:
a) Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir ishga olingan bunday xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming soʻmdan subsidiya toʻlanadi. Bunda:
subsidiya 2024-yil 1-iyundan 2026-yil 1-yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan toʻlanadi;
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya toʻlash uchun asos boʻlib hisoblanadi;
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda uch va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shugʻullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan koʻp vaqt boʻlmagan shaxslar tushuniladi;
b) Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasida “Reintegratsiya” moduli yaratiladi;
v) har bir mahallada “mahalla yettiligi” tomonidan mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni xatlovdan oʻtkazish va natijalarini “Reintegratsiya” moduliga kiritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
g) mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga reintegratsiya yordami koʻrsatilishi va ularning rasmiy bandligi taʼminlanishi hokim yordamchilari faoliyatining asosiy samaradorlik koʻrsatkichlaridan (KPI) biri etib belgilanadi.
12. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B.Musayev):
a) bir oy muddatda “mahalla yettiligi” tomonidan mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni xatlovdan oʻtkazish va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd etish boʻyicha yoʻriqnoma va namunaviy soʻrovnoma shaklini ishlab chiqsin hamda har bir mahallaga yetkazib berilishini taʼminlasin;
b) 2024-yil 1-iyunga qadar:
“Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasi va “Bandlik xizmati” axborot tizimining “Onlayn mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin;
hokim yordamchilariga “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali milliy vakansiyalar bazasidagi va xorijiy ish beruvchilarda mavjud boʻlgan boʻsh ish oʻrinlari hamda ushbu ish oʻrinlariga qoʻyilgan talablar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida elektron tarzda olish imkoniyatini yaratsin.
13. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) 2024-yil 1-iyundan boshlab:
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila aʼzolarini bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatiga muvofiq bepul tibbiy yordam koʻrsatish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
14. Markaziy bank (M. Nurmuratov) hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A. Xaitov) mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, tomorqa yer uchastkalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik va boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanishi uchun “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga muvofiq kreditlar ajratilishini taʼminlasin.
15. Ijtimoiy himoya milliy agentligi (M. Olloyorov):
a) 2024-yil 1-iyulga qadar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari negizida ota-onasi xorijda mehnat qilayotgan bolalarga ijtimoiy yordam koʻrsatish amaliyotini joriy qilsin;
b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar tomonidan:
xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar xonadonidagi ahvolni oʻrganib, ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga boʻlgan ehtiyoji aniqlanishini;
xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning oilalari bilan, shu jumladan, keys-menejment usulini qoʻllagan holda samarali ish tashkil etilishi, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish boʻyicha buyurtmalar qabul qilinishi, zaruratga qarab buyurtmalar masʼul vazirlik va idoralarga yuborilishini;
ogʻir ahvolga tushib qolgan va ogʻir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori boʻlgan oilalar muntazam ravishda monitoring qilib borilishi, ular uchun ijtimoiy xizmat va yordamlar tashkil etilishini;
xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning bolalariga taʼlim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishga yordam berilishini taʼminlasin.
16. Quyidagilar:
2024-2025-yillarda migratsiya sohasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xaritasi”) 3-ilovaga* muvofiq;
2024 — 2026-yillarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolarni tayyorlash va chet elga tashkillashtirilgan tartibda yuborishning hududlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlari 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktabrdagi PF-162-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2024-y., 06/24/162/0847-son)
* 3 — 5-ilovalar eʼlon qilinmaydi.
Vazirlik, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga “yoʻl xaritasi” va maqsadli koʻrsatkichlarda nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning sifatli hamda oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
17. Quyidagilarga:
xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga — hokimlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid hisobotlarini eshitish doirasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish;
Oliy Majlis Senatiga — xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga mazkur yoʻnalishdagi faoliyatini amalga oshirishga koʻmaklashish tavsiya etilsin.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi har yili Oliy Majlis Senatiga tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida axborot kiritib borsin.
18. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Djurabayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari orqali mazkur Farmon va “yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi toʻgʻrisida aniq koʻrsatkichlar va natijalarni ifodalagan holda, axborot-tahliliy sharhlarni tizimli ravishda tayyorlash va eʼlon qilish choralarini koʻrsin.
19. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.A. Musayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 4-aprel,
PF-59-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-apreldagi PF-59-son Farmoniga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Vazirlar Mahkamasining Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari boʻlimi va Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik va konsullik muassasalaridagi mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha attashe faoliyatini tashkil etish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-apreldagi PF-59-son Farmoniga 2-ILOVA
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, uning hududiy boshqarmalari va xorijdagi vakolatxonalari faoliyatini moliyalashtirish manbalari
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, uning hududiy boshqarmalari va xorijdagi vakolatxonalari faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari;
Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari;
chet el fuqarolariga respublika hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berganlik uchun yigʻimlar;
qonun hujjatlariga muvofiq pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro tashkilotlarning grantlari va maqsadli mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.